Sayt test holatida ishlamoqda!
20 Fevral, 2026   |   3 Ramazon, 1447

Toshkent shahri
Tong
05:53
Quyosh
07:11
Peshin
12:42
Asr
16:20
Shom
18:07
Xufton
19:19
Bismillah
20 Fevral, 2026, 3 Ramazon, 1447

“Ey Odam bolasi! Unutma, sen vaqtlardan iboratsan!”

05.12.2019   3151   2 min.
“Ey Odam bolasi! Unutma, sen vaqtlardan iboratsan!”

Imom Buxoriy Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Ko‘p odamlar aldanib, undan unumli foydalana olmaydigan ikki ne’mat bor – sog‘lik va bo‘sh vaqt», dedilar.

Muttafaqun alayh bo‘lgan hadisda Oisha roziyallohu anho shunday deydi: «Agar Ramazon oyining oxirgi o‘n kunligi kirsa, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam kechalarini – ibodat bilan – bedor o‘tkazar, ahli-oilasini ham uyg‘otar, ibodatda qattiq tirishar va ayollariga yaqinlik qilmasdilar».

Imom Termiziy Ibn Mas’ud roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam shunday dedilar: «Odam bolasi qiyomat kuni besh narsadan so‘ralmagunicha Robbisi oldidan uning qadami jilmaydi: Umrini qanday kechirdi, yigitlik davrini nima bilan o‘tkazdi, molini qayerdan topdiyu, qayerga sarfladi va bilgan narsalariga qanday amal qildi».

Imom Termiziy Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam shunday dedilar: “Kim qo‘rqsa, tunda yuradi, kim tunda yursa manzilga yetadi. Ogoh bo‘ling! Allohning matosi qimmatdir. Ogoh bo‘ling! Allohning matosi jannatdir”.

Hayot vaqtlardan iborat, kim vaqtini bekor o‘tkazsa, hayotini bekor o‘tkazibdi. Salaflardan biri: “Ey Odam farzandi, sen vaqtlardan iboratsan, agar bir kuning o‘tsa, sening bir qisming ketibdi”, degan ekanlar.

Aytishlaricha, Qiyomat kuni hayotini ibodat bilan o‘tkazgan inson tasbeh aytmagan ba’zi nafaslariga afsuslanar ekan. U Kunda butun umrini befoyda o‘tkazgan kishining holi nima bo‘lar ekan-a?! Darvoqe, juda ko‘p odamlar bo‘sh vaqtlaridan unumli foydalanishmaydi. Ba’zi odamlar bekor vaqtini o‘tkazadigan narsa (bozor aylanish, kino ko‘rish, internetda chatlashish kabilar)ni topganidan xursand bo‘lsa, boshqalari vaqtini gunoh-ma’siyatda o‘tkazib rohatlanishadi.

Unutmang! Vaqtlarni unumli o‘tkazish va g‘animat bilish vojibdir. Zero, o‘tib borayotgan vaqt aslo ortga qaytmaydi.

I.Bo‘tayev,
Oltiariq tumani Sertutbuvo masjidi imom-noibi

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Fotiha surasi fazilatlari

19.02.2026   2232   8 min.
Fotiha surasi fazilatlari

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Qur’oni karimning birinchi surasi Fotiha bo‘lib, u Makkada nozil bo‘lgan. Suraning o‘nga yaqin nomlari bor. Ulardan mashhuri – “Fotiha” (Ochuvchi)dir. Kalomulloh ushbu sura bilan boshlangani sababli shunday nom berilgan. Sura yetti oyat, yigirma yetti so‘z va bir yuz qirq harfdan iborat bo‘lsa-da, Islom dini asoslarini o‘zida jamlagan, ya’ni butun Qur’oni karimning ma’nosini o‘z ichiga olgan. Shu sabab ushbu sura “Ummul Qur’on”, “Ummul Kitob”, ya’ni “Qur’onning onasi” nomlari bilan ham ataladi.

Hijratdan keyin Madinada, qibla o‘zgarganda takroran nozil bo‘lgani sababli bu suraning yana bir nomi “As-sab’ul masoniy”, ya’ni “yetti takrorlanuvchi”dir. Bu haqda Qur’oni karimda Alloh taolo Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga xitob qilib: «(Ey Muhammad alayhissalom), darhahihat, Biz Sizga yetti takrorlanuvchini (ya’ni, yetti oyatdan iborat bo‘lgan, namozning har bir rakatida takrorlanadigan Fotiha surasini) va Ulug‘ Qur’onni ato etdik», deydi (Hijr surasi, 87-oyat).

Ba’zi ulamolar bu sura avval Makkada, so‘ng Madinada ikki marta nozil bo‘lgan, shu bois takrorlanuvchi degan nomga ega, deydilar. Shuningdek, namozning har bir rakatida Fotiha surasi o‘qiladi.

Qur’oni karimda Allohga hamd bilan boshlanuvchi besh sura bo‘lib, ulardan birinchisi Fotihadir.


Sura haqida hadislar

«Fotiha surasi Qur’onning onasidir, u Kitobni Ochguvchidir, u yetti takrorlanguvchidir»;

«Mening jonim tasarrufida bo‘lgan Zotga qasam, Tavrotda ham, Injilda ham, Zaburda ham, Furqonda (Qur’onda) ham bunga o‘xshash tushirilmagan. U yetti takrorlanuvchidir. U menga berilgan Qur’oni azimdir» (Imom Termiziy rivoyati);

«Qur’oni karimning barcha suralari ichida eng ulug‘i Fotihadir» (Imom Buxoriy rivoyati);

Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: «Jabroil Nabiy sollallohu alayhi va sallamning huzurlarida o‘tirgan edi. Yuqoridan g‘ichirlagan ovoz eshitildi. Jabroil osmonga qaradi-da: «Mana bu osmonning eshiklaridan biri hech ochilmagan edi, bugun ochildi. Undan bir farishta tushdi. Bu farishta bugundan boshqa hech yerga tushmagan edi». U salom berdi va:

«Suyunchi! Sendan avvalgi Nabiylarga berilmagan ikki nur Senga berildi, Fotiha surasi va Bahara surasining oxiri. Ulardan o‘qigan har bir harfingga (savob va javob) beriladi», dedi (Imom Muslim rivoyati).

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisi qudsiyda Alloh taolo aytadi: «Namozni O‘zim bilan bandam orasida ikkiga bo‘lganman, bandam nimani so‘rasa beraman. Agar u (banda): “Alhamdu lillahi robbil ’alamin” desa, Alloh:

– Bandam menga hamd-shukr aytdi, – deydi. Banda:

  • Ar-Rohmanir Rohiym, – desa, Alloh:
  • Bandam menga sano-maqtov aytdi, – deydi. Banda:
  • Maliki yavmiddin, – desa, Alloh:
  • Bandam meni ulug‘ladi, – deydi. Banda:
  • Iyyaaka na’budu va iyyaaka nasta’iyn, – desa, Alloh:

– Bu men bilan bandam orasidagi narsa, bandam nimani so‘rasa, beraman, – deydi. Agar banda:

– Ihdinas sirotol mustaqiym, sirotollaziyna an’amta ’alayhim g‘oyril mag‘zubi alayhim valaz zoolliyn, – desa, Alloh:

– Bu bandamga xos, so‘raganini berdim, – deydi» (Imom Nasoiy rivoyati).

 

Sura haqida ulamolar fikrlari

«Ushbu surada Alloh taologa hamd, Unga ibodat, amri ma’ruf va nahyi munkar, va’d va va’idlar zikr qilingan bo‘lib, ular Qur’ondagi barcha oyatlar ma’nosini ifodalaydi» (Mahmud Zamaxshariy, “Kashshof”).

«Alloh taolo avvalgi kitoblar ilmini Qur’onda jamlagan. Qur’on ilmini Mufassalda jamlagan. Mufassal ilmini Fotihada jamlagan. Kim Fotiha surasi tafsirini o‘rgansa, nozil etilgan barcha (samoviy) kitoblar mazmunidan xabardor bo‘ladi» (Hasan Basriy rahmatullohi alayh).

 

Sura xosiyatlari

Mufassirlar Fotiha surasini o‘qishda insonga ko‘rinadigan va ko‘rinmaydigan mingta xosiyat bor, deyishadi. Ulardan ayrimlari “Fatavoi sufiya” kitobida bunday keltiriladi: “Kim qirq kun Bomdod namozi sunnatini o‘qiganidan keyin to farz namoziga takbir aytilgunicha qirq bir marotaba Fotiha surasini o‘qib, Alloh taolodan nimani so‘rasa, barcha duosi ijobat bo‘ladi. Agar kambag‘al bo‘lsa, Alloh taolo uni boy qiladi, kasal bo‘lsa, shifo beradi, zaif bo‘lsa, quvvatli qiladi, g‘arib bo‘lsa, Alloh uni aziz qiladi, bepusht, farzandsiz bo‘lsa, farzandli bo‘ladi, qarzdor bo‘lsa, qarzidan najot topadi”.

Fotiha surasi o‘qilgan joyga Alloh taoloning qirq yilgacha balo va ofatlari kelmaydi. Zam-zam suviga Fotiha surasi o‘qib dam solinsa, keyin u shifo umidida ichilsa, turli kasalliklarga shifo bo‘ladi.

Shuningdek, ushbu sura “Shifo” surasi deb ham atalib, u qalbdagi va tanadagi turli kasalliklarga davo bo‘ladi. “Sihohi sitta”da (olti sahih hadislar to‘plamida) Abu Said Xudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bizni – o‘ttiz otliq askarni jangga jo‘natdilar. Yo‘lda bir arab qishlog‘iga tushdik. Ulardan bizni mehmon qilishlarini so‘ragan edik, istamadilar. Shu vaqtda ularning boshliqlarini chayon chaqib olgan ekan, ular bizning oldimizga kelib: “Oralaringizda chayon chaqqaniga  qarshi dam soladigan kishi bormi?” deb so‘rashdi. Men shunday duoni bilishimni aytib: “Ammo sizlar bizga haq to‘lamasangizlar men ham dam solmayman”, dedim. Ular: “Biz sizlarga o‘ttizta qo‘y beramiz”, deyishgach, men “Alhamdu” surasini yetti marta o‘qigan edim, haligi odam darddan butunlay xalos bo‘ldi. Biz qo‘ylarni olganimizdan keyin ko‘nglimizda shubha uyg‘ondi va ulardan birontasiga tegmay, Rasululloh sollollohu alayhi va sallamning huzurlariga kelib, bo‘lgan voqeani aytib bergan edik, u zot: “Alhamdu” – ruqiya, u bilan dam solsa shifo bo‘ladigan sura ekanini qayerdan bilding? U qo‘ylarni taqsimlab olinglar va menga ham o‘zlaringiz bilan birga bir ulush bo‘linglar”, dedilar».

Imom Ahmad va Imom Bayhahiy “Shu’abul iymon” kitobida Abdulloh ibn Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam unga: “Men senga Qur’onda nozil bo‘lgan eng yaxshi sura haqida xabar beraymi?” dedilar. Abdulloh: “Xabar bering, yo Rasululloh”, dedi. Nabiy alayhissalom: “U Fotiha surasidir. Unda barcha kasal uchun shifo bordir”, dedilar.

Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Fotiha surasi har qanday dardga shifodir» dedilar (Imom Dorimiy rivoyati); «Bu surani chayon chaqib olganga yetti marta o‘qib dam solinsa, inshaalloh, shifo bo‘ladi», dedilar (Imom Termiziy rivoyati).

Xulosa shuki, Fotiha surasining ulug‘ fazilatlariga to‘liq ega bo‘lish uchun, avvalo, har birimiz tajvid qoidalari asosida uni to‘g‘ri o‘qishni o‘rganishimiz, farzandlarimizga ham o‘rgatib, ularni muntazam ushbu surani o‘qib yurishiga odatlantirishimiz lozim. Fotiha surasini o‘qish Alloh taoloning g‘azabini qaytaradi. Sura o‘qilgan joyga Alloh taoloning xayri va barakasi yog‘iladi. O‘qigan inson Alloh taoloning himoyasida bo‘ladi. Surani o‘qib keyin qilingan barcha xayrli duolar mustajobdir.

 

Manbalar asosida
Dilshodjon MAMADALIYEV tayyorladi.

 

Maqolalar