Sayt test holatida ishlamoqda!
20 Avgust, 2026   |   7 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:10
Quyosh
05:37
Peshin
12:26
Asr
17:15
Shom
19:19
Xufton
20:41
Bismillah
20 Avgust, 2026, 7 Rabi`ul avval, 1448

E’tiqod durdonalari: KIRISH AQOID ILMI HAQIDA TASAVVUR

20.10.2019   9249   9 min.
E’tiqod  durdonalari: KIRISH AQOID ILMI HAQIDA TASAVVUR

KIRISH

AQOID ILMI HAQIDA TASAVVUR

Olamlar Robbisi Alloh taologa hamdu sanolar, butun olamlarga rahmat qilib yuborilgan Muhammad Mustafoga hamda u zotning oilalariyu sahobalariga salovot va salomlar bo‘lsin.

Dunyoda baxtli hayot kechirish va oxiratda jannatga erishish har bir musulmonning asosiy maqsadi hisoblanadi. Ushbu ulug‘ maqsad esa Yaratuvchini tanish va Uning buyruqlarini ado etish bilan hosil bo‘ladi. Bu haqida Qur’oni karimda shunday xabar berilgan:

وَمَا خَلَقۡتُ ٱلۡجِنَّ وَٱلۡإِنسَ إِلَّا لِيَعۡبُدُونِ

“Men jinlar va insonlarni faqat O‘zimga ibodat qilishlari uchungina yaratdim”.

Ibn Abbos roziyallohu anhu ushbu oyati karimani “faqat Meni tanishlari uchungina yaratdim” ma’nosini anglatadi, deya tafsir qilgan.

Alloh taologa ibodat qilishning asl mohiyati ham, U zotni tanishning asosi ham aqoid ilmida bayon qilinishi bois, bu ilm bilimlarning oliysi va dinning asli hisoblanadi. Ushbu asl ilmni o‘rganish va unda bayon qilinganlarga e’tiqod qilish xayr-baraka bo‘lsa, undan uzoq bo‘lish yo o‘z-o‘zini qiynab behuda chiranishga, yo noto‘g‘ri e’tiqod qilib dunyo-yu oxiratini boy berishga olib boradi. Chunki e’tiqodi noto‘g‘ri kishining ibodatlari qabul bo‘lmaydi. Sof e’tiqoddagi kishining esa qilgan ozgina amali ham barakali bo‘ladi, ya’ni, Alloh taolo uning to‘g‘ri e’tiqodi barakotidan ko‘plab mukofotlar ato etadi. Shuning uchun avvalo dinning asli hisoblangan aqoid ilmini o‘rganish muhim hisoblanadi.

 

Aqoid ilmining lug‘aviy va

istilohiy ma’nolari

Aqoid so‘zi lug‘atda “ishonib bog‘langan narsalar” ma’nosini anglatadi. Bu so‘zdan har bir aqli raso va balog‘atga yetgan bandaning qalbini unga mustahkam bog‘lashi lozim bo‘lgan shar’iy e’tiqodiy hukmlar ko‘zda tutilgan. Shar’iy hukmlar ikki turga bo‘linadi:

1. E’tiqodiy hukmlar;

2. Amaliy hukmlar.

E’tiqodiy hukmlar deganda faqatgina qat’iy ishonishga taalluqli bo‘ladigan shar’iy hukmlar tushuniladi.

Amaliy hukmlar deganda qat’iy ishonchdan kelib chiqib bajariladigan amallarning ado etilishiga taalluqli bo‘ladigan shar’iy hukmlar tushuniladi.

Istilohda esa aqoid ilmiga quyidagicha ta’rif berilgan:

دِرَاسَةُ الْأَحْكَامِ الْإِعْتِقَادِيَّةِ فِي الشَّرِيعَةِ الْإسْلَامِيَّةِ

Islom shariatidagi e’tiqodiy hukmlarni o‘rganish – aqoid ilmi deyiladi.

 

Aqoid ilmining maqsadlari

Aqoid ilmini o‘rganishdan quyidagi maqsadlar ko‘zlanadi:

Qat’iy dalillar bilan diniy e’tiqodlarni mustahkamlash va ulardan shubhalarni rad qilish;

Boshqalarga taqlid qilib yurishdan aniq ishonch darajasiga ko‘tarilish;

Dunyo va oxirat saodatini hosil qilish.

 

E’tiqodiy hukmlar Islom dini mohiyatidir

Aqoid ilmining ahamiyati haqida gapirilganda avvalo, muqaddas dinimizning asosi uning aqoidi ekani ta’kidlanadi. Islom aqoidining o‘zagi esa Alloh taoloning borligiga va Uning birligiga iymon keltirish hisoblanadi. Musulmon kishi Islom shariati hukmlarini e’tiqodiga ko‘ra hayotga tatbiq qiladi. Shu ma’noda Islom dinining mohiyati uch qismdan tashkil topadi:

Islom dini mohiyati:

E’tiqodiy hukmlar; Amaliy hukmlar; Go‘zal xulqlar.

 

E’tiqodiy hukmlar deganda musulmon kishining ishonishi, qalbini ularga mustahkam bog‘lashi lozim bo‘lgan hukmlar tushuniladi. Bu hukmlarning avvalida Alloh taoloning borligiga, birligiga, komil sifatlar bilan sifatlanganiga iymon keltirish turadi. Musulmon kishi nomusulmon kishidan “Ashhadu an la ilaha illalloh” (Allohdan o‘zga ma’bud yo‘qligiga guvohlik beraman) deb guvohlik berishi bilan ajralib turadi. Musulmon kishi uchun ushbu guvohligi musulmonligining asosi hisoblanib, uning hamma qarashlari mazkur asos ustiga quriladi.

Allohga, farishtalariga, kitoblariga, payg‘ambarlariga, oxirat kuniga, qadarning yaxshisi ham, yomoni ham Allohdan ekaniga va qayta tirilishga iymon keltirish Islom aqoidining asoslari hisoblanadi.

Amaliy hukmlar deganda musulmon kishining o‘ziga nima foydali va nima zararli ekanini bilib bajarishi lozim bo‘lgan hukmlar tushuniladi. E’tiqodiy hukmlar va amaliy hukmlar poydevor va uning ustiga qurilgan binodek bir-biriga chambarchas bog‘liqdir. E’tiqodiy hukmlarda insonning Alloh taologa bog‘lanishi tartibga solinsa, amaliy hukmlarda insonnning jamiyat vakillari bilan va butun borliq bilan bo‘ladigan aloqasi e’tiqodiy hukmlar asosida tartibga solinadi. Shuning uchun ham e’tiqodiy hukmlarni o‘rganmasdan turib amaliy hukmlarni hayotga to‘g‘ri tatbiq etib bo‘lmaydi.

Amaliy hukmlar umumiy ikki qimga: “Ibodatlar” va “muomalalar”ga bo‘linadi. “Ibodatlar” qismida musulmon kishining Allohga sevimli banda bo‘lishga urinib bajaradigan amallari bayon qilinadi. Bu amallar uning Allohga bo‘lgan iymonida sodiq ekaniga belgi hisoblanadi. “Muomalalar” qismida esa musulmonlarning umumiy manfaatlarini saqlashga, bir-birlariga yoki boshqalarga zarar berib qo‘yishlarining oldini olishga taalluqli bo‘lgan amallar bayon qilinadi. 

 

 

 

 

MUNDARIJA

Kirish

Aqoid ilmi haqida tasavvur

Tavhid bayoni

Alloh taologa iymon keltirish bayoni

Borliqning tadbirini qilib turuvchi Zot

Qazoyu qadarga iymon keltirish bayoni

Alloh taoloning sifatlari bayoni

Zotiy va fe’liy sifatlar bayoni

Alloh taoloni “shay” deyish mumkinligi bayoni

Ism egasiga dalolat qilishi bayoni

U zot O‘zi va Rasuli bayon qilganidekdir

Bo‘linmaydigan juzning aqlan mumkinligi bayoni

Qur’oni karimga iymon keltirish bayoni

Arshga istivo haqida

Alloh betimsol zotdir

Yaxshiga mukofot, yomonga jazo beruvchi

Mutlaq ehtiyojsiz Zot

Ulug‘lik va oliylik egasi

Qayta tirilishga iymon keltirish

Eng so‘nggi manzillar

Jannat va do‘zaxning abadiyligi bayoni

Jannatda Alloh taoloni ko‘rish bayoni

Jannatdagi eng oliy ne’mat

Alloh adolatli va rahmatli Zotdir

Payg‘ambarlar va Farishtalarga iymon keltirish bayoni

Xotamul anbiyo haqida e’tiqodimiz

Xotamul anbiyoning sifatlari

So‘nggi mukammal shariat

Isro va Me’roj bayoni

Shafoat tushunchasi bayoni

Payg‘ambarlarning ma’sumliklari bayoni

Payg‘ambarlarning sifatlari bayoni

Zulqarnayn va Luqmon haqida

Qiyomatning katta alomatlari bayoni

Valiylar va ularning karomatlari bayoni

Valiylar Payg‘ambarlarning ummatlaridir

Valiylar sultoni haqida

Tili va qalbiga haq joriy bo‘lgan inson

Farishtalar hayo qilgan inson

Havas qilinadigan inson

Siddiqa va Zahro roziyallohu anhumo fazilatlari

Yazid ibn Muoviya haqidagi bahslar

Muqallid iymonining e’tiborli ekani

Aqli bor kishining Allohni tanishi lozimligi

Jon chiqar vaqtda keltirilgan iymon bayoni

Amal va iymon bayoni

Gunoh sababli kufrga hukm qilmaslik bayoni

Dindan chiqishni niyat qilgan kimsa bayoni

Beparvolikning ayanchli oqibati bayoni

Mastning gapi haqida

Nomavjudning “shay” emasligi bayoni

Takviyn sifati haqida e’tiqodimiz

Rizq tushunchasi haqida e’tiqodimiz

Qabr imtihoni haqida e’tiqodimiz

Qabr azobi haqligi bayoni

Jannatga kirish Allohning rahmati bilan bo‘lishi bayoni

Ulug‘ hisob-kitob bo‘lishi bayoni

Nomai a’mol berilishi haqidagi e’tiqodimiz

Amallarning o‘lchanishi va Sirot haqidagi e’tiqodimiz

Duolarning ta’sirlari bayoni

Dunyoning yo‘qdan bor qilingani bayoni

Jannat va do‘zaxning yaratib qo‘yilgani bayoni

Mo‘min bandaning do‘zaxda abadiy qolmasligi bayoni

Go‘zal nazmiy bayon

Xushxabardek qalbga tasalli beruvchi nazm

Aqida bilmagan shaytona eldir

Duo qilish odoblari bayoni

Vasila qilish bayoni

Xotima

“Bad’ul amoliy” matni va nazmiy bayoni

Foydalanilgan manba va adabiyotlar

 

 

 

 

M a s ’ u l m u h a r r i r:

Jaloliddin Hamroqulov,

Imom Buxoriy nomidagi Toshkent Islom instituti

“Tahfizul Qur’on” kafedrasi mudiri

 

T a q r i z ch i l a r:

Shayx Abdulaziz Mansur,

O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari

Haydarxon Yuldashxodjayev,

Tarix fanlari nomzodi

 

 

Abdulqodir Abdur Rahim

A – 13 E’tiqod durdonalari. Mas’ul muharrir / Jaloliddin Hamroqulov. – Ye.: “Sharq” , 2016. – 480 b.

 

“E’tiqod durdonalari” kitobi diyorimizdagi o‘rta maxsus islom bilim yurtlarida “Aqoid” fanidan saboq berilayotgan “Bad’ul amoliy” asariga yozilgan sharh bo‘lib, dastlab 2012 yilda nashr qilingan edi. Kitobning ushbu qayta ishlangan va to‘ldirilgan ikkinchi nashrida o‘quvchilarga yanada foydaliroq bo‘lishi uchun matnlarning ma’nolar tarjimasi va lug‘aviy izohlari hamda ayrim dolzarb e’tiqodiy masalalar batafsil bayon qilingan.

Ushbu kitob Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutining 27.06.2015 yildagi 11 sonli ilmiy kengashida nashrga tavsiya etilgan.

 

 

 

 

 

 

 

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning 4953-raqamli xulosasi asosida nashrga tayyorlandi.

Kutubxona
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Halol bo‘ling, rost so‘zlang, iymon va insoniylikni asrang!

19.08.2026   10247   4 min.
Halol bo‘ling, rost so‘zlang, iymon va insoniylikni asrang!

Halollik va rostgo‘ylik insonning shaxsiy fazilatlari bo‘lish bilan birga, oila mustahkamligi, jamiyat taraqqiyoti va ijtimoiy munosabatlarning barqarorligini ta’minlaydigan muhim milliy, diniy, ma’naviy-axloqiy qadriyatlardir.

Islom dinida halollik va rostgo‘ylikka inson hayotining barcha sohalarini qamrab oluvchi muhim tamoyillar sifatida qaraladi. Halol va haromni farqlash, shubhali ishlardan saqlanish, o‘zgalarning haq-huquqini poymol qilmaslik, rostgo‘y va adolatli bo‘lish insonning nafaqat shaxsiy kamoloti, balki jamiyat oldidagi mas’uliyatini ham belgilaydi.

Qur’oni karim oyatlari va Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning ko‘plab hadisi shariflarida insonlarni halollik va rostgo‘ylikka da’vat qilish, har doim halol bo‘lishga undash, aldov va yolg‘on guvohlik berishdan qaytarishga alohida e’tibor qaratilgan. Zero, halollik va rostgo‘ylik insonning ma’naviy kamolotini, imoni mustahkam va axloqi go‘zalligini namoyon etuvchi eng muhim fazilatlardir. Harom va yolg‘on esa nafaqat shaxsning obro‘si va unga ishonchini yemiradi, balki jamiyatda o‘zaro ishonchsizlik, adovat va nizolar kelib chiqishiga ham sabab bo‘ladi.

Alloh taolo "Nahl" surasining 105-oyatida bunday marhamat qilgan: “Yolg‘on so‘zlarni faqat Allohning oyatlariga imon keltirmaydiganlargina to‘qiydilar. Aynan o‘shalarning o‘zlari yolg‘onchilardir”.

Bu o‘rinda yolg‘onning qanchalik og‘ir ma’naviy illat ekani bayon qilinib, uning Allohning oyatlariga munosabat bilan bog‘liq jihati ko‘rsatib berilyapti. Oyatning nozil bo‘lish sababi Makka mushriklarining Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga nisbatan turli asossiz da’volarni ilgari surgani, jumladan, u zotni yolg‘onchilikda ayblaganidir. Ular Qur’oni karimni go‘yo Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning o‘zlari to‘qib chiqargani to‘g‘risida asossiz da’volarni ilgari surgan. Qur’oni karim esa bunday iddaolarni ochiq-oydin rad etgan.

Aslida yolg‘onni faqat imonsiz kishilargina to‘qiydi. Chunki, mo‘min kishi yolg‘onni katta gunoh deb biladi. Yolg‘on sababli qiyomatda azobga qolishdan qo‘rqadi. Shuning uchun har qanday vaziyatda rostgo‘y bo‘lishga intiladi. Hatto o‘z manfaatiga zid bo‘lgan holatlarda ham haqiqatni aytishni afzal biladi. Zero, haqiqiy imon insonni faqat ibodatlarga emas, balki yuksak axloqiy fazilatlarga ham undaydi.

Islom ta’limotida halollik va to‘g‘riso‘zlik maqtalgan, yolg‘on gapirish va haqiqatni yashirish keskin qoralangan. Jumladan, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Nabiysollallohu alayhi vasallam:“Rostgo‘ylikni o‘zingizga lozim tutingiz (rostgo‘y bo‘lingiz)! Chunki, rostgo‘ylik yaxshilikka yetaklaydi, yaxshilik esa jannatga yetaklaydi. Kishi doim rost gapirsa, Allohning huzurida “siddiq” (o‘ta rostgo‘y) deb yozib qo‘yiladi. Yolg‘ondan saqlaning! Chunki, yolg‘on fojirlikka (gunoh va buzuqlikka) yetaklaydi, fojirlik esa do‘zaxga yetaklaydi. Kishi yolg‘on gapiraversa, Allohning huzurida “kazzob” (o‘ta yolg‘onchi) deb yozib qo‘yiladi”, dedilar”. (Imom Buxoriy rivoyati).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam rostgo‘ylik va yolg‘onchilikning inson axloqi, ma’naviy hayoti va oxiratiga qay darajada ta’sir qilishini ochiq tarzda bayon qilib beryaptilar. Hadis mazmunidan anglashiladiki, insonning jannatga yoki do‘zaxga tushishida uning tili, ya’ni rostgo‘yligi yo yolg‘onchiligi hal qiluvchi omillardan ekan.

Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam halol va harom o‘rtasidagi shubhali narsalardan saqlangan kishi dini va obro‘yini pok saqlashi borasida bunday marhamat qilganlar: No‘’mon ibn Bashir roziyallohu anhudan rivoyat qilinishicha,“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlarini eshitdim: Halol ham aniq, harom ham aniq. Ularning o‘rtasida shubhali narsalar bor. Ko‘p odamlar buni bilmaydi. Kim shubhalardan saqlansa, dini va obro‘yini pok saqlaydi...” (Imom Buxoriy rivoyati).

Bu o‘rinda Nabiy sollallohu alayhi vasallam insonlarni ehtiyotkorlik va poklikka da’vat etmoqdalar. Chunki, halollik tamoyillariga amal qilgan inson hayotning har bir jabhasida, jumladan, so‘zida, oilaviy munosabatlarida, ta’lim olishda, mehnat faoliyatida va jamiyatdagi o‘zaro munosabatlarida adolat, poklik va rostgo‘ylikka intiladi. O‘zgalarning haq-huquqlarini hurmat qiladi, birovning mol-mulki yoki mehnatining mahsuliga tajovuz qilmaydi, aldov, xiyonat va manfaatparastlikdan uzoq bo‘lishga harakat qiladi. Bunday fazilatlar insonning shaxsiy obro‘-e’tiborini yuksaltirish bilan birga jamiyat a’zolari o‘rtasida o‘zaro ishonch va hamkorlik muhitini mustahkamlaydi.

Muxtasar qilib aytganda, halollik va rostgo‘ylik ijtimoiy hayotning barqarorligini, insonlar o‘rtasidagi ishonch va jamiyat taraqqiyotini ta’minlovchi muhim ma’naviy-axloqiy asosdir. Islom ta’limotidagi halollik, rostgo‘ylik, adolat va omonatdorlikka oid ko‘rsatmalar bu qadriyatlarning inson va jamiyat hayotidagi o‘rni naqadar muhim ekanini ko‘rsatadi. Har bir inson o‘z hayoti va faoliyatida halollik, rostgo‘ylik, adolat va vijdonlilikni ustuvor tamoyilga aylantirsa, jamiyatda sog‘lom ma’naviy muhitni shakllantirish imkoniyati ortadi.

Yo‘ldoshxon Isayev, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

Ibratli hikoyalar