Sayt test holatida ishlamoqda!
13 Iyun, 2026   |   26 Zulhijja, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:04
Quyosh
04:49
Peshin
12:28
Asr
17:38
Shom
20:01
Xufton
21:38
Bismillah
13 Iyun, 2026, 26 Zulhijja, 1447

Minorai Kalon

06.12.2019   15132   2 min.
Minorai Kalon

Minorai Kalon Buxorodagi betakror me’moriy yodgorlik hisoblanadi. Qaysidir ma’noda qadim Buxoroning ramzi desak ham bo‘ladi. Minora Poyi Kalon me’moriy majmuasining bir qismi. U Mir Arab madrasasi hamda Kalon masjidining o‘rtasida qad rostlagan. Eski Buxoroning eng baland inshootidir. Minorai Kalon tojik tilidan tarjima qilinganda katta minora ma’nosini anglatadi. Uning o‘rnida avval ham minora bo‘lgan, u qulab tushgach, mustahkam qilib qayta qurilgan. Minoraning xozirgi ko‘rinishi o‘sha vaqtda bunyod etilgan. O‘z vaqtida Minorai Kalon yuqoridan kuzatish, hamda aholini namozga chaqirish uchun xizmat qilgan. Inshoot muhandis  va o‘z davrining mashhur me’mori Baqo loyihasi asosida  xukmdor Arslonxon Muhammad tomonidan  1127-yili qurdirilgan. Poydevori tosh va maxsus qorishmadan terilgan. Yer sathidan 9 m chuqur, balandligi 46,5 m, kursisi qirrador. Minora yuqoriga ingichkalashib boradi va muqarnas bilan tugaydi. Qafasasidagi 16 ravoqli darchalar orqali atrofni kuzatish mumkin. Tepaga minora ichidagi 104 pillapoya aylanma zina orqali chiqiladi. Masjidi Kalon tomonidan minoraga o‘tiladigan ko‘prikcha bo‘lgan. Minora sathi turli ajib bezaklar bilan ishlangan. Ular orasida tarixiy va diniy mazmundagi kufiy yozuvlar uchraydi. Minorai Kalon shu turdagi qadimiy inshootlar orasida alohida o‘rin tutadi. Shakllarning o‘zaro uyg‘unligi, ajoyib ko‘rk va mahobatlilik Minorai Kalonga chinakam go‘zallik bag‘ishlaydi. Xalq orasida minora haqida ko‘plab rivoyat va afsonalar mavjud. Uzoq yillar davomida Kalon minorasi o‘z mahobati bilan shaharga tashrif buyuruvchilarni lol qoldirib kelgan. Inshoot yovlarning hujumidan ko‘p ziyon ko‘rgan bo‘lsada qulamagan. Faqat bir muddat ta’mirtalab ahvolga kelib qolgan. 1924 yili inshoot yuzasi va muqarnaslari ta’mirlangan. 1960 yili esa yer ostidagi asosi (kursisi) usta Ochil Bobomurodov tomonidan ochib ta’mirlandi. 1997 yil Buxoroning 2500 yilligi munosabati bilan minorada yana bir bor ta’mirlash ishlari olib borildi. Minorai Kalon Buxoro shahrining noyob va ko‘hna yodgorligi hisoblanadi. Shaharga tashrif buyurgan mehmonlar uning mahobati, salobati, murakkab me’moriy yechimiga maftun bo‘ladi.  Xozirda ko‘hna Buxoro deganda har bir kishini ko‘z oldiga dastlab albatta Minorai Kalon keladi.

 

   Shahzod Shomansurov tayyorladi

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Shayx Muhammad Avvoma hazratlaridan bebaho nasihatlar

10.06.2026   8462   2 min.
Shayx Muhammad Avvoma hazratlaridan bebaho nasihatlar

Fazilatli imom, muhaddis, shayx Muhammad Avvoma hafizahulloh ziyoratlariga kelgan talabalarga aytadilar: “Men sizning ba’zi umumiy yoki muayyan masalalarga oid savollaringizga javob berishga vaqt ajratishim mumkin va siz ulardan foyda ko‘rasiz. Lekin buning o‘rniga men sizga ilm yo‘lida 60 yildan uzoqroq muddatda to‘plagan ayrim nasihatlarimni yetkazishni afzal ko‘raman.

“Unutmangki, ixlos – mo‘jizalar yaratadi. Buyuk olim Mavlono Qosim Nanutviy rahimahulloh na shoh, na qudratli hukmdor bo‘lgan, balki qishloqdan kelgan oddiy odam edi. Devbandda madrasaga asos soldi va natijada butun dunyo bo‘ylab son-sanoqsiz olimlarning yetishib chiqishiga xizmat qildi.

Pokistonlik Shayx Muhammad Amin Xarvaliy aytadi: “Pokistonning birgina Karachi shahrida 30 mingta islomiy ta’lim muassasasi mavjud bo‘lib, ularning ildizi Dorul Ulum Devbandga borib taqaladi. Xuddi shunday, Pokiston, Hindiston, Bangladesh, Janubiy Afrika, Angliya, Amerika va boshqa ko‘plab mamlakatlardagi minglab institutlarning barchasining onasi Dorul Ulum Devband sanaladi. Bu uning asoschisining ixlosi va musulmonlar manfaati uchun xizmat qilishga bo‘lgan xolis niyatining mevasidir.

Bomdod namozidan keyin Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning quyidagi duolarini o‘qishni unutmang:

 

اللهُمَّ إِنِّي أَسْأَلُكَ عِلْمًا نَافِعًا وَرِزْقًا طَيِّبًا وَعَمَلاً مُتَقَبَّلاً

O‘qilishi: Allohumma inniy asaluka ’ilman naafi’an va rizqon toyyiban va ’amalan mutaqobbalan.

Ma’nosi: Yo Allohim, Sendan foydali ilm, pokiza rizq, qabul bo‘ladigan amal so‘rayman!

Shom namozidan keyin esa, Qur’onda kelgan ushbu duoni o‘qing:

 

﴿رَبَّنَا لاَ تُزِغْ قُلُوبَنَا بَعْدَ إِذْ هَدَيْتَنَا وَهَبْ لَنَا مِن لَّدُنكَ رَحْمَةً إِنَّكَ أَنتَ الْوَهَّاب﴾

O‘qilishi: Robbanaa laa tuzig‘ qulubanaa ba’da iz hadaytanaa vahab lanaa milladunka rohmatan innaka antal vahhaab.

Ma’nosi: Ey Robbimiz, bizni hidoyat qilganingdan so‘ng qalblarimizni og‘dirmagin va bizga O‘z huzuringdan rahmat ato qilgin. Albatta Sening O‘zing ko‘plab ato qiluvchisan.


Alloh taolo Shayx Muhammad Avvoma va u kishining oilasini ikki dunyo yaxshiliklari bilan mukofotlasin, ularga baraka ato etsin, hamisha O‘z panohida saqlasin va ilmlaridan to‘liq foydalanishimizni nasib etsin.

 

Davron NURMUHAMMAD