XI asr oxirida Eronda yuzaga kelib, maxfiy ravishda ish ko‘rgan «Hashshoshiylar» (arabcha – hashish (nasha) chekuvchilar, giyohvandlar) terrorchilik oqimi esa, hokimiyatni egallash maqsadida ularga xayrixoh bo‘lmagan hukmdorlarga suiqasd uyushtirish amaliyotini oldinga surgan edi. Uzoq vaqt hashshoshiylar ko‘plab hukmdorlarga tahdid solib turgan, hattoki, ayrim Yevropa mamlakatlari rahbarlari o‘z xavfsizliklarini ta’minlash uchun ularga to‘lov to‘lashga majbur bo‘lgan. Shu bilan birga, «hashshoshiylar» zamonaviy terrorchilar tomonidan ham keng qo‘llanilayotgan, oddiy kishilar va yoshlarga giyohvand moddalarni iste’mol qildirib, o‘lsa shubhasiz jannatga tushishiga ishontirgan.
Buzg‘unchilik va zo‘ravonlikka asoslangan, e’tiqodiy birlikka tahdid solgan bunday oqimlar faoliyati o‘z davri ulamolari tomonidan qattiq qoralanib, sultonlar tomonidan ta’qib qilinganini alohida ta’kidlash lozim. Masalan, Umaviy va Abbosiy xalifalar xorijiylarni butunlay qirib tashlash siyosatini olib borgan edilar. Islom mohiyatiga yot bo‘lgan bunday oqimlarning barchasi oxir oqibatda tanazzulga duchor bo‘lgan.
Shunday bo‘lsa-da, islomning mohiyatiga butunlay zid bo‘lgan yuqoridagi g‘oyalar va amaliyot shakllari keyingi davrlarda ham rivoj topganini aytish joiz. Islomda «inqilobiy kurash» ta’limotini yaratgan suriyalik Ahmad ibn Taymiya (1263-1328)ning turli aqidaviy masalalarda ash’ariylik va moturidiylikka zid fikrlari keyinchalik turli mutaassib guruh va harakatlar yetakchilari mafkurasiga asos bo‘lib xizmat qildi. Buning natijasida bugungi kunda ham faoliyat yuritayotgan ekstremistik harakatlar o‘ziga bayroq qilib olgan soxta salafiylik harakati shakllanishiga zamin yaratildi.
Aslida «salafiylik» arab tilidagi «salaf» so‘zidan olingan bo‘lib, «ajdodlar», «avval yashab o‘tganlar» ma’nolarini anglatadi. Hadislarga ko‘ra, Payg‘ambar Muhammad alayhissalom zamonida va undan keyingi ikki davrda yashagan musulmonlar haqiqiy salaflar sanaladi. Islom ulamolari ilk musulmonlarni «salafi solih», ya’ni «solih ajdodlar» deb hisoblashda yakdildir. Ulardan keyingi davrlarda yashagan musulmonlarga nisbatan «salaf» yoki «salafiy»lar tushunchalarini ishlatish mumkin emas. Biroq so‘nggi yillarda «salafi solihlarga ergashish» shiorini niqob qilib olgan mutaassib kuchlar paydo bo‘lganini alohida qayd etish lozim.
Tarixiy adabiyotlarda XVIII asrda islom dinini «asl holatiga qaytarish» bayrog‘i ostida «ad-Da’va ad-damaviya», ya’ni «qonli da’vat» nomini olgan harakatlar paydo bo‘lgan bo‘lsa, XIX asrning ikkinchi yarmidan o‘z oldiga xalifalikka asoslangan islom davlatini barpo etish vazifasini qo‘ygan soxta salafiylik g‘oyalari «islohotchilik», «panislomizm» niqobi ostida yangidan jonlandi.
Soxta salafiylarning asosiy maqsadi dunyoviy davlat tamoyillarini qoralash va inkor qilish, davlatni to‘ntarish orqali hokimiyatni qo‘lga kiritish hamda xalifalikka asoslangan tuzumni o‘rnatishdir. Qanday shaklda chiqmasin va qanday g‘oya ostida harakat qilmasin, soxta salafiylikning buzg‘unchilik mohiyati o‘zgarmay qolmoqda. Buni ularning Qur’on oyatlarning majoziy ma’nosi borligini rad etish, Payg‘ambar Muhammad alayhissalomning tug‘ilgan kunini nishonlashni inkor etish, o‘zlariga ergashmagan musulmonlarni kofirlikda ayblash, bugungi kun bilan emas, balki o‘rta asrlar tafakkuri doirasida yashash kabi islom asoslari buzilishiga olib boradigan g‘oyalari misolida ham ko‘rish mumkin. Shuningdek, har qanday yangilikning «bid’at» hisoblash, an’anaviy mazhablarni inkor qilish, tasavvufni umuman tan olmaslik, marhumlar ruhiga Qur’on tilovat qilish va xayr ehson qilish mumkin emas, deb hukm chiqarish ham soxta salafiylikka xosdir.
Yuqorida qayd etilganidek, Ibn Taymiya va uning izdoshlari aqida yoki ibodat masalalariga ko‘proq e’tibor qaratishgan bo‘lsa, soxta salafiylikning keyingi davomchilari ta’limotlarida siyosiy islohotlarni amalga oshirish zarurligini bayroq qilib ko‘tardilar. Bu islomning siyosiylashishi va «islom xalifaligini tiklash» g‘oyalarining keng yoyilishiga olib keldi. Hozirda soxta salafiylik g‘oyalari ostida asosan Shimoliy Afrika, Yaqin Sharq, Kavkaz va Markaziy Osiyoning ayrim hududlarida faoliyat olib boradigan har akatlar jamiyatdagi e’tiqodiy birlik, barqarorlik va taraqqiyot uchun real tahdidga aylangan.
Bugungi kunga kelib, o‘zini «Salafiylar» deb atayotgan diniy-siyosiy guruhlar «Islom jamiyatini qurish davlatchilikning asosi bo‘lishi kerak», degan shior ostida odamlarning ongi va turmush tarzidan milliy qadriyat, urf-odatlarni siqib chiqarish, shariat ahkomlariga ko‘r-ko‘rona rioya qilishga majburlash, amal qilmaganlarga nisbatan qattiq jazo qo‘llash kabi xatarli maqsadlarni ko‘zlab harakat qilmoqdalar. Mutaassiblik ko‘rinishlaridan bo‘lgan soxta salafiylik milliy ma’naviyatimiz, mustaqilligimizga real tahdid sifatida namoyon bo‘lmoqda. Shunday ekan, yurtimiz tinchligi, osoyishtaligi, ravnaqi va farovonligi doimiy hamda qat’iy harakatlarni talab etadi.
Tolibjon ERGASHЕV,
Buvayda tuman bosh imom-xatibi
O‘zbekiston musulmonlari idorasi hamda Birlashgan Arab Amirliklari Islom ishlari va vaqflar bosh boshqarmasi hamkorligida o‘zbekistonlik imom-xatiblar uchun BAAda malaka oshirish o‘quvlari boshlandi. Bu haqda mazkur jarayonda ishtirok etayotgan Masjidlar bilan ishlash bo‘limi xabar berdi.
Mazkur o‘quv kurslarining asosiy maqsadi ikki qardosh mamlakat diniy soha vakillari o‘rtasida o‘zaro tajriba almashish, ilg‘or ma’rifiy yondashuvlar, zamonaviy ish usullari hamda dolzarb diniy-ijtimoiy masalalar yuzasidan fikr almashishdan iboratdir.
Safar doirasida bo‘lib o‘tgan navbatdagi ilmiy-amaliy mashg‘ulot davlatchilik asoslari, bag‘rikenglik madaniyati va zamonaviy diniy-ijtimoiy yondashuvlar mavzusiga bag‘ishlandi. Unda BAAning taraqqiyot yo‘li, qonun ustuvorligi va jamiyat barqarorligida «vasatiyya» (mo‘tadillik) tamoyilining o‘rni muhimligi ta’kidlandi. 200 dan ortiq millat va elat vakillari tinch-totuv istiqomat qilayotgan ushbu mamlakatda inson qadri va o‘zaro hurmat asosiy mezon ekaniga urg‘u berildi.
O‘z navbatida, BAA tomoni O‘zbekistonning boy sivilizatsiyasi va dunyo tamadduniga ulkan hissa qo‘shgan buyuk allomalarimiz merosini yuksak ehtirom bilan tilga oldi.
Malaka oshirish jarayonida ishtirokchilar masjidlar faoliyatini tashkil etish, jamiyatda ma’naviy muhitni mustahkamlash, xususan, ma’ruza va suhbatlarni zamonaviy axborot texnologiyalari — interaktiv taqdimotlar va proyektorlar orqali ko‘rgazmali yetkazish bo‘yicha ilg‘or amaliyotlar bilan yaqindan tanishmoqdalar.
Tadbir davomida BAA rahbariyatining global miqyosdagi insonparvarlik va xayriya tashabbuslari ham alohida e’tirof etilib, ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish va diniy soha xodimlarining kasbiy salohiyatini oshirishga qaratilgan mazkur manfaatli safarni tashkil etgan mutasaddilarga samimiy minnatdorlik bildirildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati