12 noyabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari Ozarbayjon poytaxtida bo‘lib o‘tadigan “Ikkinchi Boku dunyo diniy yetakchilarining sammiti” va uning doirasidagi tadbirlarda ishtirok etish uchun jo‘nab ketdilar.
2019 yilning 14–15 noyabr kunlari Boku shahrida Ikkinchi Boku dunyo diniy yetakchilarining sammiti hamda shayxulislom Ollohshukur Poshshozoda tabarruk 70 yoshga to‘lishi va shayxulislomlik faoliyatining 40 yilligi munosabati bilan ma’rifiy tadbirlar bo‘lib o‘tadi.
Tadbirlarda dunyoning turli mamlakatlaridan kelgan taniqli ulamolar, mashhur muftiylar, professor-olimlar, yetuk ekspertlar, davlat va din arboblari hamda turli konfessiya yetakchilari ishtirok etadi.
Mazkur xalqaro nufuzli tadbirda muhokama qilingan masalalar saytimiz orqali yoritib boriladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Islom dunyosi ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha tashkiloti (ICESCO) “Imom Buxoriyning “Al-Jome’ al-Musnad as-Sahih” asari: Ummat kitobi. Isnod va tasdiq sivilizatsiyasining ilmiy timsoli” nomli fundamental ilmiy nashrni taqdim etdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Mazkur kitobni tayyorlashda dunyoning 16 mamlakati yetakchi olim va tadqiqotchilari ishtirok etdi.
Nashr 2026 yil 9–10 iyul kunlari Samarqand shahrida o‘tkazilgan “Imom Buxoriyning “Al-Jome’ as-Sahih” asari – Ummat kitobi” mavzusidagi xalqaro ilmiy konferensiya materiallari asosida tayyorlandi. Anjuman O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi hamda ICESCO hamkorligida tashkil etilgan edi.
Hajmi qariyb 800 sahifadan iborat mazkur kitob buyuk muhaddis Imom Buxoriyning boy ilmiy merosiga bag‘ishlangan eng yirik zamonaviy tadqiqotlardan biri hisoblanadi. Unda hadisshunoslik, islom ilmlari tarixi hamda hadislar ishonchliligini aniqlash metodologiyasiga oid dolzarb ilmiy maqolalar jamlangan.
Nashrda Imom Buxoriy yashab ijod qilgan tarixiy va ilmiy muhit, uning hadislarni saralash va tasniflashdagi betakror uslubi, shuningdek, “Sahihi Buxoriy” asariga bag‘ishlangan zamonaviy ilmiy tadqiqotlar, bahs-munozaralar va tahlillar o‘rin olgan.
Mazkur fundamental nashrning e’lon qilinishi islomshunoslik sohasidagi xalqaro ilmiy hamkorlikni yanada rivojlantirishga xizmat qilib, O‘zbekistonning Imom Buxoriy ilmiy merosini o‘rganish va targ‘ib etish bo‘yicha jahon miqyosidagi nufuzli markazlardan biri sifatidagi o‘rni tobora mustahkamlanayotganini yana bir bor tasdiqlaydi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati