Osim ibn Sobit ibn Abul Aqlah – ansoriylardan, avs urug‘idan, ansorlar ichida Islomga avval kirgan kishilardan biri bo‘lib, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam u kishini muhojirlardan Abdulloh ibn Jahsh roziyallohu anhu bilan birodar qilib qo‘ydilar.
U kishi Badrda ishtirok etib, Uqba ibn Abu Muaytni, Uhudda esa Musofi’ ibn Talha va uning ukasi Kilob ibn Talhani o‘ldirganlar. Musofi’ yarador holda onasi Sulofaning oldiga borib, boshining uning tizzasiga qo‘yadi. Onasining “Seni kim bu ahvolga soldi?” degan savoliga o‘g‘li “Menga o‘q otayotgan odamning “Mana buni ol. Men Ibn Abu Aqlahman” deganini eshitdim” deb javob berdi. Shunda onasining jahli chiqib, agar imkon topsa, o‘g‘lini o‘ldirgan kishining bosh suyagida xamr ichishga nazr qildi va Osimning boshini keltirganga katta mukofot e’lon qildi.
Uhud jangidan so‘ng biroz vaqt o‘tgach, qabilalar musulmonlardan noodatiy yo‘l bilan o‘ch olishga kirishdilar. Safar oyida Huzayl qabilasi Azl va Qora urug‘i vakillarini Nabiy sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga yubordi. Ular Madinaga kelib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan “Bizga fihqni, Qur’onni, Islom shariatini ta’lim berish uchun bir guruh sahobalaringizni biz bilan yuborsangiz” deb iltimos qilishdi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam ularning iltimosiga rozi bo‘lib, bir rivoyatda Marsad ibn Abu Marsad roziyallohu anhu, boshqa rivoyatda Osim ibn Sobit roziyallohu anhu boshchiliklarida 6 kishilik guruhni (ba’zi rivoyatlarda 7 kishi, boshqasida esa 10 kishi deyilgan) ular bilan birga yubordilar.
Sahobalar Huzayl qabilasiga tegishli Rajiy’ qudug‘i oldiga yetganlarida, kelgan kishilarning xoinligi ma’lum bo‘lib qoldi. Huzayl qabilasining Banu Lihyon urug‘idan taxminan ikki yuz kishi sahobalarni qurshab oldi. “Biz sizlarni o‘ldirmoqchi emasmiz. Sizlarga tegmaslikka ahd berganmiz. Faqat sizlarni Makkaga topshirib, evaziga pul olmoqchimiz” deyishdi. Osim ibn Sobit, Marsad roziyallohu anhumo va yana bir sheriklari “Men hech qachon mushriklarning yoniga bormayman” deb, ularning taklifini rad etdilar va urushishga bel bog‘ladilar. Qolgan uch nafar sahobalar Abdulloh ibn Toriq, Xubayb ibn Adiy, Zayd ibn Dasinna roziyallohu anhum taslim bo‘lib, asir olindilar. Osim roziyallohu anhu va ikki sheriklari esa shahid etildilar. Keyinchalik Zayd ibn Dasinna, Xubayb ibn Adiy va Abdulloh ibn Toriq roziyallohu anhum ham shahid etildilar.
Huzayl qabilasi vakillari Sulofaning Osimning boshi uchun katta mukofot va’da qilganidan xabarlari bor edi. Ana shu boylikka erishish ilinjida Osimni unga topshirmoqchi edilar. Osim roziyallohu anhuning o‘ldirilganlarini eshitgan Sulofa Osim roziyallohu anhuning boshlarini olib kelish uchun Huzayl qabilasiga va’da qilingan pul bilan elchi jo‘natdi.
Qotillar Osimning jasadini olish uchun borganlarida, ko‘p sonli arilar soyabonga o‘xshab Osim roziyallohu anhuning tanasi ustida uchayotganini ko‘rdilar. “Arilarni o‘z holiga qo‘yinglar. Kechgacha kutsak, arilar o‘zi ketadi” deyishdi va nariroqqa ketishdi. Oradan biroz vaqt o‘tib, qattiq yomg‘ir yog‘ib, sel ulug‘ sahobiyning tanasini oqizib ketdi. Kech tushgach, xoinlar Osim roziyallohu anhuning tanasini olish uchun borishganda, uni joyidan topa olmadilar. Osim ibn Sobit roziyallohu anhu “Birorta mushrik meni ushlamaydi va men ham birorta mushrikka qo‘limni tekkizmayman” deb nazr qilgan edilar. Alloh taolo u kishini tiriklik chog‘larida ham, vafotlaridan keyin ham mushriklarning qo‘li tegishidan saqladi.
Arilar to‘dasi Osim roziyallohu anhuni himoya qilgani haqidagi bu hodisa Madinaga yetib borganda, Umar roziyallohu anhu “Osim biror mushrik unga qo‘lini tekkizmasligiga va o‘zi ham birorta mushrikni ushlamaslikka nazr qilgan edi. Alloh taolo uni hayotlik chog‘ida asraganidek, vafotidan keyin ham mushriklarning qo‘li unga tegishidan saqlabdi” dedilar.
Ana shu hodisadan keyin Osim ibn Sobit roziyallohu anhu “Hamiyyud dabr” (“Arilar to‘dasi himoya qilgan kishi”) deb ataladigan bo‘ldilar.
Alloh taolo barcha sahobalardan, shu jumladan, Osim ibn Sobit roziyallohu anhudan rozi bo‘lsin!
Internet ma’lumotlari asosida Nozimjon Hoshimjon tayyorladi
Cavol: Sha’bon oyida ro‘za tutishni niyat qilib turibmiz. Og‘iz ochish va yopish vaqtlari va duolarini aytib yuborsangiz, iltimos.
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Darhaqiqat, ko‘plab hadisi shariflarda sha’bon oyida nafl ro‘za tutishga targ‘ib qilingan. Jumladan, Oisha raziyallohu anhodan quyidagicha rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sha’bon oyini juda ham kam (holatlarda) ro‘zasiz o‘tkazardilar” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyatlari).
Usoma ibn Zayd raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: “Bir kuni men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga bunday savol berdim: “Yo Rasululloh, men (Ramazondan tashqari) biror oyda sha’bondagidek ro‘za tutganingizni ko‘rmadim?” Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Bu shunday oyki, odamlar rajab bilan ramazon o‘rtasida vaqt – sha’bondan g‘aflatda qolishadi. Bu oyda amallar Robbil olamiynga ko‘tariladi. Shunday ekan, men amalimni o‘zim ro‘zador holimda ko‘tarilishini yaxshi ko‘raman", dedilar (Imom Nasoiy rivoyati).
Nafl ro‘za tong otgandan quyosh botgunga qadar tutiladi. Havo bulutli bo‘lmaganda ko‘zimiz bilan ham tong otishi va quyosh botishini bila olamiz. Bulutli kunlarda esa tong otishi yoki quyosh botishini aniqlash qiyin bo‘lsa, namoz vaqtlarini ko‘rsatuvchi taqvimdan foydalansa ham bo‘ladi. Taqvimda “Tong” deb ko‘rsatilgan vaqt og‘iz yopishning oxirgi vaqti sanaladi. O‘sha vaqtdan keyin yeb-ichilsa, ro‘za durust bo‘lmaydi. Lekin saharlikda uxlab qolgan odam hech narsa yeb-ichmasdan ham nafl ro‘zani niyat qilib, ro‘za tutishi mumkin. “Shom” deb ko‘rsatilgan vaqt esa og‘iz ochish vaqtidir. Undan avval og‘iz ochib yuborilsa, kuni bo‘yi tutilgan ro‘za buzilgan sanaladi.
Nafl ro‘zaning aksar hukmlari farz ro‘zanikiga o‘xshaydi, faqat niyatda “Tong otgandan toki quyosh botgunga qadar nafl ro‘za tutishni niyat qildim”, deyiladi. Og‘iz yopishda maxsus duo yo‘q, u paytda yuqorida aytilgandek, o‘zbek tilida ham niyat qilsa, bo‘ladi. Iftorlik (og‘iz ochish) duosi quyidagicha:
اَللَّهُمَّ لَكَ صُمْتُ وَبِكَ آمَنْتُ وَعَلَيْكَ تَوَكَّلْتُ وَعَلَى رِزْقِكَ أَفْطَرْتُ، فَاغْفِرْلِى مَا قَدَّمْتُ وَمَا أَخَّرْتُ
O‘qilishi: “Allohumma laka sumtu va bika amantu va a’layka tavakkaltu va a’laa rizqika aftortu, fag‘firliy ma qoddamtu va maa axxortu”.
Ma’nosi: Allohim, ushbu ro‘zamni Sen uchun tutdim, Senga iymon keltirdim, Senga tavakkal qildim va bergan rizqing bilan iftor qildim. Mening avvalgi va keyingi gunohlarimni mag‘firat qilgil. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi