Oy kuni yaqinlashib borayotgan kelin eriga: “Yaqinda dada bo‘lasiz, shifokorlarning gapiga qaraganda o‘g‘il ko‘ramiz. Biz ham alohida holi yashasak, sizga mazali taomlar pishirib ko‘nglingizni shod qilsam”, dedi. Eri biroz asabiylashib: “Nima, endi ona bo‘laman deb meni ota-onamdan ajratmoqchimisan, shuni yaxshi bilib qo‘y-ki, onam menga qilgan yaxshilikni, xizmatni hech qachon hech kim qila olmaydi. Ko‘zingni kattaroq och, agar yana bir marta shu gapingni takrorlasang, qattiq xafa bo‘laman va seni ham xafa qilaman”, dedi.
Kelin shu zahoti erining yonboshiga o‘tirib: “Meni kechiring, men tug‘ilajak o‘g‘limiz menga qanday munosabatda bo‘lishini bilish uchun sizga shu so‘zlarni aytgan edim. Mening jannatim sizning rizoligingizda, sizniki esa onajonimning rizoliklarida, demak men onajonimning xizmatlarini qilish bilan roziligingizga erishaman, albatta. Tug‘ilajak o‘g‘limiz ham dadajonisiga o‘xshagan bo‘lsin!” deya ibo bilan erining yoniga o‘tirdi.
Xulosa: Odamlarga yaxshilik ulashib yashash – hayotimizning mazmuni demak! Dunyoda yaxshi nom qoldirish, oxiratda jannatga doxil bo‘lish esa – bizning oliy maqsadimiz. Shunday ekan, aziz yigitlar-qizlar, kelin-kuyovlar! Ushbu voqea bizga ibrat bo‘lsin!
Abdulmajid ISAQOV,
Qo‘qon shahar bosh imom-xatibi
O‘zbekiston musulmonlari idorasida fuqarolar bilan muloqotni yanada mustahkamlash, aholini qiynayotgan masalalarni tinglash va ularga yechim topish maqsadida navbatdagi qabul bo‘lib o‘tdi.
Muftiy hazratning birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov qabul jarayonida yurtimizning turli hududlaridan kelgan fuqarolarning oilaviy munosabatlar, xayriya va saxovat ishlarini tashkil etish, ijtimoiy ko‘mak olish, shuningdek, diniy-ma’rifiy masalalarga oid murojaatlarini tingladi.
Har bir murojaat mazmunan chuqur o‘rganilib, fuqarolarni qiziqtirgan savollarga asosli va batafsil javoblar berildi. Ayrim muammolar shu joyning o‘zida ijobiy hal etilgan bo‘lsa, qo‘shimcha o‘rganish, tahlil va muvofiqlashtirish talab etiladigan masalalar tegishli bo‘limlar va mas’ul mutaxassislarga yo‘naltirilib, ularning ijrosi nazoratga olindi.
Shu bilan birga, murojaatchilarga amaldagi qonunchilik hujjatlari, diniy-ma’rifiy me’yorlar va joriy tartiblar asosida huquqiy va amaliy tavsiyalar berildi. Bu esa fuqarolarning o‘z muammolariga to‘g‘ri yondashuvni shakllantirishida muhim ahamiyat kasb etadi.
Fuqarolar qabul davomida inson qadrini ulug‘lash, aholi dardiga quloq tutish borasidagi bunday muloqotlarni yuqori baholab, minnatdorlik bildirishdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati