Muqaddas Islom dinimiz insonlarni ezgu ishlarga, insonlarga yaxshilik qilishga targ‘ib etgan. Rasululloh salollohu alayhi vasallam hadislarida “Insonlarning yaxshilari insonlarga yaxshilik qiluvchilaridir” deganlar.
Bugungi kunda faqat o‘zlarini musulmon sanab, Ahli sunnadagi musulmonlarni kofirlikda ayblab ularni qonlari va mollarini halol sanayotgan ekstremistlar mo‘min-musulmonlar yashayotgan yurtlarda buzg‘unchilik ishlarini amalga oshirishda davom etib kelishmoqda. Ularga Ahli sunna ulamolari tomonidan qilayotgan ishlari Qur’on va Sunnatga zid ekanligi isbotlab berilib, raddiyalar berilayotgan bo‘lsa-da, ular o‘z bilganlaridan qolmay, musulmonlarning qonini to‘kish, shahar va qishloqlarini vayron qilish, ekinzonlarini kuydirishdan to‘xtashmayapti. Bilaks ular yanada o‘zlarining buzg‘unchi g‘oyalarini ijtimoiy tarmoqlar orqali yoyib, yoshlarni o‘z tuzoqlariga ilintirishga zo‘r berib intilishmoqda.
Terrorchi jamoalar musulmonlar yashayotgan bir qator mamlakatlarda, jumladan, Liviya, Suriya, Afg‘oniston, Somali, Yaman kabi davlatlarda musulmonlar boshiga misli ko‘rilmagan talofatlar yetkazishdi. Ularning buzg‘unchiliklaridan shaharlar, qishloqlar, ekinzorlar, zavod-fabrikalar va turar joylar butunlay vayron bo‘ldi. Buning natijasida odamlar o‘rtasida ocharchilik yuzaga kelib, yuz minglagan yosh bolalar ochlik qurboni bo‘lishdi.
Bu gunohlarning javobini kim beradi? Barchamizga ma’lumki, Islomda vayronkorlik va buzg‘unchilik qoralangan. Jumladan, Qur’oni Karimda shunday marhamat qilgan:
وَابْتَغِ فِيمَا آتَاكَ اللَّهُ الدَّارَ الْآخِرَةَ وَلَا تَنسَ نَصِيبَكَ مِنَ الدُّنْيَا وَأَحْسِن كَمَا أَحْسَنَ اللَّهُ إِلَيْكَ وَلَا تَبْغِ الْفَسَادَ فِي الْأَرْضِ إِنَّ اللَّهَ لَا يُحِبُّ الْمُفْسِدِينَ
“Va Alloh senga bergan narsa bilan oxiratni izlagin, bu dunyodagi nasibangni ham unutma. Alloh senga yaxshilik qilganidek, sen ham yaxshilik qil. Yer yuzida buzg‘unchilikni izlama. Albatta, Alloh buzg‘unchilarni suymas”, dedilar” (Qasas surasi, 77-oyat).
Boshqa bir oyatda Alloh taolo bunday marhamat qilgan:
وَإِذَا تَوَلَّى سَعَى فِي الأَرْضِ لِيُفْسِدَ فِيِهَا وَيُهْلِكَ الْحَرْثَ وَالنَّسْلَ وَاللّهُ لاَ يُحِبُّ الفَسَادَ وَإِذَا قِيلَ لَهُ اتَّقِ اللَّهَ أَخَذَتْهُ الْعِزَّةُ بِالْإِثْمِ ۚ فَحَسْبُهُ جَهَنَّمُ ۚ وَلَبِئْسَ الْمِهَادُ
“Va burilib ketganda, yer yuzida fasod uchun hamda ekin va nasilni halok qilish uchun harakat etadi. Va holbuki, Alloh fasodni xush ko‘rmas. Qachon unga: “Allohdan qo‘rqqin”, – deyilsa, kibru havosi uni gunohga yetaklar. Jahannam unga yetarlidir. U qanday ham yomon yotoq!” (Baqara surasi, 205-206-oyatlar).
Islom tarixida Payg‘ambarimiz va u zotning sahobalari nafaqat musulmonlarga, balki boshqa din vakillariga ham shafqat ko‘rsatishda butun insoniyatga namuna bo‘ldilar. Buni boshqa din vakillari ham e’tirof etishgan.
Jumladan birinchi Xalifa Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu Shom fathiga jo‘nayotgan qo‘shiniga shunday nasihat qilgan edilar:
«Bolalarni, ayollarni, keksalarni o‘ldirmang. Xurmo daraxtlariga o‘t qo‘ymang va butalarni kesmang. Tuyalarni, boshqa hayvonlar podasini o‘ldirmang… Siz o‘zga ishlar, oxirat dunyosiga xizmat qilish bilan mashg‘ul odamlarni uchratasiz. Shunda ularni o‘z holiga qo‘ying…»
Ikkinchi xalifa Umar ibn Xattob roziyallohu anhu o‘zga dinlarga nisbatan adolatparvarligi bilan Islom dunyosidan tashqarida ham ma’lum va mashhur edi. Hazrat Umarning Quddus va Ludda nasroniylari bilan imzolagan xavfsizlik shartnomasiga muvofiq shahardagi cherkovlar buzib tashlanmasligi, musulmonlar nasroniylarning ibodatxonalarini egallab olmasligi va ularda ibodat qilmasligi kafolatlangan edi. Bu zot Baytul-Maqdisga fotih sifatida kirganlarida «Quddus al-Kubro» cherkovida turishganida asr namozining vaqti kirib qoladi. Keyinchalik musulmonlar buni dalil qilib cherkovni masjid qilib olishmasin, deya bu yerda namoz o‘qishdan bosh tortgandilar. Shahar fath etilganidan keyin ko‘p o‘tmay, Nestorian patriarxi Iyeshuyab Ikkinchi do‘stiga yozgan maktubida shunday so‘zlarni bitgan edi: «Xudo O‘zining irodasini ato etgan… bu arablar bizga hech qanday zarar yetkazishmadi. Haqiqatdan ular dinimizga, ruhoniylarimizga, cherkov va uzlatgohlarmizga hurmat bilan qarashdi» (Horun Yahyo, «Islom terrorni la’natlaydi», Toshkent, )
Ekstremistlar bu jinoyatkorona buzg‘unchiliklaridan ko‘rilayotgan zararlar
Bunday buzg‘unchiliklarda begunoh musulmonlar, yosh bolalar, ayollar, qariyalar qurbon bo‘lishmoqda.
Urushlar natijasida millionlagan odamlar uylarini, vatanini tark qilib o‘zga yurtlarga ko‘chib ketishga majbur bo‘lishmoqda. Ayrimlari dengizda suvga g‘arq bo‘lib halok bo‘lmoqda.
Zavod-fabrikalar vayron bo‘lib, ishlab chiqarish butunlay izdan chiqib, odamlar ishsiz qolishiga sabab bo‘lmoqda. Buning natijasida odamlar, ayniqsa yosh bolalar ocharchilik qurboni bo‘lishmoqda. Shuningdek tibbiyot va ta’lim muassasalari vayron etilib, tiziim butunlay izdan chiqqan.
Eng yomoni g‘arbda Islomni yomonotliq bo‘lishiga bular sababchi bo‘lishmoqda. G‘arbda Islomni “terror dini” deb turli ta’na toshlari yog‘ilishiga, muqaddas dinimizni, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamni karikatura qilinishga sababchi bo‘lishmoqda.
Yuqoridagi misollardan xulosa qilib aytamizki, Islom dinini o‘zlariga niqob olib, din nomidan gapirib qon to‘kayotgan, ko‘zi qonga to‘lgan jangarilarning aldovlaridan ogoh bo‘laylik. Yoshlarimizni ularning tuzog‘idan asraylik.
D. Abduqodirov,
Imom Faxriddin ar-Roziy islom bilim yurti mudiri
O‘zbekistonda noyob Qur’on yaratish bo‘yicha jahon xattotlar tanlovi 26 avgust kuni O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida e’lon qilinadi. Tanlov «Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh — yangi kashfiyotlar» xalqaro mediaforumi doirasida o‘tkaziladi, xabar bermoqda UzDaily.uz.
«Dunyo Qur’oni: xattotlik an’analaridan — kelajak merosi sari» loyihasini xattot va Islom sivilizatsiyasi markazi huzuridagi Xattotlik maktabi direktori Habibullo Solih taqdim etadi. Bu haqda tadbir tashkilotchisi xabar berdi.
Tanlov doirasida turli mamlakatlar va xattotlik maktablarining islomiy xattotlikdagi eng yaxshi an’analarini birlashtirgan noyob Qur’on yaratish ko‘zda tutilgan.
Tanlovning tantanali e’loni «Asrlarni birlashtiruvchi meros. Islom sivilizatsiyasining ma’naviy mazmunlari» mavzusidagi yalpi sessiyaning yakuniy qismi bo‘ladi. Sessiya 26 avgust kuni soat 09:30 dan 12:00 gacha o‘tkaziladi.
Tadbir doirasida ommaviy axborot vositalarining stereotiplar va islomofobiyani yengishdagi roliga bag‘ishlangan xalqaro muhokama ham bo‘lib o‘tadi. Unda Islom hamkorlik tashkiloti, Jazoir, Ummon, Pokiston, Saudiya Arabistoni, Iroq, Mali va O‘zbekistonning davlat tuzilmalari hamda OAV vakillari ishtirok etadi.
Forum dasturidan Qur’oniy va qo‘lyozma merosga bag‘ishlangan loyihalar ham o‘rin olgan. Ular orasida «114 Qur’on: islom olamining 114 xattotlik durdonasi», «Katta Langar Qur’oni: haqiqat va rivoyatlar» xalqaro loyihasi hamda «Sun’iy intellekt — qadimiy qo‘lyozmalarni o‘qishning raqamli kaliti» loyihasi bor.
O‘zbekistonda xattotlikni rivojlantirishga institutsional darajada ham e’tibor qaratilmoqda. Islom sivilizatsiyasi markazi huzurida Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilgan Xattotlik maktabi faoliyat yuritmoqda. Maktabda suls, nasx, nasta’liq, ruq’a, devoniy va kufiy kabi an’anaviy yozuv uslublarini o‘rgatish rejalashtirilgan.
Xattotlik san’ati Samarqand viloyatidagi yangi Imom al-Buxoriy majmuasida ham namoyon etilgan. Majmua peshtoqlari va ayvonlari devorlari «Sahih al-Buxoriy»dan olingan hadislar bitilgan yozuvlar bilan bezatilgan. Majmua huzurida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Hadis ilmiy maktabi ham faoliyat yuritadi.
Xalqaro mediaforumning asosiy maydoni O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi bo‘ladi.
Tadbirda qariyb 50 mamlakatdan media va ekspertlar hamjamiyatining 300 ga yaqin vakili ishtirok etadi. Ular orasida mediakompaniyalar, axborot agentliklari va telekanallar rahbarlari, jurnalistlar, prodyuserlar, olimlar hamda kreativ industriya mutaxassislari bor.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati