Oxirgi paytlarda mujtahid imomlarga ergashib, birdamlikda ibodatini qilib yurgan musulmonlar jamoasini bo‘linib, turli xil qarama-qarshiliklarni keltirib chiqarish avj olmoqda. Afsuslanarli jihati shundaki, avvaldan bir-biriga do‘st-birodar bo‘lib yashab kelayotgan jamiyat orasida arzimagan narsalar evaziga katta fitna qo‘zg‘atish, bu bilan musulmon jamiyatini tarqoq ahvolga olib kelib ko‘zlanayotgandek go‘yo. Ammo bundan kim manfaat ko‘radi? Fitna, bo‘linish, tarafkashlik kabi illatning oxiri nimaga olib boradi? Tarixdan ham bunga ko‘plab misollarni keltirish mumkin.
Ana shunday fitna uyushtirganlardan biri bu Umar roziyallohu anhuning davrlarida, Qur’oning mutashabih oyatlarini odamlar orasida tafsir qilib fitna qo‘zg‘atib yurgan Sabig‘ ibn Asal ismli kishi edi. Uni Umar roziyallohu anhu hammaga ibrat bo‘ladigan tarzda jazolagan edilar.
Bu voqeani Imom Dorimiy rahmutullohi alayh o‘zlarining «Sunan» asarlarida quyidagicha rivoyat qilgan:
«Sabig‘ (ibn Asal) Iroqiy (ismli kishi) musulmon jangchilar ichida Qur’ondagi turli narsalardan so‘ray boshladi. U Misrga kelganida Amr ibn Oss uni Umar ibn Xattob roziyallohu anhuga yubordi. Chopar maktubni olib kirgan edi, uni o‘qib bo‘lib:
– «Bu odam qani?» dedi.
– «Yuklar bilan», dedi u.
– «Tez top! Agar ketib qolgan bo‘lsa, senga alamli uqubat yetadi!» dedi.
Uni olib keldi. Umar unga: «Nimalar haqida so‘raysan», dedi. U aytib berdi. Umar xurmo shoxi so‘rab, odam yubordi. O‘sha bilan uning orqasini urib, yara qildi. Keyin uni qo‘yib qo‘ydi va tuzalganidan keyin yana urdi. So‘ngra uni qo‘yib qo‘ydi va tuzalganidan keyin yana urdi. Keyin uni yana urish uchun oldirib keldi. Shunda u: «Ey mo‘minlarning amiri, agar meni o‘ldirmoqchi bo‘lsangiz, chiroyli qilib o‘ldiring. Agar davolamoqchi bo‘lsangiz, Allohga qasamki, tuzaldim», dedi. U kishi unga o‘z yurtiga ketishga izn berdi va Abu Muso al-Ash’ariy roziyallohu anhuga: «Musulmonlardan hech kim u bilan o‘tirmasin», deb maktub yozdi. Bu haligi odamga nihoyatda og‘ir bo‘ldi. Abu Muso Umarga: «Uning holi yaxshi bo‘ldi», deb yozdi. Shunda Umar roziyallohu anhu: «Odamlarga u bilan o‘tirishlariga izn beraver», deb yozdi».
Bu odam Bani Tamimlik Sabig‘ ibn Asal bo‘lib, Qur’ondagi ba’zi oyatlardan ixtilofli muammo chiqarishga urinar edi.
Hazrati Umar ko‘rgan choradan keyin u yuz kishining oldiga kelsa ham, hammasi tarqalib ketar edi. Mana shunday qilib Umar roziyallohu anhu bu fitnachini davoladilar.
Ming afsuslar bo‘lsinki, Qur’on, Sunnat va salaflarga ergashish da’vosi bilan chiqib, Sabig‘ ibn Asalga o‘xshab ummat o‘rtasida turli tafriqa va bo‘linishni keltirib chiqaradigan “soxta salafiylar” diyorimizda paydo bo‘lib qoldi.
Aslida bu oqimning tarixiga nazar tashlasak, ular hijriy to‘rtinchi, melodiy o‘ninchi asrda paydo bo‘lgan. Bu haqida muhaqqiq olim Abu Zahro rahmutullohi alayh asarida shunday yozadi: «Salafiyya deganda to‘rtinchi hijriy asrda paydo bo‘lgan toifa tushuniladi. Ular hanbaliy mazhabida bo‘lib, «Bizning qarash va fikrlarimiz Ahmad ibn Hanbalning fikriga borib taqaladi», deya da’vo qilishardi. So‘ng oradan vaqt o‘tib, aniqrog‘i yettinchi hijriy asrda bu da’voni Ibn Taymiya yana qayta jonlantirdi va ko‘p masalalarda yangliklar kiritdi. So‘ng o‘n ikkinchi hijriy asrda Arab yarim orolida bu qarashlar yana qayta jonlantirildi. Bu ishni Muhammad ibn Abdulvahhob amalga oshirdi».
Demak, salafiylar uch bosqichli marhaladan so‘ng arab yarim orolida o‘z fikr va qarashlarini rivojdantirgan. Bu fikr va g‘oyalarni 1970-1980 yillarda asli kasbi soatsoz bo‘lgan, tayinli ustozda tahsil olmagan Nosiriddin Alboniy ismli kishi yanada ommalashtirgan va “vahobiy” degan nomni “salafiy” degan nomga o‘zgartirgan.
Agar salafiylarning asoschilari yashab o‘tgan davrni ko‘rsak, o‘sha davrning buyuk olimlari salafiylik g‘oyasini tarqatayotgan oqim asoschilariga ilmiy raddiyalar berib, ularning yo‘llari xatoligini isbot qilishgan. Jumladan, Ibni Taymiyani o‘z davridagi ko‘plab olim, qozi va faqihlar tanqid ostiga olgan. U o‘zining noto‘g‘ri e’tiqodi sababli bir necha bor qamalgan. Hatto Ibn Taymiyaning shogirdi bo‘lgan imom Zahabiy rahmutullohi alayh ustozining noto‘g‘ri e’tiqoddan qaytishini so‘rab unga maktub yozgan.
Agar salafiylik da’vosini yaxshilab o‘rganadigan bo‘lsak, bu da’vo puch ekanini bilish mumkin. Chunki, salafiylik da’vosini qilayotgan kimsa, «Bizning yo‘limiz salaflar, ya’ni sahoba va tobeinlar yo‘li», deydi. Mantiqan olib qaralsa, bu asossiz da’vodir. Chunki, Allohning kalomi, Rasululloh sollollohu alayhi vasallamning sunnatlari, sahobalarning so‘zini Ibn Taymiya yoki Muhammad ibn Abdulvahhob yoki Alboniydan ko‘ra, imom Abu Hanifa, imom Molik, imom Shofeiy va imom Ahmad rahmutullohi alayhimlar yaxshi tushunishgan. Kim mana shu to‘rt mazhabning biriga ergashsa, haqiqiy salaflarning yo‘lini tutgan bo‘ladi. Salafiylarning yo‘liga ergashish esa, aslida sahoba va tobeinlarning emas, aksincha Alboniy va unga o‘xshagan kimsalarning fikr va qarashlariga ergashishdir.
Internet ma’lumotlari asosida
Quva tumani “Qo‘shkechik” masjidi imom-xatibi
Bozorali XOMIDOV tayyorladi
Alloh taolo odamzodga aql, es-hushga qo‘shib did, farosat degan ulug‘ ne’matlarni berganki, ularni ishlatgan, ishlata olgan kishi har doim hamma joyda e’zoz va qadr topgan. Illo, ishlata olmagan kishining o‘zidan boshqalarni ayblashi ayni ahmoqlik, johillik va nodonlikdir.
Qur’oni karimni oyoqlari ostiga olib tepkilayotganini tasvirga tushirib, ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqatgan kimsaning xatti-harakatlari yurtimiz mo‘min-musulmonlarining nafratini uyg‘otdi, g‘azabini keltirdi. Rost-da, aqlli, sog‘lom kishi shunday ishni qilishi u yoqda tursin, hatto xayoliga ham keltirishining o‘zi dahshatli-ku.
Islom shiorlari ulug‘lanadi, diniy masalalarga nafaqat har bir musulmon, ayni paytda barcha kishilar hurmat bilan munosabatda bo‘lishi ham odamiylik nuqtayi nazaridan, ham huquqiy jihatdan zarurdir.
Alloh taoloning shiorlarini oyoqosti qilish, ulardan birortasini masxaralash, kamsitish, behurmat qilish, xo‘rlash, mensimaslik, xor qilish mo‘min kishining dindan chiqishiga sabab bo‘ladi (Alloh asrasin!).
Islom ta’limotiga ko‘ra, “shior” so‘zi “nishon”, “belgi”, “alomat” ma’nolarini bildiradi. Alloh taoloning dinining ko‘zga ko‘ringan va shon-shavkati alomati bo‘lgan narsalar shior hisoblanadi. Mus'hafi sharif, oyati karimalar ko‘chirilgan varaqlar shularning eng old safida turadi.
Alloh taolo Islom shiorlarini qadrlashga targ‘ib etgan va ularni toptash, masxaralashdan qattiq qaytargan. Jumladan, Haq taolo Qur’oni karimda: “(Gap) shudir. Yana kimki Allohning shiorlari (qurbonliklar)ni ulug‘ deb bilsa, bas, albatta, (bu) dillarning taqvosidandir” (Haj surasi, 32 oyat), – deb xitob qilgan.
Savbon roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam shariatning shiorini past sanaganlarni qattiq qoralab bunday deganlar: «“Aniq bilamanki, ummatim ichidagi ba’zi kimsalar Qiyomat kunida Tihoma tog‘i kabi ulkan hasanotlar bilan oppoq bo‘lib kelishadi, lekin Alloh taolo ularning amallarini to‘zigan chang kabi qilib qo‘yadi”. Shunda Cavbon roziyallohu anhu: “Yo Racululloh, bizga ularni cifatlab, ochiq bayon qilib bersangiz, bilmasdan o‘shalardan bo‘lib qolmaylik!” dedi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ular cizlarning birodarlaringiz, cizlarga o‘xshagan odamlardir. Ular ham ciz kabi tunlari ibodat qiladi. Lekin ular shunday odamlarki, yolg‘iz qolgan vaqtlarida shariatning shiorlarini toptaydilar”, – dedilar (Imom Ibn Moja rivoyati).
Qur’oni karimning darajasi shu qadar ulug‘ki, hatto Mus'hafni tahoratsiz ushlab bo‘lmaydi. Qur’onni ushlamoqchi bo‘lgan odam tahoratli bo‘lishi vojibdir. Alloh taolo: «Uni faqat poklanganlargina ushlaydir», degan (Voqea surasi, 79-oyat).
Ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qur’onni pok odamgina ushlaydi”, dedilar (Imom Tabaroniy rivoyati).
Shuningdek, Alloh taoloning Kitobini uning mavqeiga munosib, chiroyli g‘ilofda saqlash vojibligi, tozaligiga etibor qaratish, munosib joyga qo‘yish ham vojibdir.
Ulamolar: “Qur’oni karimni axlatga tashlagan odam kofir bo‘ladi”, deyishgan. Kalomullohning hurmatini joyiga qo‘ymaydigan odamga Mus'hafni sotish harom.
“Sahihi Buxoriy” va “Sahihi Muslim”da Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Mus'haf dushmanning qo‘liga tushib qolish xavfi bo‘lsa, Mus'haf bilan dushman yerlariga safar qilishdan qaytarganlari keltirilgan.
Ulamolarning fatvolarida bunday deyiladi: “Kim azonni masxara qilsa yoki Qur’oni karimni yengil sanab oyoqosti qilsa, shar’iy ilmlarni yoxud ulamolarni masxara qilsa, ibodatlarni yengil sanab bajarmasa, masjidni masxara qilsa, kofir bo‘ladi” (“G‘amzu uyunil basoir sharh ashboh van-nazoir” kitobi).
Biz Qur’oni karimni ulug‘lashni solih salaflardan o‘rganishimiz kerak. Imom Qatoda rahimahulloh: “Qur’oni karim o‘qiganimdan buyon piyoz yemadim”, degan bo‘lsa, Imom Mujohid rahimahulloh: “Qur’on o‘qiyotib sizni esnoq tutib qolsa, esnog‘ingiz ketgunicha o‘qimay turing”, degan.
Allohninrg oyatlarini oyoqosti qilayotgan kimsalar nahotki Imom Navaviy rahimahullohning: “Kimdir sizga Mus'haf bersa, uni tik turgan holda oling. Chunki ulamo va aziz kishilar kelganda turish mustahab sanaladi. Mus'haf (uchun turish) avloroqdir”, deganini anglamasa...
Qur’oni karimni xorlash, masxaralash, qadrini yerga urish kofir va munofiq kimsalarning ishidir. Bu haqda oyati karimada bunday deyiladi: “Kofir bo‘lganlarga bu dunyo ziynatli qilib qo‘yilgan. Ular imon keltirganlar ustidan kuladilar. Holbuki, qiyomat kuni taqvoli bo‘lganlar ulardan balanddirlar” (Baqara surasi, 212-oyat).
Islom shiorlarini, xususan, Qur’oni karimni masxara qilish mo‘minga ham, sog‘lom aql egasiga ham mutlaqo yarashmaydi. Ayniqsa, mamlakatimiz aholisining asosiy qismi Islom diniga e’tiqod qilar ekan, xalqimizning milliy va diniy qadriyatlarini hurmat qilish har bir O‘zbekiston fuqarosining burchidir.
Tolibjon NIZOM