Bugun, 14 noyabr kuni o‘zbekistonlik ziyoratchilarning dastlabki guruhi ezgu niyatlar ila ehtiromlar og‘ushida umra ibodatini ado etish uchun Saudiya Arabistoniga jo‘nab ketadilar. Shu bilan yurtimizda “Umra – 2019/20” mavsumi yaxshi kayfiyatda boshlanadi.
Ziyoratchilar o‘n kunlik umra safari davomida Madina shahrida 3 kun, Makka shahrida 7 kun bo‘ladilar. Ular mazkur shaharlarda barcha zarur sharoitlarga ega mehmonxonalarda istiqomat qiladilar hamda ularga tajribali ishchi guruhi, ellikboshilar va malakali shifokorlar xizmat ko‘rsatadi.
Tayyorgarlik doirasida barcha ziyoratchilar mavsumiy kasalliklarga qarshi emlanib, davlatimiz ramzi tushirilgan kamzul va sumkalar bilan ta’minlandi. Safar oldidan ularga umra safarining mohiyati, uni ado etishga doir masalalar guruh rahbarlari tomonidan tushuntirildi.
Saudiya Arabistonida viza berish tizimida yangi tizimning joriy etilishi ba’zi kechikishlarga sabab bo‘ldi. Shunga qaramasdan, olib borilgan sa’y-harakatlar natijasida, 2019 yilning 14 noyabr kunidan boshlab har kuni “Toshkent–Jidda–Toshkent” yo‘nalishida umra safari yo‘lga qo‘yildi. Ushbu mavsum 2020 yilning yoz oylariga qadar davom etadi.
Yurtdoshlarimiz hukumatimiz tomonidan taqdim etilayotgan qulay imkoniyatlardan unumli foydalanib, muborak ibodatlarini mukammal bajarishlarini Haq taolodan so‘raymiz.
Ma’lumot o‘rnida, Davlatimiz Rahbarining tashabbuslari bilan Umra ziyoratlari yil davomida kvotasiz amalga oshirilishi belgilanib, 2019 yilning 1 aprelidan e’tiboran haftasiga 7 ta reysda Umra safariga fuqarolarimizni yuborish boshlangan. Ushbu muddat ichida 28 mingga yaqin yurtdoshlarimiz Umra safarida bo‘lib qaytdilar.
Alloh taolo muborak zaminga yo‘l olayotgan ziyoratchilarimizning ibodatlarini maqbul aylasin!


O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Bugun, 10 avgust kuni Xorazm viloyati Urganch shahridagi «Oxun bobo» jome masjidida xayrli va saxovatpesha tadbir tashkil etildi.
O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi hamda yaqinlashib kelayotgan yangi o‘quv yili munosabati bilan Urganch shahar bosh imom-xatibi Hasanboy domla va saxovatpesha homiylar tashabbusi bilan boquvchisini yo‘qotgan hamda kam ta’minlangan oilalar holidan xabar olindi.
Tadbir doirasida maktab yoshidagi o‘quvchilarga yangi o‘quv yili uchun zarur bo‘lgan maktab formasi, sumka va to‘liq o‘quv qurollari to‘plamlari tantanali ravishda topshirildi.
Marosim yakunida yurtimiz tinchligi, xonadonlar fayzu barakasi va xayrli ishga hissa qo‘shgan barcha saxovatpesha insonlar haqiga ezgu duolar qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati