Imom Buxoriy Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Ko‘p odamlar aldanib, undan unumli foydalana olmaydigan ikki ne’mat bor – sog‘lik va bo‘sh vaqt», dedilar.
Muttafaqun alayh bo‘lgan hadisda Oisha roziyallohu anho shunday deydi: «Agar Ramazon oyining oxirgi o‘n kunligi kirsa, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam kechalarini – ibodat bilan – bedor o‘tkazar, ahli-oilasini ham uyg‘otar, ibodatda qattiq tirishar va ayollariga yaqinlik qilmasdilar».
Imom Termiziy Ibn Mas’ud roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam shunday dedilar: «Odam bolasi qiyomat kuni besh narsadan so‘ralmagunicha Robbisi oldidan uning qadami jilmaydi: Umrini qanday kechirdi, yigitlik davrini nima bilan o‘tkazdi, molini qayerdan topdiyu, qayerga sarfladi va bilgan narsalariga qanday amal qildi».
Imom Termiziy Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam shunday dedilar: “Kim qo‘rqsa, tunda yuradi, kim tunda yursa manzilga yetadi. Ogoh bo‘ling! Allohning matosi qimmatdir. Ogoh bo‘ling! Allohning matosi jannatdir”.
Hayot vaqtlardan iborat, kim vaqtini bekor o‘tkazsa, hayotini bekor o‘tkazibdi. Salaflardan biri: “Ey Odam farzandi, sen vaqtlardan iboratsan, agar bir kuning o‘tsa, sening bir qisming ketibdi”, degan ekanlar.
Aytishlaricha, Qiyomat kuni hayotini ibodat bilan o‘tkazgan inson tasbeh aytmagan ba’zi nafaslariga afsuslanar ekan. U Kunda butun umrini befoyda o‘tkazgan kishining holi nima bo‘lar ekan-a?! Darvoqe, juda ko‘p odamlar bo‘sh vaqtlaridan unumli foydalanishmaydi. Ba’zi odamlar bekor vaqtini o‘tkazadigan narsa (bozor aylanish, kino ko‘rish, internetda chatlashish kabilar)ni topganidan xursand bo‘lsa, boshqalari vaqtini gunoh-ma’siyatda o‘tkazib rohatlanishadi.
Unutmang! Vaqtlarni unumli o‘tkazish va g‘animat bilish vojibdir. Zero, o‘tib borayotgan vaqt aslo ortga qaytmaydi.
I.Bo‘tayev,
Oltiariq tumani “Sertutbuvo” masjidi imom-noibi
Insonning fe’li qiziq: biz ko‘pincha o‘zimizda yo‘q narsalar haqida qayg‘urib, qo‘limizdagi bebaho ne’matlarni odatdagi holdek qabul qilamiz. Vaholanki, biz oddiy deb bilgan qulayliklar, sog‘liq va boshqa imkoniyatlar sayyoramizning millionlab aholisi uchun eng katta orzu hisoblanadi.
Jumladan, bugungi tongni dunyo bo‘yicha 174 mingga yaqin inson qarshi ololmadi. Ayni damda 50 milliondan ortiq odam saraton kasalligi bilan kurashmoqda. 300 million inson ranglar jilosini ko‘rish baxtidan mahrum. 400 millionga yaqin kishi esa eshitish moslamalarisiz dunyo tovushlarini eshita olmaydi. 770 milliondan ortiq katta yoshdagi inson hanuzgacha o‘qish va yozishni bilmaydi. 2,5 milliarddan ziyod aholi global axborot va internet imkoniyatlaridan uzilgan holda yashamoqda. 6,5 milliard inson esa samolyotda umuman uchib ko‘rmagan...
Bu raqamlar shunchaki quruq ko‘rsatkichlar emas. Ular ortida millionlab insonlarning ana shunday ayanchli taqdiri yotibdi.
Agar siz hozir ushbu matnni o‘qiy olayotgan, atrofdagi ranglar va tovushlarni his qilayotgan, eng muhimi, yangi kunni sog‘-omon yashayotgan bo‘lsangiz, demak, siz sayyoradagi eng baxtli insonlardan birisiz. Shunday ekan, turmush tashvishlaridan nolishni to‘xtating. Yon-atrofga boqing: siz yashayotgan bugungi kunga kimlardir yetmadi. Demak, har bir xotirjam olingan nafas, har tinch otgan tong uchun Yaratganga hamdlar aytib, shukronalik kayfiyati bilan yashang. Chunki siz eng boy odamsiz!
Akbarshoh RASULOV