Sayt test holatida ishlamoqda!
18 Avgust, 2026   |   5 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:08
Quyosh
05:35
Peshin
12:27
Asr
17:17
Shom
19:22
Xufton
20:45
Bismillah
18 Avgust, 2026, 5 Rabi`ul avval, 1448

25.10.2019 y. Yo‘l harakati odoblariga rioya qilish

22.10.2019   9941   17 min.
25.10.2019 y. Yo‘l harakati odoblariga rioya qilish

بسم الله الرحمن الرحيم

اَلْحَمْدُ لِلَّهِ الَّذِي شَرَعَ لَنَا مِنَ الْآدَابِ وَالْأَحْكَام

وَالصَّلاَةُ وَالسَّلاَمُ عَلَى سَيِّدِنَا مُحَمَّدٍ الَّذِي كَانَ نَمُوذَجًا لِلْعُلَمَاءِ وَالْعَوَامِّ وَعَلَى آلِهِ وَصَحْبِهِ أجْمَعِينَ، أَمَّا بَعْدُ.

YO‘L HARAKATI ODOBLARIGA RIOYA QILISH

Muhtaram jamoat! Dinimiz ko‘rsatmalari inson hayotining hamma jihatini o‘z ichiga qamrab oladi va uning shaxsiy, oilaviy va ijtimoiy hayotidagi o‘rnini belgilab beradi. Musulmon kishi o‘zgalar bilan muomala qilishda chiroyli xulqli bo‘lishi – ayni dinimiz talabi! Zero Alloh taolo Qur’oni karimda Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamning go‘zal xulqlarini maqtab, shunday deydi:

وَإِنَّكَ لَعَلى خُلُقٍ عَظِيمٍ 

ya’ni:Albatta, Siz buyuk xulq uzradirsiz!(Qalam surasi 4-oyat).

 Hadisi sharifda esa Rasululloh sallallohu alayhi vasallam:

إِنَّمَا بُعِثْتُ لِأُتَمِّمَ مَكَارِمَ الْأَخْلَاقِ

(رواه الامام البزار عن أبي هريرة رضي الله عنه)

ya’ni:Men ulug‘ xulqlarni mukammal qilish uchun yuborilganman”, – deganlar. (Imom Bazzor rivoyati).

Shuningdek, Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam mo‘minlarning chiroyli xulqlarga odatlanishi Islomning shiori ekanini e’lon qilganlar. Jumladan, piyoda va avtomashinalarda yurishning ham o‘ziga yarasha qoidalari bor. Bu mavzuning muhimligi shundaki, hozirgi kunimizda transport vositalari sezilarli darajada ko‘paydi. Shu bilan birga yo‘l-transport hodisalari va talofotlar ortmoqda. Bu esa ham haydovchi, ham piyodaga qo‘shimcha mas’uliyat yuklaydi.

Mutaxassislarning ma’lumotlariga qaraganda, dunyo bo‘yicha har kuni 3 mingdan ziyod inson yo‘l-transport hodisasi qurboniga aylanayotgan bo‘lsa, 100 mingga yaqin kishi turli darajada tan jarohati olmoqda. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, har yili yo‘l-transport hodisalari dunyoda 1 million 300 ming kishining hayotiga nuqta qo‘yadi. Bunga yana 20-50 million atrofidagi odam tan jarohati olishi, ba’zilari umrbod nogiron bo‘lib qolishini ham qo‘shsak, falokat ko‘lami yanada kengayadi, jabrlanuvchilarning aksariyatini piyodalar, mototsikl va velosiped haydovchilari tashkil etmoqda.

Asosli  ma’lumotlarga ko‘ra, respublikamiz hududida har yili o‘rtacha 9-10 mingta yo‘l-transport hodisasi ro‘y beradi. Ularning 2 mingdan ortig‘i odamlar qurbon bo‘lishiga olib kelmoqda. Yurtimizda 2018 yilda yo‘l-transport hodisalari sababli 2262 kishi vafot etgan.

 Mana shu noxush holatlarni oldini olish  maqsadida yo‘l harakati qoidalariga rioya qilish mavzusiga tegishli bo‘lgan ba’zi fiqhiy ahkomlarni o‘rganib chiqsak, foydadan xoli bo‘lmaydi. Alloh taolo Qur’oni karimda shunday marhamat qilgan:

وَذَكِّرْ فَإِنَّ الذِّكْرَى تَنْفَعُ الْمُؤْمِنِينَ

ya’ni: “Eslating! Zero, eslatma mo‘minlarga manfaat yetkazur” (Zoriyot surasi 51-oyat), – deb marhamat qiladi.

  1. Turli ulov va transport vositalari – Allohning bizga bergan ne’mati

  Inson zotiga turli xil ulovlarning bo‘ysundirilishi, harakatlanishi uchun qulay yo‘llar qilingani, keyingi asrlarda yangi-yangi transport vositalarining kashf etilishi Alloh taolo tomonidan ato etilgan ulug‘ ne’matlardir. Bu haqda Alloh taolo O‘z kalomida shunday marhamat qiladi:

وَتَحْمِلُ أَثْقَالَكُمْ إِلَىٰ بَلَدٍ لَّمْ تَكُونُوا بَالِغِيهِ إِلَّا بِشِقِّ الْأَنفُسِ ۚ إِنَّ رَبَّكُمْ لَرَءُوفٌ رَّحِيمٌ (7 ) وَالْخَيْلَ وَالْبِغَالَ وَالْحَمِيرَ لِتَرْكَبُوهَا وَزِينَةً ۚ وَيَخْلُقُ مَا لَا تَعْلَمُونَ 

ya’ni: “Shuningdek, ular (mazkur hayvonlar) sizlar jonlaringizni qiynab yetadigan yurtlarga yuklaringizni ko‘tarib borur. Albatta, Rabbingiz mehribon va rahmlidir (7). U yana minishingiz uchun va ziynat sifatida otlar, xachirlar va eshaklarni (yaratdi). Yana, sizlar (hali) bilmaydigan narsalarni ham yaratur”(8) (An-Nahl surasi 7-8-oyatlar).

Har bir ne’matning shukri – uni shariatga muvofiq, go‘zal holatda ishlatishdir. Shuning uchun inson ulovda yurganida qo‘lidan kelganicha o‘zi va o‘zgalarni xatarga qo‘ymasligi, piyodalar, yo‘lovchilar va boshqa haydovchilar hayotiga xavf solmasligi kerak. Buning uchun esa yo‘l harakati qoidalariga, svetofor chiroqlari ishoralariga rioya qilishi lozim bo‘ladi. Qizil chiroqda o‘tish boshqa bir yo‘l harakati ishtirokchisi haqqini poymol qilish hisoblanadi. Mashinaga minishni yaxshi niyat bilan boshlash, yo‘l davomida o‘zgalar bilan chiroyli muomala qilish – yuksak odob namunasidir.

  1. Yo‘l harakati qoidalariga amal qilishning shar’iy hukmi

Islom Fiqhi Akademiyasi va Saudiya Arabistoni podshohligining ilmiy bahslar va fatvo berish bo‘yicha doimiy qo‘mitasi kabi fatvo tashkilotlari va jumhur ulamolar yo‘l harakati qoidalariga amal qilish vojib ekanini ta’kidlashadi. Ular o‘z so‘zlariga “Maslahatul mursala”ni dalil qiladilar (“Maslahatul mursala” – shariatda ko‘zda tutilgan foydani jalb qilish).  Chunki yo‘l harakati qoidalari shariatimizga zid emas. Undan hamma odamlarning foydasi ko‘zlanadi va qoidalarga amal qilish – boshliqlarga itoat qilish qabilidan hisoblanadi. Demak, yuqoridagi sabablarga ko‘ra yo‘l qoidalariga amal qilishning lozimligi va uni buzganlarga moliyaviy jazolar qo‘llash mumkinligi  kelib chiqadi.

Shunisi achinarliki, ayrim mutaassib, johil “fatvo beruvchilar”:  “Yo‘l harakati qoidalari Qur’oni karimda ham, sunnatda ham vorid bo‘lmagan, u islom shariatidan tashqaridagi narsa, demak, unga amal qilmasa ham bo‘laveradi” degan o‘ta ahmoqona fatvolarni bermoqdalar.

Ba’zi musulmonlarning bu kabi nayranglarga uchishi oqibatida bugungi kunda yo‘ldagi tartibsizliklar, dilxiraliklar va o‘lim holatlari bo‘yicha “birinchilik”ni musulmon yurtlari qo‘ldan bermay kelmoqdalar. Aslida esa yo‘l madaniyati borasida musulmonlar emas, balki boshqalarning peshqadam bo‘lishi biz uchun or hisoblanmog‘i darkor.

  1. Dinimizda yo‘ldan foydalanish haqqi va odoblari

Ma’lumki, dinimizdagi ko‘chadan o‘tish yoki unda to‘xtab turish haqqi – umumiy. Undan piyoda ham, avtomashinada ham foydalanishi mumkin. Bunda salomatlik, ya’ni o‘ziga ham, o‘zgaga ham zarar bermaslik shart qilinadi. Chunki Payg‘ambarimiz alayhissalomning quyidagi so‘zlari Islomning asos qoidalaridan biridir:

لَا ضَرَرَ وَلَا ضِرَارَ

(رواه الامام  ابن ماجه عن أبي سعيد الخدري رضي الله عنه)

ya’ni:Zarar ko‘rish ham zarar berish ham yo‘q(Imom Ibn Moja rivoyati).

Yuqoridagi shar’iy qoidaga ko‘ra haydovchi o‘zgalarning joni, moliga yetkazgan zarari uchun javobgar bo‘ladi. Haydovchiga bog‘liq bo‘lmagan, uning aybi yo‘q holatlar – bundan mustasno.

 Payg‘ambarimiz alayhissalom odamlarning yo‘lidagi aziyat yetkazuvchi narsalarni chetga olishga targ‘ib qilganlar:

بَيْنَمَا رَجُلٌ يَمْشِي بِطَرِيقٍ وَجَدَ غُصْنَ شَوْكٍ عَلَى الطَّرِيقِ فَأَخَّرَهُ، فَشَكَرَ اللهُ لَهُ فَغَفَرَ لَهُ

(رواه الامام البخاري عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رضي الله عنه)

ya’ni: “Bir kishi yo‘lda ketayotib, tikanli butoqni ko‘rsa va uni chetga olib tashlasa, Alloh uni bu ishi uchun mukofotlab, gunohlarini kechiradi” (Imom Buxoriy rivoyati).

Lekin har soatda avtomashina oynasidan turli narsalarni hech o‘ylamasdan tashlab yuboramiz, hatto ba’zi vaqtlarda o‘zimiz yo‘lda o‘zgalarga aziyat beruvchi “to‘siq”, “tikanli butoq”qa aylanamiz. Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam quyidagi narsalarni yo‘lning haqqi deganlar:

...غَضُّ البَصَرِ ، وَكَفُّ الأَذَى ، وَرَدُّ السَّلامِ ، وَالأمْرُ بِالمَعْرُوفِ ، والنَّهيُ عن المُنْكَرِ

(مُتَّفَقٌ عَلَيهِ عن أَبي سعيد الخُدري رضي الله عنه)

ya’ni: “...Yo‘lning haqqi – ko‘zni tiyish, aziyat bermaslik, salomga alik olish, yaxshilika buyurish va yomonlikdan qaytarish” (Muttafaqun alayh).

Hadisi sharifdagi “aziyat” ko‘p narsalarni ichiga oladi. Eng yomonlaridan biri – o‘zgalarga til bilan ozor yetkazishdir, ayniqsa, haqorat, so‘kish – musulmonlik odoblariga mutlaqo ziddir. Hadisi sharifda bu haqda shunday deyiladi:

 سِبَابُ الْمُسْلِمِ فُسُوقٌ، وَقِتَالُهُ كفرٌ

(رواه الامام مسلم عن عبدالله بن مسعودٍ رضي الله عنه)

ya’ni: Musulmon kishini so‘kish fosiqlikdir. U bilan urushish kofirlikdir(Muttafaqun alayh).

Ochiq oydin gunoh qiladigan odamni “fosiq” deyiladi. Bir musulmonni joniga qasd qilish katta gunohligini bilib turib, uni qonini halol sanash –kufrdir. Alloh o‘zi bundan saqlasin!

Gohida bo‘lar-bo‘lmasga signal chalish, nomahramlarga nazar solish yoki musiqani baland qo‘yish bilan o‘zgalarga ozor beramiz. Kechki paytlarda boshqa haydovchilarning ko‘zini qamashtiradigan, taqiqlangan yoritgichlarni yoqib yurishdan “zavqlanamiz”.

  1. Transport vositalarini boshqarish odoblari va unda mo‘tadil bo‘lish

Aksariyat yo‘l transport hodisalari mast holda mashinani boshqarish, tezlikni me’yordan oshirish, telefonda gaplashish sababli yuz beradi. Mast qiluvchi ichimliklarni ichish – katta gunoh, mast holda rulga o‘tirish – bundanda og‘irroq jinoyat. Telefonda gaplashish esa haydovchining ham, piyodaning ham diqqatini oladi. Falokat uchun odam bir necha soniya chalg‘ishi kifoya qiladi. Dinimiz ko‘rsatmalarida inson odatda piyoda yurganda ham, ulovda yurganda ham, mo‘tadil bir tezlikda yurishga targ‘ib qilinadi. Piyoda yurganda haddan tashqari tez yurish mo‘minning haybatini ketkazadi. Ulovda haddan ziyod tez yurish kibr va o‘zini boshqalardan ustun qo‘yish sababli bo‘ladi. Bu haqda Alloh taolo O‘z kalomida shunday deydi:

وَلَا تَمْشِ فِي الْأَرْضِ مَرَحًا ۖ إِنَّكَ لَن تَخْرِقَ الْأَرْضَ وَلَن تَبْلُغَ الْجِبَالَ طُولًا

ya’ni:Yer yuzida kibrlanib yurma! Chunki sen (oyoqlaring bilan) zinhor yerni tesha olmaysan va uzunlikda tog‘larga yeta olmaysan(Isro surasi 37-oyat).

          Yuqoridagi oyati karima haydovchilarni ham ulovlarida og‘ir-bosiqlik va sabr bilan, shoshmasdan yurishga chaqiradi. Tanganing ikki tomoni bo‘lgani kabi, yo‘llarda juda sekin harakatlanuvchi transport vositalari, boshqalarga noqulaylik tug‘diradi, yo‘lda tirbandlik hosil qiladi. Buni ham hisobga olish kerak.

  1. Haydovchining zimmasidagi mas’uliyat va javobgarlik

Joriy yilda “Dunyoning eng nufuzli 500 musulmoni” ro‘yxatida birinchi o‘rinda turgan hanafiy olim, Muftiy Muhammad Taqiy Usmoniy yo‘l harakati qoidalariga amal qilish haqida shunday deydilar: “Asl qoida – transport vositasi haydovchisi harakat davomida mashinasi bilan sodir qiladigan har bir hodisaga mas’uldir. Chunki mashina uning qo‘lidagi vosita va haydovchi uni boshqarishga qodir. Mashina o‘zicha harakatlanmaydi. Shuning uchun haydovchi mashinaning oldi, orqasi va yon tomonlari bilan yetkazgan zararga zomin (javobgar) bo‘ladi. Haydovchi yo‘l harakati qoidalarini buzish bilan haddan oshib o‘zgaga zarar yetkazsa, javobgar bo‘lishida shubha yo‘q. Chunki haddan oshuvchi doimo javobgar hisoblanadi. Lekin yo‘l qoidalariga amal qilib yurib, o‘zgaga zarar yetkazgan kishi javobgar bo‘lishi to‘g‘risida turli fikrlar bor. Yo‘l harakati qoidalariga amal qilsa, haydovchiga bog‘liq bo‘lmagan favqulodda holatlarda javobgar bo‘lmasligi to‘g‘ri bo‘ladi” (“Islom fiqhi akademiyasi jurnali”da nashr qilingan ilmiy maqoladan).

  1. Piyodalar ham yo‘l qoidalariga amal qilishi lozim

Yo‘lning qatnov qismida, shuningdek piyodalar o‘tish joylarida harakatlanayotgan piyodalarga telefondan foydalanish, tele-video mahsulotlarni ko‘rish, radio, audio mahsulotlarni eshitish, kitob yoki davriy matbuot o‘qish hamda e’tiborni chalg‘itadigan boshqa elektron vositalardan foydalanish taqiqlandi.

Yo‘l harakati hodisalarining tahlili shuni ko‘rsatmoqdaki, ushbu hodisalarning 54,5 foizi piyodalar bilan bog‘liq holda sodir etilmoqda. Ushbu hodisalarga asosan piyodalarning svetofor ishoralariga, yo‘l belgilariga, yo‘l chiziqlarining talablariga rioya etmasligi, yo‘lning piyodalar uchun ta’qiqlangan qatnov qismida bo‘lishi va boshqa xavfsizlik qoidalariga rioya etmasligi sabab bo‘lmoqda.

Albatta, har bir yo‘l harakati ishtirokchisi yo‘l harakat qoidalari va yo‘lda yurish odoblariga rioya qilib, bir-biriga nisbatan hurmat va bag‘rikenglik bilan muomala qilishsa, o‘zi yaxshi ko‘rganni o‘zgalarga ham ravo ko‘rsa, yaxshi natijalarga erishamiz. Zero, tez borgan joyga sekinroq ham boramiz, vaqt jihatidan ham bu katta farq qilmaydi.

Yana bir muhim jihati shuki, mo‘min-musulmonlar yo‘l harakati qoidalariga va yo‘l odoblariga kuzatuv kameralari yoki yo‘l patrul xizmati inspektori qarab turgani uchungina emas, balki shariatimiz talabi, savobli bir ish deb, amal qilishimiz kerak. Mana shunda yo‘lda yurish ham ibodatga aylanadi!

Muhtaram azizlar! Mav’izamizning fiqhiy masalalar qismida  namoz o‘qishda ixtilof chiqarmaslik masalasini bayon qilamiz.

Ma’lumki, O‘rta Osiyo xalqlari ming yillardan beri hanafiy mazhabga amal qilib keladi. Agarchi to‘rt fiqhiy mazhab Ahli sunna val-jamoadan sanalsa ham va ularni tanlash ixtiyoriy bo‘lsa ham, bizning diyorlarda hanafiy mazhabiga amal qilish vojib darajasiga yetgan. Buni ko‘p ulamolar ta’kidlaydilar. Chunki bu mintaqada boshqa mazhab olimlari ham, kitoblari ham topilmaydi. Masjidlarimizda ko‘zga tashlanayotgan narsa, asosan, ba’zi o‘rta yosh namozxonlar takbiri tahrima, qo‘l bog‘lash, ominni jahriy aytish, imom orqasidan qiroat qilib turish kabi masalalarida ixtilof chiqarmoqdalar. Natijada, namozxonlar o‘rtasida noto‘g‘ri tushunish, bir-birini ayblash, gunohkorga chiqarish va yomon ko‘rish kabi katta gunoh bo‘lgan ishlar yuzaga chiqmoqda. Hushyor bo‘lishimiz darkorki, katta fitnalar musulmonlar orasida ixtilof chiqarishdan boshlanadi.

Gohida, aslida mustahab bo‘lgan amallarda har-xillikni keltirib chiqarib, shariatimizda harom sanalgan – o‘zaro ixtiloflarga sababchi bo‘linmoqda. Ulardan: “Nega bunday ixtilof chiqarmoqdasiz?”, – deb so‘ralsa, “Biz Qur’on va hadisga amal qilamiz” yoki “Shu masalada Shofe’iy mazhabning yo‘lini tutganmiz”, – deyishadi. Alohida ta’kidlaymizki, fiqhiy mazhablarga amal qilish Qur’on va sunnatga mukammal amal qilishdir! U mazhabdan bir masalani, boshqa mazhabdan boshqa masalani olishni ulamolarimiz “talfiq” deydilar va buning hukmi ham haromdir. Harom ishni qilish esa katta gunohdir. Yurtimizda bu ixtiloflarning yechimi sifatida – ming yillardan beri sinalgan va davom etib kelayotgan Ahli sunna val-jamoa e’tiqodi va hanafiy mazhabiga amal qilish, deb bilamiz. Ana shunda butun kuch-g‘ayratimiz, himmatimiz bir-birimizga dushmanchilik emas, foydali ishlarga sarf bo‘ladi.

Ixtiloflar va firqalarga bo‘linish, natijada urush-janjal va nizolar keltirib chiqarish harom amal ekaniga quyidagi hadis dalil bo‘ladi. Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday deydilar:

وَلَا تَخْتَلِفُوا فَتَخْتَلِفَ قُلُوبُكُمْ

(رواه الامام مسلم عن ابي مسعود رضي الله عنه )

ya’ni: “Ixtilof qilmanglar, yana qalblaring har-xil bo‘lib qolmasin!” (Imom Muslim rivoyati).

Qadimdan dinimizda firqalarga bo‘linish va ixtiloflarga asosiy sabablardan biri – ilmsizlik, dinni yaxshi tushunmaslikdir. Shuning uchun har bir musulmon dinini aslida kimligi noma’lum kimsalarning uzuq-yuluq ma’ruzalari yoki internetda in qurib olgan qo‘shtirnoq ichidagi “mulla”lardan emas, balki mo‘tabar olimlar, ustozlar yozib ketgan kitoblardan o‘qib-o‘rganish kerak. O‘qiganda ham, bir boshidan, tartib bilan, soddadan murakkabga qarab o‘qish, tushunmaganlarini Diniy idoramiz tomonidan e’tirof qilingan, elimiz tanigan va xalq hurmatini qozongan ilm ahlidan so‘rab bilish maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Alloh taolo barchamizni yo‘llardagi xatarlardan panohida asrasin! Yo‘l odoblariga amal qilishni bizga oson qilsin! O‘zaro ahl-inoq bo‘lib yashashni muyassar aylasin! Omin!      

         

          Muhtaram imom-domla! Kelgusi juma ma’ruzasi “MAVLIDUN NABIY MUBORAK!” mavzusida bo‘ladi.  

Juma mav'izalari
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Uchinchi Renessans: tarixiy tajribadan zamonaviy taraqqiyotga

18.08.2026   9433   8 min.
Uchinchi Renessans: tarixiy tajribadan zamonaviy taraqqiyotga

Insoniyat sivilizatsiyasi tarixida ayrim davrlar borki, ular faqat muayyan xalq yoki mintaqaning emas, balki butun jahon taraqqiyotining yo‘nalishini belgilab bergan. Islom sivilizatsiyasining IX–XV asrlardagi yuksalish davri ana shunday tarixiy bosqichlardan biri hisoblanadi. Bu davrda ilm-fanning turli sohalari bir-biridan ajralmagan holda. o‘zaro uyg‘unlikda rivojlandi. Matematika astronomiya bilan, tibbiyot falsafa bilan, geografiya matematika bilan, tilshunoslik tarix bilan, diniy ilmlar esa mantiq va tafakkur madaniyati bilan muloqot qilgan. Bugun fanlararo tadqiqot, raqamli gumanitaristika, sun’iy intellekt va kompleks ilmiy yondashuvlar jahon ilm-fanining eng muhim yo‘nalishlariga aylangan bir paytda, o‘sha tarixiy tajriba yanada qiziqarli ahamiyat kasb etmoqda.

Mazkur uyg‘unlik tasodifiy emas edi. U Qur’oni karimda ilmga berilgan yuksak qadr, tafakkurga da’vat, insonni borliqni anglashga chorlovchi g‘oyalar bilan mustahkamlangan ilmiy dunyoqarash mahsuli edi. Shu sababli o‘sha davr olimlarini bugungi zamonaviy tushunchalardagi qat’iy «mutaxassisliklar» doirasiga joylashtirish qiyin.

Forobiy falsafa, mantiq, siyosat, axloq va musiqa nazariyasi bilan shug‘ullangan. Xorazmiy  matematika va astronomiya sohalarida ishlagan. Beruniy astronomiya, geografiya, geodeziya, mineralogiya, tarix va etnografiyaga oid asarlar yaratgan. Ibn Sino tibbiyot bilan bir qatorda falsafa, mantiq va tabiiy fanlar haqida ham keng tadqiqotlar olib borgan. Ulug‘bek esa davlat boshqaruvi, ta’lim va astronomik tadqiqotlarni birlashtirgan ilmiy muhitni shakllantirgan. Bu misollarning umumiy jihati shundaki, bilim sohalari o‘rtasidagi chegaralar qat’iy bo‘lmagan.

Bugun «interdissiplinar tadqiqot» deb ataladigan yondashuvning ayrim tamoyillari aynan ana shu intellektual an’analar bilan hamohang.

Shuningdek, islom sivilizatsiyasining intellektual merosini faqat tabiiy va aniq fanlar bilan cheklash ham to‘g‘ri emas. Chunki diniy ilmlar sohasida ham manbalarni yig‘ish, tekshirish, tasniflash va baholashga qaratilgan murakkab ilmiy an’analar shakllangan.

Imom Buxoriyning hadis ilmidagi merosi bunga yaqqol misol bo‘la oladi. Hadislarni saralashda roviylar haqidagi ma’lumotlar, rivoyat zanjiri va boshqa mezonlar o‘rganilgan. Imom Moturidiy esa aqidaviy masalalarni aql va naql uyg‘unligi asosida tahlil qilgan. Uning merosi islom intellektual an’anasida aqliy dalillash va diniy bilim o‘rtasidagi munosabat masalasida muhim o‘rin tutadi.

Shu jihatdan Islom sivilizatsiyasi tarixini faqat diniy yoki faqat ilmiy tarix sifatida emas, keng intellektual jarayon sifatida ko‘rish mumkin.

O‘zbekistonda ilgari surilayotgan Uchinchi Renessans g‘oyasi tarixiy ilmiy merosni zamonaviy taraqqiyot ehtiyojlari bilan bog‘lashga qaratilgan.

Bu yondashuvning markazida ilm-fan, ta’lim, innovatsiya, madaniyat va ma’naviyatni o‘zaro bog‘liq tizim sifatida rivojlantirish g‘oyasi turadi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ham ana shu konsepsiyaning muhim amaliy ifodalaridan biridir.

Markazning vazifasi faqat tarixiy eksponatlarni namoyish qilish bilan cheklanmaydi.

Uning konsepsiyasida islom sivilizatsiyasining ilm-fan, ta’lim, falsafa, san’at, me’morchilik va insonparvarlik sohalaridagi merosini kompleks ravishda o‘rganish va namoyish etish g‘oyasi mujassam.

Nafaqat muzey, balki intellektual platforma

Markazni an’anaviy muzey tushunchasi doirasidagina baholash uning konsepsiyasini to‘liq ifodalamaydi. Zamonaviy muzey faqat eksponat saqlaydigan joy emas. U tadqiqot, ta’lim, raqamlashtirish va xalqaro ilmiy muloqot markaziga aylanishi mumkin. O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi konsepsiyasida ham ana shu yondashuv muhim o‘rin tutadi.

Qadimiy qo‘lyozma — shunchaki tarixiy buyum emas. U til, tarix, matnshunoslik, kodikologiya, san’at, materialshunoslik va raqamli texnologiyalar nuqtayi nazaridan tadqiq qilinishi mumkin bo‘lgan murakkab manba. Arxeologik merosni o‘rganishda esa geoinformatsion tizimlar, raqamli modellashtirish, 3D texnologiyalar va boshqa zamonaviy usullardan foydalanish imkoniyatlari kengaymoqda. Shunday qilib, madaniy merosni o‘rganishning o‘zi fanlararo jarayonga aylanmoqda.

O‘tmishni sun’iy intellekt bilan bog‘lash

Texnologiyalar madaniy merosni o‘rganish usullarini ham o‘zgartirmoqda.

Qo‘lyozmalarni yuqori sifatda raqamlashtirish, matnlarni elektron bazalarga kiritish, sun’iy intellekt yordamida matnlarni tahlil qilish, 3D modellar yaratish va virtual muhitlarda tarixiy obyektlarni qayta tiklash imkoniyatlari ilmiy tadqiqotlar uchun yangi yo‘nalishlarni ochmoqda.

Bu yerda muhim nuqta bor. Texnologiya tarixning o‘rnini bosmaydi — u tarixni yangi avlod uchun tushunarli va tadqiqot uchun yanada ochiq qiladi.

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining konsepsiyasi ham o‘tmishdagi ilmiy merosni zamonaviy texnologiyalar bilan bog‘lashga qaratilgan.

Bu yondashuv tarixiy bilimni arxiv va kitoblar doirasidan chiqarib, xalqaro tadqiqotchilar, talabalar va keng jamoatchilik uchun ochiq intellektual resursga aylantirish imkonini beradi.

«Ma’rifat bilan jaholatga qarshi»

Islom sivilizatsiyasining ilmiy merosini o‘rganishning yana bir ahamiyati bor.

Global axborot makonida din, tarix va madaniyat haqida turli xil, ba’zan bir-biriga zid tasavvurlar yuzaga kelganda tarixiy merosni ilmiy asosda tushuntirish nafaqat madaniy, balki ma’rifiy ahamiyatga ham ega.

Islom sivilizatsiyasi tarixini faqat diniy marosimlar yoki siyosiy voqealar orqali emas, balki matematika, tibbiyot, astronomiya, falsafa, geografiya, me’morchilik va boshqa sohalardagi yutuqlar bilan birga o‘rganish uning murakkab va ko‘p qirrali tabiatini yaxshiroq anglash imkonini beradi.

Shu ma’noda ma’rifat tarixiy bilimni zamonaviy axborot muhitidagi noto‘g‘ri talqinlarga qarshi muhim vositaga aylantirishi mumkin.

O‘zbekistonning yangi xalqaro ilmiy platformasi

Islom sivilizatsiyasi bir mamlakat yoki bir xalqning merosi emas. U Markaziy Osiyo, Yaqin Sharq, Shimoliy Afrika, Janubiy Osiyo va boshqa hududlarni qamrab olgan keng tarixiy va intellektual makonni ifodalaydi. Shu sababli bu merosni o‘rganish ham xalqaro hamkorlikni talab qiladi.

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi oldidagi muhim vazifalardan biri ham turli mamlakatlarning olimlari, universitetlari, muzeylari va ilmiy-tadqiqot markazlari o‘rtasida muloqotni kuchaytirishdan iborat.

Bu O‘zbekistonning o‘z tarixiy merosini dunyoga tanitish bilan birga, mamlakatni global gumanitar tadqiqotlarning faol ishtirokchisi sifatida namoyon etishiga xizmat qilishi mumkin.

Uchinchi Renessansning asosiy kuchi

Uchinchi Renessans haqida gap ketganda, masala faqat yangi binolar qurish yoki yangi muassasalar tashkil etishdan iborat emas. Asosiy savol boshqa: O‘zbekiston o‘zining boy ilmiy merosini zamonaviy bilim va innovatsiyalarga qanday aylantira oladi? Bu savolning javobi ilm-fan, ta’lim, texnologiya, madaniyat va inson kapitalining bir nuqtada birlashishini talab qiladi.

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining ahamiyati ham shu nuqtada namoyon bo‘ladi. U tarixiy merosni saqlash bilan birga, uni tadqiq qilish, raqamlashtirish, xalqaro ilmiy muloqotga olib chiqish va yangi avlodga yetkazish uchun platformaga aylanishi ko‘zda tutilmoqda.

Shu ma’noda Markazni o‘tmishga bag‘ishlangan inshoot emas, kelajakka yo‘naltirilgan intellektual investitsiya sifatida baholash mumkin.

Chunki sivilizatsiyaning haqiqiy qiymati faqat uning o‘tmishda yaratgan merosi bilan emas, balki bu meros yangi avlod uchun qanday yangi bilim va g‘oyalarga aylanishi bilan ham o‘lchanadi.

Xorazmiyning hisoblash usullaridan bugungi algoritmlargacha, Beruniyning kompleks tadqiqotlaridan zamonaviy fanlararo loyihalargacha, Ulug‘bek rasadxonasidan raqamli astronomiyagacha bo‘lgan yo‘l bir haqiqatni ko‘rsatadi: ilm taraqqiyoti chegaralar emas, muloqot va hamkorlik orqali tezlashadi.

Ehtimol, Uchinchi Renessansning eng muhim vazifasi ham ana shunda — ajdodlar yaratgan bilimlarni shunchaki eslash emas, balki ulardan yangi bilimlar yaratish uchun foydalanish. O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi esa ana shu g‘oya atrofida shakllanayotgan yangi intellektual muhitning muhim platformalaridan biridir.

Muallif: Abulfayz Sayidasqarov, iccu.uz

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari