Ma’lumki ajdodlarimiz e’tiqod qilib kelayotgan diniy va ma’naviy merosni asrab-avaylash- mustahkam e’tiqod va irodalilikdan dalolat beradi. Bugungi kunda hayotimizda uchrab turayotgan turli oqim-harakatlarga ko‘ra ayrim kishilar u dindan bu dinga va boshqasiga o‘tib yurishi aslida e’tiqodsizlik emas, balki e’tiqodining sustligi, ilmsizlik, g‘oyaviy bo‘shliq xamda irodasizlikdir.
Ilk aqidaparast oqimlar ya’ni “Xavorij” firqasi o‘z faoliyatini boshlagan davrning o‘zidayoq, Hazrati Ali roziyallohu anhu boshliq musulmonlar tomonidan ularga qarshi g‘oyaviy va harbiy kurash olib borilgan. Hazrati Ali roziyallohu anhu xarvorij firqasi vakillari bilan aqidaviy masalalarda soatlab suhbatlashgan. Ahli sunna val jamoaning tutgan yo‘lining haqligini va “Xavorij” firqasining nohaqligini aqliy va naqliy dalillar bilan isbotlab bergan. Natijada ko‘plab adashganlarning hidoyat topishiga erishilgan. “Moturidiya” ta’limoti asoschisi Abu mansur Moturidiy rahmatullohi alayhi, mazhabboshimiz Abu Hanifa rahmatullohi alayhi o‘zlarining asarlarida adashgan diniy oqimlarning soxta da’volariga asosli raddiyalar berganlar. Adashgan oqimlarga qarshi g‘oyaviy kurash boshqa mazhabboshilar, buyuk imomlar va olimlar tomonidan har doim uzluksiz ravishda olib borilgan va bu g‘oyaviy kurash o‘z samarasini berib, ko‘plab insonlarning adashishining oldi olingan. Hozirgi vaqtda ham bu kabi g‘oyaviy kurashni va ogohlikni bir bir lahza qo‘ldan boy berishimiz mumkin emas.
Adashgan diniy oqimlarga qarshi kurashning barcha davrlarda olib borilganining ahamiyatli tomoni shundaki, bu oqimlar turli davrda turli sabablarga ko‘ra kelib chiqqan. Va albatta, bu oqimlarning da’vat, chorlovlari hamisha insoniyatni halokatga yetaklab, zalolat sari yetaklagan.
Diniy oqimlarning shakllanishida ba’zan diniy savodsizlik zamin yaratgan bo‘lsa, ba’zi hollarda iqtisodiy maqsadlar yotgan. Ba’zan ijtimoiy sabab oqimlar shakllangan bo‘lsa, ba’zida boshqa din vakillarining ta’siri ostida diniy oqimlar shakllangan.
Ayni paytda shuni anglashimiz lozimki, diniy oqimlar deganda biz faqat Islom dinini niqob qilib faoliyat olib borayotgan ekstremistik va terroristik oqimlarni emas, boshqa dinlardan ajralib chiqqan va faol missionerlik faoliyati bilan shug‘ullanayotgan sektalarni ham tushunamiz. Chunki ushbu sektalarning ham chorlovlari insoniyat boshiga katta kulfatlar solmoqda. Ya’ni, oilada ota onaga qarshi chiqish, ularga itoatsizlik, hatto o‘z ota onasining joniga qasd qilish, bor budini sotib oqim rivoji uchun sarf qilish, siyosiy tuzumga qarshi chiqish, o‘z yaqinlari va vatanidan voz kechish, boshqalar fikrini umuman qabul qilmaslik va boshqa holatlar ekstremistik va terroristik oqimlar ta’siriga tushganlar bilan bir qatorda missioner sekta tarafdorlarida ham ko‘rinadi.
Agar biz diniy oqimlar haqida mukammal tushuncha hosil qilmasak, ularga qarshi kurashni bir lahza to‘xtatib, ogohlikni qo‘ldan bersak, nimalarni va kimlarni yo‘qotishimizni tasavvur qila olmaymiz.
I.Jumaniyazov
Urganch tuman “Qorri bobo” masjidi imom-xatibi
Raddiya: Islomda peshvolikni da’vo qiladigan guruh va oqimlar dindagi ayrim tushuncha va so‘zlarni g‘arazli maqsadlari yo‘lida buzib, noto‘g‘ri talqin qilishi hammaga ma’lum. Ular shu orqali musulmonlar hissiyotiga teginish, o‘zlariga tobelarni ko‘paytirish, dindor va ilmli bo‘lib ko‘rinishga harakat qiladi. “Tog‘ut” so‘zi ular ko‘p ishlatadigan, insonlarni, ayniqsa hukmdorlarni ayblashda qo‘llaydigan tushunchalardan biri. Aslida u nima? Qanday ma’nolarda ishlatiladi? Kimlar tog‘ut bo‘lishi mumkin?
“Tog‘ut” lafzi “tug‘yon” so‘zi bilan o‘zakdosh bo‘lib, Alloh belgilab qo‘ygan chegaradan chiqishga, kufrda haddan oshishga, isyon qilishga nisbatan ishlatiladi. Islomda Allohning yo‘lidan boshqa yo‘l “tog‘ut” deyiladi. Tog‘utning kattasi Shaytondir.
“Tog‘ut” kalimasi Qur’oni karimning sakkiz joyida zikr qilingan bo‘lib, ulamolarimiz uni turlicha tafsir qilgan. Umar ibn Xattob roziyallohu anhu, Imom Sha’biy, Imom Zahhok “Tog‘utdan murod – Shayton” degan. Imom Abu Oliya va Muhammad ibn Sirin tog‘ut sehrgar va folbin ekanini aytgan.
“Tafsiri Jalolayn”da tog‘ut so‘zi tafsiriga murojaat qilaylik: “Kim tog‘utga kufr keltirib, Allohga iymon keltirsa, batahqiq uzilmaydigan mustahkam tutqichni ushlagan bo‘ladi” (Baqara surasi, 256) va “Kufr keltirganlarning do‘stlari tog‘utlardir. Ularni nurdan zulmatlarga chiqarurlar” (Baqara surasi, 257) oyatlarida tog‘utlar – but-sanamlar va Shayton, “Kitob (Tavrot)dan nasibador bo‘lganlarning “Jibt” va “Tog‘ut”ga sig‘inishlarini va kofirlarga “Shular mo‘minlardan ko‘ra to‘g‘riroq yo‘ldadir” deyishlarini ko‘rmadingizmi?!” (Niso surasi, 51) oyatida – Jibt va Tog‘ut Quraysh qabilasidagilarning ikki sanami, “O‘zlarini, Sizga nozil qilingan (Qur’on) va Sizdan oldin nozil qilingan (ilohiy kitoblar)ga iymon keltirgan, deb hisoblaydiganlarning hukm so‘rab, Tog‘ut huzuriga borishni xohlayotganlarini ko‘rmadingizmi?” (Niso surasi, 60) oyatidagi tog‘ut kufrda haddan oshgan, tug‘yonga ketgan Ka’b ibn Ashraf, “Kofirlar (esa) Tog‘ut yo‘lida jang qiladilar” (Niso surasi, 76-oyat) va “Kim Allohning la’natiga uchragan, g‘azabiga duchor bo‘lgan, maymun va cho‘chqaga aylantirilgan va tog‘utga ibodat qilgan bo‘lsa, ana o‘shalar yomon martabadagi va to‘g‘ri yo‘ldan butunlay adashgan kimsalardir” (Moida surasi, 60) oyatlarida ular Shayton, “Batahqiq, Biz har bir ummatga: “Allohga ibodat qiling va tog‘utdan chetlaning” deb payg‘ambar yuborganmiz” (Nahl surasi, 36-oyat) va “Tog‘utdan, unga ibodat qilishdan chetda bo‘lganlarga va Allohga qaytganlarga xushxabar bor” (Zumar surasi, 17-oyat) oyatlarida ham ular Shayton deb nazarda tutilgan.
Alloma Ibn Atiyya aytadi: “Ba’zi olimlar: “Allohdan o‘zga ibodat qilinadigan har qanday narsa tog‘utdir”, degan”. Fir’avn, Namrud va o‘zini iloh deb e’lon qilganlar va ibodat qilinadigan but-sanamlar tog‘ut deyiladi.
Muqotil roziyallohu anhu “Kufr keltirganlarning do‘stlari tog‘utlardir” oyatidagi tog‘utni Ka’b ibn Ashraf va Huyay ibn Axtab deb tafsir qilgan. U ikkisi islom va musulmonlarga adovati cheksiz, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ko‘p aziyat bergan, musulmonlarga qarshi urushga juda ko‘p da’vat qilgan yahudiylardan edi.
Imom Navaviy aytadi: “Lays, Abu Ubayda, Kisoiy va ko‘pchilik tilshunoslar: “Tog‘ut – Alloh taolodan boshqa ibodat qilinadigan narsa”, degan”.
Shayx Muhammad Amin Shinqitiy: “Haqiqat shuki, Allohdan o‘zga ibodat qilinadigan har qanday narsa tog‘ut, eng katta tog‘ut esa Shaytondir”, deydi.
Tog‘ut so‘zining ma’nosi haqida buyuk mufassir Imom Tabariy “Jomi’ul bayon” tafsirida: “Fikrimcha, tog‘ut haqida to‘g‘ri gap shuki, tog‘ut Allohga tug‘yon qilib, Uni tark etib, Undan o‘zgaga ibodat qilingan narsadir. O‘sha ma’bud inson, shayton, but va boshqa narsalar bo‘lishi mumkin”, deydi.
Mufassir olim Hasan Tahsin Fayzli “tog‘ut” so‘zini “Allohdan uzoqlashtiradigan, uning amrlarini bajarishni man etadigan kimsalar”, deb izohlagan.
Demak, sahobai kiromlar, tobeinlar va ulamolarimizning so‘zlaridan tog‘ut kalimasi shayton, sehrgar, folbin va Allohdan boshqa ibodat qilinadigan har qanday narsa ekani ma’lum bo‘lmoqda.
Afsuski, hozirgi kunda ba’zi toifalar musulmon rahbarlarni tog‘ut deb atab, ularni osongina kofirga chiqarmoqda. Ularning uslubi xavorijlarnikiga o‘xshaydi. Ular arzimas narsalar tufayli iymonli odamni kofirga chiqarib, qonini halol hisoblab, qanchadan-qancha beayb musulmonlar umriga zomin bo‘lmoqda, islomning pok nomiga dog‘ tushirib, asl mohiyat va tamoyillarini yot va buzg‘unchi g‘oyalardan iborat fitnalar soyasiga tushirib qo‘ymoqda.
O‘tkirbek Sobirov
O‘zbekiston musulmonlari idorasi bo‘lim boshlig‘i,
Toshkent islom instituti o‘qituvchisi