“Internet” so‘zi ingliz tilidan olingan jumla bo‘lib, tilimizda “xalqaro ma’lumotlar to‘ri” degan ma’noni anglatadi. Ammo bu nom ixtiyor qilinganidan keyin internetning tinmay rivojlanishi oqibatida u faqat ma’lumotlar taqdim va qabul qilish bilan cheklanib qolmay, bundan ham katta hajmdagi ishlarni olib borishga xizmat qiladigan bo‘lib ketdi. Hayotning barcha sohalarida internet yordamida osonlik, arzonlik va tezlik foydalari ko‘zlaydigan bo‘lindi.
Barchamizga ma’lumki hozirgi davrda hayotimizni internetsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Dunyo bo‘ylab internetning shiddat bilan rivojlanishi natijasida undan faqatgina ma’lumotlarni qabul qilish hamda tarqatish bilan cheklanib qolmasdan, balki bundanda katta ishlarni bajarish imkoniyatlari tug‘ildi. Internet orqali insonlar uzoqdagi do‘stlari, yaqinlari bilan bemalol ko‘rib gaplashadigan, bir-biriga xabarlar yuboradigan bo‘ldi.
Tasavvur qilish uchun birgina misol keltirishning o‘zi kifoya qiladi deb o‘ylayman. Oddiygina talaba o‘yga berilgan vazifani qilish uchun kutubxonaga borishi, u yerdan kerakli kitoblarni qidirib topishi, hamda u yerda o‘tirib ikki uch soat o‘qib daftarga yozishi kerak bo‘ladi. Xuddi shu ishni uyida internet orqali bajarsa juda ko‘p foydali tomonlari bo‘ladi. O‘sha talaba kutubxonaga bormaydi, u yerda vaqtini ketkazmaydi, kerakli ma’lumotlarni internet orqali yaxshilab o‘qib o‘ziga ma’lumot sifatida olib qolishi ham mumkin bo‘ladi. Yana bir misol avvallari bir inson o‘zining yaqiniga hat yozmoqchi bo‘lsa, u xat yozish uchun qog‘oz qalam olishi, unga gaplarni yozishi, uni esa po‘chtaga olib borishi kerak bo‘lardi. Xat tashuvchi uni olib kerakli joyga elitib bergunicha oradan bir necha kun vaqt o‘tardi. Hozirda esa bunday ishlar oddiygina bir hol bo‘lib qoldi. O‘sha ishlarni internet orqali inson uzog‘i bilan besh daqiqada bajarishi mumkin. Bunga o‘xshash misollarni ko‘plab keltirish mumkin. Shuning uchun hozirgi kunda internetdan foydalanuvchilarning soni kundan kunga ko‘payib, internetdan foydalanish borasida ko‘pgina xalqlar ilgarilab ketmoqda. Qirq olti mamlakatda ellik ming kishidan so‘rovnoma olgan mutaxasislar yaqin Sharqdagi, shuningdek Xitoyda internetdan foydalanuvchilar bu borada rivojlangan mamlakatlar aholisidan o‘zib ketishdi deb xulosa chiqarishdi. So‘rovlar natijasiga ko‘ra, Misr va Saudiya Arabistonining ellik besh foiz aholisi internetga ko‘milib yashaydi. Birorta Yevropa mamlakati o‘ntalik ro‘yxatga kira olmadi. Rivojlangan mamlakatlar aholisi internetda asosan do‘stlari bilan suhbatlashadi. Janubiy Amerika, Yaqin Sharq va Xitoyda esa foydalanuvchilar haftada besh soatdan ko‘p vaqtini ijtimoiy tarmoq saytlarida o‘tkazadi. Qolgan to‘rt soat esa elektron pochta orqali xat jo‘natishga sarflanadi. Rivojlangan mamlakatlarda, aksincha, asosiy e’tibor elektron pochta orqali muloqotga qaratilar ekan. Ijtimoiy tarmoqdan eng ko‘p foydalanadiganlar Malayziyaliklar bo‘lib, har bir foydalanuvchining o‘rtacha ikki yuz o‘ttizdan ko‘p “internetda do‘sti” bor. Malayziyadan keyingi o‘rinni Braziliyaliklar egallab turibdi.
Har bir narsani yaxshi tomoni bo‘lgani kabi yomon jihatlari ham bor. Internetda foydali ma’lumotlar bilan bir qatorda, zararli behayo, buzuq ma’lumotlar ham keng tarqalgandir. Inson ma’naviyatiga ta’sir qiladigan foxishabozlik, behayolikni, axloqsizlikni targ‘ib qiluvchi saytlar juda ham ko‘payib bormoqda. Ba’zi odamlar internet orqali bir-birlarini aldamoqda, bir-biriga tuxmat qilmoqda, u tufayli ko‘pgina yosh oilalar ajrashib ketish holatlari kuzatilmoqda va hokazo. Internet orqakli nafaqat axloqiy buzuqliklar, balki siyosiy, iqtisodiy, moliyaviy va boshqa ko‘pgina sohalarda ham ko‘plab jinoyatlar sodir etilmoqda. Yuqorida keltirib o‘tilgan gaplar shuni ko‘rsatib turibtiki internetni biz ham yaxshilikka, ham yomonlikka ishlatishimiz mumkin ekan. Bizni vazifamiz undan faqatgina yaxshilik yo‘lida foydalanishimiz kerak. Buning uchun esa dinimizning umumiy ta’limotlari asosida internetdan foydalanish odoblarini yo‘lga qo‘yishimiz kerak bo‘ladi.
Avvalo internetdan foydalanmoqchi bo‘lgan odam niyatini to‘g‘ri qilishi kerak. Ana shunda bu ishdan foyda topadi. Internetdan foydalanishdan oldin vaqtni zoya ketkazmaslikni, uning har lahzasi hisobli ekanini o‘ylash kerak. Internetga kirishdan oldin ish rejasini yaxshilab tuzib olish kerak. Internetda uzoq vaqt o‘tirish ham zararli bo‘lib, u sababli inson o‘ziga xos xastaliklarga chalinishi mumkin. Bundan tashqari internetda ko‘riladigan, eshitiladigan va o‘qiladigan ma’lumotlarning barchasiga shariat ruxsat bergan bo‘lishi kerak. Ammo, ming afsuslar bo‘lsinki, saytga kiradigan ba’zi odamlar hayotda o‘zlariga ravo ko‘rmaydigan narsalarni saytda bemalol ep ko‘rishadi. Ular o‘zlaricha, “bu ish hayotdagi saviyada emas-ku”, degan xayolga borishlari mumkin. Aslida esa, bu noshar’iy ishlarni saytda o‘ziga ravo ko‘rganlarning axloqiy saviyasida nuqson bor. Shuning uchun inson har bir ishni qilayotganda Alloh taolo uni ko‘rib turganligini unutmaslik kerak. Zero Alloh taolo G‘ofir surasida marhamat qiladi: “U zot ko‘zlarning xiyonatini ham, ko‘kslar yashirgan narsalarni ham bilur” (19-oyat). Alloh taolo bilmaydigan hech narsa yo‘q. U zot hamma narsani biladi. Hattoki hech kimga bildirmasdan, dilda tugib qo‘ygan narsalarni ham biladi. Shunday bo‘lgandan keyin boshqa narsalarni bilishda shak shubha yo‘q. Odamlar buni bilib qo‘ysinlar.
Internetda ishlashni «Bismillahir rohmanir rohiym» bilan boshlash va ish boshlashda o‘qiladigan duolardan bilganicha o‘qish kerak. Sayt egalarining ma’naviy-ma’rifiy huquqlariga to‘la rioya qilish chin musulmonlik burchidir. Ishxona yoki boshqa biror shaxsning internetidan ruxsatsiz foydalanish mumkin emas. Bolalarning internet va kompyuterdan foydalanishini oqilona va e’tibor bilan yo‘lga qo‘yish kerak.
Balog‘at yoshidagi o‘smirlarning internetdan foydalanishini to‘g‘ri tartibga qo‘yib, ularni doimiy ravishda kuzatib borish kerak. Bunday holatlarda bolalarni e’tibordan chetda qoldirmaslik kerak. Ular foydalanadigan kompyuter, telefon jihozlari doimiy ravishda kuzatib borilishi kerak. Chunki bola ko‘cha-kuyda o‘rtoqlaridan yoki biron tanishlaridan ham turli behayo saytlarni o‘rganib, shularga kirib foydalanishi mumkin. Bolaning internet yoki kompyuterda o‘ynaydigan o‘yinlari zehnni charhlaydigan, odob axloqqa targ‘ib qiladigan bo‘lishi kerak. Ularning vaqtlari behudaga ketmasligi uchun ota-ona doimiy ravishda harakat qilishi lozim bo‘ladi. Agar ota-ona farzandiga internetdan foydalanish odoblarini doimiy ravishda o‘rgatib, uni nazorat qilib borsa, unday farzandning hayosi, odobi o‘z joyida bo‘ladi. Begona yot g‘oyalarga ergashib ketmaydi. Fikrlash qobiliyati yaxshi rivojlanadi.
M.Madirimov
Hazorasp tumani “Hazrati Shayx Muhammad Amin”
jome’ masjidi imom-xatibi
9–11 aprel kunlari O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida Amir Temur tavalludining 690 yilligiga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy konferensiya bo‘lib o‘tadi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilgan mazkur tadbir jahon tarixi va madaniyatida Amir Temur hamda Sharq Renessansi sivilizatsiyasining o‘rnini muhokama qilish uchun yirik xalqaro maydonga aylanadi.
Konferensiyada dunyoning 20 dan ortiq mamlakatidan 300 nafardan ziyod ishtirokchi — yetakchi olimlar, ekspertlar, diplomatlar va jamoatchilik vakillari qatnashadi. Taklif etilganlar orasida xalqaro tashkilotlar va ilmiy markazlar, jumladan ICESCO, Oksford islom tadqiqotlari markazi, IRCICA va «Al-Furqon» jamg‘armasi vakillari ham bor.
Konferensiya tashkilotchilari sifatida Islom sivilizatsiyasi markazi, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi hamda Tashqi ishlar vazirligi ishtirok etmoqda. Tadbir O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Jahon jamiyati (WOSCU) bilan hamkorlikda o‘tkazilmoqda.
Dastur doirasida ishtirokchilar Temuriylar davrining asosiy jihatlarini muhokama qiladilar: davlat boshqaruvi va diplomatiya, harbiy san’at va strategiya, me’morchilik va shaharsozlik, shuningdek fan, ta’lim va madaniyat rivoji. Amir Temur merosining jahon sivilizatsiyasi, siyosat va iqtisodiyot shakllanishiga ta’siriga alohida e’tibor qaratiladi.
Xalqaro anjuman dasturidan Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif, mavzuli ko‘rgazmalar, «Amir Temur va Donna Mariya» badiiy filmi namoyishi, mepping-shou, shuningdek «Konigilda to‘y» sahnalashtirilgan teatr tomoshasi ham o‘rin olgan.
Konferensiya yakunida ilmiy tavsiyalar ishlab chiqiladi va buyuk Temuriylar merosini yanada o‘rganish hamda ommalashtirishga qaratilgan yo‘l xaritasi qabul qilinadi. Yopilish marosimi davomida Islom sivilizatsiyasi markazi bilan qator yetakchi xalqaro ilmiy va madaniy tashkilotlar o‘rtasida hamkorlik memorandumlari imzolanadi.
Ushbu konferensiyaning o‘tkazilishi xalqaro ilmiy muloqotni mustahkamlash va O‘zbekistonning boy tarixiy-madaniy merosini jahon hamjamiyatida targ‘ib etishda muhim qadam bo‘ladi.
t.me/islommarkazi