24 yanvarda boshlangan Qohiradagi 55-xalqaro kitob ko'rgazmasida Qur'oni karim va brayl alifbosida yozilgan ko'plab diniy kitoblar namoyish etildi.
Ko'rgazmada Qur'on nusxalari va brayl alifbosida yozilgan ko'plab diniy kitoblar namoyish etildi, deya xabar beradi “IQNA” sayti “Youm7” nashriga tayanib. Ushbu asarlarning aksariyatini ko'zi ojizlar uchun maxsus yordam uyushmasi taqdim etgan.
Ko'zi ojizlar stendida ko'rgazmaga qo'yilgan kitoblar orasida Qur'oni karim va uning turli tafsirlari, zamonaviy misrlik Qur'on mutafakkirlarining ateistlar bilan munozaralari va ayollar huquqlariga oid yozuvlari o'rin olgan.
Qur'oni karimni ko'zi ojizlarga o'rgatish Misrda an'anaga aylangan va misrliklarning eng mashhur qori va hofizlari ko'zi ojiz bo'lgan. Biroq ilgari bu tadqiqotlar faqat an'anaviy va eshitish usulida olib borilgan. So'nggi yillarda yangi texnologiyalardan, ayniqsa, Brayl alifbosi va Qur'on alifbosidagi o'quv kitoblaridan foydalanishga ham katta e'tibor qaratilmoqda.
Misr poytaxti Qohirada bo'lib o'tayotgan ko'rgazmada 70 dan ortiq davlatdan 1 200 ta nashriyot ishtirok etmoqda.
Bu yilgi Qohira ko'rgazmasining Oliy qo'mitasi Misrning o'ziga xosligini mustahkamlashdagi muhim roli tufayli taniqli tarixchi olim Salim Hasanni 55-Qohira ko'rgazmasining asosiy qahramoni sifatida tanladi.
Ko'rgazma 6 fevralgacha davom etadi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Rossiyaning “Russia News” internet nashrida Toshkentda bo‘lib o‘tgan Islom sivilizatsiyasi forumi yakunlariga bag‘ishlangan maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Maqolada qayd etilishicha, “Tinchlik, bag‘rikenglik va ma’rifat yo‘li” mavzusida bo‘lib o‘tgan Islom sivilizatsiyasining birinchi xalqaro forumi yakunlari bo‘yicha deklaratsiya qabul qilinib, unda islom sivilizatsiyasining insonparvarlik merosini qayta tiklash va keng targ‘ib etishga qaratilgan qator aniq tashabbuslar ilgari surilgan.
Nashrning ta’kidlashicha, mazkur Deklaratsiyaning asosini O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2017 yilda BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasi minbaridan ilgari surilgan islom sivilizatsiyasining insonparvarlik merosini tiklash va targ‘ib qilish
Ta’kidlanganidek, hujjat dunyoning 40 dan ortiq mamlakatidan kelgan vakillar tomonidan imzolangan. Uning asosiy g‘oyasi shundan iboratki, islom sivilizatsiyasi jahon ilm-fani, madaniyati va ta’lim taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shgan bo‘lsa-da, bu meros haligacha yetarlicha e’tirof etilmagan. Bu, ayniqsa, dunyoda islomofobiya, ksenofobiya hamda islom haqidagi noto‘g‘ri tasavvurlar saqlanib qolayotgan bir sharoitda alohida ahamiyat kasb etadi.
Shuningdek, maqolada islom sivilizatsiyasi merosini asrab-avaylash va ommalashtirishga qaratilgan qator tashabbuslar haqida ham so‘z boradi. Jumladan, Islom sivilizatsiyasi butunjahon alyansini tashkil etish, raqamli platformalar va kutubxonalarni yaratish, xalqaro tadqiqot dasturlari, mukofotlar va jamg‘armalar ta’sis etish, ensiklopediya tayyorlash, shuningdek, olimlar, muzeylar va yoshlar o‘rtasida hamkorlik platformalarini shakllantirish taklif etilgan.
“Yangi deklaratsiya yakuniy hujjat sifatida emas, balki islom sivilizatsiyasining boy ma’naviy va intellektual merosini asrab-avaylash hamda uning umuminsoniy qadriyatlarini xalqaro miqyosda keng targ‘ib etishga qaratilgan uzoq muddatli amaliy hamkorlikning boshlang‘ich nuqtasi sifatida baholanmoqda”, - deya yakunlagan “Russia News”.
O‘zbekiston musulmonlar idorasi Matbuot xizmati