Ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilgan har bir xabar shaxs ongiga va hattoki, butun jamiyat kayfiyatiga jiddiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Ularning orasida insonni fikrlashga, mushohada qilishga undamaydigan, aksincha, o‘quvchining ruhiyatiga salbiy ta’sir etadigan, toliqtiradigan, yengil-yelpi, odamlarning vaqtini o‘g‘irlaydigan, bo‘lmag‘ur xabarlar ham uchramoqda.
Kuni kecha ijtimoiy tarmoqlarda kuylagini yechib qo‘liga olib yurgan bir odamning (u telba bo‘lsa kerak) payg‘ambarman, deb hayqirayotgani tasvirlangan video tarqaldi. Undan avval esa “uchar likopcha” haqidagi hikoya bilan kishilarning diqqati chalg‘itilgan edi.
Aslida ilmu ma’rifat rivojlangan bugungi davrda kishilarning vaqtlarini olib, shunday lavhalarni tarqatish hech bir mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi. Ammo bunday xabarlarning keng auditoriyaga ega bo‘lgan nufuzli ijtimoiy tarmoqlar yurituvchilari tomonidan ham tarqatilayotgani juda ajablanarli.
Dinimiz ta’limotiga ko‘ra, hazrati Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam nabiylarning so‘nggisidirlar. Alloh taolo: “Muhammad sizlardan biron erkakning otasi bo‘lgan emas. Lekin Allohning Rasuli va Nabiylarning so‘nggisidir. Alloh har bir narsani o‘ta bilguvchidir”, deya xitob qilgan (Ahzob, 40).
Ushbu oyatga ko‘ra, kimda-kim Muhammad sollallohu alayhi vasallamdan keyin yana payg‘ambar chiqadi deb aytsa, e’tiqod qilsa, kofir bo‘ladi. Chunki u mazkur oyatni inkor qilgan va Muhammad sollallohu alayhi vasallamning eng so‘nggi payg‘ambar ekanini tan olmagan bo‘ladi.
Savbon roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, Nabiy sollallohu alayhi vassallam: «...Kelajakda ummatimda o‘ttizta kazzob bo‘lur. Ularning har biri o‘zining nabiyligini da’vo qilur. Holbuki, men nabiylarning xotimi-tugatuvchisiman. Mendan keyin nabiy kelmas», dedilar» (Imom Termiziy va Abu Dovud rivoyat qilishgan). O‘z navbatida aytish kerakki, "kazzob" so‘zi arabcha so‘z bo‘lib, "kazaba", ya’ni "yolg‘on gapirmoq" fe’lidan olingan. Bu so‘z "ko‘p yolg‘on gapiruvchi", "o‘ta ketgan yolg‘onchi" ma’nolarini ifoda etadi.
Ushbu hadisi sharifdan ko‘rinib turibdi, Nabiy alayhissalomdan keyin hech qanday payg‘ambar chiqishi mumkin emas. Bordi-yu, kimdir payg‘ambarlik da’vo qilsa, u barcha mo‘minlar tomonidan yolg‘onchi deya inkor etiladi. Sahobai kiromlar Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan keyin payg‘ambarlik da’vosi bilan chiqqan Musaylama, Asvad Anasiy va Sajohga qarshi jang qilganlar.
Bundan tashqari, “uchar likopcha” hikoyasi orqali asli yo‘q, bo‘lmagan narsalar bilan insonlarni aldash yoki chalg‘itish ham katta gunoh ekanini anglash kerak.
Shu o‘rinda yana bir nozik masala bor. Yuqoridagi kabi bo‘lmag‘ur xabarlarni bo‘yab-bejab tarqatayotganlar bir narsani yaxshi anglab olsinlar. Har bir voqea-hodisani ommaga ko‘rsatish hamisha ham to‘g‘ri bo‘lavermasligiga insonning o‘z farosati yetishi kerak. Bu haqda Alisher Navoiy hazratlari «Mahbub-ul-qulub» asarida shunday deganlar:
«Oqil chindin o‘zga demas, ammo barcha chinni ham demak oqil ishi emas…»
Demak oqil odam faqat rost so‘zlaydi, ammo rost so‘zni ham o‘z o‘rnida gapiradi. Hazrat Navoiyning bu so‘zlari shunchaki so‘zlar emas. Balki, odam bolasining so‘z aytish, xabar tarqatish va ma’lumot yetkazishda aslida qaysi yo‘ldan borishi kerakligi haqidagi eng go‘zal ko‘rsatmadir.
Haq taolo o‘qiydigan va tarqatadigan narsalarimiz ikki dunyoga foydali bo‘lishini nasib aylasin!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
O‘zbekistonda noyob Qur’on yaratish bo‘yicha jahon xattotlar tanlovi 26 avgust kuni O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida e’lon qilinadi. Tanlov «Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh — yangi kashfiyotlar» xalqaro mediaforumi doirasida o‘tkaziladi, xabar bermoqda UzDaily.uz.
«Dunyo Qur’oni: xattotlik an’analaridan — kelajak merosi sari» loyihasini xattot va Islom sivilizatsiyasi markazi huzuridagi Xattotlik maktabi direktori Habibullo Solih taqdim etadi. Bu haqda tadbir tashkilotchisi xabar berdi.
Tanlov doirasida turli mamlakatlar va xattotlik maktablarining islomiy xattotlikdagi eng yaxshi an’analarini birlashtirgan noyob Qur’on yaratish ko‘zda tutilgan.
Tanlovning tantanali e’loni «Asrlarni birlashtiruvchi meros. Islom sivilizatsiyasining ma’naviy mazmunlari» mavzusidagi yalpi sessiyaning yakuniy qismi bo‘ladi. Sessiya 26 avgust kuni soat 09:30 dan 12:00 gacha o‘tkaziladi.
Tadbir doirasida ommaviy axborot vositalarining stereotiplar va islomofobiyani yengishdagi roliga bag‘ishlangan xalqaro muhokama ham bo‘lib o‘tadi. Unda Islom hamkorlik tashkiloti, Jazoir, Ummon, Pokiston, Saudiya Arabistoni, Iroq, Mali va O‘zbekistonning davlat tuzilmalari hamda OAV vakillari ishtirok etadi.
Forum dasturidan Qur’oniy va qo‘lyozma merosga bag‘ishlangan loyihalar ham o‘rin olgan. Ular orasida «114 Qur’on: islom olamining 114 xattotlik durdonasi», «Katta Langar Qur’oni: haqiqat va rivoyatlar» xalqaro loyihasi hamda «Sun’iy intellekt — qadimiy qo‘lyozmalarni o‘qishning raqamli kaliti» loyihasi bor.
O‘zbekistonda xattotlikni rivojlantirishga institutsional darajada ham e’tibor qaratilmoqda. Islom sivilizatsiyasi markazi huzurida Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilgan Xattotlik maktabi faoliyat yuritmoqda. Maktabda suls, nasx, nasta’liq, ruq’a, devoniy va kufiy kabi an’anaviy yozuv uslublarini o‘rgatish rejalashtirilgan.
Xattotlik san’ati Samarqand viloyatidagi yangi Imom al-Buxoriy majmuasida ham namoyon etilgan. Majmua peshtoqlari va ayvonlari devorlari «Sahih al-Buxoriy»dan olingan hadislar bitilgan yozuvlar bilan bezatilgan. Majmua huzurida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Hadis ilmiy maktabi ham faoliyat yuritadi.
Xalqaro mediaforumning asosiy maydoni O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi bo‘ladi.
Tadbirda qariyb 50 mamlakatdan media va ekspertlar hamjamiyatining 300 ga yaqin vakili ishtirok etadi. Ular orasida mediakompaniyalar, axborot agentliklari va telekanallar rahbarlari, jurnalistlar, prodyuserlar, olimlar hamda kreativ industriya mutaxassislari bor.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati