Salafi solihiynlar o‘zlarining qisqagina davrlarida, keyingi avlodlar uzoq asrlar davomida erishgan taraqqiyotdan ham ko‘ra ko‘proq yutuqlarga erishganlar.
Islomdagi eng afzal va ergashishga eng munosib bo‘lgan asrlar haqida so‘z ketganda “Salaf” kalimasining mazkur istilohiy ma’nosi ishlatiladi.
Ushbu kalimaning qat’iy muqarrar bo‘lgan istilohiy ma’nosi, bu Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam ummatlari yashab o‘tgan Islomning dastlabki uch asridir. Mazkur istilohiy manoning qo‘llanishining boisi Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhu orqali ikki shayx rivoyat qilgan Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning quyidagi so‘zlaridir: “Insonlarning eng afzali mening asrimdagilar, so‘ng ulardan keyin keladiganlar, so‘ng ulardan keyin keladiganlar. So‘ngra shunday qavmlar keladiki, ularning guvohliklari qasamlaridan, qasamlari esa guvohliklaridan o‘zib ketadi”. (Ya’ni, guvohlik berish va qasam ichish masalasiga shu qadar mas’uliyatsizlik bilan yondoshadilarki, ular guvohlikni yengil sanab qasam ichaveradilar.)
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ketma-ket, tartib bilan zikr qilib, ularga “eng afzal” deya guvohlik bergan uch asrlik davr haqiqatan ham Islom olamida oltin davr bo‘ldi.
Ibn Abdul Barr rahmatullohi alayhi (326-423 h.) aytishlaricha, yuqoridagi baho o‘sha uch asr musulmonlari majmuasi haqida sobitdir. Shubhasiz, ushbu uch asrdagi musulmonlarning “eng afzal” bo‘lishlariga sabab, ularning birinchilari nubuvvat sarchashmasiga, risolat talimotiga bog‘lanmish silsilaning ilk va eng yaqin halqalarini namoyon qilgan zotlardir. Islom aqidasi va asoslarini to‘g‘ridan to‘g‘ri Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning o‘zlaridan qabul qilib olgan shaxslardan iborat bo‘lgan bu nasl, mazkur halqalarning birinchi namoyondalaridir. Bu xayrli asrga mansub bo‘lmish zotlarning aqllari va qalblariga Islomning rabboniy hukm va odoblari bidat dog‘lari, vasvasa hamda turli gumon xiraliklaridan musaffo holda mustahkam o‘rnashgan edi. Ushbu ilk asrda yashaganlar sahobai kiromlardir. Undan keyingi asrda yashaganlar tobeinlar, ulardan keyingi asr vakillari esa taba’a tobeinlar hisoblanishadi.
Ammo, bugun o‘zlariga “salafiylar” deb nom qo‘yib Islom niqobi ostida aslida dinimiz qaytargan ishlarni amalga oshirayotgan, shariat qaytargan va inson aqliga sig‘maydigan buzg‘unchiliklarni qiluvchi bir toifa paydo bo‘ldiki aslo ularni salafiy deb bo‘lmaydi. Ularning iddaolari go‘yo musulmonlarni oltin asr – salafi solihlar davridagi holatga qaytarish. Yuqoridagi hadisda esa Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Insonlarning eng afzali mening asrimdagilar, so‘ng ulardan keyin keladiganlar, so‘ng ulardan keyin keladiganlar”, deya qat’iy ta’kidlaganlar. Bu uch avloddan so‘ng asrlar osha mazkur hadisga zid ravishda salafiylikni da’vo qilish mutlaqo Islom ummatiga nomunosibdir. Zero, hadisning davomiga e’tibor qaratsak Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “So‘ngra shunday qavmlar keladiki, ularning guvohliklari qasamlaridan, qasamlari esa guvohliklaridan o‘zib ketadi”, deya marhamat qilganlar. Ya’ni, o‘sha uch avloddan keyingilar zinhor zikr qilingan oltin asrdagidek bo‘la olishmaydi. Demak, bularning g‘oyalari puch, davolari yolg‘on va fitnaga asoslangan.
Abror ALIMOV,
Toshkent shahar
“Huvaydo” jome
masjidi imom-xatibi
Iordaniyaning nufuzli “The Jordan Times” nashrida 24–29 avgust kunlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan “Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh, yangi kashfiyotlar” xalqaro media forumi haqida maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Maqolada yozilishicha, tadbirning asosiy qismi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘lib o‘tadi. Unda xorijiy ommaviy axborot vositalari xodimlari, yetakchi ekspertlar va media sohasi mutaxassislari ishtirok etadi.
O‘zbekistonning Iordaniyadagi elchixonasining ma’lum qilishicha, ushbu forum dasturidan yalpi majlislar, media ko‘rgazmalar, matbuot brifinglari va ikki tomonlama uchrashuvlar o‘rin olgan. Uchrashuvlarda hujjatli kino va tarixiy xotira, nashriyot loyihalari va zamonaviy texnologiyalar, xalqaro media loyihalarni rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqiladi.
Bundan tashqari, o‘zbekistonlik talabalar uchun jahon media sanoatining yetakchi vakillari ishtirokida mahorat darslari tashkil etiladi. Ishtirokchilar zamonaviy jurnalistika, media ishlab chiqarish va xalqaro axborot makonida samarali hamkorlik qilish bo‘yicha tajriba almashadi.
Nashrda qayd etilishicha, forum ishtirokchilari 27 avgust kuni Samarqandga sayohat qilishadi. Safar doirasida mehmonlar Imom al-Buxoriy majmuasiga tashrif buyurib, shaharning boy tarixiy-madaniy merosi bilan tanishadi. Shuningdek, Toshkentda xalqaro ommaviy axborot vositalari vakillari uchun maxsus mediatur o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Forum 28 avgust kuni yakuniy yalpi majlis va rasmiy yopilish marosimi bilan yakunlanadi. Mehmonlar O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbirlarda ham ishtirok etadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati