birinchi vasiyat
HIKMATLAR SOHIBI HAQIDA
Payg‘ambarimiz (alayhissalom) aytdilar: “Men qiyomat qoyim bo‘lgan kunda Odam farzandlarining eng ulug‘iman, (bu bilan) faxrlanmayman, ikki qo‘limda hamdu sano bayrog‘i yuqori ko‘tarilgan bo‘ladi, (bu bilan ham) faxrlanmayman, ana shu kunda Odamdan boshlab barcha payg‘ambarlar mening bayrog‘im ostiga jamlanishgay va qabri birinchi ochiladigan ham, birinchi shafoat qiluvchi ham va birinchi shafoati qabul qilinadigan ham men bo‘laman (bular bilan faxrlanmayman)” (Imom Termiziy va Imom Ahmad rivoyati).
Bu hadisi sharifda Muhammad (sollallohu alayhi va sallam) dunyo avvalidan boshlab afzal va ulug‘ banda ekani aytilmoqda. Qiyomat kunida Odam bolalarining sayyidiman, deyishlari ham u zotning nafaqat bu dunyoda, balki oxiratda ham bashariyatning sayyidi bo‘lishlarini hadisda zikr qilmoqdalar.
Qiyomat kunida Payg‘ambarimiz Muhammad (sollallohu alayhi va sallam)ning qo‘llarida hamd bayrog‘i bo‘lishi hadisda ta’kidlanmoqda. Bu esa, “Men katta shafoatni qilganimda avvalgiyu oxirgi xaloyiq menga maqtov aytadi”, deganidir.
Bu gaplarni Payg‘ambarimiz Muhammad (sollallohu alayhi va sallam) faxrlanish yoki maqtanish uchun aytayotganlari yo‘q, balki haqiqat shudir. Bu esa, Muhammad (sollallohu alayhi va sallam) qiyomat kunida eng ulug‘ va sharafli banda ekanliklarini ko‘rsatadi.
Hadis davomida “Qabri birinchi ochiladigan ham menman”, dedilar. Qiyomatdan oldin dunyo paydo bo‘lgandan boshlab to o‘sha paytgacha bo‘lgan barcha xaloyiq qabrda bo‘lishi ma’lum. O‘sha qabrdagilar ichidan birinchi tiriltiriladigan zot ularning eng afzali ekani bilinadi. Mana shu ulug‘ zot Muhammad (sollallohu alayhi va sallam)dir. Bu so‘zlarning hech birida g‘urur va kibr bo‘lishi mumkin emas. Chunki Qur’oni karimda u zotning havodan olib gapirmasligi sobit bo‘lgan.
Abdulloh ibn Abbos (Alloh ulardan rozi bo‘lsin) aytadi: «Bir kun Rasululloh (alayhissalom) sahobalar payg‘ambarlarning qay biri afzalligi haqida bahslashayotganlarini eshitib qoldilar va aytdilar:
“Men sizlarning bahsingizni eshitdim... Albatta, Ibrohim Allohning do‘sti, bu to‘g‘ri, Muso Allohning sirdoshi, bu ham to‘g‘ri, Iso Ruhulloh va Allohning kalimasi, bu ham to‘g‘ri, Odam Allohning yerdagi xalifasi, bu ham to‘g‘ri. Lekin ey sahobalarim! Bilinglar, men Allohning (ulardan ko‘ra) eng suyukligiman, (ammo) faxrlanmayman, qiyomat kunida hamdu sano bayrog‘ini baland ko‘targan men bo‘laman, (ammo) faxrlanmayman va men qiyomat kuni birinchi bo‘lib shafoat qiluvchi va birinchi bo‘lib shafoati qabul qilinadigan kishiman, (ammo) faxrlanmayman, jannat eshigini birinchi qoqadigan menman, shunda men uchun Alloh taolo jannat eshigini ochadi va meni jannatga doxil qiladi, men bilan mo‘minlarning faqirlari birga (kiradi), (ammo) faxrlanmayman, avvalgilar va oxirgilarning barchasini eng mukarrami o‘zimman, (ammo bunga ham) faxrlanmayman” (Imom Termiziy rivoyati).
Payg‘ambarlarning bir-birlaridan fazlli ekanini Alloh taoloning o‘zi xabar bergan. Bu haqda:
۞تِلۡكَ ٱلرُّسُلُ فَضَّلۡنَا بَعۡضَهُمۡ عَلَىٰ بَعۡضٖۘ مِّنۡهُم مَّن كَلَّمَ ٱللَّهُۖ وَرَفَعَ بَعۡضَهُمۡ دَرَجَٰتٖۚ وَءَاتَيۡنَا عِيسَى ٱبۡنَ مَرۡيَمَ ٱلۡبَيِّنَٰتِ وَأَيَّدۡنَٰهُ بِرُوحِ ٱلۡقُدُسِۗ وَلَوۡ شَآءَ ٱللَّهُ مَا ٱقۡتَتَلَ ٱلَّذِينَ مِنۢ بَعۡدِهِم مِّنۢ بَعۡدِ مَا جَآءَتۡهُمُ ٱلۡبَيِّنَٰتُ وَلَٰكِنِ ٱخۡتَلَفُواْ فَمِنۡهُم مَّنۡ ءَامَنَ وَمِنۡهُم مَّن كَفَرَۚ وَلَوۡ شَآءَ ٱللَّهُ مَا ٱقۡتَتَلُواْ وَلَٰكِنَّ ٱللَّهَ يَفۡعَلُ مَا يُرِيدُ
«O‘sha payg‘ambarlarning ba’zilaridan ba’zilarini afzal etdik. Ular ichida (Muso kabi) Alloh (u bilan) gaplashgani va (Muhammad kabi) darajasini (boshqa payg‘ambarlardan) yuqori qilgani bor. Maryamning o‘g‘li Isoga mo‘jizalar berdik va uni Ruhul Qudus (Jabroil) bilan quvvatladik. Agar Alloh xohlaganida edi, (odamlar) payg‘ambarlar (yuborilgani)dan keyin, ularga hujjatlar kelgach (o‘zaro) urishishmagan bo‘lur edi. Ammo ular ixtilof qildi. Ular orasida imon keltirganlari ham, kufrga ketganlari ham bor. Agar Alloh xohlaganida, (ular) urishishmagan bo‘lur edi. Lekin Alloh O‘zi xohlagan ishini qilur» (Baqara, 253-oyat).
Oyati karimadan ma’lum bo‘ladi, ba’zi payg‘ambarlar ba’zilaridan afzaldir. Ularning fazllari o‘zlarining muhitlariga qarab turlicha bo‘ladi. Masalan, ba’zi payg‘ambarlar bir qabilaga, boshqalari bir avlodga, yana birlari bir ummatga, ba’zilari esa barcha ummatlarga va barcha avlodlarga yuborilgandir.
Oyati karima to‘g‘ridan to‘g‘ri Muhammad (sollallohu alayhi va sallam)ning o‘zlariga xitob bo‘layotgani uchun u zotning fazllari zikr etilmadi. Payg‘ambarlar ichida Muhammad (sollallohu alayhi va sallam)ga nazar soladigan bo‘lsak, u zot (sollallohu alayhi va sallam) eng oliy darajada turadilar. U zot (sollallohu alayhi va sallam)ning payg‘ambarligi boshqa payg‘ambarlarga o‘xshab bir millat, bir avlod yoki bir naslga emas, balki barcha millatlarga, barcha avlodlarga va barcha nasllarga tegishli bo‘lib, bu risolat qiyomat kuniga qadar davom etadi.
U zot (sollallohu alayhi va sallam)ning payg‘ambarliklari to‘liq, hech qanday kamchiliksiz va kishilarga ikki dunyo saodatini beruvchi payg‘ambarlikdir. Shuning uchun ham u zotdan keyin vahiy kelmaydi. Shuning uchun ham u zot (sollallohu alayhi va sallam)ning risolati o‘zidan oldingi barcha din va risolatni mansux qiladi.
Allohning salavoti va salomi sizga bo‘lsin, ey Sayyidimiz, ey Rasululloh!
Alloh taolo aytdi:
مَا ضَلَّ صَاحِبُكُمۡ وَمَا غَوَىٰ
«Sizlarning (suhbatdosh) birodaringiz zalolatga ketgani ham yo‘q, yo‘ldan ozgani ham yo‘q» (Najm, 2).
Makkaliklar, Quraysh ahli o‘zlarining birodarlari Muhammad (alayhissalom) keltirgan dinni, butun insoniyatga to qiyomatga qadar turadigan haq dinni qat’iyan rad etibgina qolmay, u zot (sollallohu alayhi va sallam)ni “adashgan va aqldan ozgan majnun” deya aybladi. Ularning bunday ayblovlariga Haq taolo: “Yo‘q, u Muhammad adashgan emas, es-hushidan ayrilib qolgani ham yo‘q, u to‘g‘ri yo‘lda, balki o‘zlaring zalolatda yurgan, haq nohaqni ajrata olmaydigan johilu nodonsiz”, deya javob beradi yuqoridagi oyati karimada.
Alloh taolo: «(Yana u Qur’onni) xom-xayoldan olib so‘zlayotgani yo‘q» deya, tilingiz (so‘zingiz)ni pokladi.
Payg‘ambar (alayhissalom) Alloh taolo va uning shariati haqida yoki oxirat bilan bog‘liq voqealar haqida nima degan bo‘lsalar, albatta, haqni gapirganlar, chunki u zot (sollallohu alayhi va sallam) o‘z ichlaridan to‘qib emas, balki Alloh bergan ilm bilan so‘zlaganlar.
عَلَّمَهُۥ شَدِيدُ ٱلۡقُوَىٰ
«Unga (tilovatni) mustahkam quvvatga ega bo‘lmish zot (Jabroil) ta’lim berdi» deya (Najm, 5) suhbatdoshingizni pokladi:
Payg‘ambar (alayhissalom)ning suhbatdoshlari, Qur’on ilmini o‘rgatadigan muallimlari Jabroil (alayhissalom) edilar. Alloh taolo O‘zi bilan Payg‘ambar (alayhissalom) o‘rtasida elchilik qilishdek buyuk vazifani ado etishni sohibi qudrat deya sifatlagan Jabroil ismli mashhur farishtaga yuklagan edi.
Va ko‘nglingizni ulug‘ladi:
مَا كَذَبَ ٱلۡفُؤَادُ مَا رَأَىٰٓ
«Ko‘rgan narsasida qalbi yolg‘onchi bo‘lmadi» (Ko‘zi bilan Jabroilni yoki qalbi bilan Allohni ko‘rdi) (Najm, 11).
Ya’ni, Jabroil (alayhissalom)ni asl suratida ko‘rib, Payg‘ambar (sollallohu alayhi va sallam)ning ko‘ngillari ham qanoatlandi va u Alloh taolo tomonidan tayin qilingan vakil, elchi ekaniga ishondilar. Yoki Payg‘ambar (alayhissalom) Me’roj kechasida g‘ayb olamining ko‘pgina sir-asroriga shohid bo‘ldilar, ko‘zlari bilan ko‘rdilar. Shu ko‘rgan narsalarga chin qalblaridan ishondilar, ularning haqligiga zarracha ham shubhalanmadilar.
Va ko‘zingizni ham pokladi:
مَا زَاغَ ٱلۡبَصَرُ وَمَا طَغَىٰ
«(Payg‘ambarning) ko‘zi (chetga) og‘gani ham yo‘q, o‘z haddidan oshgani ham yo‘q» (Najm, 17). Payg‘ambar (alayhissalom) Me’roj kechasida cheksiz olam, ilohiy dargohga chiqqanlarida faqat Alloh taolo izn bergan narsalargagina qaradilar.
Har bir narsani kuzatib, bilib turguvchi Alim Zot Alloh taolo bu holatni bildi, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ning kamtarona ko‘z qarashlarini ko‘rdi va albatta, biz ummati Muhammadiyaga buning xabarini berdi.
Va qalbingizni pokladi:
أَلَمۡ نَشۡرَحۡ لَكَ صَدۡرَكَ
«(Ey Muhammad!) Ko‘ksingizni (ilmu hikmatga) keng ochib qo‘ymadikmi?!» (Sharh, 1).
Alloh taolo Payg‘ambarimiz Muhammad (alayhissalom)ga bergan ne’matlaridan birini eslatib aytadi, biz sizning ko‘nglingizni shu darajada keng qilib qo‘ydikki, u barcha ma’naviyat, ulkan hidoyatni ichiga sig‘dira oldi. U zot (sollallohu alayhi va sallam)ning ko‘ngillari bamisoli hikmat bulog‘i edi.
Va xulqingizni pokladi:
وَإِنَّكَ لَعَلَىٰ خُلُقٍ عَظِيمٖ
«Albatta, siz buyuk xulq uzradirsiz» (Qalam, 4).
Alloh taolo ushbu muqaddas xitobi bilan O‘zining mahbub Payg‘ambari Muhammad (alayhissalom) naqadar chiroyli, go‘zal axloq egasi ekanlarini ta’kidlamoqda.
Bu oyati karimani sharhlab Imom Ahmad ibn Hanbal (rahmatullohi alayh) rivoyat qiladi: «Oysha onamiz (roziyallohu anho) Payg‘ambarimiz (alayhissalom) haqlarida bunday degan: “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) hech qachon na qo‘l ostidagi xodimni va na xotinni urmaganlar. Jihoddan boshqa joyda hech narsani qo‘llari bilan urmaganlar. Ikki ishdan birini tanlaydigan bo‘lsalar, gunoh bo‘lmasa, albatta, osonini tanlardilar. Agar gunoh ish bo‘lsa, undan uzoqda bo‘lardilar. O‘zlari uchun hech qachon o‘ch olmaganlar. Magar Alloh harom qilgan narsalar sodir qilinsagina, Alloh uchun intiqom olganlar”».
Oysha Onamiz (roziyallohu anho)dan Payg‘ambarimiz (alayhissalom) xulqlari haqida so‘rashganda: “Xulqlari Qur’on edi”, deb javob bergan, ya’ni Muhammad (alayhissalom) Qur’ondagi barcha oliy xulqlar bilan xulqlanganlar, yaxshi odob-axloqni o‘zlariga singdirgan edilar.
Alloh taoloning yuqoridagi oyati karimasi u zot (sollallohu alayhi va sallam) uchun katta bahodir.
Alloh taolo bunday marhamat qilgan:
لَّقَدۡ كَانَ لَكُمۡ فِي رَسُولِ ٱللَّهِ أُسۡوَةٌ حَسَنَةٞ لِّمَن كَانَ يَرۡجُواْ ٱللَّهَ وَٱلۡيَوۡمَ ٱلۡأٓخِرَ وَذَكَرَ ٱللَّهَ كَثِيرٗا
«(Ey imon keltirganlar!) Sizlar uchun – Alloh va oxirat kunidan umidvor bo‘lgan va Allohni ko‘p yod qilgan kishilar uchun Allohning payg‘ambarida go‘zal namuna bordir» (Ahzob, 21).
Ey Sayyidimiz, Nabiyimiz! Isro kechasida barcha payg‘ambarlarga imom bo‘ldingiz, Baytul Maqdis (Quddusi sharif)da bo‘lgan paytingizda sizga va ummatlaringizga Allohning bergan ne’matlarini so‘zlab, (quyidagicha) yengil xutba qildingiz:
“Allohga hamd bo‘lsin, meni olamlar uchun rahmat qilib yubordi, barcha odamlar uchun (jannatdan xabar berib) sevintiruvchi, (do‘zaxdan) ogoh qiluvchi etib yubordi, (Alloh menga) har bir narsa haqida tushunchani o‘z ichiga olgan Qur’oni karimni nozil qildi va ummatimni o‘rta ummat qildi, ummatimni (qiyomat kunida) avvalgi ummat, (foniy dunyoda esa) oxirgi ummat qildi va mening ko‘ksimni (imon-e’tiqod uchun) keng qilib qo‘ydi, og‘ir yukimni yengillatdi, nomimni baland qildi, meni (oxiratda jannatni) ochuvchi (dunyoda payg‘ambarlikka) yakun yasovchi qildi”.
Eng pokiza va ulug‘ salavot-salomlar sizga, ahli baytingizga va sahobai kiromlaringizga bo‘lsin, yo Rasululloh!
BIRINCHI VASIYAT
عن الحارث الأشعري رضي الله عنه أن رسولَ الله صلى الله عليه وسلم قال: إن الله تبارك وتعالى أمر يحيى بنَ زكريا بخمس كلمات أن يعملَ بها ويأمرَ بني إسرائيل أن يعملوا بها وإنه كاد أن يُبطِئ بها فقال له عيسى: “إن الله أمرك بخمس كلمات أن تعملَ بها وتأمر بني إسرائيل أن يعملوا بها فإما أن تأمرَهم وإما أن آمرَهم” فقال يحيى: “أخْشَى إن سبقتني بها أن يُخْسَفَ بي أو أُعَذّب” فَجَمَع الناسَ في بيت المقدس فامتلأ المسجدُ وقعدوا على الشُّرَف فقال: «إن الله أمرني بخمس كلمات أن أعملَ بهنَّ وآمرَكم أن تعملوا بهنَّ، أوَّلُهنَّ: أن تعبُدوا الله ولا تشرِكوا به شيئا فإنَّ مَثَل مَنْ أشرك بالله شيئا كمثلِ رجل اشترى عبدا من خالص ماله بذهب أو وَرِق فقال: “هذه داري وهذا عملي فاعملْ وأدِّ إليَّ” فكان يعمل ويؤدِّي إلى غير سيده فأيُّكم يرضى أن يكون عبدُه كذلك؟! وإن الله أمرَكم بالصلاة فإذا صلَّيتُم فلا تلتفتوا فإنَّ الله يَنْصِب وجهه لوجه عبده في صلاته ما لم يلتفتْ وآمرُكم بالصيام فإنَّ مَثَل ذلك كمثل رجل في عصابة معه صُرَّة فيها مِسك كلهم يعجب – أو يعجبه – ريحها وإنَّ ريح الصائم أطيب عند الله من ريح المسك وآمرُكم بالصدَقةِ فإن مَثَلَ ذلك كمثلِ رجل أسَره العدوُّ فأوثقوا يديه إلى عنقه وقَدَّمُوه ليضربوا عنقه” فقال: “أنا أفْدِي نفسي منكم بالقليل والكثير ففَدَى نَفْسَه منهم وآمرُكم أن تَذْكروا الله فإن مَثَل ذلك كمثل رجل خرج العدوُّ في أثره سِراعا حتى إذا أتى على حِصْن حصين أحرز نفسه منهم وكذلك العبدُ لا يُحْرِزُ نفسه من الشيطان إلا بِذِكر الله» وقال رسولُ الله صلى الله عليه وسلم :”وأنا آمركم بخمس الله أمرني بِهِنَّ: السمعُ والطاعةُ والجهادُ والهجرةُ والجماعة فإنه من فارق الجماعة قِيْدَ شِبْر فقد خَلَعَ رِبْقَةَ الإسلام من عُنُقِهِ إلا أن يُراجِعَ ومن دعا دعوى الجاهلية فإنه من جُثَى جهنم” فقال رجل:”يا رسول الله وإن صام وإن صلَّى؟” قال: “وإن صام وإن صلَّى فادْعوا بدعوى الله التي سماكم المؤمنين عبادَ الله) “الترمذى وابن خزيمة وابن حبان والحاكم والنسائى وأبو يعلى(
Horis Ash’ariy (Alloh undan rozi bo‘lsin) rivoyat qiladi: Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) aytdilar: “Alloh subhonahu va taolo Zakariyo (alayhissalom) o‘g‘li Yahyo (alayhissalom)ga besh narsaga amal qilishni va Bani Isroilni ham shu besh narsaga amal qilishga chaqirishni buyurdi. Yahyo (alayhissalom) bu ishni sal ortga surgandek bo‘lgandi, Iso (alayhissalom) u zotga: “Alloh subhonahu va taolo sizni besh narsaga amal qilishga va Bani Isroilni ham shu besh narsaga amal qilishga chaqirishingizga buyurdi, buni ularga siz buyurasiz yoki men buyuraman”, dedi. Yahyo (alayhissalom): “(Yo‘q,) Agar (men qolib) ularni bunga siz buyursangiz, meni yerga yuttirib yuborishidan yoki biror azobga giriftor qilishidan qo‘rqaman”, deb, odamlarni Baytul Maqdisga to‘pladi, masjid odamlarga liq to‘ldi va hatto odamlar ayvonga ham o‘tirdi. Yahyo (alayhissalom) Allohga hamd-sanodan so‘ng: “Alloh taolo meni besh narsaga amal qilishga va sizlarni ham shu besh narsaga da’vat etishimni buyurdi. Ulardan birinchisi yolg‘iz Allohga, Unga hech narsani sherik qilmay ibodat qilmoqligingiz, chunki Allohga shirk keltirgan kishining misoli, bir kishi misolidek, u kishi halol topgan oltin yoki kumush evaziga bir qul sotib oldi va aytdi: Bu mening yerim, mana bu qiladigan ishim, endi buni sen qil va haqqini menga ber. Bu qul shu ishni qilib, foydasini xojasiga emas, birovga bersa, qay biringiz qulini shunday qilishiga rozi bo‘lasiz, albatta, norozi bo‘lasiz. Bas, yolg‘iz Allohga ibodat qiling, Unga hech narsani sherik qilmang!
Yana, Alloh sizlarni namoz o‘qishga buyurdi, agar namoz o‘qisangiz (o‘ng yoki chapga) yuzingizni burmang, chunki banda namoz o‘qigan paytda yuzini burmasa, Alloh unga yuzlanib turadi.
Alloh sizlarni ro‘za tutishga buyurdi. Buning misoli shuki, bir kishi bir jamoa ichida ketyapti, uning mushk-anbar to‘la hamyoni bor. Barcha uning hididan bahra olishni istaydi. Albatta (bilinglarki), ro‘zadorning og‘zidan keladigan hid Alloh nazdida mushk-anbardan ham xushbo‘yroq.
Yana, Alloh sizlarni (mollaringizdan) sadaqa berishga buyurdi, chunki buning misoli bir kishi misolidek, uni dushman asirga olib, ikki qo‘lini gardaniga bog‘lab, boshini tanasidan judo qilmoqchi bo‘lib turganda, u bor budini ularga berib, jonini qutqarib qoldi.
Alloh sizlarni zikrga, ya’ni Allohni ko‘p eslashga buyurdi, buning misoli bir kishi misolidek, uni dahshatli dushman izma-iz quvib borayotganda u mustahkam bir qo‘rg‘onga yashirinib oladi-da, jonini saqlab qoladi. Xuddi shunga o‘xshab kishi o‘zini shayton yomonligidan Allohni eslash bilan saqlab qoladi”.
Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) aytdilar: “Men ham sizlarni (ey sahobalarim), Alloh menga buyurgan besh narsaga buyuraman: eshitish va itoat etishga, o‘z nafsiga jihod qilishga va hijrat qilishga (ya’ni, gunoh va ma’siyat ishlardan savob va ma’ruf ishlarga yuzlanishga) va jamoat (ko‘pchilik)ni lozim tutishga. Chunki kim jamoatdan bir qarich uzoqlashsa (ajralsa), toki yana (Islomga) qaytgunicha gardanidagi Islom arqonini uloqtiribdi (ya’ni, musulmonlikdan chiqibdi). Kim johiliyat (ya’ni Islomga zid) iddaosini qilsa, bas, u jahannam o‘tida (yonadi)”.
Bir kishi (Rasulullohdan) so‘radi: “Ro‘za tutsa va namoz o‘qisa hammi, yo Rasululloh?” Ul zot javob berdilar: “Ha! Garchi ro‘za tutib, namoz o‘qisa ham. Shuning uchun, yo Alloh bandalari, sizlarni “mo‘min va musulmonlar” deb nomlagan Allohning da’vatini (ya’ni Kalomini va undagi da’vatlarini) haq deb bilinglar!” (Imom Termiziy, Ibn Xuzayma, Ibn Hibbon, Hokim, Nasoiy va Abu Ya’lo rivoyati).
Hadisi sharifda aytilgan Yahyo (alayhissalom) Qur’oni karimda zikri kelgan yigirma beshta payg‘ambardan biri bo‘lib, Zakariyo (alayhissalom)ning o‘g‘lidir. Zakariyo (alayhissalom) keksa yoshga yetganda Alloh subhonahu va taolodan pokiza zurriyot tilab:
هُنَالِكَ دَعَا زَكَرِيَّا رَبَّهُۥۖ قَالَ رَبِّ هَبۡ لِي مِن لَّدُنكَ ذُرِّيَّةٗ طَيِّبَةًۖ إِنَّكَ سَمِيعُ ٱلدُّعَآءِ
«Rabbim, menga (ham) O‘z huzuringdan pok zurriyot ato et! Darhaqiqat, Sen duoni eshituvchidirsan» (Oli Imron, 38), deb aytgan duosini ijobat qildi.
يَٰزَكَرِيَّآ إِنَّا نُبَشِّرُكَ بِغُلَٰمٍ ٱسۡمُهُۥ يَحۡيَىٰ لَمۡ نَجۡعَل لَّهُۥ مِن قَبۡلُ سَمِيّٗا٧
«(Alloh aytdi): “Ey Zakariyo! Biz senga bir farzand xushxabarini berurmiz, uning ismi Yahyo bo‘lib, ilgari unga biror kimsani hamnom qilgan emasmiz”» (Maryam, 7).
Alloh taolo Zakariyo (alayhissalom)ga kutganidan ham ortiqroq o‘g‘ilni berdi. Rabbisiga taqvo qiladigan, ota-onasiga mehribon, gapini ikki qilmaydigan itoatkor, jismonan va ma’nan pokiza bo‘lgan zurriyot berdi. Hatto unga Allohning o‘zi oldin hech kimga qo‘yilmagan Yahyo degan ismni qo‘yib berdi. Yaratganning suyukli bandasi ulug‘ marhamatlarga sazovor bo‘lgan Yahyo (alayhissalom)ga kichikligidayoq ilohiy vahiy keldi:
يَٰيَحۡيَىٰ خُذِ ٱلۡكِتَٰبَ بِقُوَّةٖۖ وَءَاتَيۡنَٰهُ ٱلۡحُكۡمَ صَبِيّٗا١٢
«(Biz unga): “Ey Yahyo! Kitob (ya’ni Tavrotni) jiddiylik bilan qo‘lga ol!” (dedik) va unga go‘daklik chog‘idayoq hikmat (va ilm) ato etdik» (Maryam, 12).
Yahyo (alayhissalom) ham otasi Zakariyo (alayhissalom) kabi Bani Isroilga payg‘ambar qilindi va ularni hidoyatga chaqira boshladi, ularga diniy ta’lim, halol-harom, to‘g‘ri-noto‘g‘ri amallarni bayon qildi.
Hadisi sharifda aytilganidek, u kishi Iso (alayhissalom) bilan zamondosh bo‘lgan (bir rivoyatda Isodan ikki yosh katta bo‘lgani aytiladi). Yanada aniqroq aytadigan bo‘lsak, solih uch payg‘ambar bir vaqtda yashab o‘tgan va Bani Isroil qavmini Alloh taolodan qo‘rqishga, yolg‘iz Ungagina ibodat qilishga da’vat etgan:
وَمَآ أَرۡسَلۡنَا مِن قَبۡلِكَ مِن رَّسُولٍ إِلَّا نُوحِيٓ إِلَيۡهِ أَنَّهُۥ لَآ إِلَٰهَ إِلَّآ أَنَا۠ فَٱعۡبُدُونِ٢٥
«(Ey Muhammad!) Biz sizdan ilgari Biz yuborgan har bir payg‘ambarga ham: “Mendan o‘zga iloh yo‘q, bas, Menga ibodat qiling!” deb vahiy yuborgandirmiz» (Anbiyo, 25).
Shunday da’vatlaridan biri haqida sarvari koinot Payg‘ambarimiz (alayhissalom) bizlarga xabar berdilar. Yahyo (alayhissalom) Bani Isroil qavmini besh narsaga qattiq amal qilishga chaqirdi. Eng birinchisi tavhidga: Allohni yakka-yagona deb ishonish, Unga ibodat qilish, Unga hech narsani sherik qilmaslikka da’vat etdi. Chindan ham barcha anbiyolar va ilohiy kitoblarning bosh g‘oyasi tavhidga qaratilgan.
Shuning uchun musulmonlar Rabbisini yakka deb ishonganidan, Unga bandalik da’vo qilganidan keyin haqiqiy ma’nodagi obid bo‘lmog‘i va imonu ishonchini amal va Unga qullik qilish bilan isbotlamog‘i lozim!
Zero, Alloh taolo bunday marhamat qiladi:
وَمَا خَلَقۡتُ ٱلۡجِنَّ وَٱلۡإِنسَ إِلَّا لِيَعۡبُدُونِ٥٦
«Men jinlar va insonlarni faqat O‘zimga ibodat qilishlari uchungina yaratdim» (Zoriyot, 56).
Bu oyati karima Allohning bandalarini yaratishdan maqsadi ne ekanini aniq bayon qildi. Demak, bu dunyoga kelgan har bir insonning vazifasi, bandalik burchi yagona Rabbisiga sig‘inishdir. Arab tilida “abd” va “ibodat” so‘zlari o‘zakdosh bo‘lib, “ibodat qilish” ma’nosini anglatadi. Shundan kelib chiqib, banda bu Yaratuvchisiga ibodat qilishi kerak va lozimdir. Yaratilishdan asosiy maqsad ham shu. Inson ibodat qilish orqali xotirjam bo‘ladi, qalbi taskin topadi.
Yana Niso surasida bunday deyiladi:
۞وَٱعۡبُدُواْ ٱللَّهَ وَلَا تُشۡرِكُواْ بِهِۦ شَيۡٔٗاۖ ٣٦
«Faqat Allohga ibodat qiling va Unga hech narsani sherik qilmang» (Niso, 36).
Ya’ni, Alloh taolo bandalarini Unga hech narsani sherik qilmay, yolg‘iz O‘zigagina ibodat qilish uchungina yaratishi bizga yoki ibodatimizga muhtojligidan emas, balki kim ibodat qilsa, o‘zi uchun qiladi.
۞وَقَضَىٰ رَبُّكَ أَلَّا تَعۡبُدُوٓاْ إِلَّآ إِيَّاهُ ٢٣
«Rabbingiz, Uning O‘zigagina ibodat qilishingizni amr etdi» (Isro, 23).
Qur’oni karimda Alloh taolo ko‘rsatib qo‘ygan yo‘l bilan Uning O‘zigagina ibodat qilish va Undan boshqani iloh deb bilmaslik kerak. Zero, hidoyat va ibodat uchun eng to‘g‘ri yo‘l Uning yo‘lidir. Shuning uchun ham mo‘min kishi har kungi namozlarida 32 marta Allohdan to‘g‘ri yo‘lni so‘raydi. Buni ham Allohning O‘zi bandalariga ko‘rsatib bergan:
إِيَّاكَ نَعۡبُدُ وَإِيَّاكَ نَسۡتَعِينُ٥
«Bizni to‘g‘ri yo‘lga yo‘llagin» (Fotiha, 5).
وَإِنَّ ٱللَّهَ رَبِّي وَرَبُّكُمۡ فَٱعۡبُدُوهُۚ هَٰذَا صِرَٰطٞ مُّسۡتَقِيمٞ٣٦
«(Iso aytdi): “Albatta, Alloh Rabbim va Rabbingizdir. Bas, Unga ibodat qiling! Mana shu to‘g‘ri yo‘ldir”» (Maryam, 36).
Bundan boshqa har qanday yo‘l zalolat va gumrohlikdir.
رَّبُّ ٱلسَّمَٰوَٰتِ وَٱلۡأَرۡضِ وَمَا بَيۡنَهُمَا فَٱعۡبُدۡهُ وَٱصۡطَبِرۡ لِعِبَٰدَتِهِۦۚ هَلۡ تَعۡلَمُ لَهُۥ سَمِيّٗا٦٥
«(U) osmonlar, Yer va ularning orasidagi bor narsalarning murabbiysidir. Bas, unga ibodat qiling va ibodatiga toqatli bo‘ling! Unga teng biror zotni bilurmisiz?!» (Maryam, 65)
Alloh taolo osmonlar va Yerning Rabbisidir. Osmonlar va Yer orasidagi narsalarning Rabbisidir. Alloh taolo bilmaydigan yoki Uning ilmidan chetda qoladigan biror narsa yo‘qdir. U har narsaga qodirdir. Shunday ekan, faqatgina Unga ibodat qilishimiz kerak.
Islomda ibodat faqat ba’zi bir shaxsiy ruhiy urinishlar, zikr, tilovat, namoz, ro‘za, zakot va haj kabi amallar bilan cheklanib qolmaydi. Balki insonning butun hayoti, turmush tarzi va harakati, yurish-turishi, niyati, tirikchiligi – bularning barchasi ibodat hisoblanadi. Allohga ibodat qilish esa, insonning hayoti Allohning ko‘rsatmalariga muvofiq kechishi yo‘lidagi urinishidir.
Bu harakatlar, albatta, oson kechmaydi. Har bir kattayu kichik amallarni Allohning xohishiga munosib tarzda ado etish uchun kuch-g‘ayrat va sa’y-harakat lozim. Bu narsalarni yo‘lga qo‘yib olgandan keyin doimiy amalga oshirish talab etiladi.
Bir hadisi sharifda: “Oz bo‘lsa-da, doimiy qilinadigan amallar Allohga sevimlidir”, deyiladi.
Payg‘ambar (alayhissalom) aytdilar: «Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “Ey odam bolasi! Har xil ishlaringni tashla, xotirjam menga ibodat qil. (Shunda) men ko‘nglingni to‘q, qalbingni boy qilib, faqirligingni ketkazurman, shunday qilmasang, ko‘nglingni turli xil g‘amu tashvishlar bilan to‘ldirib, faqirlikka tashlayman”» (Imom Ahmad, Imom Termiziy va Ibn Moja rivoyati).
Dunyoda eng ulkan xazina, baxt keltiradigan boylik nima? Bu, kishining butun ichki vujudi bilan doim xotirjam holda ko‘ngli to‘qligidir. Odam farzandi bunday xazinaga toat-ibodat otiga minib yetadi, aks holda, ibodatsiz ichki halovatni boy beradi, molu dunyosi bo‘lsa-da to‘ymaydi, ko‘ngli och, boy bo‘la turib, ko‘ziga faqirlik ko‘rinaveradi. Natijada, undan qochishga urinaveradi, ibodat qilishga vaqti bo‘lmaydi, faqirlikdan qochib, umr ne’matini ham qochirib yuboradi, oqibatda boy bo‘ladi, biroq boy bo‘lsa-da, ma’nan va ruhan qashshoq qolgan bo‘ladi.
Och qolgan ruhining ozuqasi toat-ibodat, ezgu amallar, birovlarga qilinadigan xayrli ishlardan iborat.
KЕYINGI MAVZULAR:
Shirkdan hazar!
Namoz – mo‘minning me’roji;
Insoniyat sivilizatsiyasi tarixida ayrim davrlar borki, ular faqat muayyan xalq yoki mintaqaning emas, balki butun jahon taraqqiyotining yo‘nalishini belgilab bergan. Islom sivilizatsiyasining IX–XV asrlardagi yuksalish davri ana shunday tarixiy bosqichlardan biri hisoblanadi. Bu davrda ilm-fanning turli sohalari bir-biridan ajralmagan holda. o‘zaro uyg‘unlikda rivojlandi. Matematika astronomiya bilan, tibbiyot falsafa bilan, geografiya matematika bilan, tilshunoslik tarix bilan, diniy ilmlar esa mantiq va tafakkur madaniyati bilan muloqot qilgan. Bugun fanlararo tadqiqot, raqamli gumanitaristika, sun’iy intellekt va kompleks ilmiy yondashuvlar jahon ilm-fanining eng muhim yo‘nalishlariga aylangan bir paytda, o‘sha tarixiy tajriba yanada qiziqarli ahamiyat kasb etmoqda.
Mazkur uyg‘unlik tasodifiy emas edi. U Qur’oni karimda ilmga berilgan yuksak qadr, tafakkurga da’vat, insonni borliqni anglashga chorlovchi g‘oyalar bilan mustahkamlangan ilmiy dunyoqarash mahsuli edi. Shu sababli o‘sha davr olimlarini bugungi zamonaviy tushunchalardagi qat’iy «mutaxassisliklar» doirasiga joylashtirish qiyin.
Forobiy falsafa, mantiq, siyosat, axloq va musiqa nazariyasi bilan shug‘ullangan. Xorazmiy matematika va astronomiya sohalarida ishlagan. Beruniy astronomiya, geografiya, geodeziya, mineralogiya, tarix va etnografiyaga oid asarlar yaratgan. Ibn Sino tibbiyot bilan bir qatorda falsafa, mantiq va tabiiy fanlar haqida ham keng tadqiqotlar olib borgan. Ulug‘bek esa davlat boshqaruvi, ta’lim va astronomik tadqiqotlarni birlashtirgan ilmiy muhitni shakllantirgan. Bu misollarning umumiy jihati shundaki, bilim sohalari o‘rtasidagi chegaralar qat’iy bo‘lmagan.
Bugun «interdissiplinar tadqiqot» deb ataladigan yondashuvning ayrim tamoyillari aynan ana shu intellektual an’analar bilan hamohang.
Shuningdek, islom sivilizatsiyasining intellektual merosini faqat tabiiy va aniq fanlar bilan cheklash ham to‘g‘ri emas. Chunki diniy ilmlar sohasida ham manbalarni yig‘ish, tekshirish, tasniflash va baholashga qaratilgan murakkab ilmiy an’analar shakllangan.
Imom Buxoriyning hadis ilmidagi merosi bunga yaqqol misol bo‘la oladi. Hadislarni saralashda roviylar haqidagi ma’lumotlar, rivoyat zanjiri va boshqa mezonlar o‘rganilgan. Imom Moturidiy esa aqidaviy masalalarni aql va naql uyg‘unligi asosida tahlil qilgan. Uning merosi islom intellektual an’anasida aqliy dalillash va diniy bilim o‘rtasidagi munosabat masalasida muhim o‘rin tutadi.
Shu jihatdan Islom sivilizatsiyasi tarixini faqat diniy yoki faqat ilmiy tarix sifatida emas, keng intellektual jarayon sifatida ko‘rish mumkin.
O‘zbekistonda ilgari surilayotgan Uchinchi Renessans g‘oyasi tarixiy ilmiy merosni zamonaviy taraqqiyot ehtiyojlari bilan bog‘lashga qaratilgan.
Bu yondashuvning markazida ilm-fan, ta’lim, innovatsiya, madaniyat va ma’naviyatni o‘zaro bog‘liq tizim sifatida rivojlantirish g‘oyasi turadi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ham ana shu konsepsiyaning muhim amaliy ifodalaridan biridir.
Markazning vazifasi faqat tarixiy eksponatlarni namoyish qilish bilan cheklanmaydi.
Uning konsepsiyasida islom sivilizatsiyasining ilm-fan, ta’lim, falsafa, san’at, me’morchilik va insonparvarlik sohalaridagi merosini kompleks ravishda o‘rganish va namoyish etish g‘oyasi mujassam.
Nafaqat muzey, balki intellektual platforma
Markazni an’anaviy muzey tushunchasi doirasidagina baholash uning konsepsiyasini to‘liq ifodalamaydi. Zamonaviy muzey faqat eksponat saqlaydigan joy emas. U tadqiqot, ta’lim, raqamlashtirish va xalqaro ilmiy muloqot markaziga aylanishi mumkin. O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi konsepsiyasida ham ana shu yondashuv muhim o‘rin tutadi.
Qadimiy qo‘lyozma — shunchaki tarixiy buyum emas. U til, tarix, matnshunoslik, kodikologiya, san’at, materialshunoslik va raqamli texnologiyalar nuqtayi nazaridan tadqiq qilinishi mumkin bo‘lgan murakkab manba. Arxeologik merosni o‘rganishda esa geoinformatsion tizimlar, raqamli modellashtirish, 3D texnologiyalar va boshqa zamonaviy usullardan foydalanish imkoniyatlari kengaymoqda. Shunday qilib, madaniy merosni o‘rganishning o‘zi fanlararo jarayonga aylanmoqda.
O‘tmishni sun’iy intellekt bilan bog‘lash
Texnologiyalar madaniy merosni o‘rganish usullarini ham o‘zgartirmoqda.
Qo‘lyozmalarni yuqori sifatda raqamlashtirish, matnlarni elektron bazalarga kiritish, sun’iy intellekt yordamida matnlarni tahlil qilish, 3D modellar yaratish va virtual muhitlarda tarixiy obyektlarni qayta tiklash imkoniyatlari ilmiy tadqiqotlar uchun yangi yo‘nalishlarni ochmoqda.
Bu yerda muhim nuqta bor. Texnologiya tarixning o‘rnini bosmaydi — u tarixni yangi avlod uchun tushunarli va tadqiqot uchun yanada ochiq qiladi.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining konsepsiyasi ham o‘tmishdagi ilmiy merosni zamonaviy texnologiyalar bilan bog‘lashga qaratilgan.
Bu yondashuv tarixiy bilimni arxiv va kitoblar doirasidan chiqarib, xalqaro tadqiqotchilar, talabalar va keng jamoatchilik uchun ochiq intellektual resursga aylantirish imkonini beradi.
«Ma’rifat bilan jaholatga qarshi»
Islom sivilizatsiyasining ilmiy merosini o‘rganishning yana bir ahamiyati bor.
Global axborot makonida din, tarix va madaniyat haqida turli xil, ba’zan bir-biriga zid tasavvurlar yuzaga kelganda tarixiy merosni ilmiy asosda tushuntirish nafaqat madaniy, balki ma’rifiy ahamiyatga ham ega.
Islom sivilizatsiyasi tarixini faqat diniy marosimlar yoki siyosiy voqealar orqali emas, balki matematika, tibbiyot, astronomiya, falsafa, geografiya, me’morchilik va boshqa sohalardagi yutuqlar bilan birga o‘rganish uning murakkab va ko‘p qirrali tabiatini yaxshiroq anglash imkonini beradi.
Shu ma’noda ma’rifat tarixiy bilimni zamonaviy axborot muhitidagi noto‘g‘ri talqinlarga qarshi muhim vositaga aylantirishi mumkin.
O‘zbekistonning yangi xalqaro ilmiy platformasi
Islom sivilizatsiyasi bir mamlakat yoki bir xalqning merosi emas. U Markaziy Osiyo, Yaqin Sharq, Shimoliy Afrika, Janubiy Osiyo va boshqa hududlarni qamrab olgan keng tarixiy va intellektual makonni ifodalaydi. Shu sababli bu merosni o‘rganish ham xalqaro hamkorlikni talab qiladi.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi oldidagi muhim vazifalardan biri ham turli mamlakatlarning olimlari, universitetlari, muzeylari va ilmiy-tadqiqot markazlari o‘rtasida muloqotni kuchaytirishdan iborat.
Bu O‘zbekistonning o‘z tarixiy merosini dunyoga tanitish bilan birga, mamlakatni global gumanitar tadqiqotlarning faol ishtirokchisi sifatida namoyon etishiga xizmat qilishi mumkin.
Uchinchi Renessansning asosiy kuchi
Uchinchi Renessans haqida gap ketganda, masala faqat yangi binolar qurish yoki yangi muassasalar tashkil etishdan iborat emas. Asosiy savol boshqa: O‘zbekiston o‘zining boy ilmiy merosini zamonaviy bilim va innovatsiyalarga qanday aylantira oladi? Bu savolning javobi ilm-fan, ta’lim, texnologiya, madaniyat va inson kapitalining bir nuqtada birlashishini talab qiladi.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining ahamiyati ham shu nuqtada namoyon bo‘ladi. U tarixiy merosni saqlash bilan birga, uni tadqiq qilish, raqamlashtirish, xalqaro ilmiy muloqotga olib chiqish va yangi avlodga yetkazish uchun platformaga aylanishi ko‘zda tutilmoqda.
Shu ma’noda Markazni o‘tmishga bag‘ishlangan inshoot emas, kelajakka yo‘naltirilgan intellektual investitsiya sifatida baholash mumkin.
Chunki sivilizatsiyaning haqiqiy qiymati faqat uning o‘tmishda yaratgan merosi bilan emas, balki bu meros yangi avlod uchun qanday yangi bilim va g‘oyalarga aylanishi bilan ham o‘lchanadi.
Xorazmiyning hisoblash usullaridan bugungi algoritmlargacha, Beruniyning kompleks tadqiqotlaridan zamonaviy fanlararo loyihalargacha, Ulug‘bek rasadxonasidan raqamli astronomiyagacha bo‘lgan yo‘l bir haqiqatni ko‘rsatadi: ilm taraqqiyoti chegaralar emas, muloqot va hamkorlik orqali tezlashadi.
Ehtimol, Uchinchi Renessansning eng muhim vazifasi ham ana shunda — ajdodlar yaratgan bilimlarni shunchaki eslash emas, balki ulardan yangi bilimlar yaratish uchun foydalanish. O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi esa ana shu g‘oya atrofida shakllanayotgan yangi intellektual muhitning muhim platformalaridan biridir.
Muallif: Abulfayz Sayidasqarov, iccu.uz
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati