Yer sayyorasi tuyaqush tuxumi shaklida. Buni Qur’oni Karimda aniq bayon qilingan. Alloh taolo shunday marhamat qiladi:
وَالْأَرْضَ بَعْدَ ذَلِكَ دَحَاهَا
“Va undan so‘ng yerni tuxum shaklida qildi” (Naziat surasi, 30-oyat).
Oyatdagi “daha” fe’li “yoyib qo‘ydi”, “cho‘zib qo‘ydi”, “keng qildi” ma’nosini ifoda qiladi.
Shuningdek, “daha” fe’lining o‘zagi bo‘lmish “dahv”dan olingan “al-madha” so‘zi “tuyaqush tuxumi turgan joy” ma’nosini ifoda qiladi. Hozirgi kundagi ko‘plab olimlar “dahv” kalimasini tuxumsimon narsa, tuyaqush tuxumiga o‘xshagan narsa ma’nolarini bildiruvchi so‘z ekanini aytmoqdalar. Shunday olimlardan biri Zag‘lul Najjordir.
Bugungi kunda kosmonavtlar orbitadan turib olgan Yer sayyorasining rasmlari butun dunyoga tarqalib ketgan. Unda Yerning tovuq tuxumidek o‘ta cho‘zinchoq (ellipssimon) yoki dum-dumaloq (doirasimon) emas, balki aynan tuyaqush tuxumi kabi biroz cho‘zinchoq holatda ekani hammaga ko‘rgan.
Alloh taolo Qur’oni Karimda birgina so‘z bilan Yer sayyorasining qanday shaklda ekani, uning sirti tekis, yoyiq, yashash uchun qulay tarzda yaratganini bayon qilib qo‘ygan.
Qur’oni Karim nozil bo‘lgan paytda Arabiston yarim orolida birorta observatoriya, astronomik kuzatish stansiyasi mavjud bo‘lmagan, kosmonavtikaga oid hech qanday tasavvur yo‘q edi.
Shunday sharoitda Qur’oni Karimda Yerning shakli, holati haqida aniq ilmiy ma’lumotlarning berilishi Qur’on Alloh taoloning haq Kalomi ekaniga, Muhammad sollallohu alayhi vasallam U Zotning haq payg‘ambari ekanliklariga yaqqol dalildir!
Internet ma’lumotlari asosida Nozimjon Hoshimjon tayyorladi
Qumqo‘rg‘on tumanidagi "Xo‘jamulki" mahallasida "Mahallada obodlik va mehr-saxovat oyligi" doirasida keng jamoatchilik va aholi vakillari ishtirokida qizg‘in obodonlashtirish va bunyodkorlik ishlari olib borilmoqda. Bu tashabbus mahalla hayotiga yangicha ruh baxsh etib, hamjihatlik va ezgulik muhitini yanada mustahkamlamoqda.
Azaliy qadriyatlarimizdan biri bo‘lgan hashar an’anasi asosida mahalla ahli bir yoqadan bosh chiqarib, o‘z hududini yanada obod, fayzli va ko‘rkam maskanga aylantirish yo‘lida fidokorona mehnat qilmoqda. Har bir fuqaroning qalbida Vatanga muhabbat, mahallaga ehtirom tuyg‘usi jo‘sh urib, ular bunyodkorlik ishlariga faol hissa qo‘shmoqdalar.
Xususan, mahalla hududidagi muqaddas qadamjolardan biri – "Xo‘jamulki ota" qabristonida keng ko‘lamli tozalash va obodonlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda. Hashar ishtirokchilari tomonidan qabriston hududi begona o‘tlar va chiqindilardan puxta tozalanib, qabr ustilari tartibga keltirilmoqda. Shuningdek, ziyoratchilar uchun qulay sharoitlar yaratish borasida zarur ishlar olib borilib, ajdodlar xotirasiga chuqur ehtirom ko‘rsatilmoqda.
Bu kabi ezgu tashabbuslar mahallada obodlik va hamjihatlik muhitini mustahkamlash bilan birga, ajdodlarimiz xotirasiga bo‘lgan hurmatimizni namoyon etadi. Ayni paytda, yosh avlodga milliy qadriyatlarimizni singdirish, ularni Vatanga muhabbat va mehnatsevarlik ruhida tarbiyalashda beqiyos ahamiyatga egadir. Bugungi hashar – kelajak avlod uchun namuna, ertangi kun uchun mustahkam poydevordir.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Surxondaryo viloyati vakilligi Matbuot xizmati