Qozog‘istonda qozoq tilida faoliyat ko‘rsatuvchi «IOA» islom onlayn-akademiyasi ish boshladi, deya xabar bermoqda "Azon" nashri (https://azon.uz/content/views/qozogistonda-ilk-islom-onlayn-akademiyas).
Akademiyada «Nur Muborak» islom universiteti ustozlari dars o‘tadi. 120 videodarsdan keyin kursni tugatganlik haqida sertifikat beriladi. Eng yaxshi talabaga esa umra safariga borish imkoniyati taqdim etiladi.
Onlayn-akademiyada o‘qish bir yil davom etib, olti oylik ikki moduldan iborat bo‘ladi. Birinchi modul tugagach, talaba imtihon topshiradi va istagiga ko‘ra ikkinchi modulni davom ettiradi.
Birinchi modulda hadis, aqida, fiqh, usul fiqh, islom psixologiyasi darslari, ikkinchi modulda imom Moturidiy aqidasi, terrologiya va konfliktologiya, hadis, islom iqtisodiyoti darslari o‘tiladi. O‘qish – pullik.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym
“Niso” surasida shunday bir oyat borki, u Umar ibn Xattob raziyallohu anhuni qattiq o‘yga solgan va u kishi: “Bu Qur’ondagi eng qo‘rqinchli oyatlardan biri” deb aytganlar. Oyat:
﴿مَنْ يَعْمَلْ سُوءًا يُجْزَ بِهِ﴾
“Kim yomonlik qilsa, o‘sha (yomonlik) bilan jazolanadi” (Niso surasi, 123-oyat).
Bu oyatni eshitganda sahobalar juda qattiq xavotirga tushganlar. Chunki inson hayotida xatolar, kamchiliklar, gunohlar bo‘lib turadi. Sahobalar: “Agar har bir yomon ish uchun jazo bo‘lsa, unda bizdan kim najot topadi?” deb tashvishga tushganlar. Rivoyat qilinishicha, Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu bu oyatni eshitib: “Yo Allohning Rasuli! Agar har bir yomon ish uchun jazo bo‘lsa, biz halok bo‘lamiz-ku?” deb so‘raganlar. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ey Abu Bakr! Sen kasal bo‘lmaysanmi? Sen charchamaysanmi? Sen g‘am-tashvishga botmaysanmi?” deb so‘radilar. Abu Bakr roziyallohu anhu: “Albatta shunday holatlarga tushaman”, deb javob berdilar. Shunda Payg‘ambarimiz alayhissalom: “Mana shu narsalar sen qilgan xatolaring uchun kafforatdir”, dedilar.
Ulamolar bu oyatni bunday tushuntirishgan:
Inson qilgan yomon ishlarining jazosi faqat oxiratda emas, balki dunyoda ham ba’zan kafforat bilan to‘lanadi:
- Kasallik,
- Tashvish,
- Musibat,
- Qiyinchilik,
- Qalbdagi iztirob.
Bular mo‘minni gunohlardan poklaydi. Shuning uchun bu oyatda ikki xislat jamlangan:
- Adolat — har bir amal hisobga olinadi.
- Rahmat — Alloh bandasini dunyoda poklab turadi.
Yana ulamolar aytadilar:
Niso surasi insonni ikki qanot bilan qo‘llaydi:
- Xavf (qo‘rquv).
- Rajo (umid).
Shuning uchun bu sura mo‘minning qalbini tarbiya qiladigan eng ta’sirli suralardan biri.
Homidjon qori ISHMATBЕKOV