Shu yil 10 dekabrdan Saudiya Arabistoniga Umra aviaqatnovlarini bir kunda ikki martadan amalga oshirish boshlandi. Shu kunga qadar umra havo qatnovlari bir kunda bir mahal edi.
Ziyoratchilar soni ham ikki baravarga oshdi. Har bir aviaqatnovda 245 nafardan jami kunlik ziyoratchilar soni qariyb 500 nafarga yetdi. Mana shunday “Umra – 2019/20” mavsumi parvozlari 2020 yil yoz oylariga qadar davom etadi.
Umra ziyoratlari tashkiliy ishlari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 7 iyun kunidagi 364-sonli “Haj” va “Umra” tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori asosida tizimli ravishda takomillashtirib borilmoqda.
Yurtimiz fuqarolarining muqaddas ziyoratga bo‘lgan ehtiyojlarini qondirish maqsadida, muhtaram Prezidentimiz tashabbuslari bilan Umra safariga boruvchi ziyoratchilar sonini belgilash bo‘yicha cheklovlar (kvota) olib tashlanganini eslab o‘tish o‘rinlidir.
Fuqarolarimiz ushbu o‘n kunlik umra safari davomida Madina shahrida 3 kun, Makka shahrida 7 kun bo‘ladilar. Ular mazkur shaharlarda barcha zarur sharoitlarga ega mehmonxonalarda istiqomat qiladilar hamda ularga tajribali ishchi guruhi, ellikboshilar va malakali shifokorlar xizmat ko‘rsatadi.
Ziyoratchilarimiz ibodatlari mukammal bo‘lishi uchun ularga qulay shart-sharoitlarni muhayyo qilish borasida tinimsiz sa’y-harakatlar olib borilmoqda. Ziyoratchilarning salomatliklarini saqlash, o‘ziga xos iqlim sharoitida ehtiyotkor bo‘lish va ovqatlanish tartibiga amal qilish bo‘yicha chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Maqsadimiz har bir ziyoratchiga xavfsiz, qulay va xotirjam ibodat qilish imkonini hosil qilishdir.
Alloh taolo ziyoratchilarimiz ibodatlarini maqbul aylasin!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Eng ulug‘, eng aziz bayram – Mustaqillik shodiyonalariga sanoqli kunlar qoldi. Ayyom arafasida kam ta’minlangan, boquvchisini yo‘qotgan, o‘zgalar ko‘magiga muhtoj bemorlar, keksalar holidan xabar olinib, ularga bayram tuhfalari yetkazib berilyapti.
Bugun Toshkent shahar bosh imom-xatibi Abduqahhor domla Yunusov boshchiliklarida imom-domlalar, homiylar poytaxtimizning Olmazor tumanidagi "Islomobod" masjidida yig‘ilib, ehtiyojmand oilalar holidan xabar olishdi.
«Vaqf» xayriya jamoat fondi Toshkent shahar filiali hamda homiylar ko‘magida tayyorlangan oziq-ovqatlar jamlanmasi, shirinliklardan iborat ehsonlar bilan xonadonlarga kirib borildi.
Ko‘ngli o‘ksik insonlar bayram tuhfalarini olib, aziz yurtimizda hech kim mehr va e’tibordan chetda emasligiga yana bir karra amin bo‘lishdi.
Alloh taolo ehsonlarni qabul qilsin. Savoblarini ko‘paytirib bersin!
Toshkent shahar vakilligi
Matbuot xizmati