(Davomi)
3-qism
Alloh taolo borliqni yaratganda uni biror narsadan olib yaratgan emas. Alloh barcha narsalarni yaratmasdan oldin ham azaldan bilur edi. Barcha narsalarning taqdir va qazosini Uning o‘zi belgilagan. Bu dunyodagi va oxiratdagi har bir narsa faqat uning xohishi, ilmi, qazosi, qadari, Lavhulmahfuzga yozib qo‘yilishi bilan bo‘lur. Lekin, yozib qo‘yishi tavsif yo‘li bilandir, hukm yo‘li bilan emas, ya’ni majburiy emas. Qazo, qadar va xohish – Allohning azaliy sifatlari. Faqat ularning mohiyat va kayfiyati bandasiga ma’lum emas.
Yaratilmagan narsani Alloh taolo yaratmay turib yo‘q deb bilgani kabi, uni yaratgandan keyin qanday holatda bo‘lishini ham bilur. Shuningdek, mavjud narsani Alloh taolo mavjudligidagi holatni qanday bilsa, uning yo‘q bo‘lib ketish holatlarini ham shunday bilur. Yana Alloh taolo tik turgan kishini tikkalik holatini qanday bilsa, u o‘tirgach, o‘tirgan holatini ham shunday bilib turur. Lekin bu bilan Uning ilmi o‘zgarib qolmaydi yoki yangi ilm paydo bo‘lgan bo‘lmaydi. O‘zgarish va turlanish maxluqot va mavjudotlarda sodir bo‘lur.
Alloh taolo insonlarni yaratganda kufr va imondan xoli qilib yaratgan. So‘ngra ularni xitob qilib, ba’zi narsalarga buyurgan, ba’zi narsalardan qaytargan. Shulardan keyin kimki kufrni tanlagan bo‘lsa, demak, u o‘z ixtiyori bilan haqiqatni inkor etgach, Alloh toloning tavfiqidan mahrum holda kufrni tanlagan bo‘lur. Shuningdek, kimki imonni tanlagan bo‘lsa, u ham o‘z ixtiyori, iqtidori, tasdig‘i va Allohning tavfiqi hamda yordami bilan imon keltirgan bo‘lur.
Odam alayhissalomning pushti kamarlaridan qiyomatgacha dunyoga keladigan zurriyotlarni mayda zarrachalar shaklida chiqarib, ularga aql ato etdi va ularga xitob qilib, o‘z toatiga buyurdi, ma’siyatidan qaytardi. Ular Allohni Rabbimiz deb iqror etdilar. Bu ularning imoni deb sanaldi. Bas, har bir tug‘ilgan inson avlodi shu fitrat (tabiat) bilan dunyoga kelur. Shundan keyin har kim kufrga ketgan bo‘lsa, demak, u mazkur imonni o‘zgartirgan bo‘lur. Har kim imon keltirib, tasdiq etgan bo‘lsa, demak, u barqaror qolibdur va davom etibdur. Alloh taolo hech kimni kufrga ham, imonga ham majbur etmagay. Shuningdek, hech kimni mo‘min yoki kofir qilib yaratmagay. Balki, insonlarning har birini mustaqil shaxs sifatida yaratgan. Imon bilan kufr bandalarning ishidir. Alloh taolo kufrga ketgan kishini o‘sha paytning o‘zida kofir deb biladi. Qachonki u shundan keyin yana imon keltirsa, o‘sha paytning o‘zida uni mo‘min deb biladi va do‘st tutadi. Lekin uning ilmi ham, sifati ham o‘zgarmagan bo‘lur.
Bandalarning harakat va sukunatlaridan tortib barcha fe’llari haqiqatan ularning kasb va faoliyatlari hisoblanadi, lekin ularni Alloh yaratadi. Ularning hammasi Allohning xohishi, ilmi, qazosi va qadari bilan yuzaga keladi. Toat va savobli ishlar Allohning amri, muhabbati, rizosi, ilmi, xohishi, qazosi va taqdiri bilan amalga oshirilur. Toatsizlik va gunoh ishlar esa, Allohning ilmi, qazosi, taqdiri va xohishi bilan amalga oshirilsada, Uning muhabbati, rizosi va amri bilan emasdir.
(Imom A’zam Abu Hanifa rahmatullohi alayhning
“Fiqhi akbar” kitobi)
Qumqo‘rg‘on tumanidagi "Xo‘jamulki" mahallasida "Mahallada obodlik va mehr-saxovat oyligi" doirasida keng jamoatchilik va aholi vakillari ishtirokida qizg‘in obodonlashtirish va bunyodkorlik ishlari olib borilmoqda. Bu tashabbus mahalla hayotiga yangicha ruh baxsh etib, hamjihatlik va ezgulik muhitini yanada mustahkamlamoqda.
Azaliy qadriyatlarimizdan biri bo‘lgan hashar an’anasi asosida mahalla ahli bir yoqadan bosh chiqarib, o‘z hududini yanada obod, fayzli va ko‘rkam maskanga aylantirish yo‘lida fidokorona mehnat qilmoqda. Har bir fuqaroning qalbida Vatanga muhabbat, mahallaga ehtirom tuyg‘usi jo‘sh urib, ular bunyodkorlik ishlariga faol hissa qo‘shmoqdalar.
Xususan, mahalla hududidagi muqaddas qadamjolardan biri – "Xo‘jamulki ota" qabristonida keng ko‘lamli tozalash va obodonlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda. Hashar ishtirokchilari tomonidan qabriston hududi begona o‘tlar va chiqindilardan puxta tozalanib, qabr ustilari tartibga keltirilmoqda. Shuningdek, ziyoratchilar uchun qulay sharoitlar yaratish borasida zarur ishlar olib borilib, ajdodlar xotirasiga chuqur ehtirom ko‘rsatilmoqda.
Bu kabi ezgu tashabbuslar mahallada obodlik va hamjihatlik muhitini mustahkamlash bilan birga, ajdodlarimiz xotirasiga bo‘lgan hurmatimizni namoyon etadi. Ayni paytda, yosh avlodga milliy qadriyatlarimizni singdirish, ularni Vatanga muhabbat va mehnatsevarlik ruhida tarbiyalashda beqiyos ahamiyatga egadir. Bugungi hashar – kelajak avlod uchun namuna, ertangi kun uchun mustahkam poydevordir.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Surxondaryo viloyati vakilligi Matbuot xizmati