Hozirgi kunda ba’zi telegram kanallarida ayrim kishilar sport o‘yinlari, masalan futbolda qaysidir jamoaga pul tikib, kimning pul tikkan jamoasi yutsa, o‘sha odam narigi jamoaga tikilgan pullarni ham olishi bilan bog‘liq o‘yinlar e’lon qilinmoqda. Bu kabi narsalar qimor hisoblanadi. Boshqacha qilib aytganda g‘olib mag‘lubdan biror narsa oladigan har bir o‘yinga qimor deyiladi.
Dinimizda qimor qattiq qoralangan va gunohi kabira deyilgan.
Alloh taolo Qur’oni Karimning Baqara surasi, 219-oyatida qimorni qattiq qoralab, shunday marhamat qilgan:
يَسْأَلُونَكَ عَنِ الْخَمْرِ وَالْمَيْسِرِ قُلْ فِيهِمَا إِثْمٌ كَبِيرٌ وَمَنَافِعُ لِلنَّاسِ وَإِثْمُهُمَا أَكْبَرُ مِن نَّفْعِهِمَا وَيَسْأَلُونَكَ مَاذَا يُنفِقُونَ قُلِ الْعَفْوَ كَذَلِكَ يُبيِّنُ اللّهُ لَكُمُ الآيَاتِ لَعَلَّكُمْ تَتَفَكَّرُونَ
“Sendan xamr va qimor haqida so‘rarlar. Sen: «Ikkisida katta gunoh va kishilar uchun manfaat bor va gunohlari naflaridan kattadir», deb ayt. Va sendan nimani nafaqa qilishni so‘rarlar. Sen:«Ortiqchasini», deb ayt. Alloh shundoq qilib sizga O‘z oyatlarini bayon qiladi. Shoyadki tafakkur qilsangiz”.
(Oyatdagi «xamr» so‘zini ichkilik, aroq yoki vino deb tarjima qilmadik. Chunki «xamr» so‘zi umumiy bo‘lib, iste’mol qilgan kishining aqlini to‘suvchi, ya’ni, bir oz bo‘lsa-da ta’sir o‘tkazuvchi barcha narsaga aytiladi. Buning ichiga nasha, qoradori, ko‘knori va boshqalar ham kiradi.Dunyoda adolat o‘rnatish, yer yuzida Allohning xalifasi bo‘lish vazifasi yuklatilgan shaxs aroqxo‘r yoki qimorboz va molini noo‘rin sarflaydigan bo‘lishi mumkinmi? Albatta, yo‘q. Holbuki, xamr ichish, qimor o‘ynash va noo‘rin nafaqa qilish hollari johiliyat vaqtida kishilar hayotiga singib ketgan edi. Xamrsiz hayotni tasavvur qila olmas edilar.)
Alloh taolo ushbu oyatda xamr ichish va qimor o‘ynashni «katta gunoh» degan.
Alloh taolo Moida surasining 90-oyatida shunday marhamat qilgan:
يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُواْ إِنَّمَا الْخَمْرُ وَالْمَيْسِرُ وَالأَنصَابُ وَالأَزْلاَمُ رِجْسٌ مِّنْ عَمَلِ الشَّيْطَانِ فَاجْتَنِبُوهُ لَعَلَّكُمْ تُفْلِحُونَ
“Ey iymon keltirganlar! Albatta, xamr, qimor, butlar va (fol ochadigan) cho‘plar iflosdir. Shaytonning ishidir. Bas, undan chetda bo‘ling. Shoyadki, najot topsangiz”
Olamlar Robbi bu oyatda qimorni «ifloslik va shaytonning ishi» deb marhamat qilgan. Aynan shu oyatda xamr ichish va qimor o‘ynash kabi amaliy gunohlarni butga cho‘qinish va folbinga ishonish kabi kufr va shirk sanalgan ulkan ma’naviy jinoyatlarga tenglashtirgan.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kim o‘z sohibiga «Kel, sen bilan qimor o‘ynayman», desa, sadaqa qilsin», - dedilar».
Qimor shu qadar jirkanch ish ekanki, kishi hali o‘ynamagan bo‘lsa ham, o‘ynashni taklif qilishi bilanoq gunohkor bo‘lib qolar ekan. Shu bois uning kafforotiga o‘ynamoqchi bo‘lgan pulini sadaqa qilib yuborish kerak ekan.
Dinimizda insonlar halol mehnat qilib pul topishga buyurilgan. Birovni aldab, xiyonat qilib, muttahamlik yo‘li bilan uning mulkiga ega bo‘lib olish haromdir. Qimor esa aynan shunday yo‘l bilan pul topishdir.
Qimorda yutqazgan taraf yutgan tarafni hech qachon yaxshi ko‘rmaydi. O‘rtada adovat, nafrat, janjal paydo bo‘ladi. Yutqazgan taraf imkon topildi deguncha yutgan tarafdan pullarini qaytarib olishga, buning uchun hatto o‘sha yutgan kimsani o‘ldirishgacha borib yetadi. Xullas, qimor sababli insonlar o‘rtasida dushmanlik, bir-birini yomon ko‘rish va hatto qotillik yuzaga keladi. Mana shularning o‘ziyoq qimorning jamiyatga soladigan xavfi, keltiradigan zararlari nechog‘li ayanchli ekanini ko‘rsatadi.
Odamlarda mehnat qilmay, qiynalmay, oson va tez pul topishga bo‘lgan istak ularni mana shunday jirkanch ish — qimor o‘ynashga, qimorga yo‘naltirilgan kanallarga a’zo bo‘lishga undaydi.
Qimor o‘ynovchi kimsa borib-borib hamma narsasidan judo bo‘ladi. Oilasining parokanda, farzandlarning uysiz qolishiga, ularning luqmasi buzilishiga sabab bo‘ladi.
Kimda kim qimor o‘ynab, pul yutib olgan bo‘lsa, o‘sha yutgan pulni darhol egasiga qaytarib berishi kerak. Agar egasi o‘lib qolgan bo‘lsa, uning merosxo‘rlariga beradi. Bordiyu merosxo‘rlarni ham topa olmasa, egasining nomidan birorta faqirga beradi.
Azizlar, halol mehnat qilib pul topishga, farzandlarimizga halol luqma yedirishga, oilada ibratli ota bo‘lishga harakat qilaylik!
Alloh taolo barchamizni O‘zining hidoyatidan ayirmasin va xotimamizni chiroyli qilsin!
Internet ma’lumotlari asosida Nozimjon Iminjonov tayyorladi
18 avgust Toshkentning nafaqat diniy, balki madaniy va ilmiy merosi tarixida muhim o‘rin tutuvchi sana. Qur’oni Karimning eng qadimiy qo‘lyozmalaridan biri sifatida e’zozlanadigan Usmon Mus'hafi asrlar davomida Markaziy Osiyo tarixining turli bosqichlariga guvoh bo‘lib kelgan, xabar bermoqda iccu.uz.
Ushbu nodir qo‘lyozma yirik hajmdagi pergament varaqlarga yozilgan bo‘lib, matni qadimiy Hijoz xatida bitilgan. Mus'hafda hozirgi arab yozuvidagi nuqta va harakat belgilari mavjud emas. Manbalarda uning saqlanib qolgan qismi 338 yoki 353 varaqdan iborat ekani haqida turli ma’lumotlar uchraydi. Ayrim yo‘qolgan pergament varaqlar keyinchalik qog‘oz bilan almashtirilgan. Qo‘lyozmaning aniq sanasi xususida ilmiy adabiyotlarda turli qarashlar mavjud.
Tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra, Mus'haf uzoq yillar Samarqandda saqlangan. 1868–1869 yillarda u Sankt-Peterburgga olib ketilgan va Imperator xalq kutubxonasiga topshirilgan. 1905 yilda qo‘lyozmaning 50 ta faksimile nusxasi ko‘chirilgan. 1917 yildagi siyosiy o‘zgarishlardan keyin musulmon ulamolarining talabi bilan Mus'haf avval Ufaga, keyin esa O‘rta Osiyoga qaytarilishi jarayoni boshlangan.
1924 yilda Usmon Mus'hafi Tatariston, Boshqirdiston va Turkiston ulamolaridan tashkil topgan maxsus kuzatuvchilar hamrohligida maxsus poyezd orqali Ufadan Toshkentga olib kelindi. Toshkentga olib kelinganidan so‘ng Mus'haf bir muddat shahardagi masjidlardan birida saqlandi. Keyinchalik uning asrab-avaylanishini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston tarixi davlat muzeyiga topshirildi.
1989 yil 14 mart kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan Musulmonlarning IV quriltoyida O‘zbekiston hukumati qarori bilan Usmon Mus'hafining musulmonlar ixtiyoriga qaytarilgani e’lon qilindi. Keyinchalik u O‘zbekiston musulmonlari idorasi ixtiyoriga topshirildi. Mus'haf bir muddat Hazrati Imom majmuasidagi «Mo‘yi Muborak» madrasasi muzey-kutubxonasida maxsus sharoitda ham saqlandi.
Usmon Mus'hafining tarixiy va madaniy ahamiyati xalqaro miqyosda ham e’tirof etilgan. 1997 yilda qo‘lyozma YUNЕSKOning «Memory of the World» — «Jahon xotirasi» dasturi ro‘yxatiga kiritilgan.
2025 yil 13 noyabr — Usmon Mus'hafi tarixida yana bir muhim sana. Aynan shu kuni nodir qo‘lyozma O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga olib kelindi. Bugun Qur’on zalidagi asosiy eksponatlardan biri sifatida alohida o‘rin egallab, yurtimizning ko‘p asrlik diniy, ilmiy va ma’naviy merosini namoyon etuvchi bebaho yodgorlik sifatida taqdim etilgan. Shuningdek, Markazda turli davrlarda Somoniylar, Qoraxoniylar, Xorazmshohlar va Temuriylar davrida ko‘chirilgan Qur’on nusxalarini ham ko‘rish mumkin. Usmon Mus'hafi tarixi bu faqat bir qo‘lyozmaning tarixi emas. Bu asrlar osha saqlangan ilmiy va ma’naviy meros, uni asrab-avaylagan avlodlar xotirasi va O‘zbekiston zaminida shakllangan buyuk islom sivilizatsiyasining uzviy davomiyligi haqidagi tarixdir.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati