Sayt test holatida ishlamoqda!
16 Sentabr, 2026   |   5 Rabi`us soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:44
Quyosh
06:04
Peshin
12:18
Asr
16:41
Shom
18:35
Xufton
19:51
Bismillah
16 Sentabr, 2026, 5 Rabi`us soni, 1448

Nurul izoh: Tahorat

12.11.2019   14415   14 min.
Nurul izoh: Tahorat

*** Tahoratning farzlari ***

Tahoratning to‘rt farzi bor:

  1. 1. Yuzni, peshonaning soch chiqqan joyidan boshlab iyak ostigacha, ikki quloq yumshoqlari oralig‘ini yuvmoq.
  2. 2. Qo‘lni tirsaklari bilan qo‘shib yuvmoq.
  3. Boshning to‘rtdan bir qismiga mas'h tortmoq.
  4. Oyoqlarni to‘piqlari bilan qo‘shib yuvmoq.

 

*** Tahoratning hikmatlari ***

Dinimiz namozga turishdan oldin, ma’lum a’zolarni yuvishni (tahorat qilishni) buyurgan. Bundan maqsad faqat shu a’zolarni turli iflos narsalardan tozalash emas, balki moddiy tozalik bilan bir qatorda, o‘sha a’zolar vositasida qilingan gunohlarni ma’naviy, ko‘rinmaydigan kir va dog‘larni tavba, istig‘for suvi bilan poklash hamdir. Bu jihatdan tahoratda a’zolarning yuvilish tartibida hayratomuz teran hikmatlar mavjud. Bunda katta hikmat shuki, eng avval Allohning amrlariga isyon qilib, shaytonga itoatda peshqadam bo‘lgan a’zolar, so‘ngra unga ergashib gunoh ishlar qiluvchi boshqa a’zolar navbati bilan yuviladi.

  1. Yuvilishi farz bo‘lgan a’zolarning birinchisi yuzdir. Chunki inson yuzida (til) og‘iz, burun, ko‘z kabi gunoh ishlar qilishda asosiy vosita, sabab bo‘luvchi a’zolar bor. Masalan, harom narsalarni tishlab-chaynab, ichga yutuvchi og‘izdir. Haqoratlar, g‘iybatlar, tuhmatlar, yolg‘onlar, insonlarning orasini buzuvchi, fitnakor va adashtgiruvchi fikrlar, behayo so‘zlar til orqali og‘izdan chiqadi. Demak xoh Allohga qarshi, xoh bandalarga qarshi bo‘lsin, eng katta yomonliklarning amalga oshirilish o‘rni og‘izdir. Ko‘zlar-chi! Eng sirli yomonlikni ham o‘zidan qochirmaydigan va boshqa a’zolarni ortidan yugurtiradigan ular emasmi? Yomonlikning hidini olib, butun vujudni o‘sha tomonga yo‘naltirgan burunning banda qilgan gunohlardagi hissasi ozmi?

Shuning uchun gunohga, taqiqlangan amallarga boshlovchilik qilib, yo‘l ochib bergan bu a’zolarni, ya’ni yuzni eng avval yuvish buyurilgan. Bu a’zolardagi kir va iflosliklar suv bilan ketkazilganidek, ularni tavba, istig‘for va zikrulloh bilan poklash, yaxshi amallarga ishlatish zarur, toki haqiqiy musulmon bo‘lsinlar.

  1. Yuzdan so‘ng yuvish navbati qo‘llarga keladi. Chunki bir yomon ishni boshlashda avval til so‘zlaydi, so‘ngra ko‘zlar ko‘rib, keyin qo‘llar vazifani bajaradi va mazkur yomonlikka sherik bo‘ladi. Shu bois shaytonga ergashishda til va ikki ko‘zdan so‘ng darhol qo‘llarning zohiriy kirlari suv bilan, botiniy iflosligi esa, Allohga tavba qilish fayzi bilan poklanishi g‘oyat o‘rinlidir.
  2. Tahoratning uchinchi farzi boshga mas'h tortishdir. Tahorat bilan jismoniy kirlarni ketkazibgina qolmay, ko‘proq ma’naviy poklikka e’tibor berilishining yorqin misoli boshga mas'h tortishda ko‘rinadi. Chunki, shar’iy qoidaga ko‘ra, bosh doim biror narsa bilan yopilib, ya’ni bosh kiyim kiyib yuriladi. Ochiq holatda ham qalin sochlar bosh terisini chang-to‘zonlardan yaxshi himoya qiladi. Shu bois boshni har kuni besh marta yuvishga zarurat qolmaydi. Har bir tahoratda boshni yuvish og‘ir ishdir. Bu bandalariga yengillikni xohlagan Allohning g‘oyasiga zid. Ammo bosh, ma’naviy poklanishda aslo beparvolik qilib bo‘lmaydigan a’zo. Har qanday gunoh xabarini olib-olmay, fikrlaydigan, reja tuzib, amalga oshirish uchun boshqa a’zolarga vazifalar yuklaydigan miya bosh ichidadir. Boshdagi bunday ma’naviy dog‘larni bandaga eslatish, ularni ketkazish maqsadida mas'h tortish buyurilgan. Qalb ko‘zi ochiq, fikri teran insonlar buning buyuk hikmat ekanini yaxshi biladilar.

Tahoratning oxirgi farzi oyoqlarni yuvish. Oyoqlar vujudni gunoh ishlar qilinadigan joylarga eltib, ular­ni bajarishga imkoniyat yaratadi. Bu jihatdan oyoqlarning yomon ishlarga qo‘shgan hissasi oz emas. Shu bois namoz o‘qish oldidan oyoqlarning moddiy kirlarini yuvib, u sabab bo‘lgan gunohlarni ham eslab o‘tgach, mehribon va rahmli Alloh taolodan mag‘firat so‘rash juda muhimdir.

 

*** Tahorat olishga sabab va uning hukmi ***

Faqat tahoratli holda bajarilishi zarur bo‘lgan amal tahorat olishning sababidir. Bu tahoratning dunyoviy hukmi. Uxroviy hukmi esa, oxiratda savob olishdir.

 

*** Tahoratning vojib bo‘lish shartlari ***

Tahorat vojib bo‘lishining yettita sharti bor:

  1. Aqlli bo‘lmoq (chunki telbalar ilohiy buyruqlarga
    mas’ul emaslar).
  2. Balog‘atga yetganlik, chunki shariat buyruqlarini mukallaf bo‘lganlar bajarishga mas’uldirlar.
  3. Musulmon bo‘lmoq, chunki kofirlar namoz o‘qish kabi vazifalar bilan emas, imon keltirish bilan mukallaf bo‘ladilar.
  4. Tahoratda yuviladigan barcha a’zolarni yuvishga yetadigan suvga ega bo‘lmoq.
  5. Tahoratsiz bo‘lmoq, chunki tahoratning ustiga tahorat olish farz emas, mustahab amaldir.
  6. Hayz va nifosdan pok bo‘lmoq.
  7. Vaqt torligi. Tahorat qilish majburiyati ma’lum vaqt avvalida erkin ado etilsa, vaqt toraygach, darhol bajari­lishi shart bo‘lib qoladi. Chunki oxirgi vaqtda ham bajarilmasa, ortiq uni ado qilishga imkon qolmaydi.

 

*** Tahoratning durust bo‘lish shartlari ***

Tahorat durust bo‘lishi uchun uch shart mavjud:

  1. Tahoratda yuvish lozim bo‘lgan a’zolarning toza suv bilan to‘la yuvilishi (igna uchi qadar joy quruq qolsa ham, tahorat komil, durust bo‘lmaydi).
  2. Tahorat qilayotganida unga zid bo‘lgan hayz, nifos yoki siydik kabi narsalardan pok bo‘lish (tahorat paytida siydik tomchilari yoki tahoratni buzuvchi boshqa holatlar yuz bersa, tahorat durust bo‘lmaydi).
  3. Tahoratda yuvish lozim bo‘lgan a’zolarning sham, yog‘ (yog‘li bo‘yoq) kabi teriga suv yetib borishiga to‘sqinlik qiluvchi narsalardan pok bo‘lishi.

 

*** Tahoratning komil bo‘lishiga doir hukmlar ***

Qalin soqolning o‘zini yuvish, siyrak soqollarning tagiga, terisiga suv yetkazishi kerak. Soqolning o‘sib, yuzning doirasidan o‘tgan qismini va labning og‘iz yumilganida ko‘rinmaydigan ichki qismlarini yuvish shart emas.

Orasiga suv tegmas holda bir-biriga yopishgan barmoqlar orasini ochib yuvish, barmoq uchlarini yopib qo‘ygan uzun tirnoqlar va yopishib qolgan xamir, asal mumi, yog‘li bo‘yoq kabi narsalar ostita suv yetkazish lozim.

Barmoqlardagi tor uzuklar, ayollarning sirg‘alarini tagiga suv yetishi uchun qimirlatib qo‘yish vojib. Oyoqlarning dori surilgan yoriq, yara joylarini yuvish zararli bo‘lsa, dori ustidan ohista yuvish kifoya. Tahorat olganidan so‘ng, ustara tekkizilgan joylarni takror yuvish, (bosh kabi mas'h tortiladigan joylarni) mas'h qilish, olingan tirnoq va mo‘ylab o‘rnini yuvish shart emas.

 

*** Tahoratning sunnatlari ***

Tahoratning o‘n sakkizta sunnati bor. Ular quyidagilar:

  1. Tahoratning avvalida qo‘lni oshiqlari bilan yuvmoq.
  2. Allohning nomi bilan boshlamoq (ya’ni, «Bismilloh» demoq).
  3. Tahoratning avvalida misvok yoki cho‘tka bilan, u ham bo‘lmasa, o‘ng qo‘l barmoqlari bilan tishlarni tozalash.
  4. Og‘izni uch marta chayqamoq.
  5. Burunga uch marta suv tortib qoqish ya’ni, istinshoq.
  6. Ro‘za tutmaganlar uchun yaxshilab mazmaza va istinshoq qilish.
  7. Qalin soqolni qo‘lni yangidan ho‘llab, barmoqlar bi­lan ostidan hilol qilish.
  8. Qo‘l va oyoq barmoqlari orasini hilol qilmoq.
  9. Har bir a’zoni uch martadan yuvmoq (birinchi yuvish farz, qolganlari sunnat).
  10. Boshning hammasiga bir marta mas'h tortish.
  11. Quloqlarga mas'h tortish.
  12. A’zolarni ishqalab yuvish.
  13. A’zolarni uzluksiz, ketma-ket yuvmoq.
  14. Niyat qilmoq.
  15. Qur’oni karimda belgilangan tartibga rioya qilmoq (avval yuzni, so‘ngra ikki qo‘lni yuvgach, boshga mas'h tortmoq, eng oxiri oyoqlarni yuvmoq. Mazkur tartib asosida tahorat qilmoq Abu Hanifaga ko‘ra sunnat, Shofe’iyga ko‘ra farz).
  16. Juft a’zolarni yuvishni o‘ngdagisidan boshlamoq.
  17. Qo‘l va oyoqlarni barmoq uchlaridan boshlab yuvish.
  18. Boshga peshonadan boshlab mas'h tortish, bo‘yinga mas'h tortish. (Xalqumga mas'h tortish sunnat emas).

Oxirgi to‘rt sunnatni mustahab deganlar ham bor.

 

*** Tahorat odobi ***

Tahoratning o‘n to‘rt odobi bor:

  1. Suv sachramaydigan baland joyda tahorat qilmoq.
  2. Qiblaga yuzlanmoq.
  3. Tahorat olishda yordam talab qilmaslik (uzrlilar yordam olishlari mumkin).
  4. Tahorat qilayotganida dunyoviy so‘zlar aytmaslik.
  5. Qalban qilgan niyatni til bilan aytish (faqat qalban niyat qilish sunnat).
  6. Har bir a’zoni yuvayotganida (Payg‘ambarimiz va sahobalardan rivoyat qilingan) manzur duolarni o‘qimoq.
  7. Har bir a’zoni «Bismilloh» deb yuvmoq.
  8. Quloqlarning ichki qismini iligcha barmog‘i bilan tozalamoq.
  9. Keng uzukni qimirlatmoq (tor uzukni tagiga suv yeti­shi uchun qimirlatish farz).
  10. Og‘iz va burunga o‘ng qo‘l bilan suv olmoq.
  11. Chap qo‘l bilan mishirmoq.
  12. Uzrli bo‘lmaganlar uchun namoz vaqti kirmasdan av­val tahorat qilmoq.
  13. Tahorat olgach, shahodat kalimasini aytmoq.
  14. Tahorat olgach, tik turgan holda ortib qolgan suvdan ichmoq va "Allohummaj’alniy minat-tavvobin, vaj’alniy minal mutatahhirin" (Allohim, meni ko‘p tavba qilguvchilardan va gunohlardan poklanguvchilardan aylagin), deb duo qilmoq.

 

*** Tahorat olayotganida quyndagi olti holat makruhdir:

  1. Suvni isrof qilmoq.
  2. Suvni haddan ziyod (mas'h tortayotgandek) oz ishlatmoq.
  3. Suvni yuzga urmoq (sepmoq).
  4. Tahorat olayotganida dunyoviy so‘z aytmoq (gapirmoq).
  5. Uzrsiz, boshqa kishidan yordam so‘ramoq.
  6. Qo‘lni kayta-qayta ho‘llab, boshga uch marta mas'h tortish.

 

*** Tahorat turlari ***

Tahoratning uch turi mavjud: farz tahorat, vojib tahorat, mustahab tahorat.

  1. Farz bo‘lgan tahorat: tahorati bo‘lmagan odam har qanday namozni o‘qish uchun, janoza o‘qish uchun, tilovat sajdasi qilish uchun, Qur’oni karimning bir oyatini bo‘lsa ham qo‘lga olmoq uchun tahorat qilishi farz.
  2. Vojib bo‘lgan tahorat: Ka’bani tavof qilish uchun tahorat olish vojibdir.
  3. Quyidaga hollarda tahorat qilish mustahab:
  • Uxlash oldidan.
  • Uyqudan uyg‘onganida.
  • Doimo tahoratli yurish uchun.

Izoh: Hazrati Biloldan, roziyallohu anhu, rivoyat qilingan hadisga ko‘ra, Payg‘ambarimiz, sollallohu alayhi va sallam, bir kecha tushlarida jannatda takunya (tahorat uchun yog‘och poyafzal kiygan Hazrapsh Bilolning qadam tovushlarini eshitganlarini aytdilar. Uyg‘ongach, Hazrati Biloldan qaysi xayrli ama­li uchun bunday martabaga erishganini so‘radilar. Bilol Habashiy bunga javoban shunday dedi: "Har qachon, tahoratim buzilsa, darhol tahorat qilib, ikki rakat namoz o‘qir edim".

  • Tahorat ustiga olingan tahorat.
  • G‘iybat qilganidan so‘ng.
  • Yolg‘on so‘zlagach.
  • Gap tashuvchilik, ya’ni odamlar orasini buzish, fitna chiqarish uchun chaqimchilik qilganidan so‘ng.
  • Qandaydir bir yomonlik qilgach.
  • Yomon ma’noda (qabih) she’r yozgach.
  • Qahqaha otib kulgach (namozdan tashqarida).
  • Mayitni yuvish uchun.
  • Janoza (mayitni) ko‘targanidan so‘ng.
  • Har bir namoz vaqti kirgach.
  • Junub bo‘lsa, g‘usl qilmasdan avval.

Junub bo‘lgan kishi yeyish, ichish, uxlash yoki takror qo‘shilishni xohlaganida.

  • G‘azablangan paytda (chunki tahorat g‘azab otashini so‘ndiradi).
  • Qur’on tilovati va hadis rivoyati uchun.
  • Fiqhiy ilm o‘qish yoki o‘qitish uchun.
  • Azon va takbir aytish uchun.
  • Xutba o‘qish uchun.
  • Ravzai mutahharani (Payg‘ambarimizning qabrlarini) ziyorat qilish uchun.
  • Arafotda vuquf uchun.
  • Safo va Marva orasida sa’y (yugurish) uchun.
  • Tuya go‘shti yeganidan so‘ng.
  • Mujtahidlar o‘rtasidagi xilofli masalalardan chiqish uchun begona ayolga tegib ketgach (ya’ni, har ikkisining ochiq a’zolari bir-biriga tekkanida), tahorat qilish mustahabdir.

 

*** Tahoratni buzadigan narsalar ***

  1. Oldidan va orqadan chiqqan narsalar (najosat).
  2. Hech qanday qon ko‘rinmasa ham, tug‘ish.
  3. Old va orqadan boshqa, vujudning istalgan joyidan oqqan qon va yiring kabi narsalar.
  4. Xoh ovqat, xoh suv yoki quyuq qon yoki safro bo‘lsin, og‘iz to‘la qusmoq. Og‘iz to‘laligi, sahih naqlga ko‘ra, qiyqnalib qoladigan darajadagi to‘lalikdir. Bitta sabab tufayli qusish oz-oz bo‘lib, jami og‘izni to‘ldiradigan bo‘lsa, u ham ayni hukmdadir.
  5. Og‘izdan tupurg‘iga teng yoki undan ham ko‘p qon oqishi.
  6. Oyoqlar ustiga o‘tirgan holda, chalqancha yoki yuztuban yotgan holda, maq’adni batamom yerga tekkizmasdan uxlamoq.
  7. Tamakkun etgan holda (maq’adni batamom yerga tekkizib) uxlagan kishining yiqilmasa ham, uyg‘onmasdan maq’adini yerdan ko‘tarishi.
  8. Hushidan ketmoq.
  9. Jinni bo‘lmoq (aqldan ozmoq).
  10. Mast bo‘lmoq.
  11. Balog‘atga yetgan va uyg‘oq kishining rukuli va sajdali namozda qahqaha bilan kulishi, namozdan chiqish maqsadida bo‘lsa ham.
  12. Erkak jinsiy a’zosi ayol jinsiy a’zosiga (ichki kiyim) kabi hech qanday to‘siqsiz tegishi tahoratni buzadi.

 

*** Tahoratni buzmaydigan narsalar ***

Quyidagi narsalar tahoratni buzmaydi:

  1. Chiqqan joyidan yon-atrofiga yoyilmagan qon.
  2. Qotgan yaraning qon oqmagan holda ko‘chib tushishi, asosan sigirlar, ba’zan insonlar terisida ham uchraydigan qurt (irqi madaniy, nukra).
  3. Yaradan, quloq va burundan qurt chiqishi.
  4. Jinsiy a’zoni ushlash.
  5. Og‘zi to‘lmagan holda qusmoq.
  6. Ko‘p bo‘lsa ham, balg‘am tashlamoq.
  7. Ochiq qavlga ko‘ra, maq’adi joyidan ajralmasdan uxlayotgan kishining joyidan o‘ngga, chapga burilishi.
  8. Rukuda bo‘lsa ham, namoz o‘qiyotgan kishining uxlashi.
  9. Sunnatga mos tarzda, sajda holida bo‘lsa ham, namoz o‘qiyotgan kishining uxlashi. Muvaffaqiyat Allohdandir.

 

 

KЕYINGI MAVZULAR:

 

G‘uslni vojib qiladigan narsalar;

G‘uslning hikmatlari;

Junub bo‘lgach, nima uchun g‘usl qilamiz?

G‘uslni vojib qilmaydigan narsalar?

G‘uslning farzlari;

G‘uslning sunnatlari;

G‘usl odobi va makruhlari;

Sunnat bo‘lgan g‘usl turlari;

Quyidagi o‘n olti holatda g‘usl qilish mustahabdir;

Takrorlash uchun savollar;

Kutubxona
Boshqa maqolalar

Numan Kurtulmush: Yangi O‘zbekistondagi Uchinchi Renessans turk va islom dunyosining umumiy yutug‘idir

02.09.2026   48369   3 min.
Numan Kurtulmush: Yangi O‘zbekistondagi Uchinchi Renessans turk va islom dunyosining umumiy yutug‘idir

Turkiya Buyuk Millat Majlisi Raisi Numan Kurtulmush O‘zbekiston Mustaqilligining 35 yilligi arafasida “Dunyo” AA orqali O‘zbekiston xalqiga samimiy tabriklari va ezgu tilaklarini yo‘lladi:

Avvalo, Aziz qardosh va do‘st O‘zbekiston xalqiga eng samimiy salomlarimni, hurmat va ehtiromimni izhor etaman.

Turkiya bilan O‘zbekiston o‘rtasidagi geografik masofaga qaramay, qalblarimiz bir-biriga eng yaqin xalqlardanmiz. Mustahkam birodarlik rishtalarimiz mavjud. Umumiy tariximiz, madaniy merosimiz va qadriyatlarimiz bor. O‘zbekiston bizning ota yurtimizdir.

Ayniqsa, keyingi yillarda Prezident Shavkat Mirziyoyev va Prezident Rejep Tayyip Erdog‘an rahbarligida ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar tarixiy darajada mustahkamlanib, izchil rivojlanmoqda.

Bunga misol sifatida joriy yil yanvar oyida Prezident Shavkat Mirziyoyevning keng tarkibdagi delegatsiya bilan Turkiyaga amalga oshirgan tashrifini keltirish mumkin. Ushbu tashrif doirasida Istanbuldagi O‘zbekiston maktabi hamda Hatay viloyatida zilziladan jabr ko‘rgan fuqarolar uchun barpo etilgan “O‘zbekiston mahallasi”ning ochilish marosimlari ikki mamlakat o‘rtasidagi qardoshlik va do‘stlik rishtalarini yanada mustahkamladi.

Hurmatli birodarim – O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri Nuriddin Ismoilov bilan birgalikda Hatay viloyatining Arsuz tumanida joylashgan “O‘zbekiston mahallasi”ga nom berish marosimida ishtirok etdik. Marosim samimiy va do‘stona muhitda o‘tdi.

Fursatdan foydalanib, Turkiyada yuz bergan zilziladan keyin O‘zbekiston xalqi tomonidan ko‘rsatilgan beqiyos qardoshlik yordami uchun yana bir bor samimiy minnatdorchiligimizni bildiraman.

“O‘zbekiston mahallasi” va “O‘zbekiston maktabi” ikki davlat o‘rtasidagi do‘stlik va birodarlikning abadiy ramzlariga aylandi.

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ulkan taraqqiyotni biz har bir tashrifimizda o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rmoqdamiz. Barcha sohalarda keng qamrovli islohotlar amalga oshirilayotganiga guvoh bo‘lmoqdamiz.

O‘zbekiston nafaqat iqtisodiy taraqqiyot, balki fikr, falsafa, ilm-fan va san’at sohalarida ham Islom sivilizatsiyasining Uchinchi Renessansi sari dadil qadam tashlamoqda.

Bu borada Prezident Shavkat Mirziyoyevning kuchli va samarali rahbarligini alohida e’tirof etaman hamda unga chuqur hurmatimni bildiraman.

Ishonamanki, O‘zbekistonda shakllanayotgan Uchinchi Renessans nafaqat mamlakatning o‘zi, balki butun Islom olami uchun yangi yuksalish davrining boshlanishi bo‘ladi.

Buyuk madaniy merosga ega O‘zbekiston Alisher Navoiy, Ahmad al-Farg‘oniy, Ali Qushchi va Mirzo Ulug‘bek kabi buyuk allomalarni yetishtirgan zamindir. Bu yurt ilm-fan, falsafa, astronomiya va boshqa ko‘plab sohalarda insoniyat sivilizatsiyasiga beqiyos meros qoldirgan.

Shu bilan birga, islom ilmlari sohasida ham O‘zbekiston ulkan ma’naviy boylikka ega. Bahouddin Naqshband va Abdulxoliq G‘ijduvoniy kabi buyuk tasavvuf ulamolarining merosi ushbu zaminning Islom tafakkuridagi yuksak o‘rnini namoyon etadi.

Shuningdek, Imom Buxoriy, Imom Termiziy va Imom Moturidiy kabi buyuk allomalarning ilmiy merosi butun islom olamining bebaho boyligi hisoblanadi.

Umid qilamanki, O‘zbekiston ilm-fan, taraqqiyot va ma’rifat sohasidagi yutuqlari orqali nafaqat o‘zining yanada yuksalishiga, balki Turk dunyosi va butun Islom olamining ravnaqiga ham munosib hissa qo‘shishda davom etadi.

Yana bir bor aziz O‘zbekiston xalqiga eng samimiy salomlarim va ezgu tilaklarimni yo‘llayman.

Muhtaram Prezident Shavkat Mirziyoyevga mamlakat taraqqiyoti va xalqaro maydondagi faoliyatida ulkan muvaffaqiyatlar tilayman. Alloh taolo o‘zlariga sihat-salomatlik, uzoq va barakali umr ato etsin hamda O‘zbekiston xalqi, Turk dunyosi va Islom olami yo‘lida yanada ulkan xizmatlarni amalga oshirish nasib qilsin.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati