Sayt test holatida ishlamoqda!
23 Avgust, 2026   |   10 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:15
Quyosh
05:40
Peshin
12:26
Asr
17:12
Shom
19:15
Xufton
20:36
Bismillah
23 Avgust, 2026, 10 Rabi`ul avval, 1448

Dinbuzarlar da’vosi

03.12.2019   3870   6 min.
Dinbuzarlar da’vosi

Bugungi hayot go‘zal, tinch, osoyishta. Lekin bu yorug‘ olamni zulmatga, odamlar hayotini halokatga aylantiruvchilar afsuski, qancha-qancha begunohlarni yo‘ldan adashtirmoqda, xonavayron etmoqda, qonini to‘kmoqda. Barcha mutassib oqimlarning da’vatlariga yaxshilab nazar tashlansa, islomga yot narsalar ekani ma’lum bo‘ladi. Ular Qur’on, hadisdan «dalil» keltiradilar, lekin faqat o‘z foydalari uchun ya’ni, umuman Qur’on hadis dalolat qilmaydigan manolarda tushuntirmoqchi bo‘ladilar», Turli xildagi e’tiqodlarni o‘zlarining g‘arazli maqsadlariga asos qilib olgan barcha oqim va toifalar yurtimizga har turli yo‘llar bilan suqilib kirib, kishilar va yoshlarning ongini buzg‘unchi aqidasini sindirishga harakat qilmoqdalar.

Bunday oqimlarning barchasi o‘z yo‘llariga yurmaganlarni kofirga chiqarib o‘ldirishga hukm qiladilar. Aslida Islomda kim «Laa ilaaha illalloh, Muhammadur rosululloh», desa, u musulmondir. Kim Islom arkonlarini bajarsa, uni kofir deb atash joiz emas. Alloh taolo Tavba surasida: «Agar tavba qilsalar, namozni to‘kis ado etsalar va zakotni bersalar, yo‘llarini bo‘shatib qo‘yinglar. Albatta, Alloh o‘ta mag‘firatlidir, o‘ta rahmlidir», deb marhamat qilgan (5-oyat). Ularning faoliyati oddiy halqning qiynalishi, qoni to‘kilishi, muqaddas islom diniga dog‘ tushishidan bo‘lak narsaga olib kelmagan. Ular turlicha bo‘lishidan qat’iy nazar, asl maqsadi hokimiyat boylikka erishish bo‘lib, sof islom ta’limotidan yiroq, faqat isyonga undovchi oqimlar bo‘lib kelgan. Barcha mutassib aqidaparast oqimlar fojeasi shundaki, ular iymon, e’tiqod bilan ma’rifat, din va falsafa o‘rtasidagi farq, ularning mohiyatini o‘zlarining fikr doiralarida talqin qiladilar.

Shuningdek, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Sizlarga voy bo‘lsin! Sho‘ringiz qursin! Qaranglar, mendan keyin bir-birining bo‘yniga uradigan kofir bo‘lib ketmanglar», deganlar.

Boshqa bir hadisda: «Kim «Laa ilaaha illalloh», desa, mendan jonini, molini saqlabdi. Faqat haqqi bilan bo‘lsa, mustasno. Ularning hisobi Allohning zimmasidadir», deganlar.

Shuningdek, Ibn Umar va Oisha onamiz roziyallohu anhum: «Ahli qiblani kofirga chiqarish yo‘q», deyishgan. Ushbu masala eng xatarli masalalardandir, chunki bu yerda mo‘min-musulmonlarning qonini, jonini halol sanash bor, ularning hurmatini, mol-mulkini, huquqlarini oyoqosti qilish bor.

Alloh taolo Niso surasida aytadi: «Kim bir mo‘minni qasddan o‘ldirsa, jazosi jahannamdir. Unda mangu qoluvchidir. Alloh unga g‘azab qiladir, uni la’natlaydir va unga ulkan azobni tayyorlab qo‘yadir» (93-oyat).

Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Kim o‘z birodariga «Ey kofir!» desa, ikkovidan biri o‘sha bo‘ladi», deganlar.

Alloh taolo musulmonligini e’tirof qilib turgan kishini o‘ldirishdan g‘oyatda qattiq ogohlantirgan. Bu haqda Niso surasida: «Agar sizdan chetlansalar va siz bilan urushmasdan, tinchlikni taklif qilsalar, Alloh sizlarga ularning ziddiga yo‘l bermas» deyilgan (90-oyat).

Nabiy sollallohu alayhi vasallam  qo‘shnini shirkda ayblashdan va unga qarshi qilich ko‘tarishdan qattiq ogohlantirganlar. U zot: «Sizlarga bo‘lishidan eng xavsiragan narsam, bir kishi Qur’onni o‘qib.... so‘ng undan ajrab va orqasiga otib yuborib, qo‘shnisiga qilich ko‘targan va uni shirkda ayblashidir", deganlar.

Nafaqat qurolsiz va urush qilmagan musulmonni, balki har qanday insonni o‘ldirish mumkin emas. Usoma ibn Zayd roziyallohu anhuning «Laa ilaaha illalloh» degan bir odamni o‘ldirib qo‘ygani haqidagi mashhur qissada Rasululloh sollallohu alayhi vasallam unga «Laa ilaaha illalloh», desa ham o‘ldirdingmi?» deb qayta-qayta so‘rayverganlar. Usoma roziyallohu anhu: «Ey Allohning Rasuli! U buni quroldan qo‘rqqanidan, xavfsirab aytdi», deganida, u zot: «Sen uning qalbini yorib ko‘rdingmi?» deganlar.

Insonlarga o‘lim tilash, ular joniga qasd qilishni Islom dini qattiq qoralaydi. Alloh taolo Qur’oni karimda: “Kimki biron jonzot o‘ldirmagan va u yerda buzg‘unchilik qilib yurmagan odamni o‘ldirsa demak, guyo barcha odamlarni, o‘ldiribdi, kimki unga hayot ato etsa (ya’ni o‘ldirishdan bosh tortsa) demak, guyo barcha odamlarga hayot beribdi”, deydi (Moida surasi, 32-oyat).  Ushbu oyat va hadisi sharifdan ko‘rinib turibdiki, nohaq odam o‘ldirgan insonning jazosi jahannam, Allohning la’nati va azobidir. “Islom shiorilari”ni da’vo qilayotgan buzg‘unchilarning insonlar hayotiga bu qadar beparvo qarayotgani, chumoliga achingandek achinmasligi ushbu oyati karimada xabar berilgan va’idlarga ayni munosibdir.

Dinni niqob qilib olgan dinbuzarlarning eng asosiy da’volaridan biri davlat rahbariga itoat etmay “xalifalik” o‘rnatishdir. Musulmon kishi  Qur’oni Karim Niso surasining 59-oyati hukmiga ko‘ra ishboshi va rahbarlariga bo‘ysunishi zarur. Ahli sunna val jamoa aqidasida bu aniq belgilab qo‘yilgan.

 Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) xabar berdilar: “Kimki o‘z amiridan biror noxushlik ko‘rsa, bas, sabr qilsin! Chunki, kimki sulton buyrug‘idan bir qarich tashqari chiqsa, johiliyat o‘limida vafot etibdi” (Buxoriy, 9/7053-7054, 7143; Muslim, 3/1849). Mazkur hadisi sharifda davlat rahbariga itoat etish shartligi ta’kidlangan.

Vidolashuv hajida Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bunday deganlar: “Rabbingizga ibodat qilinglar, besh vaqt namozingizni o‘qinglar, ramazon oyi ro‘zasini tutinglar, mollaringizning zakotini ado qilinglar va ishingiz egalariga itoat etinglar, (shunday qilib) Rabbingizning jannatiga kiringlar!” (Hokim, 1/19). Ushbu hadis Imom Muslim (rahimahulloh) shartiga ko‘ra sahihdir.

Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Kimki ummatimga qarshi chiqsa-yu, ularning yaxshisini ham, yomonini ham urib o‘ldirsa, ularning mo‘minligidan parvo qilmasa, (musulmonlik va tinchlik-omonlik) ahdini qilgan kimsaning ahdiga vafo qilmasa, bas, u mendan emas va men ham undan emasman!”.

Mustahkam e’tiqod, sof aqida har bir kishi hayotining asl mohiyati bo‘lishi lozim. Yurt tinchligi, osoyishtaligiga putur yetkazadigan, vatandoshlarimizni chalg‘itadigan yot g‘oyalarga qarshi kurashish barchamizning burchimizdir. Alloh taolo bizga ato etgan tinchlik, barqarorlik va xotirjamlik kabi ulug‘ ne’matlar qadriga yetishimiz, ularni himoya qilishimiz zarur. Tinchlik osoyishta yurtda xotirjam yashash esa katta baxtdir.

O‘ktam Qurbaniyazov, Amudaryo tumani «No‘g‘oy eshon» jome masjidi imom-xatibi.

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Ilmiy-amaliy anjuman doirasida bir guruh ustoz va xodimlar munosib taqdirlandi

21.08.2026   38979   1 min.
Ilmiy-amaliy anjuman doirasida bir guruh ustoz va xodimlar munosib taqdirlandi

O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan tashkil etilgan «Zamonaviy diniy ta’lim: pedagogika, ilm-ma’rifat va innovatsiya» mavzusidagi I ilmiy-amaliy anjumani doirasida sohada alohida o‘rnak ko‘rsatgan ustozlarni taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Anjumanda Davlatimiz Rahbari tashabbuslari bilan har jabhada amalga oshirilayotgan islohotlar qatorida ilm-fanni taraqqiy ettirish, ajdodlar merosini o‘rganish, diniy ta’limni rivojlantirish va sohaga ko‘rsatilayotgan yuksak e’tibordan mamnunlik kayfiyati hukm surdi.

Diniy idora tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalarida samarali faoliyat yuritib, yoshlarga ta’lim-tarbiya berish, soha rivojiga munosib hissa qo‘shish hamda dinimizning sofligini asrash yo‘lida fidokorona mehnat qilayotgan bir guruh pedagog va mudarrislar mehnati munosib e’tirof etildi.

Tadbir davomida sohadagi fidokorona va samarali mehnatlari uchun quyidagi ustoz va pedagoglar Faxriy yorliq hamda Umra yo‘llanmalari bilan mukofotlandi:

  • Rahmatulla Umarov — Sayyid Muhyiddin maxdum o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi o‘qituvchisi.
  • Maxtumquli Toshqulov — Xoja Buxoriy o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi o‘qituvchisi.
  • Azimxon Abdullayev — Hidoya o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi o‘qituvchisi.
  • Abdulbosit Rahimov — Mir Arab o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi o‘qituvchisi.

Shuningdek, anjuman doirasida diniy ta’lim tizimida namunali rahbarlik qilgan, fidokorona pedagogik va ilmiy-faoliyat olib borgan,ta’lim muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, to‘garaklarni samarali tashkil etishdagi alohida xizmatlari uchun yana 15 nafar rahbar va o‘qituvchilar O‘zbekiston musulmonlari idorasining Faxriy yorliqlari hamda esdalik sovg‘alari — televizor, noutbuk va planshetlar bilan taqdirlandi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi taqdirlangan barcha ustoz va xodimlarni ushbu yuksak e’tirof bilan samimiy muborakbod etib, ularning kelgusi ilmiy va pedagogik faoliyatlarida ulkan zafarlar tilaydi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari