Ma’lumki, hozirgi vaqtda yirik ijtimoiy tarmoqlarda foydalanuvchilar soni millionlab, milliardlab kishiga yetgan. Ular o‘zaro muloqot qiladilar, saytlarga o‘zlarining, yaqinlarining fotosuratlari, videolarini qo‘yadilar, u yoki bu mavzuda fikr almashadilar. Kimlardir bu saytlarda o‘zlarining unutilib ketgan tanishlarini va bolalikdagi do‘stlarini topadilar.
Har yaxshining bir kamchiligi bo‘lganidek, tarmoqlarning ham bir qancha yomon tomonlari bor. Avvalo, ijtimoiy tarmoqlar – psixologik qaramlik hisoblanadi. Ko‘pgina foydalanuvchilar bunday saytlarga bir kirgach, kun bo‘yi qolib ketadilar. Natijada ularning ongida haqiqiy hayot bilan virtual olam aralishib ketadi. Inson virtual olam bu xayolot ekanigi, real hayotga doim ham to‘g‘ri kelavermasligini unutib qo‘yadi. Buning oqibatida ayanchli hodisalar yuz beradi.
Endilikda ijobiy yoki salbiy mazmundagi fikrlarning global tarmoqqa chiqishi uchun bir soniya kifoya. Xabaringiz bor, bundan bir qancha muddat muqaddam Yangi Zelandiyada fojiali terakt yuz berdi.
Yangi Zelandiyadagi ikkita masjidda otishma sodir etildi.
Yangi Zelandiyaning Kraystcherch shahridagi ikkita masjidda juma namozidan keyin sodir etilgan otishma oqibatida kamida 27 kishi halok bo‘ldi. Shifoxonalarga 30 ga yaqin yarador yotqizildi. Dastlab otishma bir masjidda sodir etilgani va 6 kishi yaralangani ma’lum qilingan edi. Ma’lumotlarga ko‘ra ushbu otishmani qurollangan kishilar mahalliy vaqt bilan soat 13:45 da yonma-yon joylashgan “Al-Nur” va “Linvud” masjidiga bostirib kirib, chiqish eshiklarini yopgan holda, namozxonlarni o‘qqa tuta boshlagan. Otishma sodir bo‘lgan vaqtda masjidda 300 ga yaqin kishi bo‘lgan.
Nyu Zealand Herald xabariga ko‘ra, Kraystcherch shahridagi masjidlarga hujum qilganlardan biri Avstraliyalik 28 yoshli Brenton Tarrantdir.
Ta’kidlanishicha, Tarrant “Al-Nur” masjidiga hujumni ijtimoiy tarmoqlarda jonli translyatsiya qilgan, u 17 daqiqa davom etgan.
Nashrdan qo‘shimcha qilinishicha, hujumdan biroz oldin Tarrant ijtimoiy tarmoqlarda Germaniya kansleri Angela Merkel va Turkiya prezidenti Redjeb Tayib Erdog‘anni o‘ldirishga chaqirgan.
Avvalroq, ommaviy axborot vositalari manbalarga tayangan holda hujum oqibatida 27 kishi qurbon bo‘lganini xabar bergan edi. Keyinchalik jinoyatchilardan biri “Al-Nur” masjidiga hujumni onlayn translyatsiya qilgani aniqlandi.
Translyatsiya ijtimoiy tarmoqlarda ham olib borilgani ma’lum bo‘ldi. Shu jumladan, Facebook ijtimoiy tarmog‘ida ham ushbu qatliom onlayn olib berilgani haqida internet saytlarida xabar berildi.
Bundan tashqari, bu fojiada ham musulmonlarni aybdor deganlar topildi. “Euronews” bergan xabarga ko‘ra, Yangi Zelandiyaning Kraystcherch shahrida juma namozi paytida ikki masjidda yuz bergan teraktlardan keyin avstraliyalik senator Frayzer En o‘z bayonotida hujumlarning sababi musulmon aholi sonining ortishi va immigrantlar ekanini aytdi. Uning fikricha, Yangi Zelandiyadagi hujumlar jamiyatda musulmonlarga nisbatan ortgan qo‘rquvning belgisidir[1].
“Bugun Yangi Zelandiya ko‘chalarida qon to‘kilishining asl sababi mutaassib musulmonlarning Yangi Zelandiyaga ko‘chishiga imkon bergan immigratsiya siyosatidir”, - deydi senator. So‘zining oxirida u: “Ochiq gapiraylik, bugungi hujumning qurbonlari musulmonlar bo‘lsa-da, umuman olganda asl jinoyatchilar ular bo‘ladi va musulmonlar dunyo bo‘ylab o‘z dinlari nomidan odamlarni o‘ldiryapti”, - dedi. Shuningdek, islomofob senator islom dini zo‘ravonlik mafkurasiga tayanganini iddao qildi.
Keyinroq Avstraliya bosh vaziri Skott Morrison uning so‘zlarini “jirkanch”, uning nuqtayi nazarini esa mamlakat parlamenti uchun nomunosib deb atagan.
Shu o‘rinda e’tibordan chetda qolgan bir jihat. O‘zi bu terakt kim tomonidan uyushtirildi? Teraktni amalga oshirganlar aslida qaysi din vakillari va qanday g‘oyalarga ega insonlar?
Muhim bir nuqta yana islom olamining e’tiboridan chetda qolmoqda!
Yangi Zelandiyadagi mazkur terrorist mash’um hodisadan biroz oldin o‘zining virtual sahifasida 70 sahifalik bayonot bergan. Bayonotda, eng asosiy dushman sifatida besh narsa haqida so‘z boradi.
Ijtimoiy tarmoqlarda oldinroq tarqalgan suratlarda terroristning qo‘lidagi qurollarda usmoniylar davlatiga qarshi jang qilgan g‘ayridin qo‘mondonlar, qo‘zg‘olonchilar va musulmonlar qotili bo‘lgan ba’zi jallodlarning ismlari yozilgani ma’lum bo‘ldi.
Xulosa qilib aytganda, o‘z xohishlari bilan yovuzlikning eng tubiga tushgan insonlargina bunday jinoyatni katta ehtiros bilan bajaradilar. Ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlar bergan imkoniyatlar esa bu istakni kuchaytiradi. Shuning uchun har bir shaxs turli xil terroristik harakatlarga targ‘ib qiluvchi virtual olamning zararlaridan o‘zini asrab-avaylashi lozim.
MANSUR JAMBILOV
Mir Arab oliy madrasasi o‘qituvchisi
[1] http://kun.uz/uz/986532457 Islomofob senator: “Baribir musulmonlar aybdor”
“Shahid” so‘zi “hozir”, “guvoh”, “o‘z bilganlari haqida xabar beruvchi” ma’nolarini ifodalaydi. Shuningdek, “Shahid” Alloh taoloning ismlaridan biri bo‘lib, “guvohligi ishonchli, har doim hozir bo‘luvchi Zot” degan ma’nolarni anglatadi.
“Shahid” so‘zi umumiy tarzda Allohning yo‘lida halok bo‘lgan shaxsga nisbatan ishlatiladi.
Shahidlik – Allohning roziligi yo‘lida jonini fido qilgan, iymon-e’tiqodi va nomusini saqlash yo‘lida zolim dushman qo‘lida qatl qilingan kishilarga Alloh tomonidan beriladigan darajadir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hadislarida vabodan, ichki kasalliklardan, fojiali falokatdan vafot etganlarni ham shahidlik darajasini topishi xabar berilgan.
Islom dinida shahidlarning martabasi va ularning maqomi alohida qadrlanadi. Biroq ayrim kimsalar shahidlikni urush-janjallar maydonida o‘lgan odam bilan chegaralab qo‘yib, xato tasavvurga ega bo‘lib yurishadi. Zotan, jangu jadalda o‘lish shahidlikka shart qilingan emas!
Ba’zilar esa o‘z-o‘zini o‘ldirib, portlatib yuborishni ham shahidlik deb odamlarni aldaydilar. O‘z-o‘zini o‘ldirish shahidlik emas. Aslida, bu ikki holatsiz ham inson shahidlik martabasiga ega bo‘lishi mumkin. Zero, Habibimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamdan kelgan hadisi sharifda quyidagilarni ko‘rishimiz mumkin.
Sahl ibn Hunayf roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kim Allohdan sidqidildan shahidlikni so‘rasa, garchi ko‘rpasida o‘lsa ham, Alloh uni shahidlar martabasiga yetkazadi”, dedilar (Imom Muslim, Imom Abu Dovud, Imom Termiziy rivoyati).
Imom Termiziy keltirgan rivoyatda: “Kim Allohdan Uning yo‘lida sodiqlik ila, chin qalbdan qatl bo‘lishni so‘rasa, Alloh unga shahidning ajrini beradi”, deyilgan.
Niyatni xolis qilib, jamiyatdan ajralmagan holda, ota-onasi bag‘rida, oilasi davrasida, do‘stu yorlari bilan birgalikda, vataniga xizmat qilib yurib ham shahidlik martabasiga ega bo‘lib, obro‘-e’tibor va yorug‘ yuz bilan dunyodan o‘tayotgan tabarruk shahid zotlar juda ko‘p. Shulardan o‘rnak olishimiz lozim bo‘ladi.
Shahidlik haqida bir qancha shar’iy hukmlar, fatvolar, bayonotlar mavjud.
Avvalo, shuni bilish lozimki, shahidlar ikki xil bo‘ladi:
1. “Shahidi a’lo” – “oliy darajadagi shahid”. Vatan uchun bo‘lgan jangu jadalda, dushmanlar bilan bo‘lgan urushda, Allohning kalimasini oliy qilish uchun bo‘layotgan jihodda o‘lganlar. Shuningdek, o‘z yurtida, o‘z oilasida tinchlik-osoyishtalikda hayot kechirayotganida birov zulm qilib yoki oilasini himoya qilish natijasida qasddan tig‘li asbob (pichoq, bolta, o‘q) bilan o‘ldirib ketsa, u “shahidi a’lo” – “oliy darajadagi shahid” bo‘ladi.
2. “Shahidi hukmiy” – “shahid bo‘lgan deb hukm qilingan”. Jangu jadalda tig‘li asbob (pichoq, bolta, o‘q) bilan yaralanib, urush maydonidan chiqarilgandan keyin o‘lganlar. Bu holatda kasalxonaga olib borilsa, dori-darmon yoki taom yeb-ichsa, namoz vaqti bo‘lganini bilsa, vasiyat qilsa, ana undan keyin vafot qilsa, “shahidi hukmiy” bo‘ladi.
Shuningdek, o‘z yurtida, o‘z oilasida tinchlik-osoyishtalikda hayot kechirayotganida birov tomonidan zulm qilib, qasddan tosh va tayoq (tig‘siz narsalar) kabilar bilan qatl etilganlar yoki bo‘g‘ib o‘ldirib ketilganlar ham “shahidi hukmiy” hisoblanadi.
Taniqli hanafiy olimi Ibn Obidin rahimahulloh “Raddul muhtor”da keltirishicha, gunoh sababli o‘lgan kimsa shahid, deb hukm qilinmaydi. Gunoh oqibatida vafot qilgan odam shahid hisoblanmaydi.
Masalan, nohaq odam o‘ldirayotib, uni ham o‘ldirishsa, u shahid bo‘lmaydi. Begunoh odamlarni o‘ldirib yurgan kimsa jangda o‘ldirilsa, u shahid hisoblanmaydi. Bu xuddi o‘g‘rilik qilayotib, yiqilib o‘lgan kimsaga o‘xshaydi. Aroq ichaverib-ichaverib, aroqqa yorilib o‘lsa, u ham shahid bo‘lmaydi. Birov zino sababli homilador bo‘lib, bola tug‘ayotib o‘lsa, shahid bo‘ldi, deb hukm qilinmaydi. Bu Imom Ramliy rahimahullohning ham qarashidir (Ibn Obidin. “Raddul muhtor”).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam marhamat qilganlaridek quyidagi kishilar shahidlik maqomiga ega bo‘ladilar. Ammo bular ichida o‘zini o‘zi portlatgan, o‘zgani o‘ldirganlar yo‘q.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Vaboga yo‘liqib o‘lish, suvga cho‘kib o‘lish, qorin og‘rig‘i bilan o‘lish, olovga kuyib o‘lish, ayollar nifos paytida, ya’ni bola tug‘ayotganida o‘lishi ummatimning shahidligidir!” (Imom Suyutiy “Jome’ as-sag‘ir”).
Yoki beshta shahidlikni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam quyidagicha sanaganlar: “Alloh yo‘lida yurganida o‘ldirilgan kimsa shahiddir, qorin og‘rig‘i bilan o‘lgan kimsa shahiddir, o‘latga yo‘liqib o‘lgan shahiddir, suvga g‘arq bo‘lib o‘lgan shahiddir, ayollar tug‘ayotganida o‘lsa shahiddir” (Imom Tabaroniy rivoyati).
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam shahidlikning yetti turini ham sanaganlar. Ular orasida ham o‘zini o‘zi o‘ldirish yo‘q, musulmonlarni o‘ldirish ham yo‘q: “Shahidlik Alloh yo‘lida yurganda o‘ldirilishdan tashqari yettitadir. O‘latga yo‘liqib o‘lgan shahiddir; qorin og‘rig‘i bilan o‘lgan kishi shahiddir; g‘arq bo‘lib o‘lgan kishi shahiddir; vayronagarlikda qolib ketgan (masalan, zilzilada) kishi shahiddir; zotiljam kasalidan o‘lgan kishi shahiddir; olovda kuyib o‘lgan kishi shahiddir; tug‘ayotib o‘lgan ayol shahiddir” (Imom Nasoiy, Imom Tabaroniy rivoyati).
Xullas, “Durrul muxtor” va “Raddul muhtor” asarlarida quyidagilarni shahidlar qatorida bo‘lishi sanab o‘tilgan:
⏺ Zotiljam kasaliga yo‘liqib vafot etganlar.
⏺ Ilm talabida yurganda o‘lganlar.
⏺ Dushman bilan kurashib o‘lganlar.
⏺ G‘arq bo‘lganlar.
⏺ Olovda kuyib, tasodifan o‘t ichida qolib o‘lganlar (o‘zini yoqqanlar emas).
⏺ Musofirchilikda qiynalib o‘lganlar.
⏺ Devor ostida, zilzilada qolganlar.
⏺ Qorin og‘riq bilan o‘lganlar.
⏺ Bola tug‘ib, nifos qoni ko‘rayotgan ayollar.
⏺ Juma kechasi vafot topganlar.
⏺ Sil kasalidan o‘lganlar.
⏺ Qattiq isitma ta’sirida vafot topganlar.
⏺ Oilasi, mol-dunyosi va qonini himoya qilayotib o‘lganlar.
⏺ Gunoh bo‘lmagan kuchli ishq-muhabbat oqibatida o‘lganlar.
⏺ Yirtqich va vahshiy hayvon yorgani va shoxlagani oqibatida o‘lganlar.
⏺ Podshohning zulmiga uchrab, nohaq qamalgani sababli qamoqda o‘lganlar.
⏺ Zolimlar urib-urib o‘ldirib qo‘yganlar.
⏺ Chayon yoki ilon chaqib o‘lganlar.
⏺ Xolis muazzinlik qilib vafot topganlar.
⏺ To‘g‘riso‘z va halol savdogar bo‘lib vafot topganlar.
⏺ Oilasini ta’minlash maqsadida halol kasb-kor qilib yurganida vafot topganlar.
⏺ Qayt qilish kasaliga mubtalo bo‘lib, kuchli qayt qilaverish oqibatida qiynalib vafot topganlar.
⏺ Eriga rashk qilaverib, bu rashkiga sabr qilib vafot topgan ayollar.
⏺ Har kuni: “Allohumma, barik liy fil-mavti va fiyma ba’d al-mavti!” (“Allohim, menga o‘lganimda ham, o‘lgandan keyin ham baraka ber!”) deb 25 marta aytib yurganlar.
⏺ Har kuni “zuho” – choshgoh namozini o‘qishni odat qilganlar.
⏺ Ramazonda to‘liq va har oy 3 kun ro‘za tutishni odat qilganlar.
⏺ Uyda ham, safrada ham, har kuni vitr namozini kanda qilmaganlar.
⏺ Fisqu-fasod ko‘paygan zamonlarda sunnatlarni mahkam tutganlar.
⏺ Kasal va bemor bo‘lganida 40 marta “Laa ilaha illa anta! Subhanaka, inniy kuntu minaz-zolimiyn” (“Sendan o‘zga iloh yo‘q! Sen juda ham poksan! Men esa o‘zimga zulm qiluvchilardanman!”) deyishni odat qilganlar.
⏺ Vabo, o‘lat kabi kasalliklardan o‘lganlar.
Demak, musulmon banda Alloh taoloning rahmatidan noumid bo‘lishi kerak emas. Inson o‘z uyida, o‘z to‘shagida jon bersa ham, shahidlik maqomiga muyassar bo‘laveradi. Allohning marhamati keng, bandasiga shahidlik maqomini berib ham oxiratdagi martabasini yuksak qilaveradi. Yuqorida ta’kidlanganidek, inson nohaq odam o‘ldirish bilan yoki o‘z-o‘zini qurbon qilish bilan shahid bo‘la olmaydi.
O‘tkirbek Sobirov
O‘zbekiston musulmonlari idorasi mas’ul xodimi
Toshkent islom instituti o‘qituvchisi