Bugungi kunda namozlarimiz biz bilan Robbimizning o‘rtasidagi ruhoniy bog‘lanish emas, balki, quruq harakatlar majmuasidan iborat bo‘lib qolgan. Shuning uchun qalbimizning qattiqligidan, namozlarimizda xushu’larimiz yo‘qligidan Alloh taologa shikoyat qilishimiz, duo qilib so‘rashimiz lozim. Namozlarda u yoq-bu yog‘imizni qashiymiz, soatimizni, uzugimizni o‘ynaymiz, o‘rinsiz yo‘talamiz va boshqa harakatlarni sodir etamiz. Agar qalbimiz xushu’ qilganida, tana a’zolarimiz ham xushu’ qilgan bo‘lardi. Yoningizdagi namozxonlarning qilayotgan bema’ni xatti-harakatlari sizni aldab qo‘ymasin. Zero, siz uning namoziga, u esa sizning namozingizga javob bermaydi. Kishilar namozda bir safda, bir xil ko‘rinishda tursalarda, ularning o‘sha namozdan qo‘lga kiritadigan ajrlari orasida osmon bilan yercha farq bor.
Ammor ibn Yasir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
“Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
“Albatta, bir odam (namozidan) turganda, unga uning o‘ndan biri, to‘qqizdan biri, sakkizdan biri, yettidan biri, oltidan biri, beshdan biri, to‘rtdan biri, uchdan biri yoki yarmigina yozilgan bo‘ladi”, dedilar”.
Abu Dovud rivoyat qilgan.
Ushbu hadisi sharifdan namoz bilan namozning farqi borligi, hatto, qabul bo‘ladigan namozlar orasida ham farq bo‘lishi ko‘rinib turibdi. hamma ham namoz o‘qiyveradi, ammo o‘sha namozga Alloh taolo tomonidan beriladigan ajr namozxonning ixlosi va xushu’-xuzu’iga qarab berilar ekan. Xushu’-xuzu’ni, ixlosni joyiga qo‘ygan odam namoz uchun belgilangan savobning hammasini olar ekan. Xushu’-xuzu’ va ixlos kamaygan sari beriladigan savob ham kamayib yarim, uchdan bir, to‘rtdan bir, o‘ndan bir bo‘lib ketaverar ekan.
Shuning uchun namozni qo‘limizdan kelganicha to‘liq qilib, ixlos bilan xushu’-xuzu’ni joyiga qo‘yib, o‘qishga harakat etishimiz kerak bo‘ladi.
Xushu’ni qozonishda ham harakat, ham duo uyg‘unlashsa, inshaalloh, maqsadimizga yetamiz.
Alloh taolo barchamizni arkonlarini to‘liq bajargan holda, xushu’ va xuzu’ bilan namoz o‘qiydiganlardan qilsin. Omin!
Internet ma’lumotlari asosida Nozimjon Hoshimjon tayyorladi
#xabar #shvetsiya
Shu yilning 24 mart kuni O‘zbekiston delegatsiyasining Shvetsiyaga tashrifi doirasida ikki davlat o‘rtasidagi diniy-ma’rifiy va ijtimoiy aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan muhim uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi. Dastlab Shvetsiya Tashqi ishlar vazirligining Dinlararo muloqot bo‘yicha maxsus vakili, elchi Kristian Kamil hamda vazirlikning Markaziy Osiyo va Yaqin Sharq yo‘nalishi mas’ullari bilan muloqot o‘tkazildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari va Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Davronbek Maxsudov boshchiligidagi delegatsiya a’zolari mamlakatimizda “Jaholatga qarshi ma’rifat” tamoyili asosida olib borilayotgan islohotlar, dinlararo bag‘rikenglik va vijdon erkinligini ta’minlash borasidagi ijobiy o‘zgarishlar haqida batafsil ma’lumot berdilar. Shvetsiya tomoni O‘zbekistonning turli konfessiyalar vakillari uchun yagona oila muhitini yaratish va mintaqa davlatlarini birlashtirishdagi yetakchilik rolini yuqori baholab, diniy sohadagi ochiq va erkin muloqotga tayyorligini bildirdi.
Kunning ikkinchi yarmida Shvetsiya Parlamenti vitse-spikeri Yuliya Kronlid bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda parlamentlararo hamkorlikni rivojlantirish va ijtimoiy-diniy sohadagi islohotlarning amaliy natijalari muhokama qilindi.
Muloqot chog‘ida O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan so‘nggi yillarda e’tiqod erkinligini ta’minlash, masjid-madrasalarni obod etish va diniy ta’limni rivojlantirish borasida amalga oshirilgan tarixiy islohotlar alohida e’tirof etildi.
Shuningdek, Shvetsiyada istiqomat qilayotgan va mehnat qilayotgan vatandoshlarimizning ma’naviy ehtiyojlarini ta’minlash, ularga sof islom ma’rifatini yetkazish maqsadida O‘zbekiston musulmonlari idorasi va Shvetsiyaning tegishli tashkilotlari o‘rtasida bevosita hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalasi muhokama qilindi.
Diniy konfessiya vakillari bilan ham o‘zaro muloqotlar o‘tkazildi.
Uchrashuv yakunida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi vakillari tomonidan parlamentlararo do‘stlik aloqalarini yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha muhim takliflar ilgari surilib, ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarning strategik ahamiyati yana bir bor ta’kidlandi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati