Sayt test holatida ishlamoqda!
31 Avgust, 2026   |   18 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:25
Quyosh
05:48
Peshin
12:23
Asr
17:03
Shom
19:02
Xufton
20:21
Bismillah
31 Avgust, 2026, 18 Rabi`ul avval, 1448

Ekstremizm va terrorizm – insoniyat dushmani

18.11.2019   4032   5 min.
Ekstremizm va terrorizm – insoniyat dushmani

Ma’lumki, insoniyat tamaddunining taraqqiy etishida bir necha omillar sabab bo‘ladi. Bular qatorida tinchlik va barqarorlik avvalgi o‘rinlarni egallaydi.  XXI asr boshida jahondagi tinchlik va osoyishtalik, barqarorlik hamda  insoniyat taqdiri, uning taraqqiyoti, ravnaqiga tahdid solayotgan ekstremizm,  terrorizm barcha davlatlar, millatlar bir yoqadan bosh chiqarib kurashishi zarur bo‘lgan illatga aylanmoqda. Buzg‘unchi g‘oyalarga asoslangan xalqaro terrorizm va eestremizm, uning har qanday ko‘rinishi kishilik jamiyatining o‘tmishida ham, bugunida ham butun-butun xalqlar boshiga og‘ir kulfatlar yog‘dirgan. Har yili uning tajovuzidan 100 mingdan ortiq begunoh kishilar qurbon bo‘lmoqda, jamiyat rivojlanishi, ayrim davlatlar, mintaqalar va insoniyat sivilizatsiyasining taraqqiyotiga jiddiy tahdid solmoqda va mudhish oqibatlar keltirib chiqarmoqda.

“Ekstremizm” tushunchasi muqaddas dinimizning ilohiy kitobi Qur’oni karim oyatlari va Payg‘ambar alayhissallomning hadislarida kelgan “g‘uluv”, “tug‘yon”, “haddan oshish” kabi ma’noni anglatib, dinimiz ta’limotida ularning barchasi qoralangan va musulmonlar bunday amallardan qaytarilgan.

Qur’oni karimda g‘uluv lafzi bir necha o‘rinlarda zikr qilingan bo‘lib, mo‘min-musulmonlarga mana shunday tug‘yon, haddidan oshishdan qaytarilgan. Masalan,   Moida surasining 77-oyatida: “Ayting: “Ey, ahli kitoblar! Diningizda haddan oshmangiz va oldindan adashgan va ko‘plarni adashtirgan hamda to‘g‘ri yo‘ldan chalg‘iganlarning havoyi nafslariga ergashmangiz!” deb buyurilgan. Yana shuningdek, Baqara surasining 229-oyati karimasida: “Kimki Allohning hududidan tajovuz qilsa, ana o‘shalargina zolimlardir”, Hud surasining 112-oyatida: “Bas, (ey, Muhammad) buyurilganingizdek to‘g‘ri bo‘ling! Siz bilan birga tavba qilganlar ham (to‘g‘ri) bo‘lsinlar! Haddan oshib ketmangiz, (ey, mo‘minlar!) U qilayotgan ishlaringizni, albatta, ko‘rib turuvchidir” deb marhamat qilgan.

Islom dini tavhid dini, yakka xudolik dini hisoblanadi. Islomda  yakka-yu yolg‘iz Allohga ibodat qilishga buyurilgan bo‘lib, dinda g‘uluvga ketish, haddan oshish, tug‘yondan qaytarilgan. Buning asl sababi esa g‘uluv va haddan oshish ixtilofga, guruhbozlikka olib keladi. Alloh taolo Qur’oni karimda shunday degan: “Ular (mushriklar) dinlarini bo‘lib yuborib, (turli) firqalarga ajralgandirlar. Har bir firqa (odamlari) o‘z nazdilaridagi narsa (aqida) bilan shoddirlar” (Rum, 32).

Dinimizda g‘uluvga ketishning bir qancha yomon oqibatlari bor. Eng avvalo, bu insonning inongan  aqidasini buzilishiga sabab  bo‘ladi. Tarixda paydo bo‘lgan rofiziylar, xorijiylar va boshqa toifalarning yuzaga kelishi asosan dinda g‘uluvga ketishning oqibatidir. Rofiziylar Payg‘ambar alayhissallomdan so‘ng xalifalikka loyiq zot sifatida Ali roziyallohu anhudan  va uning avlodlaridan boshqa hech kimni tan olmadilar. Keyinchalik ularning orasidan yana bir qancha toifalar paydo bo‘ldi. Yana bir oqim xorijiylar esa g‘uluvga ketganliklari sababli  rofiziylar singari islomdan chiqqan deb hisoblanadi. Rafoviz so‘zi inkor qiluvchilar, rad etuvchilar degan ma’noni anglatib, ularning ba’zi toifasi Ali roziyallohu anhuni Payg‘ambarimiz alayhissalomdan ham yuqori qo‘yadi. Mana shu darajada g‘uluvga ketib ahli sunna val-jamoadan chiqdilar. Xavorijlar esa, aksincha, hazrati Ali roziyallohu anhuni kofirga chiqardilar. Bu haqda Hazrati Ali roziyallohu anhuning o‘zlari shunday degan edilar: “Mening boramda ikki xil toifa halokatga uchradi: biri haddan tashqari muhabbat qo‘yib, ikkinchisi haddan tashqari bug‘zu adovat qilib”.

Keyinchalik, mo‘tazila toifasi Allohni zotida g‘uluvga ketib, uning sifatlarini inkor qildilar. Shuningdek, xavorij va mo‘tazilalar amru ma’ruf va nahiy munkarda haddan oshib, musulmonlarning imomiga qarshi chiqishga yo‘l ochdilar. Ya’ni, ularning nazarida davlat rahbariga qarshi chiqish amru ma’ruf va nahiy munkar qilish demakdir. Holbuki, Payg‘ambar alayhissalom biz ummatlarini rahbarlarga qarshi chiqishdan qaytarganlar. Quyidagi hadisda shunday deyilgan: “Kim amirining biror ishini yoqtirmasa, unga sabr qilsin. Chunki, biror kishi boshlig‘ining itoatidan bir qarich chiqsa va shu holida o‘lsa, johiliyat o‘limida o‘libdi” (Buxoriy va Muslim rivoyatlari).

Islom dinining mo‘tadillik va yengillikka chaqiruvchi, mashaqqat va qiyinchiliklarni bartaraf etishga asoslangan ta’limotlariga ziddir. Zero, Islom dinining yengilligi uning o‘zigagina xos bo‘lgan, boshqa dinlardan ajratib turuvchi xususiyatidir.

Bugun biz kattalar, ota-onalarning  asosiy vazifamiz nima bo‘lmog‘i kerak? Avvalambor, yoshlarimizning iymon-e’tiqodini mustahkamlash, irodasini baquvvat qilish, ularni o‘zining mustaqil fikriga ega bo‘lgan barkamol insonlar etib tarbiyalash. Ularning tafakkurida o‘zligini unutmaslik, ota-bobolarning muqaddas qadriyatlarini asrab-avaylash va xurmat qilish fazilatini qaror toptirish. Ularning men o‘zbek farzandiman, deb g‘urur va iftixor bilan yashashiga erishishdir.

Muhammadyahyo EMINOV,
Toshloq tumani bosh imom-xatibi

 

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Qariyb 50 mamlakat jurnalistlari yangi Imom Buxoriy majmuasi va Samarqandning asosiy yodgorliklarini ziyorat qiladi

25.08.2026   61219   2 min.
Qariyb 50 mamlakat jurnalistlari yangi Imom Buxoriy majmuasi va Samarqandning asosiy yodgorliklarini ziyorat qiladi

«Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh — yangi kashfiyotlar» Xalqaro mediaforumi ishtirokchilari 27 avgust kuni Samarqandga yo‘l oladi. Ular yangidan bunyod etilgan Imom Buxoriy yodgorlik majmuasi, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi hamda Imom Buxoriy nomidagi Innovatsion muzey bilan tanishadi. Kunning ikkinchi yarmida esa ishtirokchilar uchun shaharning tarixiy-madaniy meros obyektlari, jumladan, YUNЕSKOning Jahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan yodgorliklar bo‘ylab maxsus dastur tashkil etiladi, xabar bermoqda iccu.uz.

Yodgorlik majmuasi Samarqand viloyati Payariq tumanida, buyuk muhaddis va ilohiyotshunos Muhammad al-Buxoriyning (810–870) dafn etilgan joyida joylashgan. U «Sahihi Buxoriy» to‘plami muallifi bo‘lib, mazkur asar sunniy islomdagi eng mo‘tabar hadis to‘plamlaridan biri hisoblanadi.

Keng ko‘lamli rekonstruksiyadan so‘ng majmua 2026 yil bahorida ziyoratchilar uchun qayta ochildi. Uning umumiy hududi 45 gektarni tashkil etadi. Bu yerda 10 ming kishilik masjid, ma’muriy va xizmat ko‘rsatish binolari, 154 ustunli ayvon, 14 ta moviy gumbaz va balandligi 75 metr bo‘lgan to‘rtta minora barpo etilgan. Rekonstruksiyadan so‘ng majmuaning kunlik qabul qilish quvvati 12 ming nafardan 65 ming nafargacha oshdi.

Majmuaning markaziy qismlaridan biri — to‘qqizta pavilondan iborat yangi Imom Buxoriy Innovatsion muzeyidir. Ekspozitsiya allomaning hayoti, hadisshunoslik tarixi va uning ilmiy merosiga bag‘ishlangan. Shuningdek, muzeyda Qur’onda zikr etilgan payg‘ambarlar, Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning Makka va Madinadagi hayoti hamda yozma hadis to‘plamlarining shakllanish tarixi haqida ma’lumotlar berilgan.

Majmua yaqinida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ham faoliyat yuritadi. Markaz islom ilmiy va qo‘lyozma merosini, jumladan, Markaziy Osiyoning o‘rta asr olimlari asarlarini o‘rganish, ilmiy tadqiqotlar va tarjimalar tayyorlash, shuningdek, xalqaro ilmiy almashinuvni rivojlantirish bilan shug‘ullanadi.

Majmuaga tashrifdan so‘ng forum ishtirokchilari tarixiy Samarqand bilan tanishadi. Shaharning asosiy me’moriy yodgorliklari qatoriga Registon, Bibixonim masjidi, Shohi Zinda majmuasi va Go‘ri Amir maqbarasi kiradi. YUNЕSKO ushbu to‘rt obyektni 2001 yilda «Samarqand — madaniyatlar chorrahasi» nomi bilan Jahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan tarixiy shaharning asosiy yodgorliklari sifatida e’tirof etadi.

Samarqand bosqichi 24–28 avgust kunlari Toshkent va Samarqand shaharlarida bo‘lib o‘tadigan «Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh — yangi kashfiyotlar» Xalqaro mediaforumi dasturining bir qismi bo‘ladi.

Press-slujba Upravleniya musulman Uzbekistana

O'zbekiston yangiliklari