بِسۡمِ ٱللَّهِ ٱلرَّحۡمَٰنِ ٱلرَّحِيم
SO‘ZBOSHI
Alloh taologa U Zotning jaloliga va jamoliga munosib hamdu sanolar bo‘lsin!
Oxirgi nabiy Muhammad mustafoga go‘zal va mukammal salavot va salomlar bo‘lsin!
Musulmon tarixchilar: «Tarixni o‘rgangan kishining umri uzayadi», deyishadi. Haqiqatdan ham, tarixni qunt bilan o‘rgangan odam go‘yo o‘sha o‘zi o‘rgangan davrda yashaydi. Tarixni qunt bilan o‘rgangan odam dunyo tarixida bo‘lib o‘tgan ko‘plab hodisalarning ishtirokchisiga, hech bo‘lmaganda tomoshabiniga aylanadi desak, mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz. Binobarin, Islom tarixini qunt bilan o‘rgangan musulmonning umri uzayishi, Alloh taoloning dinida yashagan hayoti boyishi, insoniyat tarixiga iymon va Islom yog‘dusi, nuri ila nazar solishi shubhasizdir.
Islom tarixi deganda Islom davlatlarining va musulmon xalqlarning Islom dinining ilk davrlaridan boshlab hozirgi kungacha bo‘lgan muddatdagi tarixi ko‘zda tutiladi. Boshqacha qilib aytganda, ushbu tarix dunyo boshlanganidan to hozirgi, biz yashab turgan paytgacha bo‘lgan davrni o‘z ichiga oladi. Jug‘rofiy ma’noda aytiladigan bo‘lsa, bu tarix aks etgan hududning bir tarafi Atlantika okeani, ikkinchi tarafi esa Tinch okeani bilan chegaralanadi. Ushbu mintaqalarda Islom dini keng tarqalgan bo‘lib, bu yerlarda yashovchi xalqlarning ko‘pchiligi musulmon xalqlar deb tan olingan.
Mashhur tarixchilardan Ibn Asir aytadi: «Amri ma’ruf, nahiy munkar qiladigan odamlar tarix voqealaridan voqif bo‘lsalar, jabr va dushmanlik qiluvchilarning hayotlarini, ularning oqibatida kelib chiqqan buzuqchilik, xarobchilik va halokatlarni o‘rgansalar, ularning qabih ekanini tushunib yetadilar hamda mazkur ishlardan yuz o‘girishni o‘zlariga lozim deb biladilar. Agar odil voliylarning, go‘zal ishlar qilgan insonlarning tarixini o‘rgansalar, ularda go‘zal eslatmalar borligi, insonlar o‘sha tarixiy shaxslarni yaxshilik bilan eslayotganini ko‘rsalar, ularning yurtlari obod, turmushlari farovon bo‘lganini bilsalar, sanab o‘tilganlarni ma’qul sanab, ularga rag‘bat qiladilar, o‘zlari ham ulardan ibrat olishga intiladilar».
Shayx Hasan ibn Abdulloh rahmatullohi alayh tarixni o‘rganishga targ‘ib qilib, shunday deydi: «Tarix barcha o‘tgan avlodlarning hayot madrasasidir. Tarix orqali tiriklar o‘zlari uchun manfaatli narsani o‘rganib, unga amal qiladilar. Shuningdek, o‘zlariga zarar yetadigan narsalardan voqif bo‘lib, undan chetda bo‘ladilar. Tarix bir ummat o‘zining o‘tmishiga borib keladigan va hoziri bilan o‘tmishi o‘rtasidan joy olgan ko‘prikdir».
Shu bilan birga, tarix beqiyos va og‘ir omonat hamdir. Bo‘lib o‘tgan voqea-hodisalarni omonat bilib, ularni kelajak avlodlarga yetkazish har bir jamiyat va uning ilmu ziyoga ega a’zolarining burchidir. Hozirgi va kelajak avlodning esa o‘sha tarixni o‘rganib, umri uzayadi, tajribasi ortadi. Avvalgilarning foydali ishlarini o‘ziga ibrat qilib oladi va xatolarini takrorlamaslikka harakat qiladi. Insoniyat tarixida bu ishga hamisha amal qilib kelingan.
Har bir vatanparvar kishi o‘z yurtiga bo‘lgan mehr-muhabbatining, sadoqatining ramzi sifatida ushbu yurtning tarixini o‘rganadi. Qo‘lidan kelganlar esa o‘zi o‘rgangan narsalarni kelajak avlodlarga ham qoldirishni o‘ylaydilar, buning uchun bor imkonlari bilan harakat qiladilar.
Tarix va unga oid ma’lumotlarning yozilishi ma’nosiga keladigan bo‘lsak, albatta, musulmonlarning tarixga oid narsalarni yozish ishlari birinchi o‘rinda Qur’oni Karimni qalamga olish, qayd etishlari bilan boshlangan. Avvallari Qur’on yozma ravishda tarqatilmagan. Uni o‘rganish asosan yodlash orqali kechgan. Keyinchalik Qur’onni yodlagan kishilar vafot etib, kamayib ketayotgani bois Abu Bakr roziyallohu anhuning davrlarida hazrati Umar roziyallohu anhuning maslahatlari bilan Qur’on oyatlari jamlanib, bitta mus'haf shakliga keltirib yozib qo‘yishga kelishilgan va bu ish muvaffaqiyatli amalga oshirilgan.
Keyinchalik, hazrati Usmon roziyallohu anhuning davrlarida mazkur mus'hafdan olti nusxa ko‘paytirilib, turli markazlarga yuborilgan. Qur’oni Karimda insoniyat, xususan, payg‘ambarlar tarixiga oid juda ko‘plab kerakli ma’lumotlar borligi hammaga ma’lum.
Musulmon tarixchilar dunyoning yaratilishi, insonning dunyoga kelib, rivojlanishi va shu kabi qadimda sodir bo‘lgan tarixiy hodisalarning eng ishonchli manbai bo‘lmish Qur’oni Karim asosida qadimgi dunyo tarixini bitdilar. Shuning uchun ham ular o‘z zamonlarida yetakchi tarixchilarga aylanishdi. Keyinchalik ba’zi bir guruh va shaxslar chiqib, o‘zlaricha dunyo tarixini «ilmiy» ravishda qayta ko‘rib chiqdilar. Ular dunyoda eng ishonchli tarixni bitganlarini aytib, ayyuhannos soldilar. Boshqalarni, jumladan, musulmon tarixchilarni ilmsizlikda, afsonalarga berilishda aybladilar. Ammo vaqt o‘tib, ilm rivojlanishi bilan bu guruhlarning «ilmiy» ishlari jaholatdan boshqa narsa emasligi ayon bo‘ldi. Oqibatda hammasi muz kabi eridi-ketdi. Qur’ondan bahra olgan musulmon tarixchilarning aytganlari esa to‘g‘ri bo‘lib chiqdi. Ya’ni ularning o‘z ishlarida Qur’ondan foydalanishlari eng to‘g‘ri yo‘l ekani ma’lum bo‘ldi.
Qur’oni Karimdan keyin Payg‘ambarimiz alayhis-salotu vassalomning hadislari yozildi. Bu ishni amalga oshirishdagi ikkilanish Qur’onni yozishdan ko‘ra ham ko‘proq bo‘ldi. Ba’zi sahobalar o‘ziga nisbatan qat’iy ishonch asosida ba’zi hadislarni yozib olgan bo‘lsalar ham, Qur’on bilan aralashib ketishining oldini olish maqsadida ularni yozish rasmiy ravishda man qilib turildi. Hazrati Abu Bakr roziyallohu anhu o‘zlarining xalifalik davrida hadislarni yozmaslikka buyruq berdilar. Hazrati Umar roziyallohu anhuning davrlarida ham shunday bo‘ldi.
Nihoyat, hijriy I asrning o‘rtalariga kelib, ya’ni milodiy VIII asrda hadislarni ham yozish boshlandi. Nabiy sollallohu alayhi vasallamning hadislarida tarixga oid juda ko‘p ma’lumotlar bor.
Keyinchalik asta-sekin turfa ilmlarni ham yozish ishlari rivojlanib ketdi. Tarixni yozma ravishda aks ettirish ham shular jumlasidandir. Islom tarixini yozish hijriy III, milodiy IX asrda boshlandi.
Avvallari tarixiy hodisalarni yod olib, og‘zaki ravishda aytib yurilar edi. Keyinrok asta-sekin ularni yozishga o‘tildi. Bu borada Nabiy sollallohu alayhi vasallamning muborak siyratlarini ummatga yetkazish ishi yordam berdi. Siyrat ilmida eng avvalgilardan bo‘lib nomlari chiqqan zotlardan to‘rt kishi alohida zikr qilinadi:
Ulardan keyin, umaviy xalifalar davrida siyrat ulamolarining ikkinchi tabaqasi yuzaga keldi. Bu davrda Payg‘ambar siyrati bo‘yicha kitob yozganlar ichida quyidagilar alohida e’tiborga sazovor sanaladilar:
So‘ng abbosiy xalifalar davrining siyratchilari yetishib chiqdi. Bu borada ular ichida quyidagi zotlar shuhrat topdilar:
So‘ng siyrat ulamolarining yana yangi bir avlodi paydo bo‘ldi. Ularning ichida alohida shuhrat topganlaridan biri Abu Muhammad Abdulmalik ibn Hishomdir (hijriy 218 yilda vafot etgan). Ibn Hishom aslida Ibn Is'hoqning kitobini tartibga solgan va ustozidan ham ko‘proq shuhrat topgan. Hozirgacha kim siyrat ilmiga murojaat qilsa, albatta Ibn Hishomga yo‘liqadi. Ibn Hishomning kitobi bizgacha yetib kelgan eng qadimgi siyrat kitobidir.
Hozirda eng mashhur siyrat ulamolari haqida so‘z ketar ekan, eng avval Ibn Is'hoq va Ibn Hishom rahmatullohi alayhlarning nomlari tilga olinadi. Keyin kelgan siyrat ulamolarining deyarli barchalari ushbu ikki zotning keltirgan ma’lumotlaridan foydalanganlar desak, mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz.
Siyrat ulamolari o‘z faoliyatlarida muhaddislarning uslublaridan foydalandilar. Ular Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning siyratlariga tegishli ma’lumotlarni u zotni ko‘rgan, gap-so‘zlarini eshitgan sahobalardan rivoyat qilgan roviylar silsilasiga suyangan holda to‘plaganlar. Dastlabki siyrat kitoblarida har bir ma’lumotning roviylari sanadi ham keltirilgan.
Avvallari siyrat bobidagi ma’lumotlarni iloji boricha to‘liq to‘plashga harakat qilingan. Hatto siyrat kitoblariga sharhlar ham yozilgan.
Hijriy III asrda tarix ilmi mislsiz ravishda rivojlandi. Tarix ilmining ko‘lami kengaydi, nihoyatda puxta va katta-katta kitoblar yozildi. Hodisalar, nasablar, ummatlar, podshohlar, dinlar tarixiga oid asarlar bitildi. O‘sha davrlarda yozilgan tarix kitoblari ichida hijriy 230 yilda vafot etgan Muhammad ibn Sa’dning «Tabaqotul kubro», hijriy 276 yilda vafot etgan Ibn Qutaybaning «Kitobul imomat vas-siyosat», hijriy 279 yilda vafot etgan Balozuriyning «Futuhul buldon», hijriy 282 yilda vafot etgan Abu Hanifa Dinavariyning «Axborut-tivol» va hijriy 310 yilda vafot etgan imom Tabariyning «Tarixul umam val muluk» nomli kitoblari eng mashhurlaridir. Ibn Asirning «Al-Komil fit-tarix» nomli kitobi hijriy 630, milodiy 1232 yilda keng tarqalgan. Ibn Kasirning «Al-Bidoya van-nihoya» nomli kitobining yozilishi esa hijriy 774, milodiy 1372 yillarga to‘g‘ri keladi.
Hozirga kelib, Islom tarixini umumiy ravishda, butun dunyo miqyosida yozish ishlari sezilarli darajada kamaygan.
Musulmon olamining yangi umumiy tarixi xususida so‘z ketganda eng avval tarixchilardan ikkitalari tilga olinadi. Ularning biri doktor Ahmad Shalabiy bo‘lib, u kishi «Islom tarixi ensiklopediyasi» nomli katta kitob yozgan. Ikkinchi tarixchi – ustoz Mahmud Shokir bo‘lib, u kishi «Islom tarixi» nomli 22 juzdan iborat katta kitob ta’lif qilgan.
Bizda ham anchadan buyon Islom tarixini yurtimizga, xalqimizga xos ravishda yoritish niyati bor edi. Bu borada ko‘pchilik bilan maslahatlar ham qilib yurilardi. Keyinroq ba’zi kitoblarni yozish davomida bu juda ham zarur ekani his qilindi. So‘ng ushbu nihoyatda ahamiyatli ishga imkon qadar urinish vaqti kelganini ham tushunib yetdik.
Nihoyat, Alloh taoloning irodasi ila 2014 yil 12 mart kuni, tong chog‘i, soat 05 dan 17 daqiqa o‘tganda ba’zi arab tilidagi kitoblardan, o‘zimizda bitilgan asarlar va internet tarmoqlaridan olingan ma’lumotlardan foydalangan holda yozishga jazm etib, Alloh taoloning O‘zidan madad so‘ragan holda ushbu ishni boshladik.
Fursatdan foydalanib, bu ishni amalga oshirishda ko‘makchi bo‘lgan azizlarimizning barchalariga samimiy tashakkurlarimizni izhor etamiz.
Alloh subhanahu va taolo bu ishning hammamiz uchun manfaatli, xayrli va barakotli bo‘lishini nasib qilsin!
Albatta, bu og‘ir va mas’uliyatli ishni bajarishda O‘ziga hojatimiz bor, O‘ziga yolvorishimiz bor. Ana shu hojatimiz, yolvorishimiz, duolarimizni qabul aylab, bu ishni muvaffaqiyatli bajarishimizda O‘zi madadkor bo‘lsin!
MUQADDIMA
Bu asar, Alloh taolo xohlasa, Islom tarixining muxtasari, ya’ni qisqacha bayoni bo‘ladi. Islom tarixi Odam alayhissalomdan boshlanadi, chunki insoniyatning boshlanishi Odam alayhissalom bo‘lib, u zot birinchi nabiy-payg‘ambar hisoblanadilar. Odam Ato va Momo Havvoning zurriyotlari bo‘lmish boshqa payg‘ambarlar esa insoniyat tarixining, binobarin, Islom tarixining asosi sanaladilar.
Musulmon tarixchilar tarixga murojaat qilar ekanlar, odatda, ikki uslubni yo‘lga qo‘yganlar. Birinchisi – tarixda bo‘lib o‘tgan hodisalarni ko‘rgan va bilganlardan rivoyat qilish. Qadimda arab xalqlarining savodi bo‘lmagan. Ulardan sanoqli kishilargina o‘qish-yozishni bilgan. Shuning uchun ham ular o‘zlari uchun kerakli bo‘lgan barcha ma’lumotlarni yod olib, eslab qolishga uringanlar. Ularning yod olish qobiliyatlari juda yuqori darajada bo‘lgan. Shu bois Qur’oni Karimni Alloh taolo o‘sha xalqning tilida nozil qilishni iroda etgan. Ular Qur’oni Karim va boshqa ma’lumotlarni ham eng mustahkam va go‘zal tarzda yodlab olganlar. Ana shu yodlab olgan narsalarining ichida «ayyomul arab», ya’ni «arablarning kunlari» deb nomlangan mashhur va alohida ahamiyatga molik voqea-hodisalar va ular sodir bo‘lgan sanalar – yillar, oylar, kunlar ham o‘rin olgan. Ular o‘zlari yodlagan ma’lumotlarni avloddan avlodga o‘tkazib kelganlar. Keyinchalik, tarixni yozishga o‘tilganda ham avvalgiga o‘xshab, voqealarning o‘zini hikoya qilish uslubi qo‘llangan.
Ikkinchi uslub – bo‘lgan voqealarni rivoyat qilish bilan birga ularni tahlil qilishni ham yo‘lga qo‘yish.
Demak, tarix yozishning umumiy uslubi Islom yurtlarida ikki xil bo‘ladi: qadimgi uslubga binoan, hodisalar birma-bir aytib o‘tiladi, ularga izoh ham berilmaydi, ular tahlil ham qilinmaydi. Yangi uslubda esa har bir hodisaga izoh berish, ularni tahlil qilish yo‘lga qo‘yiladi. Hamma gaplarni birin-ketin ma’lumot deb keltirishdan uzoq turiladi. E’tibor bilan qaraladigan bo‘lsa, yangi uslub ham, eskisi ham bir-birini to‘ldirib keladi. Ba’zi o‘rinlarda hodisalarning o‘zini aytib o‘tish, o‘rni kelganda esa ularni tahlil qilish lozim bo‘ladi. Hozirgi zamon tarixchilari mana shu uslubni keng qo‘llab kelmoqdalar.
Albatta, mazkur ikki uslubda bitilgan tarixda ham birinchi bo‘lib qadimgi tarixdan so‘z yuritiladi.
– Qadimgi tarix Odam Atodan boshlanib, Muhammad alayhissalomgacha davom etadi.
Demak, bu muddatdagi tarix Odam Atodan boshlanib u kishidan tarqalgan payg‘ambarlar orqali Rasululloh sollallohu alayhi vasallamgacha yetib keladi.
Rasul-payg‘ambarlar keltirgan shariatlarning hammasi ham Islom dini asosida bo‘lgani e’tirof etiladi. Bu gapning dalili Qur’oni Karimda kelgan.
Alloh taolo Nahl surasida shunday marhamat qiladi:
«Batahqiq, har bir ummatga: «Allohga ibodat qiling va tog‘utdan chetlaning», deb rasul yuborganmiz» (36-oyat).
Alloh taolo Oli Imron surasida shunday marhamat qiladi:
«Albatta, Allohning huzuridagi din Islomdir» (19-oyat).
Bu borada so‘z ketganda, avvalo, Islom ummatining ta’rifini eslab o‘tish kerak bo‘ladi. Ilmiy ravishda tarix davomida Islom aqiydasi asosida jamlanib kelgan jamoa «Islom ummati» deyiladi.
Bu ummatga mansub bo‘lgan kishilar Alloh subhanahu va taolo yuborgan payg‘ambarlarga ergashgan zotlar – Odam alayhissalomdan Muhammad sollallohu alayhi vasallamgacha bo‘lgan ummatlardir. Ularning oxirgisi, albatta, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ergashib, qiyomatgacha yetib boradigan kishilar jamoasidir.
Ushbu ummat vakillari Alloh taologa va Alloh yuborgan barcha payg‘ambarlarga iymon keltirgan bo‘lib, ularning hammasi birgalikda Islom ummati hisoblanadi. Bu yerdagi asosiy robita, ya’ni rishta aqiyda asosidagi bog‘lanishdir. Unda til ham, zamonu makon ham, nasl va hokazolar ham e’tiborga olinmaydi. Asosiy me’yor dinu diyonat, aqiyda ekani qayta-qayta ta’kidlanadi.
Turli davrlarda Alloh taolo tomonidan joriy qilingan dinlarga ko‘ra yashaganlarning barcha-barchalari bir nom bilan – musulmon deb atalgan. Biroq keyinchalik odamlar ba’zi dinlarni o‘sha din yuborilgan payg‘ambarlarning nomlari bilan ataydigan bo‘lib ketishgan.
Dinlarni, payg‘ambarlarni yolg‘onga chiqargan va haqdan yuz o‘girganlarning ko‘pchiligini Alloh taolo halok qilgan.
– Muhammad sollallohu alayhi vasallamning tug‘ilishlari bilan Islom tarixining «nabaviy siyrat» qismi boshlanadi. Bu qism hijratdan 53 yil oldin boshlanib, hijriy 11 yili tugaydi. Nabiy sollallohu alayhi vasallamning hayotlari tarixi «Siyrat» deb ataladi.
Ya’ni hijriy 11 yilda Rasuli akram alayhissalotu vassalom Rafiqul a’loga intiqol kilganlar. Bu qism, milodiy yil hisobi bo‘yicha, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning tug‘ilgan yillari – 571 yildan u zot alayhissalomning vafot etgan yillari – 632 yilgacha bo‘lgan davrni o‘z ichiga oladi.
Tarixning mana shu davrida Rasuli akram alayhissalotu vassalom Islom jamiyatini tuzdilar. Ilk Islom davlatiga asos solib, unga o‘zlari rahbarlik qildilar. Madinai munavvara shahrini esa ana shu davlatga poytaxt qilib oldilar.
Ta’kidlash lozimki, siyrat deb atalgan Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hayotlari tarixini musulmonlar juda yaxshi bilishlari va undan go‘zal o‘rnak olishlari lozim.
Tarixiy voqealar rivojiga ko‘ra, Allohning dini Islom Arabiston yarimorolida tarqaldi. Alloh taolo Ahzob surasida marhamat qiladi:
«Batahqiq, sizlar uchun – Allohdan va oxirat kunidan umidvor bo‘lganlar va Allohni ko‘p zikr qilganlar uchun Rasulullohda go‘zal o‘rnak bor» (21-oyat).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning vafotlari bilan tarixning bu qismi ham o‘z nihoyasiga yetadi.
– So‘ng roshid xalifalar davri keladi. Bu davr hijriy 11 yildan 41 yilgacha – milodiy hisobda 632 yildan 661 yilgacha bo‘lgan davrni o‘z ichiga oladi.
Rasuli akram alayhissalotu vassalom quyidagi hadisi sharifda ushbu davr haqida shunday marhamat qilganlar:
Irboz ibn Soriya roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Sizlar mening sunnatimni va mendan keyingi hidoyatdagi roshid xalifalarning sunnatlarini mahkam tutinglar va unga tish-tirnoqlaringiz bilan yopishinglar», dedilar».
Ahmad, Abu Dovud, Ibn Moja va Termiziy rivoyat qilishgan.
Roshid xalifalar davri ham insoniyat tarixida, ham Islom tarixida yorqin bir davr bo‘lgan. Bu davrda juda ko‘p islomiy fathlar bo‘lgan. Islom davlati bag‘oyat kengaygan, jahonga dong‘i ketgan diyorlar, jumladan, Fors, Shom[1], Misr va boshqa o‘lkalarning xalqlari Islomga kirgan. Ana shu davrda kishilar islomiy ta’limotlar asosida hayot kechirib, to‘liq baxt-saodatga erishganlar.
– Roshid xalifalar davri tugagach, umaviylar davlatining hukmronlik davri boshlangan. Bu davr hijriy 41 yil bilan 132 yil oralig‘idagi muddatni o‘z ichiga olgan, milodiy hisobda 661 yilda boshlanib, 749 yilda tugagan.
Ushbu asrda Islom davlati juda ham kengaydi. Shu qadar keng diyorlarda bitta xalifaning hukmi yuradigan bo‘ldi. Lekin bu davrga kelib, kishilarning Islom shariatini mahkam tutish, unga amal qilish borasidagi saviyasi avvalgidan ko‘ra biroz pasaydi. Yana ta’kidlab o‘tamiz, bu pasayish biroz edi, xolos. Zero, Rasuli akram alayhissalotu vassalom o‘zlarining muborak hadislaridan birida ushbu haqiqatni ochiq-oydin aytganlar:
Imron ibn Husoyn roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam shunday dedilar: «Eng yaxshilaringiz mening asrimdagilar, so‘ng ulardan keyin keladiganlar, so‘ng ulardan keyin keladiganlar»
Buxoriy va Muslim rivoyat qilishgan.
Ummatning saviyasi asta-sekin pasayib borishini Rasuli akram alayhissalotu vassalom o‘zlarining mana shu hadislarida aytib qo‘yganlar.
– Umaviylar davridan keyin abbosiylar daqri boshlanadi. Bu davr hijriy 132 yildan boshlanib, 656 yilgacha davom etadi, milodiy hisobda 750-1258 yillarni o‘z ichiga oladi.
Bu muddat mobaynida, ya’ni abbosiylar davrida, xususan, abbosiylar davrining ikkinchi kismida Islom olamida ko‘plab mustaqil davlatlar paydo bo‘ldi. Ular o‘ziga yarasha kuch-quvvatga, imkoniyat va turlicha yo‘nalishga ega bo‘lgan. Ulardan ba’zilari Islomga yaxshi xizmatlar ham qilishgan. Misol uchun, saljuqiylar, zangiylar, ayyubiylar, g‘aznaviylar, murobitlar shular jumlasidandir.
O‘z navbatida abbosiylar davrida buzg‘unchi harakatlar ham ko‘p bo‘lgan. Botiniylar, shiy’alar va boshqa turli firqalar o‘zlari asos solgan davlatlari orqali faoliyat olib borishgan. Yevropaliklar Islom olamiga qarshi ikki yuz yil davomida «Salib urushlari» degan nom ostida amalga oshirgan og‘ir va vayronkor harbiy yurishlar ham xuddi shu davrga to‘g‘ri keladi. Yangi yerlarni Islom diyoriga qo‘shish, fathlar qilish esa bu davrda juda kam bo‘lgan.
Abbosiylar davri mo‘g‘ullarning vayrongarchilikka to‘la urushlari bilan o‘z nihoyasiga yetgan. Mo‘g‘ullar Islom poytaxtini bosib olib, xalifani o‘ldirib, abbosiylar davlatini barbod qilishgan.
– Islom tarixidagi keyingi davr «mamluklar davri» deb nomlanadi. Bu davr hijriy 658-923, milodiy 1259-1517 yillarni o‘z ichiga oladi.
Ushbu davrda bo‘lib o‘tgan eng muhim voqealardan biri vahshiy mo‘g‘ullar hujumining bostirilishi va musulmon yurtlarda qolib ketgan sanoqli salibchilarning ham yo‘qotilishidir.
– Islom tarixidagi keyingi davr usmoniylar davridir. Bu davr (Qohiraga kirgan turk sultoni Salim I ibn Boyazidga abbosiy xalifaning xalifalikdan voz kechib, taxtni topshirishidan e’tiboran) hijriy 923-1342, milodiy 1517-1923 yillarni o‘z ichiga oladi.
Usmoniylar davlati deb atalmish mazkur Islom davlati o‘zining dastlabki yillarida juda ko‘p fathlarni amalga oshirdi. Anchagina o‘lkalarni Islom davlati doirasiga kiritdi. Sharqiy Yevropadagi juda ko‘p xalqlar mana shu paytlarda musulmon bo‘lishdi. Jumladan, Vengriya, Albaniya, Yunoniston, Ruminiya, Serbiya, Bolgariya kabi hududlarda fath ishlari bo‘lib o‘tdi. Usmoniylar davlatining nufuzi sharqiy Islom yurtlarining ko‘pchiligida keng tarqaldi. Usmoniylar davlati amalga oshirgan ishlarning eng ulug‘laridan biri o‘sha vaqtdagi Vizantiya imperatorligining poytaxti Konstantinopol (Qustantiniya) shahrining fath etilishi bo‘ldi.
Usmoniylar davlatining oxirgi yillarida mustamlakachilar musulmonlar orasida millatchilik fikrini keng tarqatishga muyassar bo‘lishdi. Mana shu ish islomiy xalifalikning qulashiga sabab bo‘ldi. Musulmonlar mayda-mayda davlatlarga ajrab, dindan uzoqlashdilar. O‘zaro do‘stlasholmay, urush-janjal va qirg‘inbarotga qo‘l ura boshladilar. Keyin mustamlakachilarga qarshi milliy ozodlik harakatlari boshlandi.
Biz ushbu kamtarona satrlar orqali Islom tarixidagi ma’lum bir bosqichlarni juda qisqa tarzda o‘rganishga harakat qilamiz. Hamma tarixchilar ittifoq qilgan umumiy hodisalar qisqacha zikr qilinadi, tafsilotlarga o‘tilmaydi. Ana shu ba’zi bir tafsilotlarda har xil noaniqliklar ham bo‘lishi mumkinligi e’tiboridan ular chetlab o‘tiladi. Alloh taoloning O‘zi bu ishda yordamchimiz bo‘lsin!
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf,
Toshkent
Keyingi hafta mavzulari:
BIRINCHI BOB
Qadimgi – Islom shariatidan oldingi tarix haqida so‘z
BIRINCHI FASL
Odamning yaratilishi
Shis alayhissalom
Idris alayhissalom
Xalqlarning ko‘chishi
[1] Shom – hozirda Suriya, Iordaniya, Livan, Falastin va Isroil davlatlari joylashgan o‘lka.
Tarix barcha o‘tgan avlodlarning hayot madrasasidir. Tarix orqali tiriklar o‘zlari uchun manfaatli narsani o‘rganib, unga amal qiladilar hamda o‘zlariga zarar yetadigan narsalardan voqif bo‘lib, undan chetda bo‘ladilar.
Islom tarixi deganda, odatda, Islom davlatlari hamda musulmon xalqlarning vahiy nozil bo‘lgan ilk davrdan boshlab hozirgi kungacha bo‘lgan ilk davrdan boshlab hozirgi kungacha bo‘lgan tarixi nazarda tutiladi. Ammo aslida ushbu tarix dunyo boshlanganidan to hozirgi. Biz yashab turgan paytgacha bo‘lgan davrni o‘z ichiga oladi. Zero, bu tarix ilk inson, ilk payg‘ambar – Odam alayhissalomdan boshlanadi.
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlarining ushbu asari Islom tarixining muxtasar bayoni bo‘lib, muallifning so‘nggi kitoblaridan biridir.
Sh i o r i m i z :
Ahli sunna val jamoa mazhabi asosida pok aqiyda va musaffo Islomga intilish, Qur’on va sunnatni o‘rganib amal qilish, islomiy ma’rifat taratish, salafi solih – ulug‘ mujtahidlarga ergashish, kengbag‘irlik va birodarlik ruhini tarqatish, diniy savodsizlikni tugatish, ixtilof va firqachilikka barham berish, mutaassiblik va bid’at-xurofotlarni yo‘qotish.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning 5761-sonli xulosasi asosida tayryolandi.
(2026 yil 28 avgust, Toshkent sh.)
Assalomu alaykum, qadrli vatandoshlar!
Hurmatli mehmonlar!
Bugun muqaddas Vatanimiz mustaqilligining qutlug‘ o‘ttiz besh yillik bayramini katta iftixor va tantana bilan nishonlayapmiz.
Aziz xalqimiz, jumladan, muhtaram nuroniylarimiz, shijoatli yoshlarimiz, mo‘tabar ayollarimizni, yurtimizdagi barcha millat va elat vakillarini, xorijdagi vatandoshlarimizni ushbu ayyom bilan chin yurakdan samimiy tabriklayman.
Eng ulug‘ bayramimiz Yangi Toshkentda o‘tkazilayotgani tantana shukuhini yanada oshirmoqda.
Kelgusida ilm-fan, ta’lim va madaniyat markazi bo‘ladigan ushbu hududda kuni kecha Yangi O‘zbekiston universiteti, Nizomiy Ganjaviy nomidagi O‘zbekiston Milliy pedagogika universiteti, O‘zbekiston milliy kutubxonasining muhtasham binolarini ishga tushirdik.
Bugun sizlarning ishtirokingizda ochiladigan favvora dunyodagi eng baland musiqali favvora sifatida Ginnesning rekordlar kitobidan joy olgani ham bayram kayfiyatiga yanada baland ruh bag‘ishlaydi.
Bir necha yuz yillik orzular ro‘yobga chiqayotgan bu betakror makonda butun xalqimiz bilan hali yana ko‘plab quvonchli va tarixiy voqealarga guvoh bo‘lamiz.
Aminmanki, Yangi Toshkent poytaxtimizning ko‘rkiga ko‘rk qo‘shib, biz barpo etayotgan Yangi O‘zbekistonning kuch-qudratini namoyon etadigan chinakam taraqqiyot markaziga aylanadi!
Qadrli do‘stlar!
Biz 1991 yilda xalqimizning xohish-irodasi va qat’iyati bilan o‘z davlat mustaqilligimizni qo‘lga kiritdik. Aslida buyuk istiqlolimiz ildizlari uch ming yildan ziyod bo‘lgan davlatchilik an’analarimiz va qadimiy sivilizatsiyamiz tarixiga borib taqaladi.
Birinchi va Ikkinchi Renessans davrida Muhammad Xorazmiy, Ahmad Farg‘oniy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Mirzo Ulug‘bek, Mir Alisher Navoiy kabi buyuk allomalarimiz bashariyat tafakkuri xazinasini boyitgan.
Sohibqiron Amir Temur bobomiz barpo etgan davlat esa adolat va bunyodkorlik timsoli sifatida tarix zarvaraqlaridan munosib o‘rin olgan.
Vatan ozodligi va milliy istiqlol yo‘lida jonini fido qilgan Behbudiy, Munavvarqori, Fitrat, Qodiriy, Cho‘lpon kabi jadid bobolarimizning hurriyat haqidagi orzu-niyatlari bugun Yangi O‘zbekistonda to‘liq ro‘yobga chiqmoqda.
Mustaqillik, eng avvalo, bizga shonu sharafimizni, muqaddas dinimizni, ona tilimizni, unutilayotgan milliy qadriyatlarimizni qaytarib berdi.
Istiqlol tufayli biz o‘zligimizni angladik, nomi hamisha e’zozda bo‘lgan ota-bobolarimizning munosib vorislari ekanimizni butun dunyoga namoyon etdik.
Ushbu hayajonli daqiqalarda bugungi erkin hayot uchun jonini fido qilgan ulug‘ ajdodlarimiz, jadidlar xotirasiga ta’zim bajo keltiramiz.
Mana shu tarixiy sanada o‘tgan 35 yil davomida mustaqilligimizni mustahkamlashga munosib hissa qo‘shgan barcha marhum yurtdoshlarimizning fidokorona mehnati va jasoratini yana bir bor e’tirof etishni joiz, deb bilamiz.
Birinchi Prezidentimiz, atoqli davlat va siyosat arbobi Islom Abdug‘aniyevich Karimovning yorqin xotirasini ehtirom bilan yod etamiz.
Hurmatli bayram ishtirokchilari!
Mustaqillikning buyuk ahamiyati, avvalo, inson qadri va erkin hayotida namoyon bo‘ladi. Shu bois, biz islohotlarni boshlagan birinchi kunlardanoq xalqning qalbiga quloq soldik, aholining dardiga darmon bo‘lishni maqsad qildik. “Inson qadri uchun!” degan g‘oyani davlat siyosatining markaziga olib chiqdik. Birinchi galda “paxta qulligi”, “majburiy mehnat va bolalar mehnati”, “konvertatsiya cheklovi”, “propiska” kabi odamlarni yillar davomida qiynab kelgan muammolarga barham berdik.
Eng asosiysi, fuqarolarimiz yuragidagi qo‘rquv va hadik o‘rnini ishonch va xotirjamlik egalladi. Har bir inson erkin va farovon yashaydigan jamiyat barpo etish uchun keyingi o‘n yilda tinimsiz izlandik, qattiq mehnat qildik.
Katta siyosiy iroda ko‘rsatib, O‘zbekistonni dunyoga keng ochdik. Xususan, chegara muammolari hal qilindi, qo‘shnilarimiz bilan do‘stlik va hamkorlik mustahkamlandi. Valyuta, soliq, bojxona va investitsiya siyosatida tub o‘zgarishlar amalga oshirildi. Natijada “Iqtisodiy erkinlik indeksi”dagi o‘rnimizni 80 pog‘ona yaxshilab, “iqtisodiyoti mo‘tadil erkin” davlatlar qatoridan joy oldik.
Ilgari iqtisodiyotimizga yiliga 2-3 milliard dollar xorijiy investitsiya olib kelingan bo‘lsa, hozirgi paytda 40-50 milliard dollar chet el sarmoyasi jalb qilinmoqda. Yurtimizga investitsiyalar bilan birga ilg‘or texnologiyalar, zamonaviy bilim va yangi iqtisodiy imkoniyatlar kirib kelmoqda.
Biz uch yil oldin 2030 yilda yalpi ichki mahsulot hajmini 160 milliard dollarga yetkazishni reja qilgan edik. Global logistikadagi uzilishlar, dunyodagi notinch vaziyatga qaramasdan, bu vazifani shu yilning o‘zida ortig‘i bilan amalga oshiramiz va daromadi o‘rtachadan yuqori bo‘lgan davlatlar qatoriga kiramiz.
E’tiborli jihati – biz bunday yuksak natijalarga xalqimizning fidokorona mehnati, intellektual salohiyati hamda millat va davlat birdamligi tufayli erishyapmiz. Ijobiy o‘zgarishlarni har bir inson, har bir oila o‘z hayotida chuqur his etyapti, desam, fikrimga qo‘shilasiz, albatta.
Yangi davrda zamonaviy uy-joyga ega bo‘lgan 650 mingdan ziyod oilaning quvonchini so‘z bilan ta’riflab bo‘ladimi?
Minglab mahallalarimizga Yangi O‘zbekiston qiyofasi kirib bormoqda.
Kambag‘allik masalasini ochiq tan olib, uni keskin qisqartirish bo‘yicha Yangi O‘zbekiston tajribasini yaratdik. Ehtiyojmand oilalarning daromadi, kasbi, salomatligi, farzandlarining ta’lim olishi va yashash sharoitini yaxshilash bo‘yicha “mahallabay” ishlash tizimini yo‘lga qo‘ydik.
Izchil sa’y-harakatlarimiz tufayli bugungi kunda kambag‘allik darajasini 2017 yildagi 35 foizdan 4 foizga tushirishga erishdik. Ushbu raqamlar zamirida ro‘zg‘origa baraka kirib, turmush sifati yaxshilangan 10 million insonning quvonchi va shukronalik tuyg‘ulari mujassam.
Muhtaram yurtdoshlar!
Dunyo hamjamiyatida munosib o‘rin egallashimiz uchun bizga bilimli, kelajak kasblarini puxta egallagan, mustaqil fikriga ega bo‘lgan yangi avlod mutaxassislari kerak. Shu bois, ta’limga sifat va mazmun olib kiryapmiz. Muallimning obro‘-e’tiborini tiklab, daromadini oshirib boryapmiz.
O‘tgan o‘n yilda, aholimiz 8 millionga ko‘paygan sharoitda ham bog‘cha qamrovini 78 foizga yetkazdik. Maktablarda 1,5 million qo‘shimcha o‘quvchi o‘rni yaratildi. Prezident, ijod va ixtisoslashgan maktablar tashkil etilgani farzandlarimizga yetakchi xorijiy ta’lim maskanlaridan kam bo‘lmagan darajada chuqur bilim egallash uchun keng imkoniyatlar eshigini ochdi.
Yoshlarga xorijiy tillar va kasb-hunar o‘rganishlari uchun munosib sharoitlar yaratdik.
Oliygohlarda o‘qish uchun qulay sharoitlarni kengaytirganimiz hisobiga hozirgi kunda talabalar soni 1 million 600 ming nafarga yetdi. Quvonarlisi, yoshlarda bilim olishga ishtiyoq kuchaydi. Ota-onalar uchun farzandini oliy ma’lumotli qilish faqat orzu emas, erishsa bo‘ladigan maqsadga aylandi.
Ayniqsa, talabalarning yarmidan ko‘pini xotin-qizlar tashkil etayotgani – Uchinchi Renessansning o‘ziga xos qiyofasi, desak, to‘g‘ri bo‘ladi. Chunki, bilimli qizlar – bilimli oila, bilimli avlod va ma’rifatli jamiyat deganidir.
Biz ta’lim bilan bir qatorda ilm-fan, zamonaviy texnologiya va innovatsiyalarni ham taraqqiyotimizning hal qiluvchi omili, deb bilamiz.
Shu bilan birga, IT, sun’iy intellekt, kreativ iqtisodiyot kabi yo‘nalishlar rivojiga yangi ruh berib, juda katta harakatni boshlab yubordik. Bu orqali 10 million yoshlarimizni raqamli industriya va kelajak kasblariga olib kiramiz.
Istiqlol bayramimiz arafasida xitoylik hamkorlarimiz bilan “Samarqand – 2028” sun’iy yo‘ldoshini fazoga uchirganimiz bizga alohida g‘urur bag‘ishlaydi.
Mening niyatim: O‘zbekiston texnologiya sohalarida jahonga ilg‘or tashabbuslarni taklif qiladigan markazga aylanishi zarur.
O‘zbek tili – raqamli dunyoda ilm va texnologiya yaratiladigan til bo‘lishi lozim.
Aziz vatandoshlar!
Inson qadri haqida so‘z yuritganda, aholimizning sog‘lig‘i masalasiga alohida e’tibor qaratishimiz tabiiy. So‘nggi yillarda ushbu sohaga ajratilayotgan mablag‘ni 8 karradan ziyod oshirdik. Eng muhimi, sifatli tibbiy xizmat olish imkoniyati nafaqat markazda, balki hududlarda ham yaratildi.
O‘tgan davrda yurtimizda 652 ta yangi tibbiyot muassasasi barpo etilgani, xususiy sektorga keng imkoniyat berilgani tufayli tibbiy xizmatlar hajmi 3 karra oshdi. Yuqori malakali shifokorlar tayyorlashni yo‘lga qo‘yib, ularga sharoit yaratganimiz
o‘z natijasini beryapti. Ilgari xorijda amalga oshirilgan 100 dan ziyod murakkab diagnostika va davolash usullari bugun yurtimizda ham mukammal bajarilmoqda.
Umuman, aholining o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi 1991 yildagi 66,4 yoshdan 2025 yilda 75,4 yoshga yetgani, go‘daklar va onalar o‘limi ko‘rsatkichi 4 barobar kamaygani sohadagi islohotlarimizning eng muhim natijasidir.
Qadrli do‘stlar!
Jonajon Vatanimiz azaldan ulug‘ mutafakkirlar, aziz avliyolar, buyuk allomalar yurti bo‘lib kelgan. Biz mana shunday bebaho merosga munosib ravishda Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Burhoniddin Marg‘inoniy yodgorlik majmualari kabi betakror ilmiy-ma’rifiy dargohlarni barpo etdik.
Bu muhtasham va tabarruk maskanlar bugun nafaqat yurtimiz va islom olami, balki butun jahon ahlining haqli e’tirofiga sazovor bo‘lmoqda. Biz bunday bunyodkorlik ishlarini jadal davom ettiramiz.
Hurmatli bayram ishtirokchilari!
Bizning eng katta boyligimiz – ertangi kunimizning hal qiluvchi kuchi bo‘lgan Yangi O‘zbekiston yoshlaridir. Intiluvchan va tirishqoq o‘g‘il-qizlarimizni qo‘llab-quvvatlash, ularga keng imkoniyatlar ochish uchun har yili 20-25 trillion so‘m ajratilmoqda.
Bugungi kunda O‘zbekistondagi biznes vakillarining 35 foizini yosh tadbirkorlar tashkil etyapti.
Tokio va Parij Olimpiya hamda Paralimpiya o‘yinlarida, dunyo maydonlarida yosh sportchilarimiz erishgan tarixiy yutuqlar xalqimizga cheksiz iftixor bag‘ishladi.
Futbolchilarimiz ilk bor jahon chempionatida ishtirok etib, o‘zbek sporti tarixida yangi sahifa ochdi. Ular boshlagan yo‘l albatta davomli va zafarli bo‘ladi, deb ishonamiz.
Yaqin kunlarda Samarqandda katta sport anjumani – Jahon shaxmat olimpiadasi boshlanadi. Noyabr oyida esa mashhur grossmeysterimiz Javohir Sindorov jahon shaxmat toji uchun kurashga kirishadi.
Ushbu musobaqalarda shaxmatchi o‘g‘il-qizlarimga ulkan zafarlar tilayman!
Xalqaro fan olimpiadalarida, tanlov va festivallarda yuqori o‘rinlarni egallayotgan yoshlarimizni – Yangi O‘zbekiston yulduzlari, kelajak bunyodkorlari, deb bilaman!
Oldinga qarab intilishdan va doimiy izlanishdan hech qachon to‘xtamang, aziz farzandlarim!
Muhtaram yurtdoshlar!
Bugun biz tarixning yanada mas’uliyatli va hal qiluvchi pallasida turibmiz. Mamlakatimiz taraqqiyotning mutlaqo yangi davriga qadam qo‘ymoqda. Kelgusi o‘n yillik – biz uchun milliy yuksalish davri bo‘ladi.
Buni faqat va faqat xalqimizning aql-zakovati, mehnati va birdamligi orqali o‘zimiz bunyod etamiz. Shu maqsadda kelgusi yillarda yurtimizda inson qadrini yanada yuksaltiradigan 7 ta milliy dasturni amalga oshiramiz.
Birinchi milliy dastur bilim va malakani kelgusi taraqqiyotimizning asosiy kapitaliga aylantirishdan iborat bo‘ladi.
Bolalarning 6 yoshli tayyorlov guruhlariga qamrovini qisqa muddatda 100 foizga olib chiqamiz. Xususiy bog‘cha tashkil qilish bo‘yicha mavjud imtiyozlar saqlab qolinadi.
Barcha maktablar xalqaro baholash dasturlari bilan to‘liq qamrab olinadi.
Yurtimizdagi texnikumlarda xalqaro ta’lim standartlarini joriy etamiz. Ularda yoshlarimizni yuqori daromadli kasblarga o‘qitishni yo‘lga qo‘yib, qamrovni 1 millionga yetkazamiz. Bir so‘z bilan aytganda, Yangi O‘zbekistonda kasb egallamagan birorta yigit-qiz qolmaydi.
Biz kelgusi yillarda kamida 10 ta universitetimizni TOP mingtalikka kiritishni katta marra sifatida belgilaymiz.
Ikkinchi milliy dastur xalqimizning sog‘lom bo‘lishi va uzoq umr ko‘rishini ta’minlashga xizmat qiladi.
Shu maqsadda aholi salomatligi bilan bog‘liq davlat xarajatlarini kelgusi besh yilda yalpi ichki mahsulotga nisbatan 5 foizga yetkazamiz.
Biz tibbiyotda profilaktikani kuchaytirish orqali salomatlikni asrash modeliga o‘tamiz. Davlat tibbiy sug‘urtasi mamlakatning barcha xonadonlariga kirib boradi.
Ixtisoslashgan tibbiyotda raqobat muhitini kuchaytirish maqsadida dunyoning eng nufuzli kamida 5 ta klinikasini olib kelamiz.
Yurtimizni zamonaviy tibbiyot, farmatsevtika, biotexnologiyalar va tibbiy ta’lim taraqqiy etgan maskanga aylantiramiz.
Hurmatli tadbir ishtirokchilari!
Uchinchi milliy dastur – iqtisodiyotimizni yuqori texnologiya va mehnat unumdorligi modeliga o‘tkazish.
Buning uchun kelgusi o‘n yilda 450 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb qilamiz. Iqtisodiyotda yuqori o‘sish sur’atini saqlagan holda, 2030 yilgacha yalpi ichki mahsulot hajmi 300 milliard dollarga yetkaziladi, sanoatda 2 millionta yuqori daromadli ish o‘rni yaratiladi.
Yoshlarimizning salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarishda startap, venchur va sun’iy intellektni rivojlantirish ustuvor yo‘nalishga aylanadi.
Shuningdek, kichik biznes – o‘rta biznesga, o‘rta korxonalar esa yirik kompaniya va korporatsiyalarga aylanishi uchun yaxlit ekotizimni yo‘lga qo‘yamiz. Bularning hisobiga kelgusi o‘n yilda jon boshiga yalpi ichki mahsulot hajmi 10 ming dollarlik marradan oshadi.
Aziz do‘stlar!
Global iqlim o‘zgarishi sharoitida suv va ekologiya masalalari yanada dolzarb bo‘lib bormoqda.
Shu bois, to‘rtinchi milliy dastur suv va tabiatga munosabatni tubdan o‘zgartirishga qaratiladi.
Kelgusi besh yilda ekin maydonlarida suv tejaydigan texnologiyalar qamrovini 100 foizga olib chiqamiz. Bu – umummilliy marraga aylanadi.
Tabiatga munosabat – xalqning madaniyati, davlatning mas’uliyati va taraqqiyotning sifat ko‘rsatkichidir. Shuning uchun mamlakatimizda “Yashil makon” umummilliy harakatini yangi sifat bosqichiga olib chiqamiz. Maktab, bog‘cha, shifoxona va ko‘p qavatli uylar atrofidagi yashil hududlar jamiyatning daxlsiz boyligi sifatida muhofaza qilinadi. Yaqin yillarda tuman va shahar markazlarida yashillik ko‘lamini 30 foizga yetkazamiz.
Qadrli yurtdoshlar!
Adolat qaror topgan joyda iqtisodiy o‘sish ham, ijtimoiy ishonch ham yuksaladi.
Bu borada beshinchi milliy dastur – sud mustaqilligini kuchaytirish va qonun ustuvorligini ta’minlashni umumiy qadriyatga aylantirishdan iborat.
Buning uchun huquqiy tarbiyani maktabdan boshlab aniq tizim asosida yo‘lga qo‘yamiz. Fuqarolar va tadbirkorlarning qonuniy kafolatlarini kuchaytirish bo‘yicha islohotlarimizni qat’iy davom ettiramiz. Kiberjinoyatchilik, giyohvandlik va odam savdosining oldini olish bo‘yicha choralarni yanada kuchaytiramiz.
“Yashirin iqtisodiyot”, uyushgan jinoyatchilik, ayollar va bolalar huquqini kamsitishga qarshi kurashni yangi bosqichga ko‘taramiz.
Aziz vatandoshlar!
Odamlarimizning kayfiyati, oilalarning farovonligi, yoshlarning orzu-istagi, tadbirkorlarning tashabbuskorligi, eng avvalo, mahallada namoyon bo‘ladi.
Shuning uchun oltinchi milliy dastur mahallani jamiyat taraqqiyotining asosiy buyurtmachisiga aylantirishga yo‘naltiriladi.
Endi davlat dasturlarini ishlab chiqish bo‘yicha yondashuv butkul o‘zgaradi. Tuman budjeti, investitsiya dasturi hamda infratuzilma loyihalari mahalla buyurtmasi asosida ishlab chiqiladi. Bunda fuqarolarning talab va ehtiyoji, mahallaning farovonligi – eng asosiy mezon sifatida belgilanadi.
Hurmatli bayram ishtirokchilari!
Yettinchi milliy dastur – O‘zbekistonning tinchlik va do‘stlik diyori, bag‘rikeng o‘lka sifatidagi nufuzini har tomonlama yuksaltirishdan iborat.
Yurtimizda 130 dan ortiq millat va elat vakillari, 16 ta diniy konfessiya a’zolari bir oila farzandlaridek ahil va inoq yashamoqda.
Bugungi notinch zamonda millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik xalqimizning oltin fondi, bebaho boyligidir.
Bizning ochiq, pragmatik va tinchlikparvar siyosatimiz uzoq muddatli taraqqiyotimizni ta’minlashga qaratilgan.
Markaziy Osiyoda ahil qo‘shnichilik, strategik sheriklik va do‘stlik aloqalarini kengaytirishda tarixiy yutuqlarga erishildi.
Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi, Yevropa Ittifoqi, Amerika, Osiyo-Tinch okeani mintaqasi va arab-musulmon dunyosi davlatlari bilan munosabatlarimiz yanada mustahkamlandi. Sharqiy Yevropa, Afrika va Lotin Amerikasida yangi hamkorlik yo‘nalishlari ochildi.
Mamlakatimiz bilan diplomatik munosabat o‘rnatgan davlatlar soni qariyb 170 taga yetdi.
O‘zbekistonni xalqaro diplomatiyaning muhim markaziga aylantirish uchun ko‘pqirrali, vazmin va muvozanatli tashqi siyosatni davom ettiramiz. Iqtisodiy diplomatiya tashqi siyosatimizning ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qoladi.
Mamlakatimiz 2027-2029 yillarda Qo‘shilmaslik harakatiga ilk marotaba raislik qiladi. Dunyodagi 120 dan ortiq davlatni birlashtirgan ushbu global tuzilma samaradorligini oshirishga qaratilgan tashabbuslarni faol ilgari suramiz.
Yon qo‘shnimiz bo‘lgan Afg‘oniston bo‘yicha konstruktiv siyosatimizni qat’iy davom ettiramiz.
Fursatdan foydalanib, bugungi tantanamizda ishtirok etayotgan diplomatik korpus vakillariga, xorijiy ommaviy axborot vositalari xodimlariga, AQSH, Turkiya va Singapurdan kelgan yuqori martabali mehmonlarimizga samarali hamkorlik uchun alohida minnatdorlik bildiraman.
Aziz va muhtaram vatandoshlarim!
Bir fikrni ishonch bilan aytmoqchiman.
Biz bugun kechagidan kuchlimiz. Nasib etsa, ertaga bundan ham kuchli bo‘lamiz.
O‘ttiz besh yillik mustaqil taraqqiyot yo‘limiz bizga bir haqiqatni o‘rgatdi: xalq va davlat yagona maqsad yo‘lida birlashib, astoydil harakat qilsa, zabt etib bo‘lmaydigan marraning o‘zi yo‘q.
Bunday buyuk qudratga ega xalq va davlatni yenga oladigan kuchning o‘zi yo‘q.
Biz yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va buyuk kelajagimizni birgalikda barpo etamiz!
Ishonchim komil, matonatli, mard va olijanob xalqimiz o‘z oldiga qo‘ygan ulug‘ maqsadlarga albatta yetadi.
Vatanimizning oltin davrini, yangi buyuk tarixini albatta barchamiz birgalikda yaratamiz!
Bizga mustaqillik ne’matini bergan Parvardigorimizga cheksiz shukronalar bo‘lsin!
Istiqlolimiz ijodkori va haqiqiy bunyodkori bo‘lgan xalqimizga shon-sharaflar bo‘lsin!
Sizlarni, sizlar orqali butun xalqimizni bugungi ulug‘ bayram – O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz besh yilligi bilan yana bir bor tabriklayman.
Yurtimiz tinch, xonadonlarimiz obod va farovon bo‘lsin!
Yashasin O‘zbekiston Respublikasi!
Yashasin O‘zbekiston xalqi!