Bugungi kunda ilm-fan va texnika ancha taraqqiy topdi. Deyarli har kuni turli sohalarda ulkan yutuqlar qo‘lga kiritilayotganligidan ommaviy axborot vositalari, xususan, ijtimoiy tarmoqlar orqali xabardor bo‘lib turibmiz. Qayerda qanday voqea-hodisa ro‘y bersa, qisqa vaqt ichida dunyo bo‘ylab tarqalmoqda.
Albatta, bu jarayon barcha jabhalarni qamrab olganidek diniy sohani ham chetlab o‘tgani yo‘q. Biz so‘z yuritmoqchi bo‘lgan mavzu tez-tez quloqqa chalinayotgan, ayniqsa ijtimoiy tarmoqlar orqali kishilar orasida bahs-munozaralarga sabab bo‘layotgan taqlid, ya’ni Qur’oni karim va hadisi sharif turganda muayyan bir mazhabga ergashish shartmi, degan savoldir.
Islomning asl manbalari bo‘lmish Qur’oni Karim va hadisi sharifni qo‘yib imom Abu Hanifa, imom Shofe’iyga o‘xshash shaxslarga ergashish bir qarashda xatoga o‘xshab tuyulsa-da aslida insonni dunyo va oxiratda saodatga eltuvchi yo‘ldir. So‘zimizning isboti o‘laroq Qur’oni Karim, hadisi sharif va mo‘tabar ulamolarimizning bu masalaga qanday yondashganligiga bir nazar tashlaymiz.
Avvalo, taqlid haqida. Bir insonning so‘ziga, uning o‘sha masala borasida hujjati to‘g‘ri ekanini bilmasa-da, ergashish taqliddir. Ya’ni muqallid (taqlid qiluvchi) bir mujtahidga ergashayotgani to‘g‘ri ekaniga hujjati bo‘lishi mumkin, lekin mujtahidga ergashayotgan masalasining hujjatini bilmasligi mumkin.
Taqlid shari’atda joriy bo‘lgan ishlardan ekani hamda ijtihod (Qur’on va hadisdan mustaqil hukm olish)ga qodir bo‘lmagan kishilar taqilid qilishlari vojib ekaniga bir necha jihatdan dalillar bor.
Alloh taolo Nahl surasining 40-oyatida “Bilmasanglar, ahli zikrlardan so‘ranglar!” deb marhamat qilgan. Mazkur oyatning mazmunidan kelib chiqib ulamolar quyidagi fikrga ijmo’ qilganlar: “Ushbu oyat hukm va uning dalilini bilmaganlar bilganlarga ergashishlariga buyruqdir”. Usul ilmi ulamolari omi inson mujtahid olimga ergashishi vojib ekaniga mazkur oyatni asos qilib olganlar.
Rasululloh sollalohu alayhi vasallam: “Mendan keyin Abu Bakr va Umarga ergashinglar”, deganlar. (“Jome’u Termiziy”, 3204-hadis).
Ijmo’ dalili. Payg‘ambarimiz alayhissalomning as'hoblari ilm sohasida bir-birlaridan tafovut qilishar edi. Ibn Xaldunning so‘ziga ko‘ra, ularning hammalari ham fatvo ahli emas edilar. Din ularning hammalaridan olinmagan. Balki ularning orasida muftiy mujtahidlari bo‘lgan. Bular ozchilikni tashkil qilar edilar. Shuningdek, ular orasida fatvo so‘raydigan, muqallidlari bo‘lib, ular ko‘pchilikni tashkil qilar edi. Sahobalarning ichidagi fatvo beruvchilari hukmni aytish bilan kifoyalanib, ko‘pincha dalillarni zikr qilmas edilar.
Payg‘ambarimiz alayhissalom odatda islomdan xabari yo‘q joylarga faqih sahobalarni jo‘natar edilar. Ular borgan joylarida ibodat, halol-harom, oldi-sotdi kabi muomalotlar haqida fatvo berar edilar. U yerdagilar mazkur faqih sahobaga ergashar edilar. Ba’zan kitob va sunnatda dalili yo‘q yangi bir ish sodir bo‘lsa, ijtihod qilib ijtihodining ko‘rsatmasiga muvofiq mazkur yangi ishning hukmini aytar edi. Shunday paytlarda ham insonlar u kishiga ergashib ketaverar edilar.
Imomi G‘azzoliy o‘zlarining “Al-Mustasfo” kitobidagi taqlid bobida omi insonning taqlid qilishdan o‘zga chorasi yo‘q ekaniga sahobalarning ijmo’sini dalil sifatida keltirganlar. Chunki sahobalar avom halqqa fatvo berar edilar. Lekin ular avom halqning o‘zi ijtihod darajasiga yetishlarini buyurmasdilar. Bu o‘sha davr ulamolaridan ham avomlaridan ham mutavotir darajada kelgan ochiq-oydin ma’lumotdir.
Omadiy ham o‘zlarining “Al-Ihkom” nomli asarida shunday deganlar: Sahobalar va tobe’inlar davrida muxolif toifalar paydo bo‘lgunga qadar odamlar shar’iy ahkomlarni mujtahid ulamolardan so‘rar va ularga ergashar edilar. Ulamolar ham ularning savollariga zudlik bilan javob berishar, lekin dalillarni keltirib o‘tirmas edilar. Ushbu holatni sahobalar yoki tobe’inlardan birortasi inkor qilmagan. Bu esa omi inson mujtahidga ergashishi joiz ekaniga ijmo’ demakdir.
Masalaga aqliy dalil shunday: Alloma Abdulloh Daroz aytadi: Ijtihod ahlidan bo‘lmagan kishilar o‘zlarida sodir bo‘lgan hukmi kitob va sunnatda bayon qilinmagan ishlarning hukmini qanday topadilar. Agar har bir shaxs o‘zi ijtihod qilishi lozim bo‘lsa, bu mumkin bo‘lmagan ishdir. Chunki bu holatda hamma dalil izlash, hukm chiqarish ishlari bilan mashg‘ul bo‘lib, ma’ishat, kasb hunar, tijorat va ziro’at ishlari bir tarafda qolib ketadi va dunyo xarob bo‘ladi. Bu harajning nihoyasidir (cho‘qqisidir). Shuning uchun taqliddan o‘zga chora qolmadi.
Ulamolar mazkur kitob, sunnat va aqliy dalillarni ko‘rib bilganlaridan so‘ng shu qarorga keldilar: omi inson va ijtihod darajasiga yetmagan olimlar dalillarni biluvchi mujtahidgan ergashishlari lozimdir. Shuningdek, mujtahidning bergan fatvosi omi insonlar uchun huddi kitob va sunnat o‘rnidadir. Chunki Qur’oni Karim olimlarga Qur’on hujjat va dalillarini ushlashni buyurganidek, johil va omi insonlarni olimlarning fatvosini olishga buyurgan.
Ayni shu ma’noni ifoda qilish uchun Imom Shotibiy rohimahulloh: “Mujtahidlarning fatvolari Avom halq uchun huddi shar’iy dalilga tengdir”, deganlar.
Qolaversa, aynan to‘rt imomdan biriga ergashishning sababi borasida Shoh Valiyulloh Dehlaviy: “Tan olingan to‘rt mazhabdan biriga ergashish savodi a’zam (ko‘pchilik va aksariyat tashkil etgan jamoat)ga ergashishdir va ulardan chiqish savodi a’zamdan chiqishdir”, deganlar (“Aqdul jiyd fi ahkamil ijtihad va taqlid”, 1-jild 41-bet).
Sanalgan dalillardan ma’lum bo‘ladiki, mazhabga ergashish ba’zilar o‘ylagandek gumrohlik emas, balki Alloh taologa, uning rasuliga hamda ishboshi (ummat e’tirof etgan ulamolar) larga itoat etish ekan.
Shu o‘rinda yana bir narsani ta’kidlash o‘rinli. Taqlid to‘g‘ridan to‘g‘ri vojib emas, balki boshqasining sababidan vojibdir. Agar to‘g‘ridan to‘g‘ri vojib bo‘lganida mujtahidlarga ham taqlid vojib bo‘lar edi. Buni tushunishimiz uchun ba’zi misollarga murojaat qilish kerak.
Masalan, namoz to‘g‘ridan to‘g‘ri farz, shuning uchun namoz o‘qish payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga ham, sahobalarga ham, shuningdek, biz ummatlarga ham farzdir. Ayollarning namozni ado qilish uchun masjidga kelishi to‘g‘ridan to‘g‘ri emas, balki boshqasi sababidan man qilingandir. Agar to‘g‘ridan to‘g‘ri man qilinganda edi payg‘ambarimiz alayhissalom davrlarida ayollar masjidga kelmagan bo‘lardi.
Xo‘sh, mazhabga ergashishni vojibga aylantirgan boshqa sabab nima?
Ma’lumki, har bir musulmonda Qur’on va sunnatdan hukm olish iste’dodi yo‘q, shuning uchun Alloh taolo “...Agar bilmaydigan bo‘lsangiz, zikr ahllaridan so‘ranglar” (Nahl surasi 43-oyat), deb marhamat qilgan. Bu oyatdan bilamizki, taqlidning vojibligiga sabab bo‘lgan “boshqa” har bir kishida Qur’on va sunnatdan hukm olish iste’dodining yo‘qligidir. Xuddi shuningdek taqlidi shaxsiy ham to‘g‘ridan to‘g‘ri emas, balki “boshqa” ning sababidan vojibdir.
Taqlidi shaxsiyni vojibga aylantirgan “boshqa” nima?
Dinning maqsadi dindorlik, rohatlanish emas. Farazan, kishiga xohlagan vaqt xohlagan mazhabiga ergashib ketaverishi mumkin deyilsa, unda inson faqat nafsining istaklariga yurib undan bu ishga ruxsat, boshqasidan yana bir ishga ruxsat olib nafsining xohishlari ketidan yuraveradi. Uning dini faqat ruxsatlardan iborat bo‘ladi. Bu esa dinning asl maqsadiga zid bir ishdir. Kishidagi dindorlik bir mazhab va bir imomga ergashsagina mukammal va mustahkam bo‘ladi.
Mana shu sabab taqlidi shaxsiy vojibga aylandi. Ulamolar zarurat taqozo etganda o‘zi ergashgan mazhab imomining so‘zini qo‘yib boshqa mazhab imomining so‘ziga o‘tishni ham odamlardan haraj va mashaqqatni ko‘tarish uchun joiz degan bo‘salar-da, bu ham hamma uchun emas, balki faqat va faqat ulamolargagina tegishli ishdir.
Inson dunyo va oxiratda go‘zal hayotga erishishi uchun Alloh va uning rasuli yo‘lini mahkam tutmoqligi kerakdir. Bu esa o‘z-o‘zidanmas, balki payg‘ambarimiz va u zotning yo‘lidan yurgan ulamolarga ergashish bilan bo‘ladi. Alloh taolo barchalarimizni to‘g‘ri yo‘ldan adashtirmasin.
“Sayyid Muhyiddin maxdum” o‘rta maxsus
islom bilim yurti o‘qituvchisi
Abdug‘afur Niyozqulov
Ming yillik tarix, noyob me’moriy obidalar, qadimiy hunarmandchilik va boy madaniy meros uyg‘unlashgan Buxoro bugun nafaqat sayyohlarni o‘ziga chorlamoqda, balki zamonaviy media imkoniyatlari orqali dunyo auditoriyasiga yanada keng tanitilmoqda.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan mamlakatimizda turizmni iqtisodiyotning strategik yo‘nalishlaridan biriga aylantirish, O‘zbekistonning boy tarixiy-madaniy merosini jahonga keng targ‘ib qilish, xorijiy sayyohlar oqimini ko‘paytirish va hududlarning turistik salohiyatidan samarali foydalanish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Ana shu ezgu maqsadlarning mantiqiy davomi sifatida O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi ko‘magida Malayziyaning “Universiti Teknologi MARA” oliy ta’lim muassasasi San’at, dizayn va media fakultetining talaba hamda o‘qituvchilaridan iborat 18 kishilik ijodiy guruh Buxoro viloyatida bo‘ldi, xabar bermoqda O‘zA.
Malayziyalik ijodkorlarning Buxoroga tashrifi oddiy turistik safardan ko‘ra kengroq mazmun kasb etdi. Ularning asosiy maqsadi — Buxoroning boy tarixiy-madaniy merosi, qadimiy obidalari, betakror me’moriy muhiti va turistik salohiyatini zamonaviy media platformalar orqali xalqaro auditoriyaga yetkazishdan iborat bo‘ldi.
Ijodiy guruh vakillari shaharning har bir manzilidan o‘ziga xos syujet izladi. Ular uchun asrlar silsilasida qad rostlagan obidalar shunchaki tarixiy yodgorlik emas, balki zamonaviy avlodga so‘zlab berilishi lozim bo‘lgan ulkan tarixiy hikoyaga aylandi.
Malayziyalik yosh fotograf va dizaynerlar Ark qo‘rg‘oni, Labi Hovuz ansambli, Poyi Kalon majmuasi, qadimiy savdo toqlari, Ismoil Somoniy maqbarasi, Chashmai Ayub kabi ko‘p asrlik tarixdan darak beruvchi maskanlarda tasvirga olish ishlarini olib bordi.
Shuningdek, ijodkorlar Buxoroning an’anaviy hunarmandchilik markazlariga tashrif buyurib, ustalarning mehnati, milliy san’at namunalari, qadimiy kasblarning avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan jarayonlarini ham obyektiv orqali muhrlashdi.
Bugun axborot makoni jadal o‘zgarayotgan bir paytda biror mamlakat yoki shahar haqida tasavvur uyg‘otishning eng ta’sirchan vositalaridan biri — sifatli vizual kontent. Shu ma’noda, tashrif davomida tayyorlangan foto va videomateriallar “storytelling” — voqeani ta’sirchan hikoya qilish uslubida yaratilgani bilan ahamiyatlidir. Zero, bir suratda Buxoroning ko‘hna gumbazi, yana bir kadrda hunarmandning mohir qo‘llari, boshqa bir lavhada esa qadimiy ko‘chalardagi hayot aks etishi mumkin. Bu tasvirlar orqali Buxoro haqidagi ma’lumot oddiy matndan ko‘ra, ta’sirchanroq tarzda millionlab insonlarga yetib borishi mumkin.
Ijodkorlar tomonidan yaratilgan kontentlar ijtimoiy tarmoqlari hamda YouTube platformasi orqali namoyish etilishi rejalashtirilgan. Bu esa Buxoroning turistik salohiyatini, avvalo, Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlari auditoriyasiga keng targ‘ib qilish uchun muhim imkoniyatdir.
Bunday xalqaro ijodiy tashriflar Buxoroning turistik brendini yanada kuchaytirish, xorijiy auditoriyada shahar haqida yangi va jozibador tasavvur uyg‘otishga xizmat qiladi.
Eng muhimi, bu jarayonda Buxoro tarixi muzeylarda qolib ketmayapti. U zamonaviy texnologiyalar, ijtimoiy tarmoqlar va ijodkorlar nigohida yangi avlodga yetkazilmoqda.
Buxoroning qadimiy ko‘chalarida olingan har bir kadr, hunarmand qo‘lidan chiqqan har bir buyum, obidalar bag‘rida aks etgan har bir lavha dunyoning turli burchaklaridagi insonlarni “Bu qanday shahar?”, “Uning tarixi qanday?”, “Men ham bu joyni ko‘rishni istayman” degan qiziqishga chorlashi mumkin. Bu esa turizm targ‘ibotining eng ta’sirchan ko‘rinishlaridan biridir.
Malayziyalik talaba va ustozlarning Buxoroga tashrifi yana bir muhim jihati bilan ahamiyatli. Turli madaniyat va ta’lim maktablariga mansub yosh ijodkorlar Buxoro misolida Sharq va Janubi-Sharqiy Osiyo madaniyatlari o‘rtasida yangi ijodiy ko‘prik yaratdi. Bu nafaqat turizm, balki madaniy diplomatiya, ta’lim va ijodiy hamkorlik uchun ham yangi imkoniyatlarni ochadi.
Bugun Buxoroning ko‘hna obidalariga qarayotgan malayziyalik yosh fotografning kamerasida nafaqat tarix, balki O‘zbekistonning zamonaviy qiyofasi ham aks etmoqda. Ertaga ushbu tasvirlarni ko‘rgan minglab yoshlar Buxoroni o‘zlari uchun yangi, qiziqarli va albatta borib ko‘rishga arziydigan manzil sifatida kashf etishlari mumkin. Shu bois, bu tashrifni bir necha kunlik ijodiy safar emas, balki Buxorodan dunyoga yo‘l olgan ulkan vizual hikoyaning boshlanishi, deyish mumkin. Zero, tarixni asrash — uni kelajak avlodga yetkazishdir. Turizmni rivojlantirish esa ana shu tarixni dunyoga tanitish bilan chambarchas bog‘liq.
O‘tmishda Buxoro karvonlar yo‘li orqali dunyo bilan bog‘langan edi. Bugun esa uning tarixi kameralar, ijtimoiy tarmoqlar va raqamli platformalar orqali butun dunyoga tarqalmoqda. Eng muhimi, bu jarayon davlatimiz rahbari tashabbuslari asosida yurtimizning turistik salohiyatini jahonga keng targ‘ib etish, O‘zbekistonni yanada jozibador va raqobatbardosh turistik maskan sifatida namoyon etish yo‘lidagi ezgu ishlarga munosib hissa bo‘lib qo‘shiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati