Hozirgi kunda dunyodagi ijtimoiy-mafkuraviy muammolardan eng xavflisi diniy-g‘oyaviy, xususan, ekstremistik, missionerlik va prozeletizm muammolari bo‘lib, bu ayni vaqtda bizning mustaqil O‘zbekistonimizga ham o‘z ta’sirini o‘tkazmoqda.
Ma’lumki ajdodlarimiz e’tiqod qilib kelayotgan diniy va ma’naviy merosni asrab-avaylash – mustahkam e’tiqod va irodalilikdan dalolat beradi. Bugungi kunda hayotimizda uchrab turayotgan turli oqim-harakatlarga ko‘ra, ayrim kishilar u dindan bu dinga va boshqasiga o‘tib yurishi aslida e’tiqodsizlik emas, balki e’tiqodining sustligi, ilmsizlik, g‘oyaviy bo‘shliq xamda irodasizlikdir. Bu haqda Birinchi Prezidentimiz I.A.Karimov “Odam o‘z mustaqil fikriga, zamonlar sinovidan o‘tgan hayotiy milliy qadriyatlarga, sog‘lom negizda shakllangan dunyoqarash va mustahkam irodaga ega bo‘lmasa, xar turli ma’naviy tahdidlarga, ularning goh oshkora, goh pinhona ko‘rinishdagi ta’siriga bardosh berishi amrimahol. Buni kundalik hayotda uchrab turadigan ko‘plab voqealar misolida yaqqol kuzatish mumkin va ularning qanday oqibatlarga olib kelishini uzoq tushuntirib o‘tirishning hojati yo‘q, deb o‘ylayman” deb ta’kidlagan edi.
Ushbu harakatlarga jalb qilinayotganlar ko‘proq ayollar va yoshlarning ishtirokida namoyon bo‘layotganligi achinarli holdir. Chunki ularning kiziqish xamda moddiy va ma’naviy ehtiyojlarini qondirishda diniy oqim va tashkilotlar o‘z g‘oyalari bilan jalb qilgan holda maqsadlarini amalga oshirish osonroqdir.
Islom shiorlaridan tanlab foydalanadigan, dinning asl mohiyatini buzib talqin qiladigan ekstremistik tuzilmalar keng xalq ommasi bilan uzviy mavjudligini ko‘rsatish, aslida esa jamiyatda tartibsizlik va parokandalikni yuzaga keltirish uchun mablag‘ yig‘ish, asosiy tahdid manbai sifatida odamlar ongu shuurini egallash, jamiyatda beqarorlik keltirib chiqarish orqali hokimiyatga erishish maqsadini ko‘zlaydilar.
Ekstremistik okimlarning xozirgi kundagi faoliyatida zamonaviy axborot kommunikatsiyalaridan keng foydalanish, internet orkali targ‘ibot ishlarini olib borishga aloxida e’tibor karatilgan, internet orqali suhbat olib borish jarayonida yoshlarga kufr diyori, hijrat, jihod, shahidlik, xalifalikni tiklash kabi g‘oyalar singdirilib ular turli xil to‘qnashuv va nizoga jalb qilinmoqda. Ijtimoiy tarmoklarda bo‘zg‘unchilik va buzg‘unchi g‘oyalarni targ‘ib qiluvchi yuzlab guruhlar mavjudligi fikrimizning yaqqol dalilidir. Shuning uchun ham yoshlarda xabar va ma’lumotlarni tahlil eta olish malakasini xosil kilish zarur.
Zero har kanday xabar ham to‘g‘ri va xolis bo‘lavermaydi. Har bir ma’lumotni tekshirib ko‘rib keyin xulosa kilish hakida Alloh taolo bunday deydi: «Ey mo‘minlar! Agar sizlarga biror fosiq kimsa xabar keltirsa, sizlar (haqiqiy ahvolni) bilmagan holingizda biron qavmga aziyat yetkazib qo‘yib, (keyin) qilgan ishlaringizga pushaymon bo‘lmasligingiz uchun (u xabarni) aniqlab (tekshirib) ko‘ringiz» (Hujurot surasi, 6-oyat).
Muqaddas Islom dinimiz insoniyatni komillikka da’vat etuvchi buyuk ta’limoti bilan birga, uni soxtalashtiruvchilar, undan o‘z shaxsiy manfaatlari yo‘lida foydalanuvchilar ham yo‘q emasligini, ayni ana shu salbiy hodisalar jamiyat taraqqiyotida kutilmagan fojialarni keltirib chiqarishi mumkinligini hayot ko‘rsatmokda.
Bugun dunyoda ko‘plab buzg‘unchi oqimlar muqaddas Islom dinini niqob qilib, begunoh insonlarning qonini to‘kmoqdalar. Bu oqimlarni bir so‘z bilan din buzarlar deb nomlansa xato bo‘lmaydi. Ular o‘zlariga turli nomlarni qo‘yib, diniy shiorlarni bayroq qilib olyaptilar-u lekin qilayotgan ishlari dinimizga ziddir.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam tinchlik va xotirjamlik xaqida bunday deganlar: «Tinchlik va xotirjamlik ikki ulug‘ ne’matdurki bundan ko‘p odamlar bebahradurlar» (Imom Buxoriy rivoyati). Shu yurtda yashayotgan har bir eldoshimiz tinch va farovon yurtimizning qadriga yetmog‘imiz, uni ko‘z qorachig‘iday asramog‘imiz lozimdir.
Shunisi diqqatga sazovorki, ekstremistik ruhdagi tuzilmalarning hech biri biron-bir shaklda o‘zlari jar solayotgan, o‘zlari «intilayotgan» jamiyat qurilishi modelini taklif etolmaydilar.
Diniy ekstremistik harakatlar nima uchun asosiy e’tiborni ayollar va yoshlarga qaratmoqdalar? Respublikamizda e’tiqod erkinligini ta’minlash masalasida barcha sharoitlar yaratib berilgan bir sharoitda, makkor va qo‘poruvchi kuchlar, diniy mutaassib guruhlar o‘z qabih rejalarini amalga oshirish yo‘lida xalq ichida buzg‘unchi g‘oyalarni tarqatishga urinmoqdalar. Amaliyot shuni ko‘rsatmoqdaki, ekstremistlar o‘z maqsadlari uchun asosan yosh yigit va qizlarni tanlaydilar.
Xulosa qilib aytganda, ayollar va yoshlarning turli oqim va harakatlar domiga tushib qolishining oldini olishda ularda mafkuraviy immunitetni va bilim darajasini oshirish, ularning bo‘sh vaqtini nazorat qilish muhim ahamiyat kasb etadi. Chunki aynan ular Vatanimiz kelajagidir.
A.Allaberganov
Hazorasp tumani “Axtam sahoba” masjidi imom-xatibi
Xabar berganimizdek, 19-20 avgust kunlari Islom sivilizatsiyasi markazida O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilarining «Zamonaviy diniy ta’lim: pedagogika, ilm-ma’rifat va innovatsiya» nomli I ilmiy-amaliy anjumani bo‘lib o‘tmoqda.
Bugun, 19 avgust kuni ishtirokchilar kutib olinib, ularning Islom sivilizatsiyasi markaziga sayohati tashkil etildi. Tashrif davomida mehmonlar markazning boy ekspozitsiyalari, Qur’oni karim zali, nodir qo‘lyozmalar hamda buyuk ajdodlarimizning ilmiy merosiga bag‘ishlangan bo‘limlar bilan yaqindan tanishdi. Ayniqsa, zamonaviy multimedia loyihalari va tarixiy eksponatlar ularda chuqur taassurot qoldirdi.
Ustozlar Markazda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar islom ma’rifatini targ‘ib qilish hamda yosh avlodni milliy-diniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etishini e’tirof etishdi.
Shuningdek, ishtirokchilar O‘zbekiston musulmonlari idorasida ham bo‘lishdi. Hazrati Imom majmuasidagi tarixiy qadamjo va obidalarni ziyorat qilishdi.
Oqshomda Islom sivilizatsiyasi markazi binosida ma’rifiy dastur – mapping namoyish qilindi.
Mazkur tadbirlar islom sivilizatsiyasi merosini targ‘ib etish, diniy ta’lim tizimini yanada takomillashtirib, yangi bosqichga olib chiqishda salmoqli hissa bo‘lib qo‘shiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati