MASJID ODOBLARI
Masjidga bormoqchi bo‘lgan kishi, avvalo mukammal tahorat olib, pokiza liboslarni kiyib, iloji bo‘lsa, yoqimli xushbo‘yliklardan surib borishi talab qilinadi. U yerga borganida noxush hidi bilan musulmonlarga ozor berishdan saqlanishi lozim. Misol uchun, xom piyoz, sarimsoq piyoz kabi narsalarni iste’mol qilib, masjidga borish makruhdir. Chunki odamlarga ozor beradigan noxush hidlar farishtalarga ham ozor berishi haqida Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) ogoh etganlar. Yuvilmagan, hidlanib qolgan kiyimlarda borish masjid odobiga xilof hamda musulmonlarga nisbatan hurmatsizlikdir. Alloh taolo: «Ey odam avlodi! Har bir masjid (namoz) oldidan ziynatlaringiz (pok kiyimlaringiz)ni (kiyib) olingiz!..» (A’rof, 31), deb ogohlantirdi. Demak, masjidga poklanib, ozoda liboslarni kiyib borish Rabbimizning talabidir.
Masjid tomon tasbeh, zikrlarni aytib borsa, katta ajrga ega bo‘ladi. Masjidga kirayotganda: “Parvardigorim, gunohlarimni kechir va menga rahmat eshiklaringni ochgin”, deb duo qilib, o‘ng oyoqda kirish va chap oyoqda chiqish sunnatdir (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).
Masjidga kirganda nafl namoz makruh bo‘lmagan vaqt bo‘lsa, ikki rakat tahiyyatul masjid namozini o‘qish sunnatdir. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Sizlardan biror kishi masjidga kirsa, o‘tirmasdan oldin ikki rakat namoz o‘qisin”, dedilar (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).
Masjidlarda dunyoviy so‘zlarni so‘zlash, janjallashish, bahslashish, baland ovozda gaplashib, behuda so‘zlar bilan odamlarga ozor berish, fitna-fasod, ig‘vo qilish qat’iyan man etilgan. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Zamon oxirlashganda ummatlarimdan bir qanchalari masjidlarga yig‘ilib, dunyo so‘zlari bilan mashg‘ul bo‘lishadi. Zinhor ular bilan o‘tirmang. Chunki ularning Allohga hojatlari yo‘qdir”, deb ogohlantirganlar (Imom Bayhaqiy rivoyati).
Shuningdek, quyidagi odoblarga rioya qilish lozim: Masjidda oldi-sotdi qilmaslik; yo‘qolgan narsani e’lon qilmaslik; odamlarning ustidan xatlab o‘tmaslik; masjidda joy talashmaslik; safda biron kishini qattiq siqib qo‘ymaslik; namoz o‘qiyotgan kishining oldidan o‘tmaslik; masjidga tuflamaslik; barmoqlarni qisirlatmaslik.
O‘MI matbuot xizmati
Bugungi jamiyatimizda odob-axloq jihatidan oqsoqliklar ko‘zga tashlanmoqda. Salom berish, yordamga muhtojlarni ko‘rganda ko‘maklashish, o‘zidan kattalarga hurmat ko‘rsatish kabi qadriyatlar kamayib borayotganini hech kim inkor qilmasa kerak. Holbuki, har bir ota-ona farzandining ilmli, solih va yetuk inson bo‘lib kamol topganini ko‘rishni orzu qiladi. Biroq “holva” degan bilan og‘iz shirin bo‘lmaydi. Ya’ni quruq orzu-havasning o‘zi kifoya qilmaydi. Balki doimiy va tartibli ta’lim-tarbiya ishiga kirishish lozim bo‘ladi. Bu borada jamiyatdagi insonlarni uch toifaga bo‘lish mumkin:
1. O‘zi ham amal qilib, farzandini ham ezgulikka yetaklaydiganlar. Bu tutum dunyo va oxirat saodatini ko‘zlagan mo‘minning yo‘li. Tarbiyada eng samarali omil ota-onaning shaxsiy namunasidir. Bolaga, avvalo, Allohni tanitish va solih amallar bilan o‘rnak bo‘lish lozim. Qur’oni karimda ta’kidlanganidek, iymon keltirib, ezgu amal qilganlarga dunyoda pokiza hayot, oxiratda esa abadiy jannat bashorati berilgan (Nahl surasi, 97-oyat).
2. O‘zi amal qilmay, farzandi tarbiyasiga mol-dunyo sarflaydiganlar. Unutmang, pul hamma narsani hal qilmaydi. Ota-onaning o‘zi diniy va axloqiy majburiyatlarni bajarmasa, pand-nasihatlari farzandga ta’sir qilmaydi. Oilaviy muhitda ota ta’minotga, ona tarbiyaga mas’ul bo‘lib, o‘zaro hurmat va hamjihatlik bo‘lishi shart.
Shuningdek, ota-onalarning behuda ishlar, masalan, telefonga ko‘p bog‘lanib qolishi tarbiyadagi eng katta bo‘shliqni yuzaga keltiradi. Farzand kamoloti uchun uning vaqtini to‘g‘ri taqsimlash, uyqu va dars tartibini doimiy nazoratda tutish, tartibni ushlash lozim. Eng muhimi, xulq ilmdan ustun turadi: xulqsiz berilgan ilm insonni zalolatga yetaklaydi, shu bois farzandga go‘zal axloqiy tarbiya berib, so‘ng ilm bilan ziynatlash kerak.
3. O‘zi ham amal qilmay, farzandini ham bunga chaqirmaydiganlar. Bu toifaning oqibati xatarlidir. Alloh taolo Toha surasida bunday marhamat qiladi: “Kim Mening zikrimdan yuz o‘girsa, albatta, uning uchun tang hayot bo‘lur...” (124-oyat). Mana shu oyatning o‘ziyoq kishini sergak torttirib, bu toifadan bo‘lib qolmaslikka undashi lozim.
Xulosa shuki, farzand qalbi va ruhiyati ildiz otishi kerak bo‘lgan daraxt ko‘chati kabidir. Uning ildizini iymon va taqvo mustahkamlaydi. Shunday ekan, kim farzandlari kamolini ko‘rishni istasa, amali va e’tiborini bilan shunga harakat qilsin. Alloh taolo barchamizni to‘g‘ri yo‘lda bardavom qilib, zurriyotlarimiz kamolini ko‘rsatsin.
Aziza RAHMATOVA,
Samarqand tumani bosh otinoyisi