Sayt test holatida ishlamoqda!
29 Dekabr, 2024   |   29 Jumadul soni, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:23
Quyosh
07:48
Peshin
12:30
Asr
15:21
Shom
17:05
Xufton
18:25
Bismillah
29 Dekabr, 2024, 29 Jumadul soni, 1446

Kofir deyishdan qattiq ehtiyot bo‘ling!

22.10.2019   6549   5 min.
Kofir deyishdan qattiq ehtiyot bo‘ling!

Bugungi kunda, internet, yanada aniqrog‘i ijtimoiy tarmoqlar ko‘plab insonlarning hayot maydoniga aylanib qoldi. Afsuski, ular bu hayotning noreal ekanligini anglab yetishmayapti. Achinarlisi, mana shu sohta hayotlarida, o‘zlari mutlaqo ilmga ega bo‘lmasdan, nodonlarcha u yer, bu yerdan eshitgan gaplariga asosan axmoqlikka qo‘l urib, musumlmonlarni, bo‘lganda ham Islom ulamolarini kufrda ayblashib, qattiq gunohga botishmoqda. Xo‘sh, dinimiz shariatiga ko‘ra bir insonni kufrda ayblab, uni kofir deyishning hukmi qanday?   

Islom dini ta’limotiga ko‘ra, Allohning yagonaligi, Payg‘ambar alayhissalom Uning elchisi ekaniga iymon keltirgan, islom diniga e’tiqod qiladigan har qanday kishi mo‘min hisoblanadi. Hech kimga insonning iymonini o‘lchash, uning musulmon yoki kofirligini aniqlash huquqi berilmagan. Chunki iymon qalbda bo‘ladi. Qalb esa faqat Allohning hukmidadir. Alloh taolo bu haqda O‘z Kalomi Qur’oni karimida shunday marhamat qiladi:

“Hammangiz Allohning “arqoni”ni (Qur’onini) mahkam tuting va firqalarga bo‘linmang hamda o‘zaro adovatda bo‘lgan paytlaringizda dillaringizni (tutashtirib) oshno qilib qo‘ygan Allohning ne’matini yodda tuting. Uning ne’mati tufayli birodarlarga aylandingiz. Do‘zax chohi yoqasida turganingizda, sizlarni undan qutqardi. Shoyad haq yo‘lni topgaysizlar, deb, Alloh O‘z oyatlarini sizlarga shunday bayon qiladi” (Oli Imron surasi, 103oyat).

Bu oyati karima amalan musulmonlarni turli buzg‘unchi oqimlar va fitnachi ixtiloflar ta’siridan ehtiyot bo‘lgan holda ularni ogoh bo‘lishga chorlaydi. Zero, o‘zaro ixtiloflar, islom dini va muslumonlarni yomonotliq qilib ko‘rsatish ortida faqat va faqat yovuz kuchlarning manfaatlari yotganini barchalarimiz, zinhor unutmasligimiz kerak. Islomdan ozgina xabari bor har qanday inson “kofir” so‘zini aytishdan o‘zini tiyadi. Chunki bir insonni yohud bir diyorda yashaydigan kishilarni yoppasiga kofirga chiqarish hamda butun boshli mamlakatlarni kufr diyori deyish o‘ta nodonlik bo‘lib, bunday so‘zlarni faqat gumroh, ilmsiz, johil kishigina aytishi mumkin. Hadisi shariflardan birida, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Kim hammani yomon desa, o‘zi yomon” deganlar.

Islom dini ko‘rsatmalarida bir insonni kofir deyishga shoshilmaslik, unga qilayotgan ishi noto‘g‘ri ekanini yotig‘i bilan tushuntirish lozimligi ta’kidlanadi.

Ulamolar  musulmonni kofirga chiqarish xususidagi savolga quyidagicha ittifoq qilishib javob berganlar: “Kim Allohdan o‘zga iloh yo‘q va Muhammad alayhissalom Uning Rasuli ekaniga qalbi bilan tasdiqlagan holda guvohlik bersa, u musulmondir. Unga hamma musulmonlarga qilinadigan muomala qilinishi kerak”.

Dinimiz ta’limotiga ko‘ra, shirkdan tashqari har qanday gunoh qilgan inson toki o‘sha gunohini halol deb hisoblamas ekan, kofir bo‘lmaydi.

Musulmon kishini kofirga chiqarish mumkin emasligi borasida Imom Abu Dovud rivoyat qilgan hadisda bunday deyiladi: “Uch narsa iymonning aslidir:

  1. Laa ilaha illalloh (Allohdan boshqa iloh yo‘q!)” degan kimsaga tegmaslik;
  2. Gunohi bois uni kufrda ayblamaslik;
  3. Amali uchun uni Islomdan chiqarmaslik lozim. 

Boshqa bir rivoyatda esa: “Kimda-kim o‘z birodarini “kofir” desa, agar o‘sha insonda shu narsa topilmasa, uning o‘zi shunday bo‘libdi”, deb ta’kidlangan. Shuningdek, kalimai shahodatni aytib, o‘zining musulmonligini bildirib turgan kishining joniga, moliga zarar yetkazmaslik zarur. Zohirida musulmon bo‘lib ko‘rinib, Islom amallarini qilayotganlar bilan yaxshi muomala qilinaveradi. Kishilarning ichki sirlari Allohning O‘ziga havola. “Laa ilaha illalloh”ni aytib, musulmon bo‘lgan odamni qilgan gunohi tufayli kofirga chiqarmaymiz. U kofir emas, osiydir.

Yana bir hadisi sharifda keltirilishicha, Usoma ibn Zayd “roziyallohu anhu” “Laa ilaha illalloh” degan bir odamni o‘ldirib qo‘yadi, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam undan: “Laa ilaha illalloh”, desa ham o‘ldirdingmi?” deb so‘raydilar. Usoma: “U qo‘rqqanidan, xavfsirab aytdi”, deydi. Shunda U zot alayhissalom: “Sen uning qalbini yorib ko‘rdingmi?” deb, qattiq tanbeh beradilar.

Demak, turli hil internet tarmoqlari va guruhlarda ertalabdan kechgacha vaqtini bekor o‘tkazib, odamlarni kofirlikda ayblab fitna, tuxmat va bo‘hton qilayotgan kimsalar avvalo, Alloh taologa chin dildan tavba qilishlari lozim. Qolaversa, bunday ishlarni bas qilishi o‘zi va atrofidagilar uchun ulkan foydadir. Yo‘qsa, yuqoridagi hadisda ta’kidlanganidek o‘zlari kufrga ketib qolishlari hech kab emas.

Zero, ulug‘larimiz aytganlaridek:

“Dunyoda hech bir amal hisobsiz qolmaydi. Alloh har bir amalingizni zarrasigacha hisobini qilguvchi Zotdir. Yaxshi bo‘lsa mukoffotini, yomon bo‘lsa JAZOSINI olasiz”!

 

Sayyidabror Umarov tayyorladi

MAQOLA
Boshqa maqolalar

Dam olish kunlaringizni qanday o‘tkazasiz?

27.12.2024   25710   3 min.
Dam olish kunlaringizni qanday o‘tkazasiz?

1. Diniy ibodatlarni bajarish

1.1. Namozlarni o‘z vaqtida o‘qish. Ibodatlar ichida eng afzali – vaqtida o‘qilgan farz namozi sanaladi.

1.2. Ro‘za tutish. Qazo va nafl ro‘zalarni tutish. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qish kunidagi ro‘za qiyinchiliksiz topiladigan g‘animat (o‘lja)dir”, deganlar (Imom Termiziy rivoyati).

1.3. Qur’on o‘qish. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ummatimning eng afzal ibodati Qur’onga qarab tilovat qilishdir”, deganlar. Qur’onni yoddan o‘qishdan ko‘ra, unga qarab o‘qish afzaldir. Chunki Qur’onga qarash ham ibodatdir.

1.4. Tahajjud namozlarini o‘qish. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Farz namozdan keyingi eng afzal namoz tungi namozdir”, deganlar (Imom Muslim rivoyati).

1.5. Duo va zikrni ko‘paytirish. “...Allohni ko‘p zikr qiling. Shoyadki, zafar topsangiz” (Juma surasi, 10-oyat).

 

2. Oilaga yaxshilik qilish

2.1. Ota-onaga yaxshilik qilish. O‘z vaqtida o‘qilgan farz namozdan keyin eng afzal amal bu – ota-ona xizmatida bo‘lish sanaladi. Zero, “Robbingiz, Uning O‘zigagina ibodat qilishingizni hamda ota-onaga yaxshilik qilishni amr etdi” (Isro surasi, 23‑oyat).

2.2. Farzand va ahli ayolga xursandchilik ulashish. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: Sizlarning yaxshilaringiz o‘z ahliga yaxshi muomala qilganingizdir. Men o‘z ahliga yaxshi muomala qiluvchirog‘ingizman”, deganlar (Imom Termiziy rivoyati).

 

3. Ilm olish, kitob o‘qish

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ilm talab qilish har bir musulmon zimmasiga farzdir”, deganlar.

 

4. Tafakkurga vaqt ajratish

Hasan rahmatullohi alayh aytadilar: “Bir soat tafakkur qilish bir kechani bedor o‘tkazishdan yaxshidir”.

 

5. Muhtojlarga yordam berish

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim bir mo‘minning bitta dunyoviy tashvishini aritsa, Alloh taolo uning Qiyomat kunidagi tashvishlaridan birini aritadi. Kim qiynalgan kishiga yengillik keltirsa, Alloh taolo unga dunyoyu Oxiratda yengillik beradi” (Imom Muslim rivoyati).

 

6. Silai rahm qilish

Dam olish kunlari qavm-qarindoshlar holidan hech bo‘lmasa telefon orqali bo‘lsada xabar olish uchun qulay fursat. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kimni rizqi keng, umri uzoq bo‘lish xursand etsa, silai rahm qilsin (qarindoshlik rishtalarini mustahkamlasin) (Imom Buxoriy, imom Termiziy rivoyati).

 

7. Sport bilan shug‘ullanish

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kuchli mo‘min Alloh huzurida kuchsiz mo‘mindan yaxshiroq va mahbubroqdir”, deganlar.

 

8. Do‘st va yaqinlar holidan xabar olish

Hazrat Ali roziyallohu anhu aytadilar: Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni: “Qaysiki musulmon boshqa bir musulmonni ertalab ziyorat qilsa, to kech kirgunicha unga yetmish ming farishta salavot aytadi. Agar kech kirganida ziyorat qilsa, to tong otgunicha yetmish ming farishta unga salavot aytadi. Unga jannatda bir bog‘ bo‘ladi”, deb aytganlarini eshitdim (Imom Termiziy rivoyati).


Dam olish kunlaringiz xayrli va barakali o‘tsin!

Davron NURMUHAMMAD