QUR’ONNING ISMLARI
Arablar o‘z asarlarini imkon qadar qisqa, hatto bir so‘z bilan nomlagan bo‘lsalar, Alloh taolo bunga xilof o‘laroq, O‘zining vahiy to‘plami uchun turli ismlarni ixtiyor qildi. Bunda ushbu ismlarning sirlari va ularning kelib chiqishi e’tiborga olindi. Mazkur ismlarning eng mashhurlari «Qur’on» va «Kitob»dir.
«Qur’on» so‘zining lug‘atdagi ma’nosi hamda ulamolar istilohidagi ta’rifini yuqorida ko‘rib o‘tdik. Zotan, Alloh taoloning O‘zi bu mo‘jizakor Kalomini uning o‘zida «Qur’on» deb atagan.
Alloh azza va jalla Isro surasida shunday deb marhamat qiladi:
إِنَّ هَٰذَا ٱلۡقُرۡءَانَ يَهۡدِي لِلَّتِي هِيَ أَقۡوَمُ ٩
«Albatta, bu Qur’on eng to‘g‘ri yo‘lga hidoyat qilur» (9-oyat).
Bu ilohiy dasturning «Kitob» deb nomlanishi uning satrlarda jamlanganiga ishoradir, chunki harflarning bir-biriga qo‘shilib, jamlanishi va ulardan tashkil topgtan lafzlarning tartib bilan joylashtirilishidan hosil bo‘ladigan to‘plamga «kitob» deyiladi.
Alloh taolo Kahf surasida marhamat qiladi:
ٱلۡحَمۡدُ لِلَّهِ ٱلَّذِيٓ أَنزَلَ عَلَىٰ عَبۡدِهِ ٱلۡكِتَٰبَ وَلَمۡ يَجۡعَل لَّهُۥ عِوَجَاۜ١
«O‘z bandasiga Kitob nozil etgan va unda hech bir egrilik qilmagan Allohga xamd bo‘lsin» (1-oyat).
Oyatda «bandasi» deganda hazrati Muhammad sollallohu alayhi vasallam nazarda tutilyapti. «Kitob»dan murod Qur’oni Karimdir.
Shuningdek, Alloh taolo O‘zining Muhammad alayhissalomga tushirgan vahiy to‘plamini boshqa ko‘plab oyatlarda ham «Kitob» deb nomlagan. Ba’zi oyatlarda esa ushbu ikki ismni birga zikr qilgan.
Alloh taolo Hijr surasida marhamat Qiladi:
الٓرۚ تِلۡكَ ءَايَٰتُ ٱلۡكِتَٰبِ وَقُرۡءَانٖ مُّبِينٖ١
«Alif laam ro. Ushbular Kitobning va ochiq-oydin Qur’onning oyatlaridir» (1-oyat).
Alloh taolo yana Naml surasida bunday deydi:
طسٓۚ تِلۡكَ ءَايَٰتُ ٱلۡقُرۡءَانِ وَكِتَابٖ مُّبِينٍ١
«To sin. Ushbular Qur’onning – ochiq-oydin Kitobning oyatlaridir» (1-oyat).
Yuqoridagi ikki oyatda Alloh taolo Qur’oni Karimni «Kitob» va «Qur’on» deb atamoqda. Avvalgisida «Kitob» ismini, keyingisida «Qur’on» ismini oldin keltirmoqda.
Ushbu ilohiy vahiyning «Kitob» va «Qur’on» deb nomlanishi nihoyatda tabiiydir. Zero, ushbu imtiyoz Muhammadiy vahiyning barcha bosqichlarida – matnlaining saqlanishida, ta’limotlarining yod olinishida, satrlarda naqshlanib, qalblarda jamlanishida yaqqol ko‘rinadi, namoyon bo‘ladi.
Shunga ko‘ra, ushbu ikki ism Qur’oni Karimning boshqa ismlariga qaraganda ko‘proq ishlatiladi.
«Zikr» so‘zi ikki xil ma’noga ega bo‘lib, uning birinchi ma’nosi «eslatma», ikkinchi ma’nosi «sharaf»dir. Qur’oni Karimning «Zikr» deb nomlanishida mazkur ikki ma’no ham o‘z ifodasini topgan.
Alloh taolo Anbiyo surasida marhamat qiladi:
وَهَٰذَا ذِكۡرٞ مُّبَارَكٌ أَنزَلۡنَٰهُۚ أَفَأَنتُمۡ لَهُۥ مُنكِرُونَ٥٠
«Bu Biz nozil qilgan muborak eslatmadir» (50-oyat).
Biz «eslatma» deya tarjima qilgan so‘z oyati karimada «zikr» deb kelgan. Ha, Alloh taolodan Muhammad sollallohu alayhi vasallamga kelgan vahiy zikrdir, butun olamlar uchun va’z-nasihat, eslatmadir.
Qur’oni Karim faqat odamlar uchun emas, balki biz bilgan va bilmagan barcha olamlar uchun, masalan, jinlar olamiga ham eslatmadir. U butun olamlarga iymonni, ixlosni, ibodatni, jannatni eslatadi. U olamlarga kufrni, isyonni, nifoqni, do‘zaxni eslatadi. U olamlarni va’z-nasihat yo‘li bilan yaxshilikka chaqirib, yomonlikdan qaytaradi.
Alloh taolo Zuxruf surasida bunday deydi:
وَإِنَّهُۥ لَذِكۡرٞ لَّكَ وَلِقَوۡمِكَۖ وَسَوۡفَ تُسَۡٔلُونَ٤٤
«Albatta, u (Qur’on) senga ham, qavmingga ham sharafdir. Va albatta so‘ralursizlar» (44-oyat).
Bu yerda «sharaf» deya tarjima qilingan kalima oyati karimada «zikr» deb aytilgan.
Ushbu oyatda Alloh taolo shunday demoqda:
«Ey Muhammad, hech shubha yo‘qki, senga tushirilgan Qur’on sen uchun, shuningdek, qavming uchun ham shon-sharafdir».
Darhaqiqat, Qur’oni Karim Muhammad sollallohu alayhi vasallamga shonu sharaf bo‘ldi. Ushbu abadiy ilohiy mo‘jiza bo‘lmish Qur’on u zoti bobarakotning zikrlarini butun olamga taratdi, millionlab insonlaru jinlarni u zotga ummat qildi. Son-sanoqsiz mo‘min-musulmonlar tomonidan doimiy ravishda u zot sollallohu alayhi vasallamga salavotu salomlar aytib turilishiga sabab bo‘ldi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam mana shu Qur’on tufayli insoniyatning eng namunali vakiliga, bashariyatning eng ulug‘ kishisiga aylandilar. U zotning bashariyat uchun qilgan xizmatlarini do‘st ham, dushman ham tan oldi.
Shuningdek, Qur’oni Karim Muhammad sollallohu alayhi vasallamning qavmlariga ham shonu sharaf keltirdi. Ular Qur’on ummati sifatida butun dunyoga tanildilar. Qur’onga amal qilib, dunyoning peshqadam ummatiga aylandilar. Dunyodagi barcha xalqlar ularga havas bilan qaraydigan bo‘ldi. Dunyo turguncha nomlari zikr qilinadigan, qiyomatgacha haqlariga xalqlar duoyi xayrlar, madhu olqishlar o‘qiydigan bo‘ldi.
«Furqon» lafzi lug‘atda «farqlovchi», «ajratuvchi» degan ma’nolarni anglatadi. Qur’on haqdan botilni, yaxshidan yomonni farqlab, ajratib bergani uchun shu nom bilan ham atalgan.
Alloh taolo Furqon surasida marhamat qiladi:
تَبَارَكَ ٱلَّذِي نَزَّلَ ٱلۡفُرۡقَانَ عَلَىٰ عَبۡدِهِۦ لِيَكُونَ لِلۡعَٰلَمِينَ نَذِيرًا١
«Olamlarga ogohlantiruvchi bo‘lishi uchun bandasiga Furqonni nozil qilgan Zot barakotli, ulug‘dir» (1-oyat).
Darhaqiqat, Alloh taolo barakotli va ulug‘ Zot. Ana shu beqiyos barakotliligi, ulug‘ligining alomatlaridan biri shuki, U Zot bu dunyo ahliga, barcha olamlarga bandasi Muhammad sollallohu alayhi vasallamni Allohning iqobi va azobidan ogohlantiruvchi qilib yubordi hamda u kishiga haqdan botilni farqlab beruvchi Furqonni – Qur’onni nozil qildi.
Bu lafz «nozil qilingan» – «tushirilgan» degan ma’noni anglatadi, Qur’oni Karimning bunday nomlanishi uning Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning qalblariga nozil qilingan vahiy to‘plami ekanidandir.
Alloh taolo Shuaro surasida shunday deb marhamat qiladi:
وَإِنَّهُۥ لَتَنزِيلُ رَبِّ ٱلۡعَٰلَمِينَ١٩٢
«Albatta, u (Qur’on) olamlar Robbining nozil qilganidir» (192-oyat).
Ha, Qur’oni Karim nozil qilingandir, yuqoridan, olamlarning Robbi huzuridan tushgandir.
Ushbu ismlar Qur’onning eng ko‘p tarqalgan mashhur ismlaridir. Lekin ba’zilar Qur’on ismlarini sanab, bir necha adadga yetkazishgan. Misol uchun, imom Zarkashiy qozi Shayzaladan naql qilib, Qur’onga nisbatan ellik beshta ismni zikr qilgan. Tabiiyki, ular ism va sifatlarni aralashtirib keltirishgan.
Qur’oni Karimning biz zikr qilgandan tashqari ism va sifatlariga misol qilib yana quyidagilarni keltirish mumkin:
وَإِنَّهُۥ فِيٓ أُمِّ ٱلۡكِتَٰبِ لَدَيۡنَا لَعَلِيٌّ حَكِيمٌ٤
«Albatta, u huzurimizdagi ona kitobdadir, oliy dir, hikmatlidir» (Zuxruf surasi, 4-oyat).
2) «Majid» – Ulug‘vor:
بَلۡ هُوَ قُرۡءَانٞ مَّجِيدٞ٢١
«Yo‘q!!! U Qur’oni majiddir» (Buruj surasi, 21-oyat).
3) «Aziz» – aziz, g‘olib:
وَإِنَّهُۥ لَكِتَٰبٌ عَزِيزٞ٤١
«Albatta, u aziz kitobdir» (Fussilat surasi, 41-oyat).
4) «Arabiy» – arabcha:
وَكَذَٰلِكَ أَوۡحَيۡنَآ إِلَيۡكَ قُرۡءَانًا عَرَبِيّٗا لِّتُنذِرَ أُمَّ ٱلۡقُرَىٰ وَمَنۡ حَوۡلَهَا وَتُنذِرَ يَوۡمَ ٱلۡجَمۡعِ لَا رَيۡبَ فِيهِۚ فَرِيقٞ فِي ٱلۡجَنَّةِ وَفَرِيقٞ فِي ٱلسَّعِيرِ٧
«Ana shunday qilib, senga... arabcha Qur’onni vahiy qildik» (Shuro surasi, 7-oyat).
Ulamolarning ba’zilari, misol uchun, Harroliy Qur’on ismlarini to‘qsondan oshirib yuborgan. Qur’oni Karimni qaysi ismi bilan nomlashdan qat’i nazar, Nabiy sollallohu alayhi vasallamga nozil qilingan, mus'haflarda yozilgan, mutavotir tarzda naql qilingan, tilovati ibodat bo‘lgan mo‘jiza kalom ko‘zda tutiladi.
QUR’ONNING NOZIL BO‘LISHI
Qur’onning nozil bo‘lish bosqichlari haqida Qur’oni Karimning o‘zida va Sunnatda matnlar kelgan. Mazkur matnlarda «nuzul» masdaridan olingan turli so‘zlar ishlatilgan. Mavzuning ichiga kirishdan oldin, odatdagidek, ushbu «nuzul» so‘zining lug‘atdagi ma’nosi haqida kerakli bilimga ega bo‘lib olsak, yaxshi bo‘ladi.
Arab tilida «nuzul» so‘zi bir joyga «tushish» va «joylashish» degan ma’nolarni anglatadi. Binobarin, unda «tushirish» va «joylashtirish» ma’nolari ham bo‘ladi.
Ba’zi ulamolar: «Nuzul so‘zining ushbu ma’nolari moddiy narsalarga ishlatiladi, Qur’oni Karim moddiy bo‘lmagani uchun, unga nisbatan bu so‘zning ishlatilishi majoziy bo‘lishi kerak», deyishgan. «Nuzul» so‘zining majoziy ma’nosini esa «bildirish» deb ta’vil qilishgan. Ammo boshqa ulamolar: «Qur’oni Karimning o‘zi bu ma’noni juda ko‘p o‘rinda turli ko‘rinishlarda ishlatgan, shuning uchun uni ta’vil qilishga hojat yo‘q», deydilar.
«Ulumi Qur’on» olimlari Qur’oni Karimning nozil bo‘lishi haqida lug‘at jihatidan bir oz ixtilof qilgan bo‘lsalar ham, uning amaliy nozil bo‘lishi uch qismga bo‘linishiga ittifoq qilganlar.
Buning dali li Qur’oni Karimning o‘zida kelgan.
Alloh taolo Buruj surasida marhamat qiladi:
بَلۡ هُوَ قُرۡءَانٞ مَّجِيدٞ٢١ فِي لَوۡحٖ مَّحۡفُوظِۢ٢٢
«Yo‘q!!! U Qur’oni Majiddir. Lavhul Mahfuzdadir» (21-22-oyatlar).
Ushbu oyati karimada Alloh taolo O‘z Rasuliga nozil qilgan vahiylar to‘plami bo‘lmish «Qur’oni Majid»ning «Lavhul-Mahfuzda» ekanini aytmoqda.
Lavhul Mahfuz, ya’ni «Muhofaza qilingan lavh», islomiy e’tiqod bo‘yicha Allohning huzuridagi lavh bo‘lib, barcha narsalar unda yozilgan bo‘ladi. Ha, Alloh taolo maxluqotlar taqdirini yozgan kitobning nomi «Lavhul Mahfuz»dir. Qur’oni Karim ham dastlab o‘sha Lavhda bo‘lgan. Lavhul Mahfuz Alloh taoloning huzurida bo‘lib, unga hech qanday o‘zgarish kirishi mumkin emas.
Qur’oni Karim Alloh taoloning O‘zidan boshqa hech bir zot bilmaydigan tarzda va vaqtda Lavhul Mahfuzda mavjud bo‘lgan. Bo‘lganda ham, oyati karimada zikr qilinganidek, bir yo‘la yaxlit holda bo‘lgan.
Buning dalili ham Qur’oni Karimning o‘zida kelgan.
Alloh taolo Duxon surasida marhamat qiladi:
إِنَّآ أَنزَلۡنَٰهُ فِي لَيۡلَةٖ مُّبَٰرَكَةٍۚ إِنَّا كُنَّا مُنذِرِينَ٣
«Albatta, Biz uni muborak kechada nozil qildik...» (3-oyat).
Alloh taolo yana Baqara surasida marhamat qiladi:
شَهۡرُ رَمَضَانَ ٱلَّذِيٓ أُنزِلَ فِيهِ ٱلۡقُرۡءَانُ هُدٗى لِّلنَّاسِ وَبَيِّنَٰتٖ مِّنَ ٱلۡهُدَىٰ وَٱلۡفُرۡقَانِۚ
«Ramazon oyi – unda odamlarga hidoyat hamda hidoyatu furqondan iborat ochiq-oydin hujjatlar bo‘lib, Qur’on nozil qilingan» (185-oyat).
Alloh taolo Qadr surasida marhamat qiladi:
إِنَّآ أَنزَلۡنَٰهُ فِي لَيۡلَةِ ٱلۡقَدۡرِ١
«Albatta, Biz u(Qur’on)ni Qadr kechasida nozil qildik» (1-oyat).
Ushbu oyatlarda zikr etilayotgan voqe’lik, ya’ni Qur’onning nozil qilinishi Lavhul Mahfuzdan bu dunyo osmonidagi Baytul Izzatga, ya’ni «Izzat uyi»ga bo‘lgan. Bu nuzul ham bir yo‘la bo‘lgan.
Baytul Izzatning yana bir nomi Baytul Ma’mur bo‘lib, «Obod uy» demakdir. Baytul Ma’murning nima ekani Nabiy alayhissalomning hadislaridan ma’lum bo‘ladi.
Suddiy aytadilar: «Bizga zikr qilinishicha, Payg‘ambar alayhissalom bir kuni sahobalariga: «Baytul Ma’mur nima, bilasizlarmi?» dedilar. Ular: «Alloh va Uning Rasuli biluvchidir», deyishdi. Shunda u zot: «U osmonda, Ka’baning qoq tepasidagi masjiddir. Agar qulasa, Ka’baning ustiga tushadi. Unda har kuni yetmish ming farishta namoz o‘qiydi. Bir kirib, chiqqanlaridan so‘ng yana qaytib kira olmaydilar», dedilar».
Baytul Ma’murning zikri Payg‘ambar alayhissalomning Isro kechasidagi hadislarida ham keladi. U zot o‘sha uyni ko‘rganlar, farishtalarning tavofi Baytul Ma’murni aylanish bilan bo‘lishini ham aytganlar. Yana u uyga Ibrohim alayhissalomning suyanib o‘tirganlarini ko‘rganlarini ham zikr qilganlar.
Bu haqdagi barcha rivoyatlarni to‘plab, o‘rganilgandan so‘ng xulosa qilib aytish mumkinki, Baytul Ma’mur yettinchi osmondagi, muazzam Ka’baning tepasidagi bir uydir, masjiddir. Uni har kuni yetmish ming farishta tavof qiladi, benihoya ko‘p bo‘lganlaridan bir tavof qilgani yana qaytib kira olmaydi. Yerda Ka’batulloh qanday ulug‘lansa, osmonda Baytul Ma’mur ham shunday ulug‘lanadi.
Yabn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi:
«Qur’on zikrdan ajratilib, dunyo osmonidagi Baytul Izzatga qo‘yildi. So‘ngra Jabroil uni Nabiy sollallohu alayhi vasallamga olib tushib, tartil qilib beradigan bo‘ldi». Imom Hokim rivoyat qilgan.
«Qur’onni tartil bilan o‘qish» deb uning har bir harfini o‘z o‘rnidan chiqarib, oyatlarini alohida-alohida, dona-dona qilib, tajvid qoidalari asosida o‘qishga aytiladi.
Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi:
«Qur’on dunyo osmoniga Qadr kechasida bir yo‘la nozil qilindi. So‘ngra, undan keyin yigirma yil mobaynida bo‘lib-bo‘lib nozil qilindi». Bayhaqiy «Shu’abul-iyman»da rivoyat qilgan.
Demak, Alloh taolo Qur’oni Karimni dastlab Lavhul Mahfuzga joylagan. Keyin u Lavhul Mahfuzdan Baytul Izzat, ya’ni Baytul Ma’murga nozil qilingan. Keyin Jabroil alayhissalom orqali yigirma uch yil davomida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga nozil bo‘lgan.
QUR’ON VAHIYSINING BOSHLANISHI
Muhammad sollallohu alayhi vasallam qirq yoshga yetganlarida yolg‘izlikni xohlab qoldilar. Makka atrofidagi tog‘lardan biridagi «Hiro» nomli g‘orga kirib, bir necha kunlab «tahannus» deb atalgan ibodat qildilar. Dunyoning muammolari haqida, undagi razolatlarni qanday yo‘qotish, haqiqatni, adolatni yuzaga chiqarish va boshqa muhim ishlar to‘g‘risida yolg‘iz holda fikr yuritdilar. Ba’zida uyga oziq-ovqat uchun o‘zlari tushar, ba’zan esa uydan oziq-ovqat keltirib berishardi. Bu esa u zotni Alloh taolo tarafidan payg‘ambarlikka tayyorlash edi.
Kunlardan bir kuni Muhammad sollallohu alayhi vasallam Hiro g‘orining og‘ziga chiqishlari bilan «O‘qi!» degan gulduros ovozni eshitdilar. U zot: «O‘qishni bilmayman», deb javob berdilar. Bir narsa yelkalaridan siqdi-da, qo‘yib yuborib, yana: «O‘qi!» dedi. U zot alayhissalom yana: «O‘qishni bilmayman», dedilar. Bu hol uch marta takrorlanganidan so‘ng gulduros ovoz Alaq surasining dastlabki besh oyatini o‘qidi. Uning so‘zlari Muhammad sollallohu alayhi vasallamning qalblariga toshga o‘yilgandek muhrlanib qoldi. U kishi nima bo‘layotganini tushuna olmay, qo‘rqib ketdilar va shoshib uyga qaytdilar. Ranglari oqargan holda uylariga kirib: «Meni o‘rab qo‘yinglar», deb yotib oldilar. Bir oz o‘zlariga kelgach, bo‘lgan voqeani jufti halollari Xadija onamizga so‘zlab berdilar. U kishi: «Yaxshilik bo‘lsa kerak, chunki siz doimo barchaga yaxshilik qilasiz, sizday odamga yomonlik yetmaydi», degan ma’nodagi so‘zlarni aytib, u zotni tinchlantirdi. Keyin ikkovlari Xadija roziyallohu anhoning amakivachchalari Varaqa ibn Navfalning oldiga yo‘l oldilar. Varaqa ko‘pna ko‘rgan, ilohiy kitoblardan boxabar, ulug‘ yoshdagi kishi edi. Xadija onamizdan bo‘lgan voqeani eshitgach: «Suyunchi ber, jiyan, Muhammadga Muso payg‘ambarga kelgan farishta kelibdi, u oxirgi ummatning Payg‘ambari bo‘libdi», dedi. U Muhammad sollallohu alayhi vasallamning o‘zlari bilan ham gaplashib, ish nimada ekanini tushuntirdi.
Bu insoniyat tarixidagi eng saodatbaxsh kun edi. Chunki insoniyat ma’lum bir bosqichga yetgan paytda Alloh taolo O‘zining barkamol dini bo‘lmish Islomning dasturi – O‘zining oxirgi Kitobini O‘zining so‘nggi Rasuliga nozil qilishni boshlagan edi. Shu kundan e’tiboran, adashib yurgan insoniyatga Alloh taoloning O‘zi yo‘l ko‘rsatishni iroda qilgan, Arsh bilan yer orasida yana qaytadan bog‘lanish boshlangan edi. Shu kundan insoniyat tarixida baxtli soatlar sanog‘i ibtido topdi. Asta-sekin oyatlar nozil bo‘laverdi. Bu jarayon 13 yil Makkada va 10 yil Madinada – jami 23 yil davom etdi.
KЕYINGI MAVZULAR:
Muhammad sollallohu alayhi vasallam va vahiy;
Qur’oniy vahiy holati;
Raddiya: Islomda peshvolikni da’vo qiladigan guruh va oqimlar dindagi ayrim tushuncha va so‘zlarni g‘arazli maqsadlari yo‘lida buzib, noto‘g‘ri talqin qilishi hammaga ma’lum. Ular shu orqali musulmonlar hissiyotiga teginish, o‘zlariga tobelarni ko‘paytirish, dindor va ilmli bo‘lib ko‘rinishga harakat qiladi. “Tog‘ut” so‘zi ular ko‘p ishlatadigan, insonlarni, ayniqsa hukmdorlarni ayblashda qo‘llaydigan tushunchalardan biri. Aslida u nima? Qanday ma’nolarda ishlatiladi? Kimlar tog‘ut bo‘lishi mumkin?
“Tog‘ut” lafzi “tug‘yon” so‘zi bilan o‘zakdosh bo‘lib, Alloh belgilab qo‘ygan chegaradan chiqishga, kufrda haddan oshishga, isyon qilishga nisbatan ishlatiladi. Islomda Allohning yo‘lidan boshqa yo‘l “tog‘ut” deyiladi. Tog‘utning kattasi Shaytondir.
“Tog‘ut” kalimasi Qur’oni karimning sakkiz joyida zikr qilingan bo‘lib, ulamolarimiz uni turlicha tafsir qilgan. Umar ibn Xattob roziyallohu anhu, Imom Sha’biy, Imom Zahhok “Tog‘utdan murod – Shayton” degan. Imom Abu Oliya va Muhammad ibn Sirin tog‘ut sehrgar va folbin ekanini aytgan.
“Tafsiri Jalolayn”da tog‘ut so‘zi tafsiriga murojaat qilaylik: “Kim tog‘utga kufr keltirib, Allohga iymon keltirsa, batahqiq uzilmaydigan mustahkam tutqichni ushlagan bo‘ladi” (Baqara surasi, 256) va “Kufr keltirganlarning do‘stlari tog‘utlardir. Ularni nurdan zulmatlarga chiqarurlar” (Baqara surasi, 257) oyatlarida tog‘utlar – but-sanamlar va Shayton, “Kitob (Tavrot)dan nasibador bo‘lganlarning “Jibt” va “Tog‘ut”ga sig‘inishlarini va kofirlarga “Shular mo‘minlardan ko‘ra to‘g‘riroq yo‘ldadir” deyishlarini ko‘rmadingizmi?!” (Niso surasi, 51) oyatida – Jibt va Tog‘ut Quraysh qabilasidagilarning ikki sanami, “O‘zlarini, Sizga nozil qilingan (Qur’on) va Sizdan oldin nozil qilingan (ilohiy kitoblar)ga iymon keltirgan, deb hisoblaydiganlarning hukm so‘rab, Tog‘ut huzuriga borishni xohlayotganlarini ko‘rmadingizmi?” (Niso surasi, 60) oyatidagi tog‘ut kufrda haddan oshgan, tug‘yonga ketgan Ka’b ibn Ashraf, “Kofirlar (esa) Tog‘ut yo‘lida jang qiladilar” (Niso surasi, 76-oyat) va “Kim Allohning la’natiga uchragan, g‘azabiga duchor bo‘lgan, maymun va cho‘chqaga aylantirilgan va tog‘utga ibodat qilgan bo‘lsa, ana o‘shalar yomon martabadagi va to‘g‘ri yo‘ldan butunlay adashgan kimsalardir” (Moida surasi, 60) oyatlarida ular Shayton, “Batahqiq, Biz har bir ummatga: “Allohga ibodat qiling va tog‘utdan chetlaning” deb payg‘ambar yuborganmiz” (Nahl surasi, 36-oyat) va “Tog‘utdan, unga ibodat qilishdan chetda bo‘lganlarga va Allohga qaytganlarga xushxabar bor” (Zumar surasi, 17-oyat) oyatlarida ham ular Shayton deb nazarda tutilgan.
Alloma Ibn Atiyya aytadi: “Ba’zi olimlar: “Allohdan o‘zga ibodat qilinadigan har qanday narsa tog‘utdir”, degan”. Fir’avn, Namrud va o‘zini iloh deb e’lon qilganlar va ibodat qilinadigan but-sanamlar tog‘ut deyiladi.
Muqotil roziyallohu anhu “Kufr keltirganlarning do‘stlari tog‘utlardir” oyatidagi tog‘utni Ka’b ibn Ashraf va Huyay ibn Axtab deb tafsir qilgan. U ikkisi islom va musulmonlarga adovati cheksiz, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ko‘p aziyat bergan, musulmonlarga qarshi urushga juda ko‘p da’vat qilgan yahudiylardan edi.
Imom Navaviy aytadi: “Lays, Abu Ubayda, Kisoiy va ko‘pchilik tilshunoslar: “Tog‘ut – Alloh taolodan boshqa ibodat qilinadigan narsa”, degan”.
Shayx Muhammad Amin Shinqitiy: “Haqiqat shuki, Allohdan o‘zga ibodat qilinadigan har qanday narsa tog‘ut, eng katta tog‘ut esa Shaytondir”, deydi.
Tog‘ut so‘zining ma’nosi haqida buyuk mufassir Imom Tabariy “Jomi’ul bayon” tafsirida: “Fikrimcha, tog‘ut haqida to‘g‘ri gap shuki, tog‘ut Allohga tug‘yon qilib, Uni tark etib, Undan o‘zgaga ibodat qilingan narsadir. O‘sha ma’bud inson, shayton, but va boshqa narsalar bo‘lishi mumkin”, deydi.
Mufassir olim Hasan Tahsin Fayzli “tog‘ut” so‘zini “Allohdan uzoqlashtiradigan, uning amrlarini bajarishni man etadigan kimsalar”, deb izohlagan.
Demak, sahobai kiromlar, tobeinlar va ulamolarimizning so‘zlaridan tog‘ut kalimasi shayton, sehrgar, folbin va Allohdan boshqa ibodat qilinadigan har qanday narsa ekani ma’lum bo‘lmoqda.
Afsuski, hozirgi kunda ba’zi toifalar musulmon rahbarlarni tog‘ut deb atab, ularni osongina kofirga chiqarmoqda. Ularning uslubi xavorijlarnikiga o‘xshaydi. Ular arzimas narsalar tufayli iymonli odamni kofirga chiqarib, qonini halol hisoblab, qanchadan-qancha beayb musulmonlar umriga zomin bo‘lmoqda, islomning pok nomiga dog‘ tushirib, asl mohiyat va tamoyillarini yot va buzg‘unchi g‘oyalardan iborat fitnalar soyasiga tushirib qo‘ymoqda.
O‘tkirbek Sobirov
O‘zbekiston musulmonlari idorasi bo‘lim boshlig‘i,
Toshkent islom instituti o‘qituvchisi