Sayt test holatida ishlamoqda!
28 Avgust, 2026   |   15 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:21
Quyosh
05:45
Peshin
12:24
Asr
17:06
Shom
19:07
Xufton
20:26
Bismillah
28 Avgust, 2026, 15 Rabi`ul avval, 1448

“Salafiylar” salafi solihlar yo‘lidan yuruvchilarmi?

13.11.2019   4817   4 min.
“Salafiylar” salafi solihlar yo‘lidan yuruvchilarmi?

Salafiylar — hijriy yettinchi asrning oxirlarida Ahmad ibn Taymiya al-Harraniy (661-728 h.) boshchiligida, asosan ahli sunna imomi — imom Ash’ariy (r.a.) tomondan talqin qilingan aqoidiy islohotlarni rad qilish bilan o‘rtaga chiqqan toifa. Ahmad ibn Taymiya va uning yaqinlaridan iborat sanoqli shaxslarning fikricha, imom Ash’ariy (r.a.) ta’limotida ahli hadislar aqoidiga zid bo‘lgan mafkura va qarashlar mavjud bo‘lgan.

Ibn Taymiya o‘z yo‘nalishini “Manhaju salafis-solih” (salafi solihlar yo‘li), degan nom bilan ataydi. Va ana shu manhaj asosida hayot kechirish kerakligini takidlaydi. Natijada u asos solgan oqimni uning targ‘ibotchilari tomondan “Salafiyya”, deb tanitila boshlandi. Nimagaki, unda Islom ahkomlari zamon talabiga emas, balki salafi solihlar davri —hijriy sananing dastlabki uch asriga mos tarzda ijro etilishiga jiddiy ahamiyat berilar va shunday yo‘l tutishga targ‘ib qilinar edi. Ularning aytishicha, “salafiylik” yo‘li faqat kitob (Qur’oni karim) va sunnati nabaviya asosiga barpo qilingan bo‘lib, unda Islom dini ahkomlari qayta jonlantiriladi, unutilgan va o‘zgartilgan hukmlar asl holiga qaytariladi. Islom bid’at va hurofotlardan tozalanadi, kufr va shirkiy aqidalarga barham beriladi. Mana shu g‘oya “salafiylik”ning boshqa diniy guruhlardan ajratib turuvchi eng asosiy g‘oyasidir.

Ibn Taymiya tarafdan “Islomni qayta jonlantirish, salaflar yo‘liga qaytish” shiorlari ostida, unga qadar butun musulmon ummatida bo‘lmagan yangi fikrlar, mujtahidlar ijmo’siga xilof qarashlar, to‘rt mazhab ulamolarining na fiqhiy va na aqidaviy asoslariga mos bo‘lgan hukmlar oshkor qilina boshladi.

Masalan, uning fikricha, Allohning kalomi qadim va azaliy emas, balki hodis Alloh tomondan yaratilgan edi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning muborak qabrini ziyoratiga borish (agarchi ibn Taymiyaga qadar, qarib sakkiz asrdan beri butun Islom olamida bu amal joriy bo‘lishiga qaramasdan) bid’at va zalolatdir. Shuningdek, Rasulullohning tug‘ilgan kunlarini nishonlamoq — mavlid bayrami ham bid’at va foydasizdir. Rasulullohdan qolgan asori atiqalarni tabarrukan asrab-avaylamoq go‘yoki shirkdir. Rasululloh va boshqa aziz-avliyolar bilan duolarda tavassul qilmoq, qabrlarni ziyorat qilmoq va shu kabi bir qancha joriy amallar “bid’at”, “tavhid aqidasiga zid” bo‘lgan. “Salafiylar”ning tasavvurida yuqoridagi aziz va mo‘tabar narsalar johiliyat davridagi jirkanch bud-sanamlarga tenglashtiriladi.

Ibn Taymiyaning bu kabi qarashlari o‘z davrida ajabtovur fitna va yangilik bo‘lishiga qaramasdan unga ergashuvchilarning son-sanoqsiz bo‘lganini tan olmay iloj yo‘q. Darhaqiqat, o‘sha davrda unga juda katta jamoa ergashgan edi. Uning tarafdorlarini asosan savodsiz to‘pori-badaviylar tashkil qilsada, ular orasida tuppa-tuzuk ziyolilar, olimlar ham yo‘q emasdi.

Xo‘sh, bunga nima sabab bo‘lgan?

Buning sababi: Ibn Taymiya kuchli taqvo va o‘tkir ilm bilan tanilgan Hanbaliy mazhabiga mansub namunali oilada o‘sib unadi. Otasi va bobosi zamonasining mashhur faqihlaridan, deb tan olinardi. Otasining vafotidan keyin, uning ta’lim va tadris ishlariga mutasaddi bo‘lgan Ahmad ibn Taymiya muxolafatchilik harakatlarini asosan qirq yoshga yaqinlashganda boshlagan. Ungacha esa, u o‘z davrining yetuk Hanbaliy mazhabiga mansub faqihlaridan biri, deb atrofga tanilib bo‘lgan va bir necha foydali diniy asarlarini yozishga ham ulgurgan edi.

Uning ilmiy mansab-mavqei va shuhrati shu darajaga yetgan ediki, u tomondan aytilgan har bir fikr uning ixlosmandlari tarafdan so‘zsiz qabul qilinar, dalili surishtirilmas edi. Uning ana shu shuhrati keyingi xilofli fikrlarini atrofga yoyilishiga omil bo‘ldi, musulmonlar jamoatiga qarshi fikrlarini bezab, ziynatlab qo‘ydi. Natijada uning adashuvini ko‘pchilik payqamay qoldi. Uning yangicha fatvolari muxlislari tomondan bosh ustiga qabul etilar va alal-oqibat uni “mujaddid” (dinni yangilovchi), “shayxul-islom”, degan “sharafli” laqablar bilan atay boshladilar. Aslida esa, Ibn Taymiya mujaddid ham, mujtahid ham, asl salafiy ham bo‘lmagan! Uning keyingi paydo qilgan “Salafiylik” mazhabi hech qanday salafi solihlarning yo‘liga mos kelmagan! Balki, musulmonlar jamoasidan ajrab chiqqan adashuvdagi bir kichik oqim bo‘lgan xolos!

Mirzaqosim SAIDMIRZAYEV,
Quvasoy shahar “
Toshmozor masjidi imom-xatibi

 

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Fidoyi ajdodlarimiz jasorati – hamisha ibrat namunasi

28.08.2026   5398   6 min.
Fidoyi ajdodlarimiz jasorati – hamisha ibrat namunasi

Mustaqillik bayrami arafasida Vatan ozodligi yo‘lida kurashgan qahramon ajdodlarimizni minnatdorlik bilan yod etamiz, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, ularning jasorati bugungi erkin hayotimiz va milliy istiqlolimizning qadrini yanada teran anglatadi.

28 avgust kuni Shahidlar xotirasi xiyoboniga davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, ulamolar, nuroniylar va ziyolilar yig‘ildi.

Qatag‘on qurbonlarini yod etish marosimida Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirok etdi.

Vatan fidoyilari haqiga Qur’on tilovat qilinib, duo o‘qildi. Elga osh tortildi.

Xiyobondagi ramziy qabr yonida ham Qur’on tilovat qilindi. Shu yerda davlatimiz rahbarining ulamolar va ziyolilar bilan tarixiy xotirani asrash, qatag‘on qurbonlari nomini tiklash hamda yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash masalalari yuzasidan muloqoti bo‘ldi.

– Shu kunlarda el-yurtimiz bilan birgalikda mustaqilligimizning 35 yilligini katta xursandchilik bilan kutib olyapmiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev. – O‘ttiz besh yildan buyon hech kimga qaram bo‘lmasdan, mana shunday tinch va tiniq osmon ostida erkin va farovon yashayapmiz. Bu – katta baxt, bebaho boylik. Shunday ulug‘ kunlarda istiqlol va ozodlik yo‘lida halok bo‘lgan qahramon ajdodlarimizni eslash, ularning xotirasiga hurmat bajo keltirish – muqaddas burchimiz.

Davlatimiz rahbari fidoyi ajdodlarimizning qahramonligi hech qachon unutilmasligi, ularning jasorati xalqimiz uchun hamisha ma’naviy kuch manbai bo‘lib qolishini ta’kidladi.

– Barcha islohotlarimiz markazida turgan “Inson qadri uchun!” degan ezgu g‘oya jasur ota-bobolarimizning ruhlarini shod etish, orzu-niyatlarini ro‘yobga chiqarish bo‘yicha ishlarimizni yanada kuchaytirishni talab etadi. Bu aziz insonlar xotirasi qancha e’zozlansa, bugungi tinch hayotimiz, milliy istiqlolimiz qadri shuncha oshadi, – dedi Prezident.

Keyingi yillarda qatag‘on qurbonlari xotirasini abadiylashtirish va tarixiy adolatni tiklash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Shahidlar xotirasi xiyobonidagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi to‘liq rekonstruksiya qilinib, ekspozitsiyasi boyitildi, zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlandi. Raqamli tizimlar va sun’iy intellekt yordamida ko‘rgazmalarning ta’sirchanligi oshirildi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi va barcha viloyatlarda tashkil etilgan qatag‘on qurbonlari muzeylari ham zamon talablari asosida jihozlandi. Ularning fondlari dunyoning turli nuqtalaridan keltirilgan noyob hujjatlar va fotosuratlar bilan boyitilmoqda.

2021-2025 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi tomonidan qatag‘on qurboni bo‘lgan 1 ming 200 dan ziyod yurtdoshimiz oqlandi. Joriy yilda sobiq mustabid tuzum davrida nohaq ayblanib, turli muddatlarga qamalgan yoki o‘limga hukm etilgan yana 161 nafar vatandoshimizning nomi oqlandi.

So‘nggi besh yilda jadid bobolarimiz merosini o‘rganishga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy anjumanlar muntazam o‘tkazib kelinmoqda. Mustabid tuzumda nohaq qurbon bo‘lgan vatandoshlarimizning nomlari aniqlanib, ularning faoliyati, ilmiy va ijodiy merosi o‘rganilmoqda. Yuzlab, minglab fidoyi yurtdoshlarimiz haqidagi ma’lumotlar kitoblar, matbuot va ommaviy axborot vositalari orqali xalqimizga yetkazilmoqda.

Muloqotda o‘tgan asrning 80-yillarida ham minglab vatandoshlarimiz “paxta ishi”, “o‘zbek ishi” degan soxta ayblovlar bilan siyosiy qatag‘onga uchragani qayd etildi. 1983-1990 yillarda 40 ming nafar o‘zbekistonlik tergov qilinib, 5 ming nafari jinoiy javobgarlikka tortilgan. Bugun bu borada ham tarixiy adolat tiklanmoqda. Bunday ezgu ishlar izchil davom ettirilishi ta’kidlandi.

Davlatimiz rahbari dunyoda qurolli mojarolar va siyosiy qarama-qarshiliklar kuchayib, ular bizga yaqin mintaqalarga ham kirib kelayotgani tashvishli ekanini ta’kidladi. Bu yurtimizdagi tinchlikni qadrlash, yanada jips va hamjihat bo‘lib yashashni talab etadi.

– Bizning yo‘limiz – tinchlik, do‘stlik va hamkorlik yo‘li. O‘zbekiston ushbu yo‘ldan hech qachon ortga qaytmaydi, – dedi Prezident.

Bugun yurtdoshlarimiz dunyoning istalgan mamlakatiga emin-erkin borib kelmoqda, O‘zbekiston barcha davlatlar bilan tenglik asosida hamkorlik qilmoqda. Bu mustamlakachilik zanjirlari va “paxta qulligi”dan butunlay ozod bo‘lganimizning amaliy ifodasidir.

Hayot va kelajakni bilim hamda ma’rifat asosida qurish, uzoq-yaqin mamlakatlar bilan do‘stona hamkorlik qilish Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining muhim sharti ekani ta’kidlandi. Buyuk jadid bobolarimiz bejiz millatni uyg‘oqlikka, bilim va ma’rifatga chaqirmagan. Ularning kurash va ma’rifat maktabi bugun ham g‘oyat dolzarb ahamiyatga ega.

Shu bois, yoshlarning sifatli ta’lim olishi, vatanparvar insonlar bo‘lib voyaga yetishiga katta e’tibor qaratilmoqda. So‘nggi o‘n yilda oliygohlar soni 77 tadan 205 taga yetkazildi, qabul kvotalari muntazam oshirib borildi. Jahondagi TOP-100 talikka kiradigan oliygohlarda 3 ming 500 dan ziyod farzandimiz ta’lim olmoqda. Maktab va maktabgacha ta’lim tizimlarida ham muhim o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda.

– Yoshlarni milliy g‘urur asosida tarbiyalashga alohida ahamiyat berishimiz kerak. Milliy g‘urur – insonning qalbini, yuragini, butun vujudini kuch-g‘ayratga to‘ldiradigan qudratli kuch. Milliy g‘ururi bor odam hech qachon yengilmaydi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Poytaxtimizda Islom sivilizatsiyasi markazi barpo etildi, Samarqanddagi Imom Buxoriy majmuasi butunlay qaytadan bunyod qilindi, Marg‘ilonda Burhoniddin Marg‘inoniy nomidagi markaz ishga tushirildi. Bular Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot yo‘li – tinchlik, do‘stlik va bunyodkorlik, bilim hamda ma’rifat yo‘li ekanini tasdiqlaydi.

So‘nggi o‘n yilda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilgan islohotlar tufayli 100 mingdan ziyod yurtdoshimiz hojilik maqomiga ega bo‘ldi. Davlatimiz rahbari diniy jamoatchilik jamiyatda mehr-oqibat muhitini mustahkamlash, yoshlarga to‘g‘ri tarbiya berish jarayonlarida yanada faol ishtirok etishiga ishonch bildirdi.

– Bugun mana shu tabarruk maskanda turib, tinch-osoyishta hayotimiz, erishayotgan yutuqlarimiz uchun Yaratganga behisob shukronalar aytamiz. Mana shunday ozod va farovon kunlarni orzu qilib, armon bilan o‘tgan qahramon ota-bobolarimiz, jasur momolarimizning ruhlari shod bo‘lsin! Yurtimiz tinchlik, taraqqiyot va farovonlik diyori sifatida yanada gullab-yashnasin! Alloh taoloning o‘zi Vatanimizni panohida asrasin! – dedi Prezident.

Ulamolar qatag‘on qurbonlari va Vatan ozodligi yo‘lida jon fido etgan ajdodlarimiz ruhiga duo qilib, yurtimizdagi tinchlik-xotirjamlik, fayzu baraka barqaror bo‘lishini tiladilar. 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari