Loqaydlik bu – burch va mas’uliyatni his qilmaslik, atrofdagilarning, o‘zining taqdiri va kelajagiga daxldor voqeliklarga e’tiborsizlikdir. Barcha davrlarda ziyolilar bunday illatga qarshi kurashganlar, xalqni ogohlantirib kelganlar.
Hukumatimiz tomonidan olib borilayotgan siyosatning maqsadi kuchli davlatdan kuchli fuqarolik jamiyatiga o‘tish konsepsiyasidir. Bunda fuqarolardan davlat va jamiyatning siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy hayotida faol ishtirok etishlari talab etiladi. Buning uchun xalqni bir maqsad yo‘lida, ezguliklar sari safarbar etish, insonlardagi loqaydlik va beparvolikka barham berish lozim bo‘ladi. Mustaqillikka erishganimizdan so‘ng, bunday illatga qarshi kurash alohida ahamiyat kasb eta boshladi. Prezidentimiz ham doimo fuqarolarimizni ogohlikka va e’tiborli bo‘lishga chaqiradi. Bu shuning uchun kerakki, loqaydlikning ma’no mazmuni na muqaddas dinimiz mohiyatiga, na boshqa taraqqiyot qonunlariga to‘g‘ri keladi. Uni yana dangasalik, tanballik, boqimandalik, boqibeg‘amlik va beparvolik kabi salbiy illatlar bilan bog‘lash mumkin. Bular jamiyatni tubanlashtiradigan omillardandir. Hozirgi davrning talabi – aniqlik va yangiliklardan tezkorlik bilan xabardor bo‘lish. Loqaydlik esa bunga tamomila ziddir. Bu illatning jamiyat uchun qanchalik zararli ekanini inobatga olib mashhur shaxslarning quyidagi fikrlarini keltiramiz:
Shayx Sa’diy aytadi: “Magar sen o‘zgalarning qayg‘usig‘a loqaydlik ila qarasang, sen inson degan nomg‘a noloyiqsen”.
Sohibqiron Amir Temur esa o‘zining tuzuklarida: “Ishbilarmon, mardlik va shijoat sohibi, azmi qat’iy tadbirkor va hushyor bir kishi minglab tadbirsiz loqayd kishilardan yaxshidir”, - deb ta’kidlaydi.
Nemis yozuvchisi Georg Lixtenberg aytadi: “Qayerdaki loqaydlik – u yerda xato, qayerdaki sovuqqonlik – u yerda jinoyat”.
Yusuf Xos Hojibning quyidagi misralari ham kishini xushyor bo‘lishga chorlaydi: “Har bir ishda ham g‘ofillik qilma, hushyor bo‘l, g‘ofillarning ishlari hech qachon ko‘ngildagidek bo‘lmaydi”.
Bahouddin Naqshband esa adashayotgan kishilarga to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatishga chorlaydi:
Ko‘r ketar ekan bilmay istiqbolda choh,
Uni ogoh etmasang sendadir ulug‘ gunoh.
Hozirgi kunda xalqimiz orasida ham loqaydlik va beparvolik illatlari uchraydi. Ammo hech kim o‘z shaxsiy manfaatlari uchun loqayd emas.
Xulosa shuki, yangi davrda yangi jamiyat qurayotgan ekanmiz, noto‘g‘ri aqida va g‘oyalardan, zararli illatlardan voz kechishimiz biz uchun suv va havodek zarur. Abdulla Avloniy aytganidek, “Ma’rifat sohibi bo‘lmak uchun ahvoli olamdan xabardor bo‘lmak kerak”.
Mavzuga doir mutafakkirlarning so‘zlari:
G‘ofil odam ko‘z yumib g‘aflat uyqusiga botadi, ey irodali mard, g‘ofil bo‘lma, hushyor bo‘l.
YUSUF XOS HOJIB
Kimdir boshqalarga tilar omonlik,
Kimdir sog‘inadi faqat yomonlik.
Bir qarasang o‘xshash rangu ro‘ylari,
Biroq tamom boshqa fikru o‘ylari.
Sirtdagisin ko‘rib turibsan har on,
Ichdagi olamdan ogoh bo‘l, inson!
ABDULLA ORIPOV
Eligning[1] hushyorligi elga foyda keltirdi, shular tufayli elda tinchlik va totuvlik qaror topdi.
YUSUF XOS HOJIB
G‘ofillik davlatni qo‘ldan ketkazar.
NIZOMULMULK
Har kishi nokas bilan hamkosadir,
Ming sharofatni kasofat bosadir.
MASHRAB
Amirning g‘ofilligi, vazirning xiyonati podshohlikni yo‘q qilar.
NIZOMULMULK
Agar biror qayg‘u-alam yuz bergani yoki taziyali joyni eshitsang, darhol u yerga bor, agar ziyofatu mehmondorchilikka chaqirilsang, unda o‘zing o‘ylab ish tut (o‘zing bilasan).
MAHMUD ZAMAXSHARIY
Erursen shoh – agar ogohsen sen,
Agar ogohsen – shohsen sen.
ALISHЕR NAVOIY
Inson ibrat nazari ila boqub, dunyo kitobidan o‘z qadr-hissasini bilib olmagi lozimdur. Shuning uchun aql sohiblari, fatonat egalari o‘zlariga foydasi bo‘lsa-bo‘lmasa, sinchiklab qarag‘on narsalaridan bir hissa olmay qo‘ymaslar.
ABDULLA AVLONIY
G‘aflat aro xush ko‘ribon xush dema,
Vaqif[2] o‘lib, so‘ngra pushaymon yema.
ALISHЕR NAVOIY
Belni bog‘la, davringni sur,
Do‘stu, dushmanni sinab yur,
Yomon so‘zdan quloqni bur,
Sen g‘aflatda qolma, bolam.
Molim yo‘q deb, qiynama jon,
Davlat topilur har qachon,
Dushmaningga berma omon,
Har choq hushyor bo‘lgin, bolam.
BЕRDAQ
Ogoh kishini ehtiyotkorlikning oqibati bilan tanishtirgin. Hidoyatga boshlovchilarni eslatish orqali uni mulohaza yuritishga ko‘ndirib, olijanob ishlarni qilishga chaqir.
MAHMUD ZAMAXSHARIY
G‘olib dushmandin hardam g‘ofil qolma,
O‘chirolmas isyon o‘tin o‘z haramingga solma.
ALISHЕR NAVOIY
Hushyor va zakovatli odam uldurki, uning fikr doirasi keng, uzoqni yaqindek ko‘ra oladigan g‘aflat uyqusidan yiroq, balki hamisha fikru zikri bilan uyg‘oq, maxfiy ishoratdan ham o‘ziga xulosa chiqara ola biladigan, so‘qir ko‘zdan ham yosh oqiza oladigan bo‘lur.
MAHMUD ZAMAXSHARIY
Hushyorliksiz biror nafas ham olmagan,
Nazari qadamidan o‘zga yerda bo‘lmagan.
ABDULXOLIQ G‘IJDUVONIY
Xudo ko‘rsatmasin, agar seni qayg‘u-hasratlarning kuchli yellari o‘rab olsa, unda dod-faryodu fig‘onlaring foyda bermas.
MAHMUD ZAMAXSHARIY
Do‘stlar fikridin va dushmanlar makridin beparvolig‘ joiz ermas va shu ish nadomatdin o‘zga natija bermas.
ALISHЕR NAVOIY
Ogoh bo‘lingizki, karim va hurmatli, vafodor odamni yo‘qotish er kishiga vafotdan ko‘ra ham og‘irroqdir.
MAHMUD ZAMAXSHARIY
Odamni g‘aflat uyqusiga botiruvchi g‘ofillikdir, g‘aflat uyqusiga g‘arq bo‘lgan odam jami ishlarini tashlab qo‘yadi.
YUSUF XOS HOJIB
G‘ofil bo‘lmaginki, g‘ofillik zulmatning moyasidir,
Do‘st yori bilan bo‘l, qalbingni nurli qiladi.
ABDULXOLIQ G‘IJDUVONIY
G‘ofil odamning hayoti – uyqu birla xomxayol,
Xayfdir johil bilan suhbatda o‘tgan damlaring.
ZЕBUNNISO
Qashshoqliq, tengsizlik, odamning qadr-qimmatini yerga uradigan boshqa hamma narsa ham o‘tadi: uysiz uylik bo‘ladi, och to‘yadi, gap bunda emas, hamma gap shundaki, mana shu odamlarda odamlik g‘ururi karaxt bo‘lgan, bu odamlarda shunday hayotga qarshi isyon ruhi yo‘q, aksincha, bular shu hayotni qarilikday tabiiy, o‘limdek haq deb bilishar ekan.
ABDULLA QAHHOR
Manbalar asosida “Ko‘kaldosh” o‘rta maxsu islom bilim yurti 3-kurs talabasi Haydarov Ibrohim tayyorladi.
[1] Xalq
[2] Voqif
AQSH Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo ishlari bo‘yicha yordamchisi Samir Pol Kapur O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi, xabar bermoqda iccu.uz.
Islom sivilizatsiyasining ko‘p asrlik tarixi, uning ilm-fan, madaniyat va ma’rifat taraqqiyotiga qo‘shgan ulkan hissasi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyalarida yaxlit va ta’sirchan tarzda namoyon etilgan. Tashrif davomida Samir Pol Kapur islomgacha bo‘lgan davr sivilizatsiyalaridan tortib, Yangi O‘zbekiston davriga qadar bo‘lgan tarixiy jarayonlarni aks ettiruvchi galereyalar, buyuk allomalarning ilmiy-ma’rifiy merosi, noyob qo‘lyozmalar, muqaddas yodgorliklar hamda zamonaviy raqamli texnologiyalar asosida yaratilgan interaktiv ekspozitsiyalar bilan yaqindan tanishdi.
Mehmon ekspozitsiyalarning mazmunan izchilligi va tarixiy jarayonlarni bir-biri bilan uzviy bog‘liq holda namoyon etish usuliga alohida e’tibor qaratdi. Uning qayd etishicha, bu yerda muzey eksponatlari orqali o‘tmish haqida ma’lumot olish bilan cheklanib qolmay, tarixiy davrlar ruhini his qilish, ular o‘rtasidagi bog‘liqlikni anglash imkoni ham mavjud.
Samir Pol Kapur o‘z taassurotlarini quyidagicha ifodaladi:
«Bu muhtasham maskan. Islom tarixi va madaniyatining asrlar davomidagi taraqqiyoti bilan yaqindan tanishish men uchun unutilmas tajriba bo‘ldi. Bu yerda tarixni shunchaki kitob sahifalari orqali emas, balki o‘z ko‘zingiz bilan ko‘rasiz, uni his qilasiz va go‘yo o‘sha davrlarning ichida bo‘lasiz. Shu bois ushbu noyob maskanni barpo etishga hissa qo‘shgan barcha insonlarga samimiy minnatdorchilik bildiraman.
Yoshlarga ham bu yerga kelishni albatta tavsiya qilaman. Chunki bu maskan nafaqat tarixni o‘rganish, balki o‘tmish bilan kelajak o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlikni anglash imkonini beradi. Men uchun eng esda qolarli lahzalardan biri Qur’oni karimga bag‘ishlangan golografik namoyish bo‘ldi. U menda katta taassurot va hayajon uyg‘otdi.
Menimcha, bu dargoh islom sivilizatsiyasining jahon tamadduniga qo‘shgan ulkan hissasini butun dunyoga namoyon etishga xizmat qiladi. Shuning uchun har bir inson bu yerga tashrif buyurib, ana shu boy va bebaho meros bilan shaxsan tanishishi lozim».
Pol Kapurning fikricha, Markazning ahamiyati uning tarixiy merosni namoyon etish bilangina cheklanmaydi. Ushbu maskan yosh avlod uchun o‘tmish saboqlarini anglash, ilm-fan va ma’rifatning sivilizatsiya taraqqiyotidagi o‘rnini his etish, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhini shakllantirish uchun ham muhim ma’naviy-ma’rifiy maydon vazifasini o‘taydi.
Tashrif yakunida AQSH Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo ishlari bo‘yicha yordamchisi Samir Pol Kapur Islom sivilizatsiyasi markazidan olgan taassurotlari yuksak ekanini qayd etib, ushbu maskan boy tarixiy merosni zamonaviy muzey texnologiyalari va ta’sirchan taqdimot usullari orqali jahon jamoatchiligiga yetkazishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati