Bag‘rikenglik tushunchasini ifodalashda adolat va bardosh, e’tiqodlilik kabi muhim va asosiy sifatlarga to‘xtalib o‘tish zarur. Shu bilan birga ba’zi kishilar tomonidan qo‘llanib kelayotgan bag‘rikenglik haqidagi bir yoqlama tushunchani ham muolaja qilish lozim. Chunki bag‘rikenglik faqat bardosh ya’ni boshqa din vakillari tomonidan amalga oshirilayotgan har qanday ishga sabr qilib toqatni mahkam etish deb, baholab ham, ta’riflab ham bo‘lmaydi. Bag‘rikenglikning asosi adolat. Shu ma’noda bag‘rikenglik tushunchasiga qo‘yidagicha ta’rif berish mumkin: Bag‘rikenglik deb, jamiyatdagi qonun – qoidalar va huquqiy normalarni jamiyat a’zolari orasidagi turli din, millat hamda irq vakillari orasida ham birdek adolat bilan qo‘llash, bag‘rikenglik va bardosh jihatdan ushbuni qo‘shish mumkin: ularning diniy yoki ma’lum o‘zlariga xos, qonunga xilof bo‘lmagan harakat va tadbirlariga chiroyli munosabatda bo‘lib, g‘azab yoki nafratni “izhor” qilmaslik deganidir.
Ana endi o‘zimiz keltirgan ta’rif asosida bag‘rikenglik avvalo shaxsga keyin esa jamiyatga va butun davlatga keltiradigan foydalari va mamlakat taraqqiyoti yo‘lidagi manfaatlarida o‘ziga xos aloqalari haqida to‘xtalib o‘tamiz. Adolat degan tushunchani rivojlantirish va jamiyat orasida uni tatbiq qilish borasida Alloh Qur’oni Karimda ko‘p oyatlar nozil qilgan. Ulardan biri:
“Albatta, Alloh sizlarga omonatlarni o‘z ahliga erishtirishni va agar odamlar orasida xukm qilsangiz, adolat ili xukm qilishni amr qilur. Alloh sizlarga qanday ham yaxshi va’z qilur! Albatta Alloh eshituvchi va ko‘ruvchi Zotdir”. (Niso so‘rasi 58-oyati karima.)
Ko‘rib turganingizdek Alloh odamlar orasida qanday din yoki millat sohibi bo‘lsa ham adolat bilan hukm kilishni va uni bosh mezon etib olishni buyurmoqda.
Adolatli jamiyatlarda rivojlanish eng yuqori cho‘qqiga chiqib olishiga tarixdan ham ko‘plab guvohlar keltirishimiz mumkin. Keling, “Tarix kitobi”ni varaqlashda birinchi bo‘lib hurmat va odob yuzasidan Allohning habibi, insoniyat muallimi Muhammad alayhissalomning ibrat va hikmat chiroqlari bilan yoritilgan hayotlariga nazar tashlaymiz. Chunki Islom-bu adolat dini. Islomga ergashganlar xam adolat va haqiqat ummatlaridir. Buning bariga esa rasulullohning mana bu birgina ishlari ulkan namuna bo‘la oladi.
“U zot Badr kuni sahobalarining saflarini qo‘llaridagi kichik tayoq bilan to‘g‘irlab borardilar, shunda Adiy ibn Najjor jamoasining sherigi Savod ibn Uzayyaning yonlaridan o‘tayotib, u safdan chiqib turganini ko‘rgach, to‘g‘ri turgin ey Savod!, deya qo‘llaridagi tayoqcha bilan tegib qo‘ydilar. Shunda u: “Rasullulloh, og‘ritdingiz, Alloh sizni adolat ila yuborgan, men ham endi sizdan o‘ch olayin”, dedi. Rasullulloh: “Mayli, olaqol!”, dedilar. Savod bo‘lsa: “Menga tayoqni tekkizganingizda kuylagim yo‘q edi, degandi, Allohning payg‘ambari qorinlarini ochib berdilar-da, mana o‘chingni olgin!, dedilar. U bo‘lsa u zotning qorinlarini mahkam quchib, o‘pib oldi ...
Mana sizga Islomning o‘rnatgan adolati-yu, uning cheksiz foydalaridan bir ko‘rinish. Boshqa podshohlik va amirliklar tarixida adolatni ko‘rmoqchi bo‘lsangiz Jahongirmirzo, Amir Temur hazratlarining tuzgan saltanatlariga bir nazar tashab qo‘ying!
Bag‘rikenglikning ta’rifimizdagi ikkinchi asosi bardoshlilik haqida ham ko‘plab gapirish mumkin. Ammo... Bardoshlilik – yaxshi xislat va fazilatlardan sanaladi. Shunday ekan bardoshli kishi barcha jamiyat a’zolari tomonidan seviladi. Chunki bunday inson jizzaki bo‘lmaydi. Ichi birovning sirlari bilan to‘lib ketsa ham, uni oshkor qilmaydi. Qalbida g‘azab yoki nafratni ko‘tarib yurmaydi. Shunday bo‘lganidan keyin u jamiyat manfaatlari va taraqqiyoti yo‘lida muhabbat bilan harakat qiladi. Natijada tashqi ta’sirlarga ham o‘ziga xos munosabat bildira oladi. Hozirgi kunda avj olgan “Xalifalik tuzish”, “Islom davlati”ni barpo qilish g‘oyasining vakillarida ayni shu jamiyat va davlatga nisbatan nafrat va g‘azab bor. Demak, bag‘rikenglikning bir qismi bo‘lgan “bardoshlilik” jamiyat a’zolarini bunday g‘oyalarga o‘ralashib qolib, davlat rivojlanishiga ulkan zarar keltirishdan saqlaydi.
Bag‘rikenglik orqali turli millat va din vakillarining orasida muhabbat uyg‘onadi. Bu esa “davlat sivilizatsiya” si uchun muhim o‘rin tutadi.
Chunki rivojlanish uchun hamma birdek harakat kilishi lozim. Agar jamiyatdagi kishilar bir – birini dini, millati sababli ajratib bir yoqadan bosh chiqarmasa, kutilgan rivojlanishni “TUSH” da ko‘rish mumkin, xolos.
Bag‘rikenglik orqali jamiyat a’zolari sodda til bilan aytganda xalq orasida psixologik barqarorlik hamda xavfsizlikni paydo bo‘lishida “Podshohning toji” (chunki tojsiz podshohni tasavvur qilish qiyin)kabi vazifani o‘taydi.
“Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, bag‘rikenglik orqali insonning immunetiti mustahkam bo‘ladi. Shu bilan birga depression holatlar sodir bo‘lishi kuzatilmaydi”, deyiladi AQSHda chop etilgan jurnallarning birida.
Xulosa shuki, bugungi diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlar xalqimizning tarixiy-madaniy tajribasi mahsuli sifatida Harakatlar strategiyasining beshinchi ustuvor yo‘nalishidan kelib chiqib, Prezident Shavkat Mirziyoyevning turli millat va konfessiyalar o‘rtasida hamkorlik, o‘zaro hurmat va birdamlik muhitini mustahkamlash, konfessiyalar, millatlar va madaniyatlararo muloqotni qo‘llab-quvvatlash va asrash, yurtimizda tinchlik va totuvlikni ta’minlashga qaratilgan izchil va puxta o‘ylangan strategiyasi xalqaro hamjamiyat tomonidan to‘la qo‘llab-quvvatlanayotganining yaqqol dalilidir.
Tuxtayev Ilhomjon
“Xoja Buxoriy” o‘rta maxsus islom
bilim yurti 3 kurs talabasi
O‘zbekistonda noyob Qur’on yaratish bo‘yicha jahon xattotlar tanlovi 26 avgust kuni O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida e’lon qilinadi. Tanlov «Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh — yangi kashfiyotlar» xalqaro mediaforumi doirasida o‘tkaziladi, xabar bermoqda UzDaily.uz.
«Dunyo Qur’oni: xattotlik an’analaridan — kelajak merosi sari» loyihasini xattot va Islom sivilizatsiyasi markazi huzuridagi Xattotlik maktabi direktori Habibullo Solih taqdim etadi. Bu haqda tadbir tashkilotchisi xabar berdi.
Tanlov doirasida turli mamlakatlar va xattotlik maktablarining islomiy xattotlikdagi eng yaxshi an’analarini birlashtirgan noyob Qur’on yaratish ko‘zda tutilgan.
Tanlovning tantanali e’loni «Asrlarni birlashtiruvchi meros. Islom sivilizatsiyasining ma’naviy mazmunlari» mavzusidagi yalpi sessiyaning yakuniy qismi bo‘ladi. Sessiya 26 avgust kuni soat 09:30 dan 12:00 gacha o‘tkaziladi.
Tadbir doirasida ommaviy axborot vositalarining stereotiplar va islomofobiyani yengishdagi roliga bag‘ishlangan xalqaro muhokama ham bo‘lib o‘tadi. Unda Islom hamkorlik tashkiloti, Jazoir, Ummon, Pokiston, Saudiya Arabistoni, Iroq, Mali va O‘zbekistonning davlat tuzilmalari hamda OAV vakillari ishtirok etadi.
Forum dasturidan Qur’oniy va qo‘lyozma merosga bag‘ishlangan loyihalar ham o‘rin olgan. Ular orasida «114 Qur’on: islom olamining 114 xattotlik durdonasi», «Katta Langar Qur’oni: haqiqat va rivoyatlar» xalqaro loyihasi hamda «Sun’iy intellekt — qadimiy qo‘lyozmalarni o‘qishning raqamli kaliti» loyihasi bor.
O‘zbekistonda xattotlikni rivojlantirishga institutsional darajada ham e’tibor qaratilmoqda. Islom sivilizatsiyasi markazi huzurida Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilgan Xattotlik maktabi faoliyat yuritmoqda. Maktabda suls, nasx, nasta’liq, ruq’a, devoniy va kufiy kabi an’anaviy yozuv uslublarini o‘rgatish rejalashtirilgan.
Xattotlik san’ati Samarqand viloyatidagi yangi Imom al-Buxoriy majmuasida ham namoyon etilgan. Majmua peshtoqlari va ayvonlari devorlari «Sahih al-Buxoriy»dan olingan hadislar bitilgan yozuvlar bilan bezatilgan. Majmua huzurida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Hadis ilmiy maktabi ham faoliyat yuritadi.
Xalqaro mediaforumning asosiy maydoni O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi bo‘ladi.
Tadbirda qariyb 50 mamlakatdan media va ekspertlar hamjamiyatining 300 ga yaqin vakili ishtirok etadi. Ular orasida mediakompaniyalar, axborot agentliklari va telekanallar rahbarlari, jurnalistlar, prodyuserlar, olimlar hamda kreativ industriya mutaxassislari bor.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati