Sayt test holatida ishlamoqda!
24 Avgust, 2026   |   11 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:16
Quyosh
05:41
Peshin
12:25
Asr
17:11
Shom
19:13
Xufton
20:34
Bismillah
24 Avgust, 2026, 11 Rabi`ul avval, 1448

Salafiylar kimlar?

04.10.2019   10853   3 min.
Salafiylar kimlar?

Salafi solihiynlar o‘zlarining qisqagina davrlarida, keyingi avlodlar uzoq asrlar davomida erishgan taraqqiyotdan ham ko‘ra ko‘proq yutuqlarga erishganlar.

Islomdagi eng afzal va ergashishga eng munosib bo‘lgan asrlar haqida so‘z ketganda “Salaf” kalimasining mazkur istilohiy ma’nosi ishlatiladi.

Ushbu kalimaning qat’iy muqarrar bo‘lgan istilohiy ma’nosi, bu Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam ummatlari yashab o‘tgan Islomning dastlabki  uch asridir. Mazkur istilohiy manoning qo‘llanishining boisi Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhu orqali ikki shayx rivoyat qilgan Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning quyidagi so‘zlaridir: “Insonlarning eng afzali mening asrimdagilar, so‘ng ulardan keyin keladiganlar, so‘ng ulardan keyin keladiganlar. So‘ngra shunday qavmlar keladiki,  ularning  guvohliklari qasamlaridan, qasamlari esa guvohliklaridan o‘zib ketadi”. (Ya’ni, guvohlik berish va qasam ichish masalasiga shu qadar mas’uliyatsizlik bilan yondoshadilarki, ular guvohlikni yengil sanab qasam ichaveradilar.)

 Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ketma-ket, tartib bilan zikr qilib,  ularga “eng afzal” deya guvohlik bergan uch asrlik davr haqiqatan ham Islom olamida oltin davr bo‘ldi.

Ibn Abdul Barr rahmatullohi alayhi (326-423 h.) aytishlaricha, yuqoridagi baho o‘sha uch asr musulmonlari majmuasi haqida sobitdir. Shubhasiz, ushbu uch asrdagi musulmonlarning “eng afzal” bo‘lishlariga sabab,  ularning birinchilari nubuvvat sarchashmasiga, risolat talimotiga bog‘lanmish silsilaning ilk va  eng yaqin halqalarini namoyon qilgan zotlardir. Islom aqidasi va asoslarini  to‘g‘ridan to‘g‘ri Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning o‘zlaridan qabul qilib olgan shaxslardan iborat bo‘lgan bu nasl, mazkur halqalarning birinchi namoyondalaridir. Bu xayrli asrga mansub bo‘lmish zotlarning aqllari va qalblariga Islomning rabboniy hukm va odoblari bidat dog‘lari, vasvasa hamda turli gumon xiraliklaridan musaffo holda mustahkam o‘rnashgan edi. Ushbu ilk asrda yashaganlar sahobai kiromlardir. Undan keyingi asrda yashaganlar tobeinlar, ulardan keyingi asr vakillari esa taba’a tobeinlar hisoblanishadi.

Ammo, bugun o‘zlariga “salafiylar” deb nom qo‘yib Islom niqobi ostida aslida dinimiz qaytargan ishlarni amalga oshirayotgan, shariat qaytargan va inson aqliga sig‘maydigan buzg‘unchiliklarni qiluvchi bir toifa paydo bo‘ldiki aslo ularni salafiy deb bo‘lmaydi. Ularning iddaolari go‘yo musulmonlarni oltin asr – salafi solihlar davridagi holatga qaytarish. Yuqoridagi hadisda esa Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Insonlarning eng afzali mening asrimdagilar, so‘ng ulardan keyin keladiganlar, so‘ng ulardan keyin keladiganlar”, deya qat’iy ta’kidlaganlar. Bu uch avloddan so‘ng asrlar osha mazkur hadisga zid ravishda salafiylikni da’vo qilish mutlaqo Islom ummatiga nomunosibdir. Zero, hadisning davomiga e’tibor qaratsak Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “So‘ngra shunday qavmlar keladiki,  ularning  guvohliklari qasamlaridan, qasamlari esa guvohliklaridan o‘zib ketadi”, deya marhamat qilganlar. Ya’ni, o‘sha uch avloddan keyingilar zinhor zikr qilingan oltin asrdagidek bo‘la olishmaydi. Demak, bularning g‘oyalari puch, davolari yolg‘on va fitnaga asoslangan.

Abror ALIMOV,

Toshkent shahar

Huvaydo jome

masjidi imom-xatibi

 

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Ozarbayjonlik jurnalistlar Samarqanddagi Imom Buxoriy maqbarasini ziyorat qildi

21.08.2026   35916   1 min.
Ozarbayjonlik jurnalistlar Samarqanddagi Imom Buxoriy maqbarasini ziyorat qildi

"Report" xabariga ko‘ra, tashrif O‘zbekiston bo‘ylab media-tur doirasida bo‘lib o‘tdi.

Imom Buxoriy maqbarasi Samarqand viloyatidagi eng muhim ma’naviy va tarixiy obidalardan biridir.

Tashrif davomida Ozarbayjon ommaviy axborot vositalari vakillari Imom Buxoriy maqbarasi, masjid, muzey va kutubxona vazifasini bajaruvchi xonani o‘z ichiga olgan yodgorlik majmuasi hududi bilan tanishdi. Jurnalistlarga majmuaning yaratilish tarixi, Imom Buxoriy hayoti va ilmiy merosi, shuningdek, uning islom ilm-fanidagi alohida o‘rni haqida so‘zlab berildi.

Media-tur ishtirokchilari majmuaning muzey qismiga alohida e’tibor qaratdi. Bu yerda islom madaniyati va Imom Buxoriy merosiga oid qo‘lyozmalar va turli tarixiy materiallar taqdim etilgan. Shuningdek, muzeyda turli mamlakatlar vakillari tomonidan majmuaga sovg‘a qilingan Qur’oni karim nusxalari ham saqlanadi.

Ishtirokchilarga majmua turli mamlakatlardan kelgan dindorlar uchun ziyoratgoh va allomaning ma’naviy merosini asrab-avaylashning muhim markazi ekanligi haqida so‘zlab berildi. Jurnalistlar majmuaning me’moriy xususiyatlari va tashrif buyuruvchilar uchun yaratilgan zamonaviy infratuzilma bilan ham tanishdi.

Imom Buxoriy eng nufuzli islom ulamolaridan biri va islom an’anasidagi eng muhim hadis to‘plamlaridan biri bo‘lgan "Sahih al-Buxoriy" hadislar to‘plamining muallifi hisoblanadi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

Dunyo yangiliklari