Istiqlol sharofati bilan yurtimizda diniy va milliy qadriyatlarimiz qayta tiklandi. Diyorimiz musulmonlarining asriy orzu-umidlari ro‘yobga chiqa boshladi. Natijada, manaviyatimiz tobora yuksalib boryapti. Mamlakatimiz moddiy va ma’naviy jihatdan kun sayin taraqqiy etayotir. Lekin, afsus, bu ne’matlardan foydalanib, shukr o‘rniga noshukrlik qiladigan, g‘animlarimiz nog‘arasiga o‘ynaydigan, o‘z yurtiga tosh otadigan nabakorlar ham yo‘q emas. Ayniqsa, chet ellarda bo‘lgani kabi, bizning mamlakatimizda ham turli ekstremistik, buzg‘unchi aqidaparast va mutaassib oqimlarning botil aqidalariga ergashib zalolatga ketgan gumrohlar ham borligi kishini ranjitadi. Erta bahorda yerdan bodrab chiqadigan qo‘ziqorindek paydo bo‘lib, so‘ng sarobdek so‘nib yo‘k bo‘lib ketayotgan yangi-yangi oqimlarga bir nazar tashlasangiz, ularning ildizlari, asoslari va g‘oyalari uzoq tarixdagi xorijiylar, murjiiylar, shia va mo‘tazila kabi buzg‘unchi toifalar bilan hamohang ekanini tushunasiz.
Yurtimizda diniy bilimi o‘ta sayoz, turli fitna-fasod qo‘zg‘aydigan fikrlar va g‘oyalarni sodda xalq ongiga singdirishga urinadigan chalasavod kimsalarga ergashib ketmasliklari uchun yoshlarni to‘g‘ri yo‘lga solish va hushyorlikka chorlash, ayniqsa, biz imom-xatiblarning asosiy burchimizdir. Shahidlik masalasida. Ushbu so‘z “hozir, guvoh, ko‘rgan-bilganlari haqida xabar beruvchi” ma’nolarni ifodalaydi. Shuningdek, «Shahid» Alloh taoloning sifatlaridan biri bo‘lib, «guvohligi ishonchli, har doim hozir bo‘luvchi Zot” degan ma’nolarni anglatadi. “Shahid” so‘zining yana bir ma’nosi o‘zga shaxs tomonidan nohaq o‘ldirilgan musulmondir. Kishining o‘zini o‘zi o‘ldirishi, garchi niyati din yo‘lida deb e’lon etilsa-da, “o‘z joniga suiqasd qilish» deb baholanadi. O‘zini o‘zi o‘ldirish- bu o‘z hayotini qasddan to‘xtatishdir. Shariat nuqtayi nazaridan bu harakat qattiq qoralanadi, Parvardigor bergan hayotga tajovuz qilish darajasidagi gunohi kabira hisoblanadi. Alloh taolo ogohlantiradi:
وَمَن يَقْتُلْ مُؤْمِناً مُّتَعَمِّداً فَجَزَآؤُهُ جَهَنَّمُ خَالِداً فِيهَا وَغَضِبَ اللّهُ عَلَيْهِ وَلَعَنَهُ وَأَعَدَّ لَهُ عَذَاباً عَظِيماً
“Kim bir mo‘minni qasddan o‘ldirsa, uning jazosi jahannamdir. Unda abadiy qolur. Unga Allohning g‘azabi va la’nati yog‘ilur. Va Alloh unga ulkan azobni tayyorlagandir” (Niso surasi, 93-oyat).
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam aytdilar: “Kim o‘zini tog‘dan tashlab o‘ldirsa u jahannam o‘tida abadiy doimiy yiqilib azoblanadi. Kim zahar ichib o‘ziga suiqast qilsa jahannam o‘tida qo‘lidagi zaharni ichgan holda abadiy azoblanadi Kim o‘zini temir bilan o‘ldirsa jahannam o‘tida temirni qorniga urgan holda abadiy azoblanadi” (Imom Buxoriy rivoyati).
Hozir ba’zi guruhlar “o‘zini o‘ldirish” tushunchasini shahidlik bilan qorishtirib talqin qilishyapti. Shaxsning ma’lum maqsadlar yo‘lida o‘zini o‘zi o‘ldirishi “shahidlik amaliyoti” deb Nomlanishi ayni adashishdir. Yovuz niyatli kuchlar o‘z harakatlarini oqlash maqsadida keltirgan barcha dalillarni Islom ulamolari qoralashgan va asossiz deb topishgan.
Rahimov Uchqun
Imom Faxriddin ar-Roziy o‘rta maxsus
islom bilim yurti ma’naviy – ma’rifiy
ishlar bo‘yicha mudir o‘rinbosari
«Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh — yangi kashfiyotlar» Xalqaro mediaforumining uchinchi yalpi sessiyasi 26 avgust kuni «Asrlarni birlashtiruvchi meros. Islom sivilizatsiyasining ma’naviy mazmun-mohiyati» mavzusida bo‘lib o‘tmoqda. Sessiyada Qur’on merosi, qadimiy qo‘lyozmalar, xattotlik, hujjatli kino hamda tarixiy manbalarni o‘rganishda sun’iy intellektdan foydalanish masalalari o‘rin olgan, xabar bermoqda iccu.uz.
Asosiy loyihalardan biri — «114 Qur’on: islom olami xattotligining 114 durdonasi» bo‘ladi. Uni Mueller & Schindler nashriyot uyi vitse-prezidenti Aleksandr Vilgelm taqdim etdi. Shuningdek, sessiyada «Katta Langar Qur’oni: haqiqat va afsonalar» xalqaro loyihasi taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Uni Islom sivilizatsiyasi markazi ilmiy kotibi Rustam Jabborov taqdim qildi.
Sankt-Peterburg hujjatli filmlar studiyasi bosh direktori Aleksey Telnov «Yagona tarixiy meros sahifalari» loyihasi doirasida yaratilgan «Masjid» filmining treylerini namoyish etdi. Islomshunos va madaniyat arbobi Ketlin Gyobel ishtirokchilarni «Allohning 99 ismi: Uning go‘zal ismlari orqali Yaratganni anglash» noshirlik loyihasi bilan tanishtirdi.
Alohida blok yangi texnologiyalarga bag‘ishlanadi. Sberbank Istiqbolli texnologiyalarni rivojlantirish boshqarmasi ijrochi direktori Vladimir Kox hamda Islom sivilizatsiyasi markazi professori, bosh ilmiy xodimi Zohidullo Munavvarov «Sun’iy intellekt — qadimiy qo‘lyozmalarni o‘qishning raqamli kaliti» loyihasini taqdim etadi. Dasturdan, shuningdek, «Payg‘ambarning fazilatlari» kitobi va «O‘zbekiston tarix xaritasida: imperiyalar, sivilizatsiyalar, davrlar» loyihasi ham o‘rin olgan.
Xalqaro munozara «Jaholatdan ma’rifat sari: stereotiplar va islomofobiyani bartaraf etishda medianing o‘rni» mavzusida o‘tkaziladi. Unda Islom hamkorlik tashkiloti, shuningdek, Jazoir, Ummon, Pokiston, Saudiya Arabistoni, Iroq, Mali va O‘zbekistonning davlat va xalqaro ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etadi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi Shuhrat Orif «Jurnalistikada tarix va sun’iy intellekt: merosni onlayn makonda qanday saqlash mumkin?» loyihasini, Islom sivilizatsiyasi markazi media bo‘limi rahbari O‘ktam Usmanov esa «O‘zbekistonni dunyoga mashhur qilgan olimlar» kitobini taqdim etadi. Sessiya «Dunyo Qur’oni: xattotlik an’analaridan — kelajak merosi sari» taqdimoti bilan yakunlanadi. Islom sivilizatsiyasi markazi huzuridagi Xattotlik maktabi direktori Habibullo Solih turli mamlakatlar va islom xattotlik maktablari an’analarini birlashtiruvchi noyob Qur’onni yaratish bo‘yicha xattotlar o‘rtasidagi Jahon tanlovini e’lon qiladi.
Forumning asosiy maydoni O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi bo‘ladi. Unda deyarli 50 mamlakatdan media va ekspertlar hamjamiyatining 300 nafar vakili — mediakompaniyalar, axborot agentliklari va telekanallar rahbarlari, jurnalistlar, prodyuserlar, olimlar hamda kreativ industriya mutaxassislari ishtirok etadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati