Yangi darsimizni boshlashdan oldin sizlarni va o‘zimni yana bir bora Alloh taolo ehtirom ko‘rsatib bizlarga bergan Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning mavlid oyi xotirasi bilan muborakbod etaman.
Alloh azza va jalladan ushbu muborak xotirani arab va islom olamiga Rasululloh istaganlaridek nishonlashi uchun ilhom berishini so‘rayman. Ushbu mavlid xotirasini musulmonlar orasida kengayib borayotgan fitna va qiyinchiliklarni tugatishda harakatga keltiruvchi kuchga aylantirishini Allohdan tilayman.
Afsuslar bo‘lsinki, bizlar Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning: “Mendan keyin bir-biringizning bo‘yniga uradigan adashgan kofir bo‘lib ketmanglar” – degan so‘zlarini unutib qo‘ydik yoki o‘zimizni unutganga soldik.
Bundan tashqari har yili Rasulullohning mavlidlari munosabati bilan bo‘ladigan yig‘ilishlarning qonuniyligi atrofida ayrim kishilar qo‘zg‘aydigan nizo va tortishuvlar ham yuzaga chiqdi. O‘zlaringiz bilganingizdek bu yerda Rasulullohning mavlid xotirasini nishonlab xursandchilik qilishni shari’at qonunchiligida yo‘q deb biladigan va bunda qat’iy turadigan kishilar bor. Ular o‘zlarining ixtiloflari bilan ko‘pchilik jamoat orasida u yer, bu yerlardagi turli yig‘inlarda kishilar bilan tortishib yuradilar. Menga ham ushbu masala haqiqda juda ko‘p savol beradilar. Men bu haqida yana bir bor qaytarib aytishim lozimki, avvalo ushbu tortishuvlar har yili qayta-qayta takrorlanaveradi. Ushbu savolni berayotganlar mavlidning haqiqiy mazmun va mohiyatini tushunish uchun savol bermaydilar balki, uning o‘zi haqida savol tashlaydilar. Ya’ni ushbu do‘stlarimiz Rasulullohning mavlid xotirasini nishonlab xursandchilik qilishni shari’at qonunchiligida yo‘q, deydilar.
Faraz qilaylik agar osmondan Qur’on oyatlari nozil bo‘ladigan bo‘lsa va Rasululloh sollallohu alayhi va sallam yana qaytadan kelib ularga: “Bu narsa shari’at qonunchiligida bor” – desalar. Ular; “Bu narsa shari’atda yo‘q” – degan gaplarida qat’iy turadilar. Bu tortishuvlarning oqibati davom etaveradi.
Ushbu do‘stlarimizga nisbatan bizning tutadigan eng afzal yo‘limiz ushbu tortishuv qoldig‘ini to‘xtatib ularning mujtahid ekaniga qanoat qilamiz va ularning mavlid xotirasini nishonlab xursandchilik qilmaslik kerak degan fikrlarini o‘zlariga qo‘yib beramiz. Bizlar ham mujtahidlarmiz va biz bu ishni shari’at qonunchiligida bor deb bilamiz. Shunda bu muammo tugaydi.
Qancha-qancha ixtilofli ish va masalalar bor. Ushbu masalalar haqida bir guruh mujtahidar ijtihod qilib, bu masalaning hukmi bunday bo‘ladi – degan. Yana boshqa bir guruh mujtahidlari ham ijtihod qilib uning yechimini bayon qilganlar. Bu mujtahidlar u mujtahidlarni taqdirlagan, ular ham o‘z navbatida bularni mukofatlagan. Agar ushbu do‘stlarimiz ham bobolarimiz va o‘tgan ulamolarimiz kabi odobni ushlasalar biz ham tinch rohat olamiz. Lekin ular har safar muammo va mushkulliklar keltirib chiqarishda qat’iyat ko‘rsatmoqdalar. Nihoyasi yo‘q tortishuvlarni yuzaga keltirmoqdalar. Bu holat bizlarni ushbu tortishuv vaqtida ularga ozuqa oladigan ashyolar va kerakli ma’lumotlar berishimizni majbur qiladi.
Biz Rasulullohning mavlid xotirasini nishonlab xursandchilik qilishni shari’at qonunchiligida bor deb aytamiz. Bu xursandchilik taqiqlangan harom ishlardan holi bo‘lish sharti bilan durust bo‘ladi deymiz.
Bu xursandchilik Rasulullohning shamoyil va siyratlarini eslashdan hamda sayyidimiz Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning muhabbatini kuchaytiradigan omillarni yuzaga chiqarishdan iborat bo‘lishi lozim. Agar bu kabi majlisda taqilangan ishlar bo‘lmasa biz uni shari’at qonunchiligida bor deb aytamiz. Uning dalili Nabiy sollallohu alayhi va sallamning sayyidimiz Muso alayhis-salomni Firavndan najot topganlarini nishonlaganlaridir. U zot Alloh azza va jalla Musoni Firavndan qutqargan kunni bilgandan keyin ushbu kunni xotirlab nishonladilar. Bu Muharram oyining to‘qqizinchi kunidir. Rasululloh sahobalarga bu kunning ro‘zasini tutishni buyurdilar. Ro‘za tutmaganlarni ham kunning qolgan qismida taom yemay o‘zlarini saqlab turishlariga amr qildi. Bu ish shu kunni nishonlash uchun bo‘lgan edi. Rasululloh yahudiylarning ham bu kunda ro‘za tutishlarini bilgach:
”Biz Musoga ulardan ko‘ra haqliroqmiz”- dedilar.
Endi bizlarni Rasulullohga ergashgan holimizda Musoning Firavndan qutilganini nishonlab xursandchilik qilishimiz joiz bo‘lganidan keyin Alloh taolo olamlarga rahmat qilib yuborgan sayyidimiz Muhammad alayhis-salomning mavlidlarini nishonlab xursandchilik qilishimiz nima uchun joyiz bo‘lmas ekan. Bu so‘zlar imom Muslim va boshqalarning sahihlarida turibdi.
Yana boshqa bir dalil, Nabiy sollallohu alayhi va sallam dushanba kuni ro‘za tutar edilar. Buning sababi haqida u kishidan so‘ralganda: “Bu men tug‘ilgan kundir” — deb javob berganlari sahih Buxoriy va boshqa kitoblarda kelgan.
Ya’ni Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning o‘zlari ham tug‘ilgan kunlari xotirasini nishonlab ro‘za tutganlar.
Ho‘b, Rasulullohning tug‘ilgan kunini nishonlab xursandchilik qilish joyiz bo‘lsa, endi biz bu xursandchilikni qanday ifoda etamiz? Biz bu quvonchni bizni Allohga yaqinlashtiradigan har qanday vosita bilan ifoda etamiz.
Rasulullohning hayotlarini eshitish uchun to‘planish zikr emasmi?! Albatta bu zikr turlarining eng ulug‘idir.
Rasulullohni maqtash va u zotning ko‘plab sifatlarini bayon qilish uchun yig‘ilish Allohga yaqinlashtiruvchi qurbat emasmi?!
Ushbu kunda musulmonlarning quvvatini ziyoda qilishni, Allohga yaqin bo‘lishni hamda Rasululloh bilan bo‘lgan bitimimizni yangidan mustahkam bo‘lishini so‘rab duo qilish uchun jamlanish Allohga yaqinlashtiruvchi qurbat emasmi?!
Biz qanday xursandchilik qilamiz? Ana shu tarzda xursandchilik qilamiz.
Yana bir marta qaytarib aytaman, bu majlis taqiqlangan harom ishlardan holi bo‘lishi kerak.
Ayrim shaxarlarda mavlid sababidan erkak ayollar aralashib bir joyda jamlanishlarini aytishdi. Yo‘q, bu esa mumkin emas. Biz bu kabi nishonlashni aytayotganimiz yo‘q. Haromni harom deyiladi. Biz Rasulullohning mavlid xotirasini nishonlab xursandchilik qilish deganda bizni Allohga yaqinlashtiradigan amallar bilan nishonlashni aytayabmiz. Ayrim do‘stlarimiz Rasululloh bu ishni qilmaganlar-ku demoqchi bo‘ladilar. Ya’ni u zot tug‘ilgan kunlarida sahobalarni bir joyda yoki masjidda yig‘ib jamalamaganlar va sahobalardan birini nashid aytishga ham buyurmaganlar, deydilar. Ha ular shunday deydilar.
Ho‘b, ushbu savolning javobi nima? Javob quyidagicha, hamma ulamolar bir ovozdan qabul qilgan usuliy va fiqhiy qoida bor. Ushbu qoidani sizlar ham yodlab olinglar do‘stlarim. Mustafo sollallohu alayhi vasallamning biror amalni qilmaganliklari o‘sha narsaning harom ekaniga dalil bo‘lmaydi. Bu qoida hammaga ma’lum va mashhurdir.
Muhammad Sa’id Ramazon Butiy
Toshkent shahar “Ko‘kcha oqtepa” jome masjidi imom-xatibi
Abdulloh G‘ulomov tarjimasi
AQSH Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo ishlari bo‘yicha yordamchisi Samir Pol Kapur O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi, xabar bermoqda iccu.uz.
Islom sivilizatsiyasining ko‘p asrlik tarixi, uning ilm-fan, madaniyat va ma’rifat taraqqiyotiga qo‘shgan ulkan hissasi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyalarida yaxlit va ta’sirchan tarzda namoyon etilgan. Tashrif davomida Samir Pol Kapur islomgacha bo‘lgan davr sivilizatsiyalaridan tortib, Yangi O‘zbekiston davriga qadar bo‘lgan tarixiy jarayonlarni aks ettiruvchi galereyalar, buyuk allomalarning ilmiy-ma’rifiy merosi, noyob qo‘lyozmalar, muqaddas yodgorliklar hamda zamonaviy raqamli texnologiyalar asosida yaratilgan interaktiv ekspozitsiyalar bilan yaqindan tanishdi.
Mehmon ekspozitsiyalarning mazmunan izchilligi va tarixiy jarayonlarni bir-biri bilan uzviy bog‘liq holda namoyon etish usuliga alohida e’tibor qaratdi. Uning qayd etishicha, bu yerda muzey eksponatlari orqali o‘tmish haqida ma’lumot olish bilan cheklanib qolmay, tarixiy davrlar ruhini his qilish, ular o‘rtasidagi bog‘liqlikni anglash imkoni ham mavjud.
Samir Pol Kapur o‘z taassurotlarini quyidagicha ifodaladi:
«Bu muhtasham maskan. Islom tarixi va madaniyatining asrlar davomidagi taraqqiyoti bilan yaqindan tanishish men uchun unutilmas tajriba bo‘ldi. Bu yerda tarixni shunchaki kitob sahifalari orqali emas, balki o‘z ko‘zingiz bilan ko‘rasiz, uni his qilasiz va go‘yo o‘sha davrlarning ichida bo‘lasiz. Shu bois ushbu noyob maskanni barpo etishga hissa qo‘shgan barcha insonlarga samimiy minnatdorchilik bildiraman.
Yoshlarga ham bu yerga kelishni albatta tavsiya qilaman. Chunki bu maskan nafaqat tarixni o‘rganish, balki o‘tmish bilan kelajak o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlikni anglash imkonini beradi. Men uchun eng esda qolarli lahzalardan biri Qur’oni karimga bag‘ishlangan golografik namoyish bo‘ldi. U menda katta taassurot va hayajon uyg‘otdi.
Menimcha, bu dargoh islom sivilizatsiyasining jahon tamadduniga qo‘shgan ulkan hissasini butun dunyoga namoyon etishga xizmat qiladi. Shuning uchun har bir inson bu yerga tashrif buyurib, ana shu boy va bebaho meros bilan shaxsan tanishishi lozim».
Pol Kapurning fikricha, Markazning ahamiyati uning tarixiy merosni namoyon etish bilangina cheklanmaydi. Ushbu maskan yosh avlod uchun o‘tmish saboqlarini anglash, ilm-fan va ma’rifatning sivilizatsiya taraqqiyotidagi o‘rnini his etish, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhini shakllantirish uchun ham muhim ma’naviy-ma’rifiy maydon vazifasini o‘taydi.
Tashrif yakunida AQSH Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo ishlari bo‘yicha yordamchisi Samir Pol Kapur Islom sivilizatsiyasi markazidan olgan taassurotlari yuksak ekanini qayd etib, ushbu maskan boy tarixiy merosni zamonaviy muzey texnologiyalari va ta’sirchan taqdimot usullari orqali jahon jamoatchiligiga yetkazishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati