Minorai Kalon Buxorodagi betakror me’moriy yodgorlik hisoblanadi. Qaysidir ma’noda qadim Buxoroning ramzi desak ham bo‘ladi. Minora Poyi Kalon me’moriy majmuasining bir qismi. U Mir Arab madrasasi hamda Kalon masjidining o‘rtasida qad rostlagan. Eski Buxoroning eng baland inshootidir. Minorai Kalon tojik tilidan tarjima qilinganda katta minora ma’nosini anglatadi. Uning o‘rnida avval ham minora bo‘lgan, u qulab tushgach, mustahkam qilib qayta qurilgan. Minoraning xozirgi ko‘rinishi o‘sha vaqtda bunyod etilgan. O‘z vaqtida Minorai Kalon yuqoridan kuzatish, hamda aholini namozga chaqirish uchun xizmat qilgan. Inshoot muhandis va o‘z davrining mashhur me’mori Baqo loyihasi asosida xukmdor Arslonxon Muhammad tomonidan 1127-yili qurdirilgan. Poydevori tosh va maxsus qorishmadan terilgan. Yer sathidan 9 m chuqur, balandligi 46,5 m, kursisi qirrador. Minora yuqoriga ingichkalashib boradi va muqarnas bilan tugaydi. Qafasasidagi 16 ravoqli darchalar orqali atrofni kuzatish mumkin. Tepaga minora ichidagi 104 pillapoya aylanma zina orqali chiqiladi. Masjidi Kalon tomonidan minoraga o‘tiladigan ko‘prikcha bo‘lgan. Minora sathi turli ajib bezaklar bilan ishlangan. Ular orasida tarixiy va diniy mazmundagi kufiy yozuvlar uchraydi. Minorai Kalon shu turdagi qadimiy inshootlar orasida alohida o‘rin tutadi. Shakllarning o‘zaro uyg‘unligi, ajoyib ko‘rk va mahobatlilik Minorai Kalonga chinakam go‘zallik bag‘ishlaydi. Xalq orasida minora haqida ko‘plab rivoyat va afsonalar mavjud. Uzoq yillar davomida Kalon minorasi o‘z mahobati bilan shaharga tashrif buyuruvchilarni lol qoldirib kelgan. Inshoot yovlarning hujumidan ko‘p ziyon ko‘rgan bo‘lsada qulamagan. Faqat bir muddat ta’mirtalab ahvolga kelib qolgan. 1924 yili inshoot yuzasi va muqarnaslari ta’mirlangan. 1960 yili esa yer ostidagi asosi (kursisi) usta Ochil Bobomurodov tomonidan ochib ta’mirlandi. 1997 yil Buxoroning 2500 yilligi munosabati bilan minorada yana bir bor ta’mirlash ishlari olib borildi. Minorai Kalon Buxoro shahrining noyob va ko‘hna yodgorligi hisoblanadi. Shaharga tashrif buyurgan mehmonlar uning mahobati, salobati, murakkab me’moriy yechimiga maftun bo‘ladi. Xozirda ko‘hna Buxoro deganda har bir kishini ko‘z oldiga dastlab albatta Minorai Kalon keladi.





Shahzod Shomansurov tayyorladi
Shu yilning 6 aprel kuni Guliston shahridagi “Guliston” jome masjidida Sirdaryo viloyati bosh imom-xatibi Habibulloh domla Zokirov rahbarligida viloyatdagi imom-xatiblarning navbatdagi yig‘ilishi o‘tkazildi. Tadbirda Sirdaryo viloyati hokimligi kotibiyat mudiri Abdurahmon Nazirqulov ham ishtirok etdi.
Yig‘ilish kun tartibidan diniy-ma’rifiy faoliyatni jadallashtirish, ijtimoiy muhit barqarorligini ta’minlash va yurt obodligiga hissa qo‘shish kabi muhim masalalar o‘rin oldi.
Viloyat bosh imom-xatibi Habibulloh domla Zokirov o‘z nutqida “Yashil makon” umummilliy loyihasining ahamiyatiga to‘xtalib o‘tdi. Masjidlar atrofini ko‘kalamzorlashtirish, mevali va manzarali daraxtlar ekish hamda hududlarda ozodalikni saqlash imom-xatiblarning diqqat markazida bo‘lishi lozimligi ta’kidlandi.
Muloqot davomida mahalla “yettiligi” bilan hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, fuqarolar yig‘inlarida faol ishtirok etish va aholi bilan bevosita muloqotni kuchaytirish masalalari muhokama qilindi. Ayniqsa, xorijdagi vatandoshlarimiz va mehnat migrantlari bilan doimiy aloqada bo‘lish, ularning oila a’zolaridan xabar olish ustuvor vazifa sifatida belgilandi.
Viloyat hokimligi mas’uli Abdurahmon Nazirqulov so‘zga chiqib, masjidlarda yong‘in xavfsizligi qoidalariga qat’iy rioya etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. Shuningdek, ijtimoiy ko‘makka muhtoj qatlamni qo‘llab-quvvatlash va aholi orasida sog‘lom ma’naviy muhitni mustahkamlashda diniy soha xodimlarining o‘rni beqiyos ekanini qayd etdi.
Yig‘ilish yakunida imom-xatiblarga berilgan topshiriqlarni o‘z vaqtida va sifatli bajarish, kasbiy mas’uliyatni oshirish hamda jamoatchilik bilan ishlashda tashabbuskor bo‘lish yuzasidan tegishli tavsiyalar berildi.
Sirdaryo viloyati vakilligi
Matbuot xizmati