Oy kuni yaqinlashib borayotgan kelin eriga: “Yaqinda dada bo‘lasiz, shifokorlarning gapiga qaraganda o‘g‘il ko‘ramiz. Biz ham alohida holi yashasak, sizga mazali taomlar pishirib ko‘nglingizni shod qilsam”, dedi. Eri biroz asabiylashib: “Nima, endi ona bo‘laman deb meni ota-onamdan ajratmoqchimisan, shuni yaxshi bilib qo‘y-ki, onam menga qilgan yaxshilikni, xizmatni hech qachon hech kim qila olmaydi. Ko‘zingni kattaroq och, agar yana bir marta shu gapingni takrorlasang, qattiq xafa bo‘laman va seni ham xafa qilaman”, dedi.
Kelin shu zahoti erining yonboshiga o‘tirib: “Meni kechiring, men tug‘ilajak o‘g‘limiz menga qanday munosabatda bo‘lishini bilish uchun sizga shu so‘zlarni aytgan edim. Mening jannatim sizning rizoligingizda, sizniki esa onajonimning rizoliklarida, demak men onajonimning xizmatlarini qilish bilan roziligingizga erishaman, albatta. Tug‘ilajak o‘g‘limiz ham dadajonisiga o‘xshagan bo‘lsin!” deya ibo bilan erining yoniga o‘tirdi.
Xulosa: Odamlarga yaxshilik ulashib yashash – hayotimizning mazmuni demak! Dunyoda yaxshi nom qoldirish, oxiratda jannatga doxil bo‘lish esa – bizning oliy maqsadimiz. Shunday ekan, aziz yigitlar-qizlar, kelin-kuyovlar! Ushbu voqea bizga ibrat bo‘lsin!
Abdulmajid ISAQOV,
Qo‘qon shahar bosh imom-xatibi
Joriy yilning 24 mart kuni Shvetsiya parlamentida O‘zbekistonning diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlari, bag‘rikenglik muhiti va millatlararo hamjihatlik borasida amalga oshirayotgan ishlariga bag‘ishlangan seminar-taqdimot o‘tkazildi.
Tadbirda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari, tarix fanlari doktori, professor Davronbek Maxsudov, shuningdek, yurtimizdagi diniy konfessiya yetakchilari, elchixona va soha vakillari ishtirok etishdi.
Shvetsiya tomonidan esa, parlament a’zolari, elchilar, madaniyat markazi vakillari, ilmiy-tadqiqot institutlari mutaxassislari, ekspertlar, vatandoshlar, ommaviy axborot vositalari vakillari – jami 120 nafar ishtirokchi qatnashdi.
Taqdimotda davlatimiz tomonidan diniy bag‘rikenglik tamoyillarini qaror toptirish, turli millat va elatlar o‘rtasida do‘stlikni yanada mustahkamlash borasida keng ko‘lamli ishlar, diniy konfessiya vakillari o‘rtasida do‘stlik rishtalarini mustahkamlash, ushbu yo‘nalishda amalga oshirilgan ishlar hamda ilgari surilgan ezgu tashabbuslar xalqaro hamjamiyat tomonidan e’tirof etilayotganiga urg‘u qaratildi.
Seminarda O‘zbekistonda so‘nggi yillarda jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashishga alohida e’tibor qaratilayotgani, bu yo‘lda aholining diniy-ma’rifiy savodxonligini oshirish, yosh avlodni turli buzg‘unchi oqimlar ta’siriga tushib qolishdan saqlash bo‘yicha muntazam tushuntirish ishlari olib borilayotgani bayon etildi.
Seminar asnosida xorijlik mutaxassislar va ishtirokchilar bilan qizg‘in savol-javoblar bo‘lib o‘tdi. Xalqaro hamjamiyat vakillarini qiziqtirgan savollarga soha mas’ullari tomonidan asosli javoblar berildi.
Xalqaro seminar ishtirokchilari O‘zbekistondagi dinlararo muloqot, bag‘rikenglik muhiti va tinchliksevarlik siyosati nafaqat mintaqa, balki butun dunyo uchun namuna ekanini ta’kidladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati