Bugungi hayot go‘zal, tinch, osoyishta. Lekin bu yorug‘ olamni zulmatga, odamlar hayotini halokatga aylantiruvchilar afsuski, qancha-qancha begunohlarni yo‘ldan adashtirmoqda, xonavayron etmoqda, qonini to‘kmoqda. Barcha mutassib oqimlarning da’vatlariga yaxshilab nazar tashlansa, islomga yot narsalar ekani ma’lum bo‘ladi. Ular Qur’on, hadisdan «dalil» keltiradilar, lekin faqat o‘z foydalari uchun ya’ni, umuman Qur’on hadis dalolat qilmaydigan manolarda tushuntirmoqchi bo‘ladilar», Turli xildagi e’tiqodlarni o‘zlarining g‘arazli maqsadlariga asos qilib olgan barcha oqim va toifalar yurtimizga har turli yo‘llar bilan suqilib kirib, kishilar va yoshlarning ongini buzg‘unchi aqidasini sindirishga harakat qilmoqdalar.
Bunday oqimlarning barchasi o‘z yo‘llariga yurmaganlarni kofirga chiqarib o‘ldirishga hukm qiladilar. Aslida Islomda kim «Laa ilaaha illalloh, Muhammadur rosululloh», desa, u musulmondir. Kim Islom arkonlarini bajarsa, uni kofir deb atash joiz emas. Alloh taolo Tavba surasida: «Agar tavba qilsalar, namozni to‘kis ado etsalar va zakotni bersalar, yo‘llarini bo‘shatib qo‘yinglar. Albatta, Alloh o‘ta mag‘firatlidir, o‘ta rahmlidir», deb marhamat qilgan (5-oyat). Ularning faoliyati oddiy halqning qiynalishi, qoni to‘kilishi, muqaddas islom diniga dog‘ tushishidan bo‘lak narsaga olib kelmagan. Ular turlicha bo‘lishidan qat’iy nazar, asl maqsadi hokimiyat boylikka erishish bo‘lib, sof islom ta’limotidan yiroq, faqat isyonga undovchi oqimlar bo‘lib kelgan. Barcha mutassib aqidaparast oqimlar fojeasi shundaki, ular iymon, e’tiqod bilan ma’rifat, din va falsafa o‘rtasidagi farq, ularning mohiyatini o‘zlarining fikr doiralarida talqin qiladilar.
Shuningdek, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Sizlarga voy bo‘lsin! Sho‘ringiz qursin! Qaranglar, mendan keyin bir-birining bo‘yniga uradigan kofir bo‘lib ketmanglar», deganlar.
Boshqa bir hadisda: «Kim «Laa ilaaha illalloh», desa, mendan jonini, molini saqlabdi. Faqat haqqi bilan bo‘lsa, mustasno. Ularning hisobi Allohning zimmasidadir», deganlar.
Shuningdek, Ibn Umar va Oisha onamiz roziyallohu anhum: «Ahli qiblani kofirga chiqarish yo‘q», deyishgan. Ushbu masala eng xatarli masalalardandir, chunki bu yerda mo‘min-musulmonlarning qonini, jonini halol sanash bor, ularning hurmatini, mol-mulkini, huquqlarini oyoqosti qilish bor.
Alloh taolo Niso surasida aytadi: «Kim bir mo‘minni qasddan o‘ldirsa, jazosi jahannamdir. Unda mangu qoluvchidir. Alloh unga g‘azab qiladir, uni la’natlaydir va unga ulkan azobni tayyorlab qo‘yadir» (93-oyat).
Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Kim o‘z birodariga «Ey kofir!» desa, ikkovidan biri o‘sha bo‘ladi», deganlar.
Alloh taolo musulmonligini e’tirof qilib turgan kishini o‘ldirishdan g‘oyatda qattiq ogohlantirgan. Bu haqda Niso surasida: «Agar sizdan chetlansalar va siz bilan urushmasdan, tinchlikni taklif qilsalar, Alloh sizlarga ularning ziddiga yo‘l bermas» deyilgan (90-oyat).
Nabiy sollallohu alayhi vasallam qo‘shnini shirkda ayblashdan va unga qarshi qilich ko‘tarishdan qattiq ogohlantirganlar. U zot: «Sizlarga bo‘lishidan eng xavsiragan narsam, bir kishi Qur’onni o‘qib.... so‘ng undan ajrab va orqasiga otib yuborib, qo‘shnisiga qilich ko‘targan va uni shirkda ayblashidir", deganlar.
Nafaqat qurolsiz va urush qilmagan musulmonni, balki har qanday insonni o‘ldirish mumkin emas. Usoma ibn Zayd roziyallohu anhuning «Laa ilaaha illalloh» degan bir odamni o‘ldirib qo‘ygani haqidagi mashhur qissada Rasululloh sollallohu alayhi vasallam unga «Laa ilaaha illalloh», desa ham o‘ldirdingmi?» deb qayta-qayta so‘rayverganlar. Usoma roziyallohu anhu: «Ey Allohning Rasuli! U buni quroldan qo‘rqqanidan, xavfsirab aytdi», deganida, u zot: «Sen uning qalbini yorib ko‘rdingmi?» deganlar.
Insonlarga o‘lim tilash, ular joniga qasd qilishni Islom dini qattiq qoralaydi. Alloh taolo Qur’oni karimda: “Kimki biron jonzot o‘ldirmagan va u yerda buzg‘unchilik qilib yurmagan odamni o‘ldirsa demak, guyo barcha odamlarni, o‘ldiribdi, kimki unga hayot ato etsa (ya’ni o‘ldirishdan bosh tortsa) demak, guyo barcha odamlarga hayot beribdi”, deydi (Moida surasi, 32-oyat). Ushbu oyat va hadisi sharifdan ko‘rinib turibdiki, nohaq odam o‘ldirgan insonning jazosi jahannam, Allohning la’nati va azobidir. “Islom shiorilari”ni da’vo qilayotgan buzg‘unchilarning insonlar hayotiga bu qadar beparvo qarayotgani, chumoliga achingandek achinmasligi ushbu oyati karimada xabar berilgan va’idlarga ayni munosibdir.
Dinni niqob qilib olgan dinbuzarlarning eng asosiy da’volaridan biri davlat rahbariga itoat etmay “xalifalik” o‘rnatishdir. Musulmon kishi Qur’oni Karim Niso surasining 59-oyati hukmiga ko‘ra ishboshi va rahbarlariga bo‘ysunishi zarur. Ahli sunna val jamoa aqidasida bu aniq belgilab qo‘yilgan.
Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) xabar berdilar: “Kimki o‘z amiridan biror noxushlik ko‘rsa, bas, sabr qilsin! Chunki, kimki sulton buyrug‘idan bir qarich tashqari chiqsa, johiliyat o‘limida vafot etibdi” (Buxoriy, 9/7053-7054, 7143; Muslim, 3/1849). Mazkur hadisi sharifda davlat rahbariga itoat etish shartligi ta’kidlangan.
Vidolashuv hajida Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bunday deganlar: “Rabbingizga ibodat qilinglar, besh vaqt namozingizni o‘qinglar, ramazon oyi ro‘zasini tutinglar, mollaringizning zakotini ado qilinglar va ishingiz egalariga itoat etinglar, (shunday qilib) Rabbingizning jannatiga kiringlar!” (Hokim, 1/19). Ushbu hadis Imom Muslim (rahimahulloh) shartiga ko‘ra sahihdir.
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Kimki ummatimga qarshi chiqsa-yu, ularning yaxshisini ham, yomonini ham urib o‘ldirsa, ularning mo‘minligidan parvo qilmasa, (musulmonlik va tinchlik-omonlik) ahdini qilgan kimsaning ahdiga vafo qilmasa, bas, u mendan emas va men ham undan emasman!”.
Mustahkam e’tiqod, sof aqida har bir kishi hayotining asl mohiyati bo‘lishi lozim. Yurt tinchligi, osoyishtaligiga putur yetkazadigan, vatandoshlarimizni chalg‘itadigan yot g‘oyalarga qarshi kurashish barchamizning burchimizdir. Alloh taolo bizga ato etgan tinchlik, barqarorlik va xotirjamlik kabi ulug‘ ne’matlar qadriga yetishimiz, ularni himoya qilishimiz zarur. Tinchlik osoyishta yurtda xotirjam yashash esa katta baxtdir.
O‘ktam Qurbaniyazov, Amudaryo tumani «No‘g‘oy eshon» jome masjidi imom-xatibi.
Ulamolarning ba’zilari: “Barcha yaxshiliklar shu hadisda jamlangan”, degan bo‘lsalar, ayrimlari: “Ushbu hadis Islomning yarmidir, chunki hukmlar Haq taologa yoki maxluqotlarga tegishli bo‘ladi. Ushbu hadis maxluqotlarga tegishli hukmlarni yoritib bergan”.
“Jome’ul kabir” kitobida Muhammad ibn Abdulloh ibn Salom aytadi: «Kunlarning birida Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning huzurlariga kelib: “Menga qo‘shnim ozor beryapti”, dedim. Shunda u zot: “Sabr qil”, dedilar. Ikkinchi marta kelganimda ham: “Sabr qil”, dedilar. Uchinchi bor kelganimda: “Ko‘ch-ko‘roningni yig‘ishtir-da, ko‘chaga olib chiq. Kim uchrasa, unga: “Qo‘shnim menga ozor bermoqda”, deb aytgin”, dedilar. Shu sabab o‘sha qo‘shning insonlarning malomatiga qoladi» deb, so‘ngra: “Kimning Allohga va oxirat kuniga iymoni bo‘lsa, yaxshi gap gapirsin yoki jim tursin. Kimning Allohga va oxirat kuniga iymoni bo‘lsa, qo‘shnisiga yaxshilik qilsin”, dedilar.
“Kimning Allohga va oxirat kuniga iymoni bo‘lsa…” jumlasidagi “iymon”dan murod “mukammal iymon”dir. Alloh va oxirat kuniga xoslanganining hikmati shuki, Yaratgan Zotga va qiyomatda amaliga yarasha jazo berilishiga iymon keltirgan kishi “Yaxshi gap gapirsin yoki jim tursin”.
Imom Navaviy rahmatullohi alayh aytadi: “Agar bir kishi gapirishni xohlasa, gapiradigan gapi haqiqatan yaxshi va savobga loyiq bo‘lsa, gapirsin. Agar gapirmoqchi bo‘lgan gapi haromga yoki makruhga eltadigan bo‘lsa, tiyilsin”. Chunki Alloh taolo Qur’oni karimda: “U (inson) biror so‘zni talaffuz qilmas, magar (talaffuz qilsa), uning oldida hoziru nozir bo‘lgan bir kuzatuvchi (farishta u so‘zni yozib olur)”, degan (Qof surasi, 18-oyat).
Abu Muhammad ibn Abu Zayd Molikiy rahmatullohi alayh aytadi: “Barcha yaxshi odoblar to‘rt hadisdan tarmoqlanadi:
Luqmoni Hakim o‘g‘liga bunday vasiyat qilgan: “Agar gapirish kumush bo‘lsa, sukut oltindir”.
Ibn Muborak aytadi: “Agar gap Alloh taoloning toati borasida bo‘lsa, kumushdir, Alloh taologa gunoh qilishdan sukut qilmoq esa oltindir”.
Zunnun Misriy rahmatullohi alayh aytadi: “Insonlarning eng yaxshisi o‘z tiliga egalik qila olganidir”.
“Kimning Allohga va oxirat kuniga iymoni bo‘lsa, mehmonini hurmat qilsin”. Qo‘shniga yaxshilik qilish, unga ozor bermaslik mo‘min kishi Islomining to‘g‘riligi va iymonining komilligidan hisoblanadi. Alloh taolo O‘z Kalomida bunday degan: “Allohga ibodat qilinglar va Unga hech narsani shirk keltirmanglar. Ota-onaga, qarindoshga, yetimlarga, miskinlarga, yaqin qo‘shniga, yon qo‘shniga, yondagi sohibga, yo‘qsil yo‘lchiga va qo‘lingizda mulk bo‘lganlarga yaxshilik qilinglar. Albatta, Alloh dimog‘dor va maqtanchoq kimsani suymas” (Niso surasi, 36-oyat).
Imom Buxoriy rahimahullohdan rivoyat qilingan hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam bunday marhamat qilganlar: «“Allohga qasam, mo‘min bo‘la olmaydi, Allohga qasamki, mo‘min bo‘la olmaydi, Allohga qasamki, mo‘min bo‘la olmaydi”. Shunda Rasulullohdan so‘raldi: “Ey Allohning Rasuli, kim u?” U zot: “Qo‘shnisi uning ozorlaridan, yomonliklaridan va aziyatlaridan omonda bo‘lmagan kishi”, dedilar».
“Kimning Allohga va oxirat kuniga iymoni bo‘lsa, mehmonini hurmat qilsin”. Bu xislat payg‘ambarlarning va solih kishilarning xulqlari, odatlari va Islomning go‘zal odoblaridandir. Ibrohim alayhissalom “Mehmondo‘stlarning otasi” deb kunyalangan. Chunki u zot bir yoki ikki mil (o‘rtacha 4000 qadam) yurib, shu asnoda duch kelgan kishini uyiga olib kelib mehmon qilgan.
O‘tkir MAHMUDOV,
“Xoja Buxoriy” o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi o‘qituvchisi
“Hidoyat” jurnalining 2025 yil 9-sonidan
http://hidoyatuz.taplink.ws