Ma’lumki, insoniyat tamaddunining taraqqiy etishida bir necha omillar sabab bo‘ladi. Bular qatorida tinchlik va barqarorlik avvalgi o‘rinlarni egallaydi. XXI asr boshida jahondagi tinchlik va osoyishtalik, barqarorlik hamda insoniyat taqdiri, uning taraqqiyoti, ravnaqiga tahdid solayotgan ekstremizm, terrorizm barcha davlatlar, millatlar bir yoqadan bosh chiqarib kurashishi zarur bo‘lgan illatga aylanmoqda. Buzg‘unchi g‘oyalarga asoslangan xalqaro terrorizm va eestremizm, uning har qanday ko‘rinishi kishilik jamiyatining o‘tmishida ham, bugunida ham butun-butun xalqlar boshiga og‘ir kulfatlar yog‘dirgan. Har yili uning tajovuzidan 100 mingdan ortiq begunoh kishilar qurbon bo‘lmoqda, jamiyat rivojlanishi, ayrim davlatlar, mintaqalar va insoniyat sivilizatsiyasining taraqqiyotiga jiddiy tahdid solmoqda va mudhish oqibatlar keltirib chiqarmoqda.
“Ekstremizm” tushunchasi muqaddas dinimizning ilohiy kitobi Qur’oni karim oyatlari va Payg‘ambar alayhissallomning hadislarida kelgan “g‘uluv”, “tug‘yon”, “haddan oshish” kabi ma’noni anglatib, dinimiz ta’limotida ularning barchasi qoralangan va musulmonlar bunday amallardan qaytarilgan.
Qur’oni karimda g‘uluv lafzi bir necha o‘rinlarda zikr qilingan bo‘lib, mo‘min-musulmonlarga mana shunday tug‘yon, haddidan oshishdan qaytarilgan. Masalan, Moida surasining 77-oyatida: “Ayting: “Ey, ahli kitoblar! Diningizda haddan oshmangiz va oldindan adashgan va ko‘plarni adashtirgan hamda to‘g‘ri yo‘ldan chalg‘iganlarning havoyi nafslariga ergashmangiz!” deb buyurilgan. Yana shuningdek, Baqara surasining 229-oyati karimasida: “Kimki Allohning hududidan tajovuz qilsa, ana o‘shalargina zolimlardir”, Hud surasining 112-oyatida: “Bas, (ey, Muhammad) buyurilganingizdek to‘g‘ri bo‘ling! Siz bilan birga tavba qilganlar ham (to‘g‘ri) bo‘lsinlar! Haddan oshib ketmangiz, (ey, mo‘minlar!) U qilayotgan ishlaringizni, albatta, ko‘rib turuvchidir” deb marhamat qilgan.
Islom dini tavhid dini, yakka xudolik dini hisoblanadi. Islomda yakka-yu yolg‘iz Allohga ibodat qilishga buyurilgan bo‘lib, dinda g‘uluvga ketish, haddan oshish, tug‘yondan qaytarilgan. Buning asl sababi esa g‘uluv va haddan oshish ixtilofga, guruhbozlikka olib keladi. Alloh taolo Qur’oni karimda shunday degan: “Ular (mushriklar) dinlarini bo‘lib yuborib, (turli) firqalarga ajralgandirlar. Har bir firqa (odamlari) o‘z nazdilaridagi narsa (aqida) bilan shoddirlar” (Rum, 32).
Dinimizda g‘uluvga ketishning bir qancha yomon oqibatlari bor. Eng avvalo, bu insonning inongan aqidasini buzilishiga sabab bo‘ladi. Tarixda paydo bo‘lgan rofiziylar, xorijiylar va boshqa toifalarning yuzaga kelishi asosan dinda g‘uluvga ketishning oqibatidir. Rofiziylar Payg‘ambar alayhissallomdan so‘ng xalifalikka loyiq zot sifatida Ali roziyallohu anhudan va uning avlodlaridan boshqa hech kimni tan olmadilar. Keyinchalik ularning orasidan yana bir qancha toifalar paydo bo‘ldi. Yana bir oqim xorijiylar esa g‘uluvga ketganliklari sababli rofiziylar singari islomdan chiqqan deb hisoblanadi. Rafoviz so‘zi inkor qiluvchilar, rad etuvchilar degan ma’noni anglatib, ularning ba’zi toifasi Ali roziyallohu anhuni Payg‘ambarimiz alayhissalomdan ham yuqori qo‘yadi. Mana shu darajada g‘uluvga ketib ahli sunna val-jamoadan chiqdilar. Xavorijlar esa, aksincha, hazrati Ali roziyallohu anhuni kofirga chiqardilar. Bu haqda Hazrati Ali roziyallohu anhuning o‘zlari shunday degan edilar: “Mening boramda ikki xil toifa halokatga uchradi: biri haddan tashqari muhabbat qo‘yib, ikkinchisi haddan tashqari bug‘zu adovat qilib”.
Keyinchalik, mo‘tazila toifasi Allohni zotida g‘uluvga ketib, uning sifatlarini inkor qildilar. Shuningdek, xavorij va mo‘tazilalar amru ma’ruf va nahiy munkarda haddan oshib, musulmonlarning imomiga qarshi chiqishga yo‘l ochdilar. Ya’ni, ularning nazarida davlat rahbariga qarshi chiqish amru ma’ruf va nahiy munkar qilish demakdir. Holbuki, Payg‘ambar alayhissalom biz ummatlarini rahbarlarga qarshi chiqishdan qaytarganlar. Quyidagi hadisda shunday deyilgan: “Kim amirining biror ishini yoqtirmasa, unga sabr qilsin. Chunki, biror kishi boshlig‘ining itoatidan bir qarich chiqsa va shu holida o‘lsa, johiliyat o‘limida o‘libdi” (Buxoriy va Muslim rivoyatlari).
Islom dinining mo‘tadillik va yengillikka chaqiruvchi, mashaqqat va qiyinchiliklarni bartaraf etishga asoslangan ta’limotlariga ziddir. Zero, Islom dinining yengilligi uning o‘zigagina xos bo‘lgan, boshqa dinlardan ajratib turuvchi xususiyatidir.
Bugun biz kattalar, ota-onalarning asosiy vazifamiz nima bo‘lmog‘i kerak? Avvalambor, yoshlarimizning iymon-e’tiqodini mustahkamlash, irodasini baquvvat qilish, ularni o‘zining mustaqil fikriga ega bo‘lgan barkamol insonlar etib tarbiyalash. Ularning tafakkurida o‘zligini unutmaslik, ota-bobolarning muqaddas qadriyatlarini asrab-avaylash va xurmat qilish fazilatini qaror toptirish. Ularning men o‘zbek farzandiman, deb g‘urur va iftixor bilan yashashiga erishishdir.
Muhammadyahyo EMINOV,
Toshloq tumani bosh imom-xatibi
Saudiya Arabistonining nufuzli OAVda O‘zbekistonning madaniy-gumanitar, turizm va sport sohalaridagi xalqaro hamkorligi hamda mamlakatda bo‘lib o‘tadigan yirik tadbirlarga bag‘ishlangan tahliliy maqolalar e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Xususan, Saudiya Arabistonining “Amwaj” nashrida joriy yilning 24–29 avgust kunlari Toshkentda “Islom sivilizatsiyasi: yangicha nigoh, yangi kashfiyotlar” mavzusida xalqaro mediaforum o‘tkazilishi keng yoritildi.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘lib o‘tadigan ushbu yirik tadbirga yetakchi xorijiy jurnalistlar va xalqaro ekspertlar to‘planishi qayd etilgan. Forum dasturi yalpi majlislar, talabalar uchun mahorat darslari, mediaturlar va Samarqandning tarixiy obidalarini ziyorat qilishni o‘z ichiga oladi hamda O‘zbekiston davlat mustaqilligining 35 yilligini nishonlashga bag‘ishlanadi.
Shuningdek, nashrda Samarqandda O‘zbekiston Turizm qo‘mitasi tomonidan tashkil etilgan birinchi O‘zbekiston–Gruziya turizm forumi ham yoritilgan. Ta’kidlanishicha, tadbir O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Gruziyaga davlat tashrifi chog‘ida erishilgan kelishuvlarning amaliy ifodasi bo‘ldi.
Tomonlar qo‘shma sayyohlik mahsulotlarini yaratish, to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlarni kengaytirish va turizmning yangi turlarini rivojlantirish masalalarini muhokama qilgan. Gruziyadan kelayotgan sayyohlar oqimining sezilarli darajada oshgani va O‘zbekiston turizm sohasining umumiy ko‘rsatkichlari yuqori ekani qayd etilgan.
“Saudi Press Agency” axborot agentligi Jidda shahrida Saudiya Arabistoni Islom ishlari, da’vat va irshod vazirligi hamda O‘zbekiston Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi o‘rtasidagi Anglashuv memorandumiga doir ijro dasturi imzolangani haqida xabar berdi.
Ushbu hujjat mo‘tadillik tamoyillarini mustahkamlash, ekstremizmga qarshi kurashish, voiz va imomlar uchun o‘quv kurslarini tashkil etish, Qur’oni Karim ma’nolarini o‘rganish va yoyish sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati