بسم الله الرحمن الرحيم
اَلْحَمْدُ للهِ وَكَفَى، وَالصَّلاَةُ وَالسَّلاَمُ عَلَى رَسُولِهِ الْمُصْطَفَى، وَعَلَى آلِهِ وَصَحْبِهِ أجْمَعِينَ، أَمَّا بَعْدُ
Ijtimoiy tarmoqlarning xatari
Muhtaram jamoat! Bugungi suhbatimiz uchun mazkur mavzuni tanlashimiz bejis emas, albatta. Zero, jamiyatimiz hayoti, ayniqsa insonlar o‘rtasida o‘zaro axborot almashish, ma’lumot olishda internet tarmog‘ining ahamiyati kundan kunga ortib bormoqda.
Inson salomatligi u oziqlanayotgan suv va ne’matlar sofligiga bog‘liq bo‘lganidek, shaxs dunyoqarishining sog‘lomligi va ilm saviyasi o‘zlashtirayotgan ma’lumot va bilimlarining manbalariga bog‘liqdir. Shu nuqtayi nazardan, davrimizda internet tarmog‘idan foydalanish odobi ijtimoiy odoblarning eng ahamiyatlilaridan biri hisoblanadi.
Aslida, internet, ayniqsa ijtimoiy tarmoqlarni tashkil etishdan ko‘zlangan asosiy maqsad ilm olish imkoniyatlarini osonlashtirish, odamlarning uzog‘ini yaqin qilish, o‘zaro munosabatlarda qulaylik yaratish edi. Biroq bugungi kunga kelib, ularning vazifalari tobora kengayib, maqsadlari ham turlanib bormoqda.
Qayd etish joizki, hozirda ijtimoiy tarmoqlar ilm-ma’rifat va ziyo tarqatishning muhim vositalaridan biriga aylandi. Xususan, O‘zbekiston musulmonlari idorasi va uning tizimidagi masjid, madrasa, ilmiy-tadqiqot markazlari hamda imom-xatiblarimiz veb-sahifalari orqali xalqimizga va butun dunyodagi o‘zbekzabon musulmonlarga diniy-ma’rifiy ma’lumotlarni yetkazish imkoniga ega bo‘lishmoqda.
Biroq, har narsaning yaxshi va yomon tarafi bo‘lganidek, so‘ngi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarning ham jiddiy xatarlari yuzaga chiqmoqda. Jumladan, ayni davrda ayrim buzg‘unchi oqimlarning internetdan o‘z g‘arazi yo‘lida keng foydalanayotgani, yoshlarni o‘z domiga tortayotgani, ayrim saytlarda behayolik, o‘z joniga qasd qilish kabi ayanchlik illatlar targ‘ib etilayotgani, ba’zi ijtimoiy tarmoqlarda turli fitnalar, jamiyatni beqarorlashtiruvchi yolg‘on ma’lumotlar berilayotganini kuzatishimiz mumkin.
Shuning uchun ham xalqimiz, xususan yoshlarni ana shunday xatarlardan ogoh etish har bir ziyoli, ma’rifatparvar insonning eng dolzarb vazifasiga aylanib bormoqda. Quyida ijtimoiy tarmoqlarning ana shunday xatarlaridan eng asosiylarini sanab o‘tamiz:
Yolg‘on va asossiz xabarlarning tarqalishi
Hozirgi globallashuv davrida eng asosiy muammoga aylangan illatlardan biri – yolg‘on axborotdir. Ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlarda turli asossiz ma’lumotlarni tarqatish, turli bo‘htonlar va uydirmalarni urchitish holatlari ko‘plab uchramoqda. Ayrim soddadil musulmonlar mana shunday uydirmalarga ishonib, yolg‘on va bo‘htonga sherik bo‘lib qolmoqdalar. Alloh taolo Qur’oni karimda shunday deydi:
يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا إِنْ جَاءَكُمْ فَاسِقٌ بِنَبَأٍ فَتَبَيَّنُوا أَنْ تُصِيبُوا قَوْمًا بِجَهَالَةٍ
فَتُصْبِحُوا عَلَى مَا فَعَلْتُمْ نَادِمِينَ
سورة ﺍلحجرات/6)
ya’ni: “Ey, mo‘minlar! Agar sizlarga biror fosiq kimsa xabar keltirsa, sizlar (haqiqiy ahvolni) bilmagan holingizda biror qavmga aziyat yetkazib qo‘yib, (keyin) qilgan ishlaringizga pushaymon bo‘lmasligingiz uchun (u xabarni) aniqlab (tekshirib) ko‘ringiz!” (Hujurot surasi 6-oyat).
Odamlardan eshitgan narsasini surishtirmay gapiraverish gunoh ekaniga quyidagi hadis ham yaqqol dalil hisoblanadi. Bu borada Payg‘ambarimiz alayhissalom:
"كَفَى بِالْمَرْءِ إِثْمًا أَنْ يُحَدِّثَ بِكُلِّ مَا سَمِعَ"
رَوَاهُ الامَامُ مُسْلِمٌ وَالامَامُ أَبُو دَاوُدَ عن أبي هريرة رضي الله عنه
ya’ni: “Kishiga gunoh bo‘lishi uchun eshitgan narsasini gapirishining o‘zi kifoyadir”, – deganlar (Imom Muslim va Imom Abu Dovud rivoyati).
Masalan, ayrim kimsalar tomonidan “Farg‘ona vodiysida ayrim noib imomlar ayollarning ro‘molini yechtirish bilan mashg‘ul bo‘layotgan ekan”, – deya shov-shuvli xabar tarqatishdi. Aslida bu – vodiylik imom-xatiblarimizga nisbatan uyushtirilgan bo‘htondan boshqa narsa emas edi. Birorta imomdan bu kabi hodisa sodir bo‘lgani yo‘q! Din xizmatida turgan kishilar ortidan tuhmat qilish – gunoh ustiga gunohdir!
(Imom-xatiblar mav’izaning mana shu o‘rnida o‘z so‘zi bilan jonli tarzda ushbu holatning salbiy oqibatlari haqida gapirib beradilar...).
Kishilarning sha’niga tajovuz qilishning avj olganligi
Eng achinarlisi – ko‘pincha tarqatilgan yolg‘on ma’lumotlar oqibatida insonning obro‘ va sha’ni toptalmoqda, ta’na toshlari otilmoqda, shariatimizda qaytarilgan katta gunohlarga yo‘l ochilmoqda.
Shariatimizga ko‘ra, har bir musulmonning sha’ni va obro‘sini to‘kish – huddi qonini to‘kish yoki molini o‘zlashtirish kabi, boshqa musulmon uchun haromdir. Qolaversa, Payg‘ambarimiz alayhissalom muborak hadisi shariflaridan birida shunday deganlar:
لَمَّا عُرِجَ بِي مَرَرْتُ بِقَوْمٍ لَهُمْ أَظْفَارٌ مِنْ نُحَاسٍ، يَخْمُشُونَ وُجُوهَهُمْ وَصُدُورَهُمْ، فَقُلْتُ: مَنْ هَؤُلَاءِ يَا جِبْرِيلُ؟ قَالَ: هَؤُلَاءِ الَّذِينَ يَأْكُلُونَ لُحُومَ النَّاسِ، وَيَقَعُونَ فِي أَعْرَاضِهِمْ
رواه الإمام أبو داود عن أنس رضي الله عنه
ya’ni: “Jabroil (alayhissalom) meni osmonga olib chiqqanda bir qavmning oldidan o‘tdim. Ularning misdan tirnoqlari bo‘lib, u bilan yuzlari va ko‘ksilarini timdashar edi. Men: “Ey Jabroil, bular kimlar?” – deb so‘radim. Shunda: “Ular odamlarning go‘shtini yeb (ya’ni ularni g‘iybat qilib), obro‘larini to‘kkan kimsalardir”, – deb javob berdi” (Imom Abu dovud rivoyati).
Ushbu hadisdan dinimizda insonning sha’ni, obro‘si qanchalik qadrli ekanligi, uni poymol qilishning oqibati ayanchli ekani ma’lum bo‘lmoqda.
“Fitnalar uyushtirish makoni” ekani
So‘nggi yillarda internet siyosiy kurashlar maydoni, turli xil manfaatlarning kuchli quroliga ham aylanib bormoqda. Har qanday to‘siq, cheklov va taqiqlarni aylanib o‘tishga moslashtirilgan ijtimoiy tarmoqlar bugungi kunda chinakamiga jilovlab bo‘lmas kuchga aylandi.
Terrorchi to‘dalar, adashgan firqalar va boshqa buzg‘unchi kuchlar ijtimoiy tarmoqlar imkoniyatlaridan keng foydalangan holda odamlarni, ayniqsa yoshlarni to‘g‘ri yo‘ldan adashtirish, ulardan o‘zlarining manfur maqsadlari yo‘lida foydalanish, jamiyatda nifoq chiqarish hamda eng achinarlisi urush olovini yoqishga urinishmoqda va bunga ma’lum ma’noda erishishmoqdalar ham. Bunga yaqin tariximizda “Arab bahori” deb nom olgan arab davlatlaridagi inqilob va ziddiyatlar yaqqol misol bo‘ladi.
Aslida turli fitnalar uyushtirish, insonlar o‘rtasida adovat urug‘ini sochish – dinimizda eng katta jinoyatlardan biri ekani ta’kidlangan. Alloh taolo Qur’oni karimda shunday degan:
وَالْفِتْنَةُ أَكْبَرُ مِنَ الْقَتْلِ
(سورة ﺍلبقرة/217)
ya’ni: “Fitna esa qotillikdan ham kattaroq (gunoh)dir...” (Baqara surasi 217-oyat)
Shuning uchun ham Alloh taolo barchalarimizni turli fitnalardan va fitnachilardan doimo ehtiyot bo‘lishimizga chorlab o‘zining Kalomida bunday amr etadi:
وَاتَّقُوا فِتْنَةً لَا تُصِيبَنَّ الَّذِينَ ظَلَمُوا مِنْكُمْ خَاصَّةً وَاعْلَمُوا أَنَّ اللَّهَ شَدِيدُ الْعِقَابِ
(سورة ﺍﻷنفال/25)
ya’ni: “Sizlardan faqat zolimlargagina xos bo‘lmagan (balki hammalaringizga ommaviy bo‘ladigan) fitna (azob)dan saqlaningiz va bilib qo‘yingizki, Alloh jazosi qattiq (zot)dir” (Anfol surasi 25-oyat).
Mashhur sahoba Abdulloh ibn Mas’ud raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. U Zot aytadilar:
إِنَّ الشَّيْطَانَ لَيَتَمَثَّلُ فِى صُورَةِ الرَّجُلِ فَيَأْتِى الْقَوْمَ فَيُحَدِّثُهُمْ بِالْحَدِيثِ مِنَ الْكَذِبِ فَيَتَفَرَّقُونَ فَيَقُولُ الرَّجُلُ مِنْهُمْ سَمِعْتُ رَجُلاً أَعْرِفُ وَجْهَهُ وَلاَ أَدْرِى مَا اسْمُهُ يُحَدِّثُ
ya’ni: “Albatta, shayton bir kishi qiyofasiga kirib, xalqqa yolg‘on hadis aytganda, ular firqalarga bo‘linadilar. Ulardan biri: “Men yuzini taniymanu, ammo ismini bilmaganim kishidan hadis eshitdim”, deydi” (Imom Muslim rivoyati).
(Imom-xatiblar mav’izaning mana shu o‘rnida o‘z so‘zi bilan jonli tarzda ushbu holatning ayanchli oqibatlari haqida gapirib beradilar...).
Noto‘g‘ri fatvo va qarashlarning tarqalgani
Turli oqimlar o‘zlarining manfur qarashlarini yoshlar ongiga singdirish uchun ijtimoiy tarmoqlardan keng ko‘lamda foydalanmoqdalar. Bu ham yoshlar, umuman, dindan, diniy ma’rifatdan yaxshi xabardor bo‘lmagan kishilarni sof aqidadan og‘ib ketishiga, fiqhiy mazhablar borasida noto‘g‘ri fikr va tushunchalar shakllanishiga sabab bo‘lmoqda.
Avvalo shuni aytish kerakki, islom ulamolari yosh avlodga ilmlarni tartib bilan o‘rgatishga alohida e’tibor berganlar. Ilmni o‘rganish – dinni o‘rganishdir! Ilmsiz odam hech qachon dinning maqsadini anglolmaydi.
Qolaversa, diniy ilmlarni olishda, fatvo olishda shaxsiyatlar muhimdir. Internet orqali, ijtimoiy tarmoqlar orqali dindan, shariatdan gapirayotgan, lekin aslida kimligi ham, kimdan ta’lim olgani ham noma’lum kimsalardan din olinmaydi. Chunki, fatvo bu – din demakdir. Shariatimizga ko‘ra esa uni kim yetkazayotgani muhimdir. Shuning uchun mashhur tobein Muhammad ibn Siyrin rahmatullohi alayhi:
"إِنَّ هَذَا الْعِلْمَ دِينٌ فَانْظُرُوا عَمَّنْ تَأْخُذُونَ دِينَكُمْ"
(رَوَاهُ الإِمَامُ مُسْلِم)
ya’ni: “Bu ilm – dindir. Dinlaringizni kimdan olayotganingizga qaranglar", – deganlar (Imom Muslim rivoyati).
Imom Abu Lays Samarqandiy rahmatullohi alayhi: “Ilmni ishonchli zotlardan olish lozim, chunki dinning ustuni ilm bilandir. Kishi o‘zining jonini ishonadigan kishigagina dinini ham ishonib topshirishi lozim”, – deganlar.
Shuningdek, terrorchilar o‘zlariga tegishli veb-sahifa va ijtimoiy tarmoqlarda “shahidlik”, “jihod”, “hijrat”, “takfir”, “xalifalik” kabi tushunchalarni buzib talqin qilish natijasida ayrim yoshlarni o‘zlarining tuzoqlariga ilintirishga muvaffaq bo‘lishayotgani achinarli hol, albatta.
Bu kabi “targ‘ibotchilar” haqida hadisi sharifda shunday deyiladi. Abu Zarr raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sallallohu alayhi vasallam aytdilar:
"إِنَّ بَعْدِى مِنْ أُمَّتِى - أَوْ سَيَكُونُ بَعْدِى مِنْ أُمَّتِى - قَوْمٌ يَقْرَءُونَ الْقُرْآنَ لاَ يُجَاوِزُ حَلاَقِيمَهُمْ يَخْرُجُونَ مِنَ الدِّينِ كَمَا يَخْرُجُ السَّهْمُ مِنَ الرَّمِيَّةِ ثُمَّ لاَ يَعُودُونَ فِيهِ هُمْ شَرُّ الْخَلْقِ وَالْخَلِيقَةِ"
(رَوَاهُ الإِمَامُ مُسْلِمٌ)
“Mendan keyin ummatimdan yoki mendan keyingi bo‘ladigan ummatimdan (bu yerda roviyning ikkilanishi) Qur’on o‘qiganda, u xalqumlaridan o‘tmaydigan, dindan xuddi kamondan o‘q chiqqandek, chiqib ketib, keyin unga qaytmaydigan qavm bo‘ladi. Ular odamlar va maxluqotlarning ichida eng yomonlaridir” (Imom Muslim rivoyati).
Shuni ham eslatib o‘tish lozimki, fatvo berish – ulkan mas’uliyat ekani va u bilan faqatgina yetuk ilm va malakaga ega bo‘lgan ulamolargina shug‘ullanishi lozimligi salafi solihlar davridan uqtirib kelingan. Shuni inobatga olib, yurtimizda shar’iy savollarga fatvo berish faqatgina O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan amalga oshirilishi lozim.
Fahsh va behayolikning tarqalishi
Yovuz niyatli kimsalar g‘arazli maqsadlari yo‘lida va xalqning o‘zligini yemirish uchun turli usullardan foydalanadi. Ulardan biri – jamiyatda axloqiy buzuqlikni yoyishdir. Bu yo‘lda g‘alamislar ijtimoiy tarmoq orqali axloqsizlikni, fahshni keng tarqatishga bor imkoniyatlarini sarflamoqdalar. Behayolikka yo‘g‘rilgan tasvirlar, video-roliklar tarqatish orqali yer yuzida fasod tarqashiga “xizmat” qilmoqdalar.
Bu kabi illatlar jamiyatimizda o‘zining salbiy ta’sirlarini ko‘rsatmay qolmaydi. Bu illat katta yoshdagilarning ham, o‘rta yoshdagilarning ham axloqiy buzilishiga olib kelmoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda bir-biriga nomahram bo‘lgan shaxslarning o‘zaro nojo‘ya suhbatlari oilalar o‘rtasidagi ajrimlarga ham sabab bo‘lmoqda. Alloh taolo Qur’oni Karimda shunday marhamat qiladi:
قُلْ لِلْمُؤْمِنِينَ يَغُضُّوا مِنْ أَبْصَارِهِمْ وَيَحْفَظُوا فُرُوجَهُمْ ذَلِكَ أَزْكَى لَهُمْ إِنَّ اللَّهَ خَبِيرٌ بِمَا يَصْنَعُونَ
ya’ni: “(Ey, Muhammad!) Mo‘minlarga ayting, ko‘zlarini (nomahram ayollardan) quyi tutsinlar va avratlarini (zinodan) saqlasinlar! Mana shu ular uchun eng toza (yo‘l)dir. Albatta, Alloh ular qilayotgan (sir) sinoatlaridan xabardordir” (Nur surasi 30-oyat).
Salmon Forsiy raziyallohu anhu: “O‘lib-qayta tirilishim so‘ng yana o‘lib, yana qayta tirilishim, so‘ng yana o‘lib, yana qayta tirilishim – bir musulmon kishining avratiga qarashimdan yoki u mening avratimga qarashidan ko‘ra yaxshiroqdir”, – deganlar (Imom Ahmad "Zuhd" kitobida rivoyat qilgan).
Ibrohim ibn Adham aytadilar: "Botilga ko‘p nazar solish qalbdan haqni tanish ne’matini ketkazadi" (Imom Abu Nuaym "Hilyatul avliyo" kitobida rivoyat qilgan).
Ahli ilm, imom, ulamo kishilar haqida bo‘hton uyushtiruvchi, ularni obro‘sizlantirishga urinuvchi guruhlarning ko‘pligi
Ulamolar, imom-domlalarni yaqindan tanimagan, ular haqida aniq ma’lumotga ega bo‘lmagan kishilar mazkur bo‘htonchi guruhlarning ta’siriga tushib, so‘zlariga ishonib, ulkan gunoh bo‘lgan – g‘iybat balosiga mubtalo bo‘lmoqdalar. Hazrati Ibn Abbos raziyallohu anhumo:
حَرَّمَ اللهُ أنْ يُغْتَابَ الْمُؤْمِنُ بِشَيْءٍ كَمَا حَرَّمَ الْمَيْتَةَ
ya’ni: “Alloh ta’olo o‘laksa go‘shtini harom qilganidek, biror narsasida (ayblab) mo‘minni g‘iybat qilishni ham harom qildi”, – deganlar (Imom Bayhaqiy “Shuabul imon”da rivoyat qilgan).
Ijtimoiy tarmoqlar orqali dinimizga bo‘layotgan zararlardan yana biri – har bir yurtning peshqadam olimlarini tahqirlash, tuhmat-buhton so‘zlari bilan obro‘sizlantirish, ularni nifoqda, kufrda ayblashdir. Ularning bundan o‘ylagan maqsadlari – musulmon ommasini ilmiy rahbarsiz qoldirib, o‘zlariga ergashtirish va boshqarishdir.
Jundab raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Kimki birovni sharmisor qilsa, Alloh ham uni Qiyomat kuni sharmanda qiladi, kimki o‘zgalarni qiynasa, Alloh ham uni Qiyomat kuni qiynaydi”, – deb aytdilar (Imom Buxoriy rivoyati).
Qalbidan din tashvishi, ummat g‘ami o‘chib, ishi – faqatgina ulamolarning ayblarini qidirish, ularni g‘iybat qilish bo‘lgan kimsalarning ushbu nayranglariga nisbatan xushyor bo‘lmasak, oqibati juda ham xatarli bo‘lishi mumkin. Bunday ulkan yo‘qotishga dunyo tan olgan ulamolardan marhum alloma Muhammad Said Ramazon Butiyning shahid bo‘lishlari misolida guvoh bo‘lindi.
Kishilarning, xususan yoshlarning ruhiyatiga, axloqiga salbiy ta’siri
Ijtimoiy tarmoq orqali fikr bildirish va buning ortidan maqtov (“layk”)larni qo‘lga kiritishga urinish bugungi yoshlarini tobora o‘z domiga tortmoqda. Buning salbiy tomoni shundaki, foydalanuvchi bunday maqtov (“layk”)larni yana va yana olishni istaydi va rohatlanadi. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, ijtimoiy tarmoq foydalanuvchisi va giyohvand moddalarni iste’mol qiluvchini mana shu bog‘langanlik va rohatlanish hislari birlashtirib turadi.
Buning oqibatida ular virtual dunyoga butkul sho‘ng‘ib ketadilar va tashqi dunyodan uziladilar. Ijtimoiy tarmoqlarga bog‘lanib qolgan yoshlar boshqalar bilan jonli muloqotda qiynaladi, odamovi bo‘lib qoladi, do‘stlashishda adashadi, birovga hamdardlik bildirish haqida umuman bosh qotirib o‘tirmaydi. Faqat ijtimoiy tarmoqda topgan “do‘st”larining fikri bilan ish ko‘radigan bo‘lib qoladi.
Muhtaram jamoat! Albatta, ijtimoiy tarmoqni butkul yomonga chiqarishga haqqimiz yo‘q. Ijtimoiy tarmoq ham televideniye, radio kabi bir vosita. Uni yaxshilikka ishlatsa – yaxshi, yomonlikka ishlatsa – yomon natija beradi. Bu yerda eng muhimi – inson omilidir.
Shu o‘rinda eslatib o‘tishni lozim deb topdik, huquqiy jihatdan biror-bir ma’lumot, matn, audio yoki videofaylni tarqatish qonun nuqtayi nazaridan “axborot tarqatish” sifatida baholanadi. Tarqatilgan ma’lumotda birovning obro‘siga putur yetkazish, tuhmat qilish, haqoratlash, yolg‘on xabar tarqatish yoki radikal g‘oyalar mavjud bo‘lsa, bu qilmishni sodir etgan shaxsga qonunchiligimizda jazo muqarrar ekanini ham unutmaslik zarur.
Hammamiz ham yangiliklardan xabardor bo‘lish, dunyoqarashimizni o‘stirish maqsadida internet tarmoqlariga murojaat qilamiz. Muhimi – ulardan oqilona foydalansak, xususan yoshlarni aqlan va ruhan to‘g‘ri tarbiya topishida, turli yot qarashlar ta’siriga tushib qolmasliklariga xushyor bo‘lsak, maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Muhtaram jamoat! Mav’izamizning fiqhiy masalalar qismida hanafiy mazhabi bo‘yicha takbiri tahrimada qo‘lni ko‘tarish kayfiyatini bayon qilamiz.
Namozga kirishda qo‘llar quloq barobarigacha ko‘tarilib, qo‘lning bosh barmog‘i quloqning yumshog‘iga yetkaziladi va takbiri tahrima – “Allohu akbar” lafzini aytib namozga kiriladi. Qo‘llar ko‘tarilganda, kaftning ichki tomoni Qiblaga qaratilib, barmoqlar biroz ochilgan holatda bo‘ladi.
Namozga kirishda qo‘llar quloq barobarigacha ko‘tarilishi haqida bir qancha sahih hadislar kelgan bo‘lib, ulardan birini keltiramiz:
عَنْ أَنَسِ بْنِ مَالِكٍ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ: كَانَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ إِذَا إِفْتَتَحَ الصَّلاَةَ كَبَّرَ ثُمَّ رَفَعَ يَدَيْهِ حَتَّى يُحَاذِيْ إِبْهَامَيْهِ أُذْنَيْهِ
(رواه الإمام الحاكم والإمام الدارقطني)
ya’ni: Anas ibn Molik raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sallallohu alayhi vasallam namozga kirishda takbir aytib, ikki bosh barmoqlarini quloqlari barobarigacha ko‘tarar edilar” (Imom Hokim va Imom Doraqutniy rivoyatlari).
Ulamolarimiz: “Hadislarda kelgan “qo‘lni quloq barobariga ko‘tarish”dan maqsad – uni quloqqa tekkizishdir, chunki quloqning yumshog‘iga qo‘l tegishi – qo‘lning quloq barobariga ko‘tarilganining aniq belgisidir”, – deganlar. Bu haqda “Al Bahrur-roiq sharhi kanzud-daqoiq” kitobida quyidagilar aytilgan:
وَالْمُرَادُ بِالْمُحَاذَاةِ، أَنْ يَمَسَّ بِإِبْهَامَيْهِ شَحْمَتَيْ أُذُنَيْهِ، لِيَتَيَقَّنَ بِمُحَاذَاةِ يَدَيْهِ بِأُذُنَيْهِ
ya’ni: “Hadisdagi “tenglashtirish”dan maqsad – ikki qo‘lni quloqlarga tenglashganiga ishonch hosil qilish uchun ikki bosh barmoqni quloqlarning yumshoq joyiga tekkiziladi”.
Shuningdek, hanafiy mazhabimizga ko‘ra namozda turgan kishi qo‘llarini bir-biriga bog‘lab, kindik ostiga qo‘yadi. Bu haqda bir qancha rivoyatlar mavjud bo‘lib, quyida ulardan ba’zilarini keltiramiz.
عَنْ وَائِلِ بْنِ حُجْرٍ رضي الله عنه قَالَ "رَأَيْتُ النَّبِىَّ صلى الله عليه وسلم وَضَعَ يَمِيْنَهُ عَلَى شِمَالَهُ فِى الصَّلاَةَ تَحْتَ السُّرَّةِ
(أَخْرَجَهُ الإِمَامُ ابنُ أبِى شَيْبَةَ)
ya’ni: Voil ibn Hujr raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, u zot aytadilar: “Men Rasulullohni sallallohu alayhi vasallam namozda o‘ng qo‘llarini chap qo‘llari ustiga kindik ostiga qo‘yganlarini ko‘rdim”, (Imom Ibn Abu Shayba rivoyati. “E’lous sunan” kitobida “Bu hadisning roviylari ishonchlidir”, – deyilgan).
Yana bir rivoyatda shunday keladi:
قَال أَبُو هُرَيْرَةَ رضي الله عنه: "أخْذُ الأَكُفِّ عَلَى الأَكُفِّ فِى الصَّلاَةِ تَحْتَ السُّرَّةِ
رَوَاهُ الإِمَامُ أبُو دَاوُدَ
ya’ni: Abu Hurayra raziyallohu anhu aytdilar: “Namozda kaftning ustiga kaftni qo‘yib, kindik ostida ushlanadi” (Imom Abu Dovud rivoyati).
Namozda qo‘lni kindik ostiga qo‘yish haqida barcha fiqhiy kitoblarimizda ma’lumotlar mavjud. Jumladan, “Muxtasar ul-Viqoya” kitobida shunday deyilgan:
يَضَعُ يَمِيْنَهُ عَلَى شِمَالِهِ تَحْتَ سُرَّتِهِ
ya’ni: “(Namoz o‘quvchi) o‘ng qo‘lini chap qo‘lining ustiga qilib, kindik ostiga qo‘yadi”.
Xulosa qilib aytganda, namozga kirishda takbiri tahrima aytiladi va unda qo‘llar quloq barobaricha ko‘tarilib, ikki bosh barmoqni quloqlarning yumshoq joyiga tekkiziladi. So‘ngra erkaklar qo‘llarini kindik ostida bog‘laydilar. Hanafiy mazhabimiz mujtahidlari yuqoridagi hadislarga asoslanib, ushbu ko‘rinish sunnat ekanini ta’kidlaganlar. Qolaversa, ushbu holat erkaklarda ta’zim va xushu’ga yaqinroqdir.
Alloh taolo qilayotgan ibodatlarimizni dargohida maqbul aylab, yurtimizni turli xil fitna va ofatlardan panohida saqlasin! Omin!
Muhtaram imom-domla! Kelgusi juma ma’ruzasi “yo‘l qoidasiga amal qilish odoblari” mavzusida bo‘ladi.
- 58وَلِلدَّعَوَاتِ تَأْثِيرٌ بَلِيغٌ وَقَدْ يَنْفِيهِ أَصْحَابُ الضَّلاَلِ
Ma’nolar tarjimasi: Duolarning yetuk ta’siri bordir, gohida adashganlar uni inkor qiladilar.
Nazmiy bayoni:
Duolarning yetuk ta’sirlari bor,
Adashganlargina qilarlar inkor.
Lug‘atlar izohi:
لِ – jor harfi فِي ma’nosida kelgan.
دَعَوَاتِ – kalimasi دَعْوَةٌ ning ko‘plik shakli bo‘lib, lug‘atda “iltijolar” ma’nosini anglatadi. Jor va majrur mubtadosidan oldin keltirilgan xabardir.
تَأْثِيرٌ – xabaridan keyin keltirilgan mubtado.
بَلِيغٌ – sifat. Ushbu kalimada duoning ta’sirga sabab ekaniga ishora bor. Chunki ta’sir, aslida, Alloh taoloning yaratishi bilan vujudga keladi.
وَ – “holiya” ma’nosida kelgan.
قَدْ – “taqliliya” (cheklash) ma’nosida kelgan.
يَنْفِيهِ – fe’l va maf’ul. نَفِي kalimasi lug‘atda “bir chetga surib qo‘yish” ma’nosiga to‘g‘ri keladi.
اَصْحَابُ – foil. Bu kalima صَاحِب ning ko‘plik shakli bo‘lib, “lozim tutuvchilar” ma’nosiga to‘g‘ri keladi.
الضَّلاَلِ – muzofun ilayh. Ushbu izofada لِ jor harfi muqaddar bo‘lgan[1]. “Zalolat” kalimasi “to‘g‘ri yo‘ldan adashish” ma’nosida ishlatiladi.
Matn sharhi:
Duo lug‘atda “iltijo”, “o‘tinch” kabi ma’nolarni anglatadi. Istilohda esa “banda o‘zining faqirligini, hojatmandligini va muteligini hamma narsaga qodir bo‘lgan Alloh taologa izhor qilib, manfaatlarni jalb qilishni va zararlarni daf qilishni so‘rashi, duo deb ataladi”[2].
Mo‘min bandalarning qilgan duolarida o‘zlariga ham, agar marhumlar haqlariga duo qilayotgan bo‘lsalar, ularga ham manfaatlar yetadi. Duolarning ta’siri borligini adashgan kimsalargina inkor qiladilar. Matndagi “zalolatdagilar” degan so‘zdan mo‘taziliy toifasi ko‘zda tutilgan. Chunki mo‘taziliy toifasi bu masalada ham Ahli sunna val-jamoa e’tiqodiga zid da’volarni qilgan.
Duolarning ta’sirini inkor etadiganlar bir qancha dalillarni keltirishgan. Masalan, oyati karimalarda har bir insonga o‘zi qilgandan boshqa narsa yo‘qligi bayon qilingan:
“Insonga faqat o‘zi qilgan harakatigina (mansub) bo‘lur”[3].
Boshqa bir oyatda esa kishi o‘zining qilgan yaxshi ishlari tufayli mukofotga erishsa, yomon qilmishlari sababli jazolanishi bayon etilgan:
“Uning kasb etgani (yaxshiligi) – o‘ziga va orttirgani (yomonligi) ham o‘zigadir”[4].
Ushbu oyati karimalarda har bir kishining ko‘radigan manfaatlari boshqalarning qilgan duo va xayrli ishlaridan emas, faqat o‘zining qilgan ishlaridan bo‘lishi bayon qilingan, bu esa duolarning ta’siri yo‘qligiga dalolat qiladi, – deyishgan.
Duolarning ta’sirlarini inkor etuvchilarga raddiyalar
Duolarning ta’sirlarini inkor etuvchilar keltirishgan yuqoridagi va undan boshqa dalillariga batafsil javoblar berilgan. “Talxisu sharhi aqidatit-Tahoviy” kitobida quyidagicha javob kelgan: "Insonga faqat o‘zi qilgan harakatigina (mansub) bo‘lur" ma’nosidagi oyatda bayon qilinganidek, haqiqatda inson o‘z sayi-harakati va yaxshi fe’l-atvori bilan do‘stlar orttiradi, uylanib bola-chaqali bo‘ladi, insonlarga mehr-muhabbat ko‘rsatadi va ko‘plab yaxshi ishlarni amalga oshiradi. Shunga ko‘ra insonlar uni yaxshilik bilan eslab, unga Alloh taolodan rahmat so‘rab duo qilsalar, toat-ibodatlarning savoblarini unga hadya qilsalar, bularning barchasi birovning emas, aslida, o‘z sayi-harakatining natijasi bo‘ladi.
Ikkinchi dalil bo‘lgan "Uning kasb etgani (yaxshiligi) – o‘ziga va orttirgani (yomonligi) ham o‘zigadir", ma’nosidagi oyat ham yuqoridagi kabi oyat bo‘lib, har bir kishi o‘zining qilgan yaxshi ishining samarasini ko‘radi, qilgan ma’siyatiga ko‘ra jazolanadi, kabi ma’nolarni ifodalaydi. (Ya’ni “har kim ekkanini o‘radi”, deyilgani kabi)”[5].
Shuningdek, duo qilishning foydasi bo‘lmaganida mag‘firat so‘rashga buyruq ham bo‘lmasdi. Qur’oni karimda esa mag‘firat so‘rashga buyurilgan:
“Bas, (ey Muhammad!) Allohdan o‘zga iloh yo‘q ekanini biling va o‘z gunohingiz uchun hamda mo‘min va mo‘minalar(ning gunohlari) uchun mag‘firat so‘rang!”[6].
Shuningdek, vafot etib ketgan kishilar haqiga qilingan duolarda manfaat bo‘lmaganida, ularni eslab duo qilganlar Qur’oni karimda madh etilmasdi:
“Ulardan keyin (dunyoga) kelganlar: “Ey Robbimiz, bizni va bizdan avval iymon bilan o‘tgan birodarlarimizni mag‘firat qilgin, iymon keltirganlarga (nisbatan) qalbimizda nafrat (paydo) qilmagin. Ey, Robbimiz, albatta, Sen shafqatli mehribonsan”, – derlar”[7].
Shuningdek, vafot etganlarga janoza namozini o‘qish tiriklar zimmasiga vojib qilingan. Janoza namozida esa sano va salovot aytish bilan birgalikda “Ey Allohim, bizlarning tiriklarimizni ham, o‘liklarimizni ham mag‘firat qilgin”, ma’nosidagi duo o‘qiladi.
Mazkur dalillarning barchasida duolarning ta’siri borligi ko‘rinib turibdi. Shuning uchun inson vafotidan keyin ham o‘z haqiga xayrli duolar qilinishiga sabab bo‘ladigan yaxshi amallarni qilishi lozim.
Duo qilish bandaga foyda keltiradigan va undan zararlarni daf qiladigan eng kuchli sabablardan ekani Qur’oni karimda ham, hadisi shariflarda ham bayon qilingan:
“Parvardigoringiz: “Menga duo qilingiz, Men sizlar uchun (duolaringizni) ijobat qilay!” – dedi. Albatta, Menga ibodat qilishdan kibr qilgan kimsalar yaqinda tuban holatda jahannamga kirurlar”[8].
Ibn Kasir rahmatullohi alayh ushbu oyat haqida: “Alloh taolo bandalarini O‘ziga duo qilishga da’vat etgan va O‘z fazlu marhamati bilan qilgan duolarini albatta ijobat etishga kafolat bergan”, – degan. Oyati karimaning davomidagi “ibodatdan kibr qilganlar” esa Alloh taologa duo qilishdan takabburlik qilgan kimsalar deya tafsir qilingan. Hadisi shariflarda duoning qazoni qaytarishga sabab qilib qo‘yilgani bayon etilgan:
عَنْ سَلْمَانَ الْفَارْسِيِّ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ أَنَّ رَسُولَ الله صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قال لَا يَرُدُّ القَضاءَ إلا الدُّعاءُ وَ لَا يَزِيدُ فِي الْعُمُرِ إِلاَّ الْبِرُّ. رَوَاهُ التِّرْمِذِيُّ
Salmon Forsiy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qazoni faqatgina duo qaytaradi, umrni faqatgina yaxshilik ziyoda qiladi”, – dedilar (Termiziy rivoyat qilgan).
Sharh: Ushbu hadisda duoning bajariladigan ishlarga bog‘lab qo‘yilgan qazoni qaytarish sabablaridan ekani bayon qilingan. Zero, Alloh taolo amalga oshadigan barcha narsalarga azaliy sabablarni tayin qilib qo‘ygan. Solih amallar saodatga erishish uchun azaliy sabablar bo‘lsa, yomon amallar badbaxt bo‘lish uchun azaliy sabablardir. Shuningdek, yaxshilik, go‘zal xulqli bo‘lish, qarindoshlik aloqalarini uzmaslik kabi amallar ham azaliy sabablar qatoriga kiradi. Ana shunday azaliy sabablar yuzaga chiqarilgan paytda o‘sha sababga bog‘langan ishlar ham yuzaga chiqadi.
Imom Tahoviy[9] rahmatullohi alayh “Aqidatut Tahoviya” asarida quyidagilarni yozgan: “Tiriklarning duo va sadaqalarida o‘liklar uchun manfaatlar bordir. Alloh taolo duolarni qabul qiladi va xojatlarni ravo qiladi (deb e’tiqod qilamiz)”.
Keyingi mavzu:
Dunyoning yo‘qdan bor qilingani bayoni.
[1] Bu haqidagi ma’lumot 53-baytning izohida bayon qilindi.
[2] Doktor Ahmad Farid. Bahrur-Roiq. – Iskandariya: “Dorul Majd”, 2009. – B. 105.
[3] Najm surasi, 39-oyat.
[4] Baqara surasi, 286-oyat.
[5] Muhammad Anvar Badaxshoniy. Talxisu sharhi aqidatit-Tahoviy. – Karachi: “Zamzam babilsharz”, 1415h. – B. 192.
[6] Muhammad surasi, 19-oyat.
[7] Hashr surasi, 10-oyat.
[8] G‘ofir surasi, 60-oyat.
[9] Abu Ja’far Ahmad ibn Muhamad ibn Salama Tahoviy rahmatullohi alayh hijriy 239 yilda Misrning “Toha” shaharchasida tug‘ilgan.
Imom Tahoviy hanafiy mazhabidagi mo‘tabar olimlardan bo‘lib, “Sihohi sitta” mualliflari bilan bir asrda yashab faoliyat yuritgan. Bu zot haqida ulamolar ko‘plab maqtovli so‘zlarni aytganlar. Jumladan Suyutiy “Tobaqotul Huffoz” asarida: “Imom Tahoviy alloma, hofiz, go‘zal tasnifotlar sohibidir”, – degan. Zahabiy: “Kimki ushbu imomning yozgan asarlariga nazar solsa, bu zotning ilm darajasi yuqori, ma’rifati keng ekaniga amin bo‘ladi”, – degan.
Imom Tahoviy tafsir, hadis, aqida, fiqh va siyratga oid ko‘plab asarlar yozib qoldirgan. Ularning ayrimlari quyidagilardir:
1. Ahkamul Qur’an (Qur’on hukmlari);
2. Sharhu ma’onil osor ( Asarlarning ma’nolari sharhi);
3. Aqidatut Tahoviya (Tahoviy aqidasi);
4. Bayonu mushkilil osor (Asarlarning mushkilotlari bayoni);
5. Sharhu jomeis sag‘ir (Jomeus sag‘ir sharhi);
Imom Tahoviy rahmatullohi alayh hijriy 321 yilda Misrda vafot etgan.