BIRINCHI BOB
QADIMGI – ISLOM SHARIATIDAN
OLDINGI TARIX HAQIDA SO‘Z
Qadimgi – Islom shariatidan oldingi tarix Odam alayhissalomning yaratilishidan boshlanib, Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallamning payg‘ambarliklarigacha davom etadi. Alloh subhanahu va taolo Qur’oni Karimda o‘tgan ummatlarning qissalarida ibrat borligini ta’kidlab, Yusuf surasida shunday marhamat qiladi:
«Batahqiq, ularning qissalarida aql egalari uchun ibrat bor edi» (111-oyat).
Qur’on va uning qissalari to‘qima, uydirma emas, balki avvalgi ilohiy kitoblarda kelgan xabarlar tasdig‘idir. Odatda, yolg‘on, to‘qima gap bir-birini tasdiqlay olmaydi. Tezda o‘rtada xilof chiqib, sir fosh bo‘ladi.
Shuningdek, Qur’on har bir narsani mufassal bayon qiluvchidir. Agar u to‘qilgan va uydirma bo‘lganida, bu qadar mufassal, bu qadar aniq va ravshan, bunchalar mu’jizakor bo‘la olmas edi.
BIRINCHI FASL
ODAMNING YARATILISHI
Birinchi inson Odam alayhissalomdir. Shuningdek, Odam alayhissalom nabiylarning ham birinchisi hisoblanadi. Alloh subhanahu va taolo O‘zining hikmati ila yer yuzida insonni yaratib, O‘ziga o‘rinbosar qilishni iroda etdi. Shu bilan birga, ana shu O‘zi yaratgan o‘rinbosariga yer yuzidagi barcha narsalar va imkoniyatlarni beminnat xizmat qildirib qo‘yishni ham iroda etdi. Allohning alohida lutfi ila va barcha imtiyozlarga ega qilib yaratilgan ana shu jonzot Odam deb ataldi.
Alloh subhanahu va taolo Odamni tuproqdan yaratdi. So‘ng unga O‘z ruhidan, ya’ni O‘zi yaratgan ruxdan jon pufladi. Odamga O‘zi bu dunyoda yaratib qo‘ygan har bir narsaning nomini o‘rgatdi, farishtalarni unga sajda-ta’zim qilishga amr etdi. Odamga sajda qilishdan bosh tortgan, Allohning amriga bo‘ysunmagan iblisni esa la’natlab, O‘z huzuridan quvdi.
Bu haqda Alloh subhanahu va taolo quyidagi oyatni nozil etib, shunday bayon qilgan:
«Esla, Robbing farishtalarga: «Men yer yuzida xalifa qilmoqchiman», dedi. Ular: «Unda buzg‘unchilik qiladigan, qon to‘kadigan kimsani (xalifa) qilasanmi? Holbu-ki, biz Seni hamding ila poklab yod etib va Seni muqaddaslab turibmiz», dedilar. (U Zot) «Men siz bilmaydigan narsani bilaman», dedi» (Baqara surasi, 30-oyat).
Ushbu oyatdan ma’lum bo‘lyaptiki, Alloh taolo Odamni O‘zining yer yuzidagi o‘rinbosari – xalifasi bo‘lishini iroda etgan ekan. Demak, insonga ulkan ishonch bildirilgan, u ulug‘ Allohning xalifasi bo‘lishdek oliy maqomga loyiq ko‘rilgan. Bunday marhamatning o‘ziga yarasha buyuk mas’uliyati ham bor. Inson shuni anglagan holda, uni xalifa qilib qo‘ygan Zotning buyurganlarini bajarmog‘i, yaratgan Zot munosib ko‘rgan oliy maqomga dog‘ tushirmaslikka harakat qilmog‘i kerak.
Farishtalarning «Unda buzg‘unchilik qiladigan, qon to‘kadigan kimsani (xalifa) qilasanmi?» degan gaplaridan bilinadiki, ular o‘zlarigagina ma’lum yo‘l bilan insonning yer yuzida fasod, buzg‘unchilik qilishi va qon to‘kishini, ayni choqda ular farishtalik tabiati bilan o‘zlari aytib turgan tasbehu hamdlarni va qilib turgan ulug‘lashlarni ushbu maxluqotlarning yaratilish maqsadi deb bilganlar. Ammo Allohning ilmi boshqa, farishtalar buni bilmaydilar. Shuning uchun ham Alloh taolo: «Men siz bilmaydigan narsani bilaman», dedi. Ya’ni odamlardan ba’zilarining buzg‘unchilik qilishi yoki qon to‘kishi yer yuzida xalifa yaratish irodasiga to‘siq bo‘la olmaydi. Shuningdek, farishtalarning tasbeh va hamd aytib, Allohni hamisha ulug‘lab turishlari ham U Zotni ulardan boshqa mavjudotni yaratishdan to‘sa olmaydi.
«Va Odamga ismlarning barchasini o‘rgatdi, so‘ngra ularni farishtalarga ko‘rsatib: «Agar rostgo‘ylardan bo‘lsangiz, manavilarning ismlarini menga aytib bering-chi», dedi» (Baqara surasi, 31-oyat).
Alloh taolo Odamni O‘zining yer yuzidagi xalifasi qilayotgan paytda unga ulug‘ bir sirni bergani ushbu oyatdan bilinib turibdi. U ham bo‘lsa, Odamga ismlarning barchasini o‘rgatishidir. Ya’ni inson o‘zini o‘rab turgan barcha ashyolarning belgisi sifatida ismni, ma’noni ishlatadi. His qilinadigan, jismga ega bo‘lgan narsalarni fahmlash uchun nutqiy ramzlarni ishlatish qudrati inson hayotidagi eng ulug‘ qudratlardan biri hisoblanadi. Aks holda, birovga tog‘ni tushuntirmoqchi bo‘lsangiz, uni tog‘ning oldiga olib borib aylantirib ko‘rsatishdan o‘zga chora bo‘lmas edi. Agar Alloh taolo insonga ushbu qobiliyatni bermaganida, yer yuzida hayotni tasavvur qilish ancha qiyin bo‘lardi.
Rivoyatlarda kelishicha, «Buning ismi ot, bunisi tuya, mana bu quyosh, bu esa yulduz», deb hatto kichkina narsalargacha o‘rgatilgan. Ya’ni Odamning yer yuzida xalifa bo‘lishining asosiy sabablaridan biri ilm olishga iste’dodining borligidir. Hozirda insonning ilm yordamida borliqning sirlarini kashf etayotgani ham o‘shanda berilgan qobiliyat natijasidir.
Alloh taolo Odamga ismlarning barchasini o‘rgatganidan keyin ularni farishtalarga ro‘baro‘ qildi va: «Agar «Unda buzg‘unchilik qiladigan, qon to‘kadigan kimsani (xalifa) qilasanmi?» degan da’volaringiz rost bo‘lsa, Menga ushbu narsalarning ismlarini aytib beringlar», dedi. Farishtalar u narsalarga ism qo‘yishdan ojiz qoldilar va o‘z ojizliklarini tan olib:
«(Ular) «O‘zing poksan! Bizda Sen bildirgandan boshqa ilm yo‘q. Albatta, Sen O‘zing biluvchisan, hakimsan», dedilar» (Baqara surasi, 32-oyat).
Farishtalar shu o‘rinda yuksak odob misolini ko‘rsatdilar. Bilmagan narsalarini so‘zsiz «Bilmaymiz» deb aytdilar. Bilmagan narsasini tan olib, vaqtida «Bilmayman» deyish ham katta odob, ham katta ilm hisoblanadi.
Shunda Alloh taolo O‘zining yer yuzidagi xalifasi – Odamning ustunligini namoyon etish uchun:
«Ey Odam, ularga bularning ismlarini aytib ber», dedi. Ularga o‘shalarning ismlarini aytib bergan chog‘ida: «Sizlarga: «Osmonlaru yerning g‘aybini bilaman va sizlar oshkor qiladigan narsalarni ham, berkitgan narsalarni ham bilaman», demabmidim?» dedi» (Baqara surasi, 33-oyat).
Shu bilan Odamning farishtalardan ustunlik tarafi namoyon bo‘ldi. U ham bo‘lsa, ilm-ma’rifat edi. Inson yer yuzida buzg‘unchilik qilishi va qon to‘kishi ham mumkin, ilohiy ne’mat bo‘lmish ilmni o‘z o‘rnida ishlatib, farishtalardan ustun bo‘lishi ham mumkin.
So‘ng Alloh subhanahu va taolo Odam Atoning chap qovurg‘asidan u zot alayhissalom uchun jufti halol – Momo Havvoni yaratdi. Ularga jannatdan joy ato etib, unda farog‘atda yashashlarini ta’minladi. Ular jannatda ma’lum bir muddat yashadilar.
Alloh taolo ularga jannatdagi hamma mevalarni tanovul qilishga ruxsat berib, faqat bittagina daraxt mevasini (sinov uchun) man qildi.
Odamni va uning zurriyotlarini to qiyomatgacha ig‘voga solishni, to‘g‘ri yo‘ldan adashtirishni va’da qilgan la’nati iblis Odam Ato va Momo Havvoni tinmay ig‘vo qilib, ularni man qilingan daraxt mevasidan yeyishga olib keldi. Ushbu hodisadan keyin Odam alayhissalom bilan Momo Havvo Allohga tavba qildilar. Alloh tavbalarini qabul kildi va ularni yer yuziga tushirdi.
Jabroil alayhissalom Odam alayhissalomga yer yuzida yashash, hayot kechirish, mehnat qilish, jumladan, dehqonchilik, ziroat ishlari, ekin-tikinlarni sug‘orish kabi ishlarni o‘rgatdi. Odam alayhissalom o‘z juftlari bilan ekin ekib, ziroatchilik bilan shug‘ullandilar. O‘z hayotlari uchun zarur bo‘lgan mahsulotlarni yetishtirib, hosil olib, kun kechirdilar. Alloh subhanahu va taolo Odam Ato va Momo Havvoga farzandlar ato etdi.
Tarixchilar Odam Ato va Momo Havvo yer yuzining qaysi hududiga tushganlari to‘g‘risida ixtilof qiladilar. Bu borada turli-tuman va juda ko‘p gaplar aytilgan. Odam Ato va Momo Havvo Arabiston yarimoroliga tushirilgan, degan fikr egalari ko‘pchilikni tashkil etadi. Yana Hindistondagi tog‘ yaqiniga tushirilgan, deganlar ham bor.
Yaratilishining ilk davridan boshlab inson o‘zining komil va go‘zal suratida bo‘lgan. Ba’zi dinsizlar aytganidek, avval sodda jonzot bo‘lib, so‘ng maymunga va nihoyat odamga aylanmagan. Balki Alloh taolo uni eng go‘zal suratda, eng chiroyli xilqatda yaratgan. Bu haqiqatni Alloh taolo Qur’oni Karimda alohida ta’kidlab, Tiyn surasida shunday marhamat qiladi:
«Biz insonni eng go‘zal tuzilishda yaratdik» (4-oyat).
Alloh taolo insonni ham jismonan, ham aqlan, ham ruhan eng yaxshi holatda yaratgani hammaga ma’lum.
Shundan so‘ng insoniyat tarixidagi eng mashhur, olamshumul voqealardan biri – Qobil va Hobil voqeasi ro‘y berdi. Bu voqea yer yuzida sodir etilgan eng birinchi gunoh, eng birinchi jinoyat sifatida eslanadi.
Qobil va Hobil Odam alayhissalomning to‘ng‘ich farzandlaridan edi. O‘sha vaqtdagi sodda hayotga moslangan sodda sharoitda farzandlar (ilohiy hikmatga ko‘ra juft holda) bir o‘g‘il, bir qiz bo‘lib tug‘ilar edi. Keyingi farzandlar ham xuddi shunday – bir o‘g‘il, bir qiz tug‘ilgan. Ular voyaga yetgan paytda yer yuzida ulardan boshqa odam bo‘lmagani sababli, Alloh taoloning O‘zi joriy qilgan shariat qoidasiga ko‘ra, birinchi tug‘ilishdagi o‘g‘il ikkinchi tug‘ilishdagi qizga uylanishi, ikkinchi juftlik ham xuddi shunday – almashib turmush qurishi yo‘lga qo‘yilgan. Bu faqat o‘sha ilk davrga xos ruxsat bo‘lgan. Alloh taolo boshqa inson zoti yo‘q ilk davrdayoq insonlarning ko‘payishini shu tarzda iroda etgan. Buning uchun esa oila qurib yashashni hayotning bosh qonuni qilib qo‘ygan.
Tarixchilar Qobilning to‘ng‘ich farzand bo‘lgani, u yuqoridagi qonuniyatga zid ravishda o‘zi bilan birga tug‘ilgan singlisiga uylanishni xohlagani, shunda Hobil unga qarshilik qilgani va shu tariqa ularning orasida nizo paydo bo‘lganini ta’kidlaydilar. Shundan so‘ng Qobil va Hobil Alloh subhanahu va taolo uchun qurbonlik qilishadi. Hobil qo‘chqor qurbonlik qiladi va Alloh taolo uni qabul etadi. Qobilning qilgan qurbonligi esa qabul bo‘lmaydi. Shunda Qobil hasad qilib, Hobilni o‘ldirib qo‘yadi. Mana shu bashariyat yer yuzida sodir etgan birinchi jinoyat hisoblanadi.
Alloh taolo Moida surasida marhamat qiladi:
«Ularga Odamning ikki o‘g‘li xabarini haq ila tilovat qilib ber. O‘shanda ikkovlari qurbonlik qilganlarida, birlaridan qabul qilindi, boshqasidan qabul qilinmadi. «Men seni o‘ldirajakman», dedi. (Narigisi) dedi: «Alloh taqvodorlardangina qabul qiladi. Agar meni o‘ldirish uchun qo‘l ko‘tarsang ham, men seni o‘ldirish uchun qo‘l ko‘tarmayman. Men olamlarning Robbi Allohdan qo‘rqaman. Mening gunohimni ham, o‘zingning gunohingni ham olib ketib, shu sababdan do‘zax ahlidan bo‘lishingni xohlayman. Ana o‘sha zolimlarning jazosidir». Nafsi unga birodarini o‘ldirishni yaxshi ko‘rsatdi. Bas, uni o‘ldirdi. Shu sababdan ziyon ko‘ruvchilardan bo‘ldi» (27-30-oyatlar).
Qur’oni Karimda Odam Atoning vafotlari haqida gap yo‘q. Bu haqda tarixchilar o‘z mulohaza va ilmiy izlanishlarining natijalarini quyidagicha bayon qiladilar.
Odam Ato bir rivoyatga ko‘ra, ming yil yashab, so‘ng vafot etganlar va imom Tabariy, Ibn Asir, Ya’qubiy va boshqa olimlarning rivoyatlariga ko‘ra, Makkai mukarramadagi Abu Qubays tog‘i yoniga dafn qilinganlar. Odam alayhissalomni yuvish, kafanlash, janozalarini o‘qish, qabrlarini qazish va dafn qilish ishlarini farishtalar amalga oshirganlar.
Ba’zilar u zotning Hindistondagi bir tog‘ yaqiniga dafn qilinganlarini aytishadi.
SHIS ALAYHISSALOM
Alloh subhanahu va taolo Odam Atoga o‘g‘illari Shis alayhissalomni ato qildi. Shis alayhissalom ham nabiy bo‘lganlar. U zotga Alloh taolo ko‘plab o‘g‘illar va qizlar berdi. Ulardan insoniyat nasli tarqaldi.
Allohning nabiysi Odam alayhissalom o‘z hayotlari davomida, to vafot etgunlaricha o‘z farzandu nabiralarini Allohning yo‘liga da’vat qilishda, ularga tavhid aqiydasini o‘rgatishda, Allohning ta’limotlarini yetkazishda bardavom bo‘ldilar.
Muhaddislarimizdan Ibn Hibbon rahmatullohi alayh o‘zining «Sahih» nomli kitobida ulug‘ sahobiy Abu Zarr G‘iforiy roziyallohu anhudan rivoyat qiladi:
«Men: «Ey Allohning Rasuli, anbiyolar nechta?» dedim. U zot: «Bir yuz yigirma to‘rt ming», dedilar. Men: «Ulardan rasul bo‘lganlari qancha?» dedim, u zot: «Uch yuz o‘n uchta, ko‘pchilik», dedilar Men: «Ularning (nabiylarning) avvali kim bo‘lgan?» degan edim, «Odam», dedilar».
Yuqorida ta’kidlanganidek, Shis alayhissalom Odam alayhissalomning farzandlaridan biri bo‘lib, u zot ham nabiy bo‘lganlar. Shis alayhissalom hayotlari davomida insonlarni Allohga da’vat etib, Allohning shariatini qoim qilish uchun harakat qilib o‘tganlar.
Shis alayhissalomdan keyin Idris alayhissalom keladilar.
IDRIS ALAYHISSALOM
Idris alayhissalom Alloh taoloning payg‘ambarlaridan Odam va Shis alayhissalomlardan keyingi – uchinchisi va Qur’oni Karimda zikr qilingan payg‘ambarlar ichida Odam Atodan keyingisidir.
Alloh taolo u zot haqlarida Maryam surasida marhamat qilib aytadi:
«Va Kitobda Idrisni esla. U siddiq va nabiy bo‘lgan edi. Va uni oliy maqomga ko‘tardik» (56-57-oyatlar).
Shuningdek, Anbiyo surasida:
«Va Ismoil, Idris va Zulkiflni (esla). Ularning har biri sabr qiluvchilardandir. Va ularni O‘z rahmatimizga kiritdik. Albatta, ular solihlardandir», deydi (85-86-oyatlar).
Qur’oni Karimda Idris alayhissalom haqlarida bundan boshqa ma’lumot yo‘q.
Tarixchilarning ta’kidlashlaricha, Idris alayhissalomning otalarining ismi Yorid bo‘lib, nasablari Shis alayhissalomga to‘rt avlod orqali yetib boradi.
Mashhur tarixchilarimizdan Ibn Is'hoq rahmatullohi alayhning ta’kidlashicha, Idris alayhissalom qalam bilan yozuv yozgan birinchi odamdir.
Ulamolarning rojih (kuchli) gaplariga qaraganda, Idris adayhissalom Bobilda tavallud topganlar.
Alloh taolo u zotga payg‘ambarlikni berganidan keyin kishilarni Odam va Shis alayhissalomlarning shariatlariga da’vat qilganlar. Biroq u zotning da’vatlarini ozchilik qabul qilib, ko‘pchilik rad etgan. Shunda u zot o‘zlariga ergashganlar bilan Bobilni tark etib, hijratga chiqqanlar. U kishi o‘z hijratlari uchun Misrni tanlaganlar va u yerda yashagan paytlarida odamlarni Allohning diniga da’vat qilganlar.
Idris alayhissalom birinchi bo‘lib madaniy ishlarni yo‘lga qo‘yganlar. Odamlarga madaniyatga oid ishlarni, qonun-qoidalarni o‘rgatganlar. U zotning davrlarida 188 ta shahar qurilgan ekan.
Idris alayhissalomning yer yuzidagi istiqomatlari sakson ikki yil bo‘lgan. So‘ng Alloh taolo u zotni «oliy makon»ga ko‘targan.
Idris alayhissalom yerdagi umrlarining oxirigacha Allohning shariati bilan hukm qilishda bardavom bo‘ldilar. Albatta, yer yuziga payg‘ambarlarni yuborishdan ko‘zlangan maqsad ham Allohning shariati davom etishi edi. Shunday qilib, odamlar ko‘payib bordi va bir o‘lkadan boshqa o‘lkalarga hijrat qilish holatlari yuz berdi.
XALQLARNING KO‘CHISHI
Arabiston yarimorolida tobora odam soni ko‘payib, boshqa joylarga ko‘cha boshlashdi. U yerlar hozirgi vaqtdagi Hijoz[1] diyorlari deya taxmin qilinadi. Tarixchilarning ta’kidlashlaricha, mazkur tarixiy ko‘chishlar bir necha taraflarga bo‘lgan.
Birinchisi Arabiston yarimorolidan shimoli-sharqiy taraflarga – Iroqqa bo‘lgan. Keyinchalik bir qancha kishilar Osiyo va Amerika taraflarga ham ko‘chib ketishgan.
Ikkinchisi shimolga – Shom tarafga bo‘lgan. Shom tarafga ko‘chgan ushbu jamoalardan bir qanchalari O‘rta yer dengizi atrofidagi mintaqalarga borib joylashgan, degan taxminlar bor.
Uchinchi ko‘chish janubiy mintaqalarga – Yaman tarafga bo‘lgan. Keyinchalik bu yerdan Afrika va Hindiston tomonlarga tarqalgan.
Insoniyat tarixiga nazar solib, mulohaza qilinadigan bo‘lsa, Alloh subhanahu va taolo insoniyatni hidoyat qilish uchun yuborgan nabiylarning kupchiligi Shom, Iroq, Misr va Arabiston yarimoroli mintaqalaridan chiqqanlar. Alloh taolo o‘sha yerlardagi bandalaridan payg‘ambarlar tanlab olgan. Shuning uchun iymon-e’tiqodli tarixchilar mana shu mintaqalarni dastlabki inson yashagan, obod bo‘lgan mintaqalar, deb qat’iy ishonishadi.
Asta-sekin ibtidoiy tarzda yashovchi insonlarning sodda hayotlari biroz taraqqiy etib, tamaddun shakliga kira boshlagani va taraqqiyot, obodonchilik holatlarini kuzatib, bir to‘xtamga kelgan tarixchilar: «Dastlabki tamaddunlar fir’avnlar va samuriylar tamadduni bo‘lgan», deyishadi. Bular tarixdagi eng qadimgi tamaddunlar – sivilizatsiyalardir.
KЕYINGI MAVZULAR:
IKKINCHI FASL
Iroq payg‘ambarlari va podshohliklari haqida;
Nuh alayhissalom:
Iroqdagi Sumariya davlati
Ibrohim alayhissalom
Iroqdagi Akkod va Bobil davlati
[1] Hijoz - shimoldan janubga qarab Tabuk, Madina, Jidda, Makka va Toif kabi katta shaharlar joylashgan o‘lka.
Hadislarning islomdagi yuksak ahamiyati va asosiy yo‘riqnoma ekani, muqaddas dinimizning barcha jihatlari Sunnatga bog‘liqligi xuddi Qur’oni kabi hadislarni ham Alloh himoya qilishini taqozo etadi. Buni quyidagi dalillar misolida ko‘rish mumkin.
Birinchidan, Muhammad sollallohu alayhi vasallam – oxirgi Payg‘ambar, u zot keltirgan shariat qiyomatgacha qoluvchi so‘nggi shariatdir. Bu shariat hadislar bilangina mukammal bo‘lib, unga faqat Sunnat orqali komil amal qilish mumkin. Demak, shariat qiyomatgacha o‘zgarishlarga uchramay saqlanishi uchun uning ikki asosi bo‘lmish Qur’on ham, hadislar ham muhofaza qilingan bo‘lishi shart.
Ikkinchidan, Alloh taoloning quyidagi so‘zlarida buning tasdig‘i yaqqol namoyon bo‘ladi: «Ular Allohning nurini og‘izlari bilan o‘chirmoqchi bo‘lurlar. Alloh esa, garchi kofirlar yoqtirmasa ham, o‘z nurini batamom qilishdan boshqa har narsadan bosh tortadir. U garchi mushriklar yoqtirmasa ham, O‘z Rasulini hidoyat va haq din bilan hamma dindan ustun qilish uchun yuborgan Zotdir» [Tavba surasi, 32-33-oyatlar].
«Allohning nuri» – Rasuliga yuborgan hidoyat va haq din. Bunga ham vahiyning ikki turi – Qur’on va hadis kiradi. Bu nurni faqat Qur’on bilan cheklashga hech qanday asos yo‘q, chunki islom dini hadissiz to‘liq bo‘lmaydi. Chunki, uni hadislardan ayro holda tasavvur qilish imkonsizdir.
Yuqoridagi oyatning ma’nosini quyidagicha tushunish mumkin: «Kofirlar Allohning dinini yolg‘on va urushlar bilan yo‘q qilmoqchi bo‘ladi, lekin buni uddalay olmaydi. Ular quyosh nurini puflab o‘chirmoqchi bo‘lgan nodonlarga o‘xshaydi. Alloh taolo O‘z dinini muqarrar g‘olib qiladi».
Uchinchidan, Alloh taoloning mana bu kalomi: «Albatta, zikrni Biz nozil qildik va, albatta, uni Biz muhofaza qilurmiz» [Hijr surasi, 9- oyat].
Ushbu dalil “zikr” so‘zining ma’nosiga bog‘liq. Lug‘at kitoblarida, xususan, «Al-Qomus»da bu kalima “din tafsilotlari va qonun-qoidalari bayon qilingan kitob” deb ta’riflangan. Imom Rog‘ibning «Mufradot» asarida: «Har bir haq so‘z zikr deyiladi», deb aytilgan.
Ibn Foris “kitob” so‘zining asli bir narsani boshqasida jamlashni anglatishini aytib o‘tgan. Imom Rog‘ib esa, yozuvda harflarni bir-biriga qo‘shib tizish «kitobat» (yozish) deyilishini, bu so‘z ba’zan og‘zaki nutqqa nisbatan ham ishlatilishini qo‘shimcha qilgan. Shuning uchun ham Alloh taoloning kalomi, garchi o‘sha kezlari hali qog‘ozga tushirilmagan bo‘lsa-da, oyatlarda «kitob» deb nomlangan.
«Din tafsilotlari bayon qilingan kitob» so‘zlariga ko‘ra, «Albatta, zikrni Biz nozil qildik» oyatidagi “zikr” Qur’oni karim ekani ayon bo‘ladi. Ko‘pchilik ulamo va mufassirlar shu fikrda yakdildir. Biroq “zikr” so‘zi faqat Qur’onga xos emas, balki keng ma’noli bo‘lib, u boshqa narsalarga nisbatan ham ishlatiladi. Masalan, «Bilmasangiz, zikr ahlidan so‘rangiz» oyatidagi «zikr ahli» olimlardir.
Shunga ko‘ra, «Albatta, zikrni Biz nozil qildik va, albatta, uni Biz muhofaza qilurmiz» oyati Qur’oni karimning o‘zgarishdan saqlanishini ochiq-oydin bildiradi. Lekin faqat Qur’onni saqlashini anglatmaydi. Chunki Haq taolo boshqa narsalarni ham saqlagan, masalan, Payg‘ambarimizni dushmanlar suiqasdidan asragan, shuningdek, Arshni, osmonlar va yerni zavolga yuz tutishdan saqlab turadi.
Oyatdagi muhofaza qilish va’dasi avvalgi ilohiy kitoblarga nisbatan qo‘llangan bo‘lishi ham mumkin. Chunki Alloh taolo avvalgi kitoblarni saqlashni o‘sha qavmlarning o‘ziga topshirgan, ular esa buni uddalay olmagan edi. Oqibatda oldingi ilohiy kitoblar o‘zgartirib yuborilgandi. Qur’onni saqlashni esa Alloh taolo O‘z zimmasiga oldi.
Oyatning ma’no va maqsadiga qaralsa, u islomni barcha jihatlari bilan saqlashni o‘z ichiga oladi. Muqaddas dinimizning ikkinchi asosi bo‘lgan hadislar ham shular jumlasidandir. Chunki Qur’onni saqlashdan maqsad islomni muhofaza qilish ekan, u hadissiz to‘liq saqlanib qolmaydi.
Qur’oni karimni muhofaza qilishdan asosiy maqsad bandalarning unga amal qilishidir. Mus'hafi sharifdagi ko‘plab hukmlar umumiy va qisqa berilgan, ularni ularga hadis orqali batafsil tushungachgina amal qilish mumkin. Masalan, Alloh azza va jalla: «Va sizga (ey Muhammad!) odamlarga nozil qilingan narsani o‘zlariga bayon qilib berishingiz uchun zikrni nozil qildik», degan. Bu Qur’on bilan birga uning “bayoni”ni – ma’nosini, tafsilotlarini, ya’ni hadislarni ham Alloh saqlanishini tasdiqlaydi.
Aynan shuning uchun ham ulug‘ imom Abdulloh ibn Muborak hadisning muhofaza qilinishiga mana shu oyatni dalil qilib keltirgan. U kezlarda uydirma hadislar ko‘payib ketgan edi. Bir kuni odamlar: «Bu to‘qilgan hadislar nima bo‘ladi?» deb so‘rashganida, u: «Ular uchun bilimdon mutaxassislar bor», deb javob berib, «Albatta, zikrni Biz nozil qildik va, albatta, uni Biz muhofaza qilurmiz» oyatini qiroat qilgan.
Bu bilan ulug‘ imom hadislar ham xuddi Qur’oni karim kabi Alloh taoloning himoyasida ekanini tushuntirgan. Hadislar majmuidan tashkil topgan Sunnatni saqlash esa bilimdon muhaddis olimlar orqali amalga oshiriladi. Ular hadislarni ilm elagidan o‘tkazib, saralab, sahihini zaifidan, aslini uydirmasidan ajratib beradi. Islom tarixi davomida muhaddislar aynan shu ishni qildi va bu Allohning hadisni saqlash haqidagi va’dasining isboti bo‘ldi.
Sunnatning muhofaza qilinishiga boshqa dalillar ham bor.
Muhammad sollallohu alayhi vasallamning so‘nggi payg‘ambar ekanlari, u zotning dini qiyomatgacha boqiy bo‘lishi uchun islomning asosi bo‘lgan hadislar ham saqlanishi shart.
Dinning mukammal qilingani Alloh taoloning «Bugun diningizni mukammal qilib berdim» [Moida surasi, 3-oyat] degan so‘zlari bilan sobit bo‘lgan. Bu xitob qiyomatgacha bo‘ladigan barcha zamonlarga tegishli. Dinning mukammalligi esa hadislar saqlangandagina tamomiga yetadi.
Alloh O‘z nurini batamom qilishi – «Alloh esa, garchi kofirlar yoqtirmasa ham, o‘z nurini batamom qilishdan boshqa har narsadan bosh tortadir» [Tavba surasi, 32-oyat] oyati ham islomning barcha asoslari saqlanishini anglatadi.
Hadisning vahiy ekani bunday tasdiqlanadi. Alloh taolo Nabiy sollallohu alayhi vasallamga: «“Men sizlarni faqat vahiy orqaligina ogohlantirurman. Gunglar ogohlantirilgan vaqtda da’vatni eshitmaslar” deng» [Anbiyo surasi, 45-oyat], degan. Nabiy sollallohu alayhi vasallam odamlarni ham Qur’on, ham hadis bilan ogohlantirganlar. Demak, hadis ham Qur’on kabi vahiydir. Sunnatdan esa, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning mana bu so‘zlari dalil bo‘ladi: “Menga Qur’on bilan birga uning mislicha berildi”.
Qur’oni karimdagi ko‘plab hukmlar umumiy bo‘lib, ular hadislarda kelgan tafsilotlarga muhtoj. Sunnat muhofaza qilinmaganida, Qur’on hukmlariga amal qilib bo‘lmas edi.
Alloh taolo: «Va sizga (ey Muhammad!) odamlarga nozil qilingan narsani o‘zlariga bayon qilib berishingiz uchun zikrni nozil qildik», degan. Bu oyat ham hadisning saqlanishini taqozo qiladi, chunki tushuntiruvchi manba yo‘qolsa, Qur’oni karimning maqsadi amalga oshmay qoladi.
Haq taolo bunday marhamat qilgan: «Kim islomdan boshqa dinni xohlasa, bas, undan bu hargiz qabul qilinmas va u oxiratda ziyon ko‘rguvchilardan bo‘ladir» [Oli Imron surasi, 85-oyat]. Bu hukm qiyomatgacha yashaydigan barcha insonlarga taalluqli. Ularning din bo‘yicha hujjati to‘liq bo‘lishi uchun u avvalo o‘sha avlodlarga to‘liq holida yetib borishi kerak. Islom dini esa hadissiz to‘liq yetib bormaydi. Demak, qiyomatgacha din saqlanishi uchun hadislar muhofaza qilinishi shart.
Hadisning ilohiy muhofazasi faraznamo ta’kid emas, balki olimlar, ayniqsa, hadis ilmi va roviylar bo‘yicha mutaxassislar aniq biladigan hayotiy haqiqatdir. Islom ummati hadislarni saqlashga, to‘g‘risini xatosidan ajratishga misli ko‘rilmagan darajada katta ahamiyat bergan. Hadislarning mukammal saqlanganiga faqat bu ilmlardan bexabar bo‘lgan johillar yo islomga zarar yetkazishni ko‘zlagan g‘alamislargina shubha qiladi. Bu shubha zamirida aslida ilmiy-mantiqiy shubha-gumon emas, g‘araz yotgan bo‘ladi.
Islom ulamolari yuqoridagilardan kelib chiqib, Sunnat ham xuddi Qur’oni karim kabi Allohning himoyasida, degan xulosaga kelgan.
Imom Shofeiy ta’kidlaganidek, Sunnat ulamolar orasida to‘laligicha saqlangan. To‘g‘ri, bir olim barcha hadislarni bilmasligi mumkin, lekin u bexabar bo‘lgan rivoyatdan boshqa bir olim, albatta, boxabar bo‘ladi. Shu tariqa barcha olimlarning bilganlari jamlansa, Nabiy sollallohu alayhi vasallamning Sunnatlari to‘la-to‘kis namoyon bo‘ladi. Hech bir hadis butunlay yo‘qolib ketmaydi.
Imom Ibn Hazm hadislarning Qur’oni karim kabi Alloh tomonidan saqlanishiga bir qancha oyatlarni dalil qilib keltirgan. Avvalo aytish kerakki, u ham «Albatta, zikrni Biz nozil qildik va, albatta, uni Biz muhofaza qilurmiz» oyatidagi zikr so‘zini barcha vahiylarga tegishli deb biladi.
Olimning fikricha, Qur’on va hadislar bir-birini to‘ldiradi. Ikkalasi ham Alloh taoloning huzuridan kelgani uchun ham shunday. Mana shundan kelib chiqib, ikkisidagi hukmlarga birdek itoat qilish lozim.
“Men sizlarni faqat vahiy orqaligina ogohlantirurman”. Haq taolo insonlarni to‘g‘ridan to‘g‘ri emas, payg‘ambarlar orqali ogohlantiradi. Payg‘ambarlar, xususan, Nabiy alayhissalom insonlarni nafaqat oyatlar bilan, balki hadislar bilan ham ogohlantirganlar. Demak, Nabiy sollallohu alayhi vasallamning so‘zlari vahiydir. Vahiy (zikr) esa Qur’ondagi ilohiy va’da bilan muhofazaga olingan.
Alloh taolo bir narsani saqlashni o‘z zimmasiga oldimi, demak, u yo‘qolib ham ketmaydi, o‘zgarib ham qolmaydi. Dinning qaysidir bir jihati yo‘q bo‘lib ketsa yoki u haq bilan botilni ajratib bo‘lmaydigan darajaga tushib qolsa, ilohiy va’da quruq gap bo‘lib qolar edi. Vaholanki, Qodir Parvardigordan Uning O‘ziga malomat keltiradigan kalom nozil bo‘lishi har qanday mantiqqa ziddir.
Shuning uchun Muhammad sollallohu alayhi vasallam keltirgan din qanday bo‘lgan esa, qiyomatga qadar shundayligicha qoladi. U zot aytgan dinga oid biror so‘z yo‘qolishi yoki unga bironta uydirma gap mutlaqo ajralmaydigan bo‘lib aralashib qolishi aslo mumkin emas.
Yana bir muhim jihat shuki, Alloh taolo Mus'hafi sharifda namoz, zakot va haj kabi amallar qisqa tarzda aytilgan, Nabiy sollallohu alayhi vasallamga Qur’onni odamlarga tushuntirib berishni buyurgan. E’tibor bersak, ularning qanday bajarilishi faqat hadislar orqali ma’lum bo‘ladi. Bu ko‘rsatmalar saqlanmaganida, ishonchli bo‘lmaganida edi, din arkonlariga amal qilishning imkoni qolmas, farz amallar qat’iy qoidalar asosida emas, pala-partish va betartib bajariladigan bo‘lardi. Ba’zilari hatto bekor bo‘lib yo unutilib, yo‘qolib ham ketishi ham hech gap emasdi.
Bu shuni anglatadiki, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning din borasida aytgan har bir so‘zlari Alloh taoloning himoyasida bo‘lib, unga hech qachon yot narsalar ajratib bo‘lmaydigan darajada aralashib ketmaydi.
So‘z so‘ngida xalq orasidagi “jo‘n gap”ga ham murojaat qilsak. Islomda “Qur’onda zikr qilingan narsa qiyomatgacha yo‘qolmaydi” degan tushuncha bor. Buning ma’nosi shuki, Qur’oni karim muhofazada ekan, unda qayd etilgan narsalar kelgusi avlodlar uchun tushunarsiz, mavhum, unutilgan bo‘lib qolmaydi, balki Mus'hafi sharifdek saqlanadi. Shunga muvofiq fikr yuritadigan bo‘lsak, Qur’oni karimda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga itoat qilish – buyurganlarini bajarish, nimadan qaytargan bo‘lsalar, ularni tark qilish – amri bor. Bu ilohiy amr ham – Nabiy sollallohu alayhi vasallamning Sunnatlari qiyomatgacha saqlanishini anglatadi. Negaki, Sunnat saqlanmasa, unga amal qilishni amr etishda ma’no va mantiq qolmasdi. Haq taoloning amri esa, boya ta’kidlanganidek, Uning O‘ziga malomat keltiradigan gap emas, balki ilohiy hikmatdir.
Nurmuhammad MATKARIMOV
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy tadqiqot markazi ilmiy xodimi