Alloh taolo Qur’oni Karimning Isro surasi, 36-oyatida shunday deb marhamat qilgan:
وَلاَ تَقْفُ مَا لَيْسَ لَكَ بِهِ عِلْمٌ إِنَّ السَّمْعَ وَالْبَصَرَ وَالْفُؤَادَ كُلُّ أُولـئِكَ كَانَ عَنْهُ مَسْؤُولاً
“O‘zing bilmagan narsaga ergashma! Albatta, quloq, ko‘z va dil — ana o‘shalar, mas’uldirlar”
Ushbu oyat borasida Qatoda rahimahulloh “Ko‘rmagan narsangni “ko‘rdim”, eshitmagan narsangni “eshitdim”, bilmagan narsangni “bildim” dema! Chunki, Alloh taboraka va ta’olo bularning barchasi haqida sendan qiyomat kuni so‘rovchidir” deganlar.
“O‘zing bilmagan narsaga ergashma!” oyatini Muhammad ibn Hanafiyya rahimahulloh “Bu yolg‘on guvohlik haqida” deb tafsir qilgan bo‘lsalar, Mujohid rahimahulloh “Biror kishini o‘zing bilmagan narsa bilan ayblama!” deb tafsir qilganlar.
Abdurahmon Sa’diy rahimahulloh bu oyatning tafsiri borasida bunday deganlar: “Aytgan gapi, qilgan ishi, Alloh taolo ibodat uchun bandada yaratib qo‘ygan tana a’zolarini nimalarga ishlatgani haqida so‘roqqa tutilishini bilgan banda bu savolga javob tayyorlab qo‘yishi kerak. Javob esa o‘sha tana a’zolarini faqat Alloh taoloning ibodatiga, Unga ixlos qilishga ishlatish, U Zot yoqtirmaydigan amallar va gaplardan tiyilish bilan bo‘ladi”.
“Taysiyrut Tafsiyr” kitobida bunday deyilgan: “Agar inson tana a’zolarini yaxshilik ishlarida ishlatsa, savobga erishadi. Agar yomonlikka ishlatsa, iqobga qoladi”.
Ibn Qayyim rahimahulloh bu oyatning tafsirida “Insonning saodati ushbu oyatda zikr qilingan uch a’zoning salomat, solihligida bo‘lsa, uning baxtsizligi shu uch a’zoning buzilishiga bog‘liqdir” deganlar.
Hadisi shariflarda ko‘rmagan narsasini ko‘rdim deyishning og‘ir gunohligi ta’kidlangan.
عن أبي هريرة رضي الله عنه قال: قال رسول الله صلى الله عليه وسلم: إياكم والظنَّ، فإنَّ الظنَّ أكذب الحديث
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Gumondan chetlaninglar, chunki gumon so‘zlarning eng yolg‘onidir!» deb marhamat qilganlar. Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyat qilganlar.
عَنِ ابْنِ عُمَرَ، أَنَّ رَسُولَ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: مِنْ أَفْرَى الْفِرَى أَنْ يُرِيَ عَيْنَيْهِ مَا لَمْ تَرَ
Ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Uydirmalarning eng yomoni – ko‘rmaganini ko‘rdim, deyishdir», dedilar».
Bu yerda tush ko‘rish nazarda tutilgan. Yolg‘ondan tush to‘qish eng katta yolg‘on va og‘ir gunohdir, chunki bu bevosita Allohga nisbatan yolg‘on to‘qish, U Zotga tuhmat qilishdir.
Bu dunyoda ko‘zimiz bilan nimalarni ko‘rdik, qulog‘imiz bilan nimalarni eshitdik, qalbimizni pokladikmi yoki gunohlar bilan qoraytirdikmi, hammasi haqida so‘ralamiz. Demak, barchamiz ibodatlarni vaqtida ado etish, Alloh taoloni doim zikr qilish, qulog‘imiz, ko‘zimiz va boshqa tana a’zolarimizni Alloh taolo rozi bo‘ladigan ishlarga ishlatish bilan oxiratdagi savollarga tayyorlanaylik!
Alloh taolo barchamizni O‘zining hidoyatidan ayirmasin va xotimamizni go‘zal qilsin!
Internet ma’lumotlari asosida Nozimjon Hoshimjon tayyorladi
Imom Buxoriy majmuasi nafaqat O‘zbekiston, balki butun islom olami uchun ulug‘ va muqaddas qadamjolardan biri hisoblanadi.
Hazrat Imom Buxoriydek buyuk muhaddis nomi bilan bog‘liq ushbu majmua bugun yurtimizning eng yirik ma’naviy va madaniy markazlaridan biriga aylangan. Har kuni minglab ziyoratchilar bu yerga kelib, ajdodlar merosi, ma’rifat va muqaddas tarix bilan yuzlashmoqda.
Majmua nafaqat ziyoratgoh, balki xalqimizning boy ma’naviy merosi, milliy me’morchiligi va islom sivilizatsiyasidagi o‘rnini namoyon etuvchi noyob madaniy ob’yektdir. Uni barpo etish uchun katta mehnat, yuksak mahorat va qimmatbaho qurilish materiallari sarf etilgan. Shu bois bu qutlug‘ maskanni asrab-avaylash har birimiz uchun muhim vazifadir.
Yaqinda Madaniy meros agentligi tomonidan ayrim ziyoratchilarning majmua hududida beparvo munosabatda bo‘layotgani haqida ma’lumot berildi. Ayrim holatlarda ustunlar, ayvonlar va muzey eksponatlariga ehtiyotsiz munosabatda bo‘lish, chiqindilarni duch kelgan joyga tashlash kabi holatlar kuzatilmoqda. Bu esa nafaqat ziyoratgoh ko‘rkiga, balki uning ma’naviy muhitiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Bu holat barchamizni sergaklikka chaqirishi kerak. Zero, muqaddas qadamjoga kelgan inson avvalo o‘zini munosib tutishi, tozalik va tartib-qoidalarga amal qilishi lozim. Chunki ziyoratgoh — oddiy sayrgoh emas. Bu yerda asrlar nafasi, buyuk ajdodlar ruhi va ma’rifat ziyosi mujassam.
Tozalik esa inson madaniyatining eng muhim ko‘rsatkichlaridan biri. Islom ta’limotida ham poklikka alohida ahamiyat berilgan. Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom “Tozalik — iymonning yarmidir”, deya ta’kidlaganlar. Demak, ziyoratgoh hududida ozodalikni saqlash nafaqat fuqarolik burch, balki ma’naviy mas’uliyat hamdir.
Ayniqsa, chet ellik mehmonlar O‘zbekiston haqidagi ilk taassurotni aynan shunday muqaddas maskanlar orqali oladi. Agar ziyoratgoh ozoda, tartibli va fayzli bo‘lsa, bu xalqimizning yuksak madaniyati va ma’naviyatini namoyon etadi. Aksincha, beparvolik va tartibsizlik mamlakatimiz nufuziga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Yosh avlodni ziyoratgoh madaniyati ruhida tarbiyalash ham muhim ahamiyatga ega. Bolalar kattalardan ibrat oladi. Agar ota-ona muqaddas joyda tartibga amal qilsa, ehtiyotkor bo‘lsa, farzand ham shu ruhda tarbiya topadi. Shu bois har bir inson o‘z harakati bilan boshqalarga namuna bo‘lishi kerak.
Imom Buxoriy majmuasi — millatimiz g‘ururi va ma’naviy boyligi. Uni asrash, tozaligini saqlash va ehtirom bilan munosabatda bo‘lish har bir insonning vijdoniy burchidir. Ziyoratgohlarga bo‘lgan munosabatimiz orqali biz o‘z madaniyatimiz, ma’naviyatimiz va ajdodlar merosiga bo‘lgan hurmatimizni namoyon etamiz.
Asliddin Mustafoyev, majmua axborot xizmati rahbari.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati