Alloh taolo O‘z irodasi bilan inson zotini yaratdi va unga aql, idrok, ong ato etib, boshqa barcha jonzotlardan aziz va mukarram ayladi. Alloh taolo marhamat qilib aytdi:
“Darhaqiqat, (Biz) Odam farzandlarini (aziz va) mukarram qildik va ularni quruqlik va dengizga (ot-ulov va kemalarga) mindirib qo‘ydik hamda ularga pok narsalardan rizq berdik va ularni O‘zimiz yaratgan ko‘p jonzotlardan afzal qilib qo‘ydik” (Isro, 70).
Shu bilan bir qatorda unga buyuk mas’uliyat — Alloh va uning Rasuliga iymon keltirish, yer yuzini obod etish, inson naslini davom ettirish, jamiyatga foyda keltirish, zulm va razolatni bartaraf etish, turli gunohlardan saqlanish va doimo yaxshilik qilish kabi ulkan omonatni ham faqat uning zimmasiga yukladi. Bu haqda Parvardigor marhamat qilib aytadi:
“Biz (bu) omonatni (chin bandalik omonatini) osmonlarga, Yerga va tog‘larga taklif etdik, ular uni ko‘tarishdan bosh tortdilar va undan qo‘rqdilar. Inson esa uni o‘z zimmasiga oldi…” (Ahzob, 72).
Insonning yurti va millatiga xiyonat qilishi og‘ir gunoh bo‘lib, o‘z zimmasiga olgan ilohiy omonatga muvofiq amal qilmagan bo‘ladi.
Razil, iymoni yo‘q, giyohvand moddalarning noqonuniy savdosidan kelayotgan katta-katta mablag‘lar evaziga quturayotgan kimsalarning xuruji yurtimiz tinchligi va xalqimiz osoyishtaligi, farzandlarimizning kelajagiga qaratilgan tajovuzdan o‘zga narsa emas.
Terrorchilik harakatlari, zulm, zo‘ravonlik muqaddas dinimizning insonparvarlik, mehr-oqibatga yo‘g‘rilgan ta’limotiga mos keladimi? Yo‘q, albatta. Bu insoniyatga qaratilgan mudhish jinoyat hisoblanib, Islom ta’limoti uni qat’iy qoralab, rad qiladi. Alloh taolo aytadi:
“…Biror jonni o‘ldirmagan yoki Yerda (buzg‘unchilik va qaroqchilik kabi) fasod ishlarini qilmagan insonni o‘ldirgan odam xuddi hamma odamlarni o‘ldirgan kabidir. Unga hayot baxsh etgan (o‘limdan qutqarib qolgan) odam esa barcha odamlarni tiriltirgan kabidir. Ularga rasullarimiz (ilohiy) hujjatlarni keltirganlar. So‘ngra ularning ko‘pchiligi o‘shandan keyin (ham) Yerda isrof qiluvchilardir” (Moida, 32).
Ushbu oyatdagi “isrof qiluvchilardir” xabaridan murod — mol-dunyoni isrof qilish emas, balki umrni gunoh va jinoiy ishlar bilan isrof qilib o‘tkazishdir.
Istiqlol katta erkinliklar berdi, yuzlab masjidlar ochildi, allomalar nomi tiklandi, ibodat uchun emin-erkin sharoitlar yaratildi. Davlat boshlig‘i olib borayotgan — nafaqat din sohasida, balki xalq ma’naviyati, iqtisodiyoti, yoshlar kamoloti, kelajak borasidagi siyosatni butun dunyo tan olayotir. Oddiy misol, iqtisodiy inqirozdan chiqish va mamlakat turmushini yengil qilish bo‘yicha dasturini butun dunyo o‘rganib, e’tirof etayotgandir. Shunday paytda dindoshiga, yurtiga tajovuz qilish xiyonatdir. Chunki bunday xiyonatkorning amali xolis emas. Kimlarningdir nog‘orasiga o‘ynayotir.
Darhaqiqat, inson ogoh bo‘lsagina o‘zining kelajagiga aql bilan teran nazar tashlaydi, kelishi yoki sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan fitna-fasod, xavf-xatarning oldini olish va bartaraf qilish harakatida bo‘ladi. Aksincha, g‘ofil, beparvo va loqayd kimsa atrofida nimalar bo‘layotganiga e’tibor bermay, oxir-oqibat turli balo va musibatlarga duchor bo‘ladi. Shuning uchun ham Alloh taolo aql-farosati va ongini ishlatmaydigan, o‘zining kim ekanini anglab yetmagan, bugungi kunning huzur-halovati bilan yashab, ertasi, Vatan tinchligi, millat osoyishtaligi to‘g‘risida qayg‘urmaydigan kimsalar haqida bunday marhamat qiladi:
“Jahannam uchun jinlar va insonlarning ko‘pchiligini yaratganmiz. Ularda qalblar bor, (lekin) ular bilan “anglamaydilar”. Ularda ko‘zlar bor, (lekin) ular bilan “ko‘rmaydilar”. Ularda quloqlar bor, (lekin) ular bilan “eshitmaydilar”. Ana o‘shalar hayvonlar kabidirlar. Balki, ular (yanada) adashganroqdirlar. Aynan o‘shalar g‘ofillardir” (A’rof, 179).
Tafsir kitoblarida ushbu oyatdagi “anglamaydilar”, “ko‘rmaydilar”, “eshitmaydilar” fe’llari majoziy ma’noda aytilgan bo‘lib, haq gapni eshitsalar-da, tafakkur qilmaganlari, hidoyat va to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsalar-da, unga yurmaganlari, pandu nasihatni eshitsalar-da, unga amal qilmaganlari qoralanmoqda.
Jahondagi barcha xalqlar, shy jumladan, musulmonlar ham, ular qayerda va qanday mazhabda bo‘lishlaridan qat’iy nazar, terrorchilik yo‘li bilan amalga oshiriladigan har qanday amalni keskin rad qiladilar va uni begunoh inson hayotiga tajovuz qilish, deb baholaydilar. Terrorchilikning har qanday ko‘rinishi oxir-oqibatda tinch hayotni buzish, qonuniy davlat tuzumiga qarshi chiqish, begunoh insonlar qoni to‘kilishi va ayollar tul, bolalar yetim qolishiga olib keladi. Albatga, bu ishlar Alloh nazdidagi eng og‘ir gunohlardan hisoblanadi.
Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.) hayot vaqtlarida aslo vujudga kelmagan, ammo kelajakda paydo bo‘lishi mumkin bo‘lgan, xalqlar va millatlar birligi hamda osoyishtaligiga tahdid soluvchi fitna-fasod, buzg‘unchiliklar haqida xabar berib, ogohlantirgan edilar:
“Ummatimdan qaysi biri ummatimga qapshi chiqsa, uning yaxshi va yomoni farqiga bormasa, mo‘minga ziyon yetkazishdan o‘zini tiymasa, bergan va’dasiga vafo qilmasa, u mening ummatim emas!” (Muslim va boshqalar).
Vatanga muhabbat — balandparvoz so‘z emas! Vatanga muhabbat — baxt topgan ostonangiz — oilangizga, sizni elu yurtga qo‘shgan urf-odatlar, udumlar — milliy qadriyatlarga, siz yugurib o‘sgan tuproq, otangiz ekkan va siz bilan birga ulg‘aygan daraxt, onangiz tebratgan beshikka bo‘lgan muhabbatdir. Faqat buni his qila bilish kerak, xolos. Buni qalbdan sezmaslik, eldan chiqish degani. Xalqimiz doimo eldan chiqishni oqlamagan.
Islom dini dushmanlari qanchadan-qancha mablag‘ sarflab, o‘z unsurlarini jangarilikka o‘rgatib, ularning qo‘llariga qurol berib, insoniyatga zid bo‘lgan qabih rejalarini amalga oshirishga xarakat qilmoqdalar. Ular bilishmaydiki, Alloh haq tomonida va haqni O‘zi himoya qiladi va aytadiki:
“Garchi jinoyatchilar yoqtirmasalar-da, Alloh o‘z so‘zlari (amrlari) bilan haqiqatni ro‘yobga chiqarur” (Yunus, 82).
Duo qilaylik, Alloh taolo barchalarimizni turli fitna-fasod va ixtiloflardan saqlasin! Yurtimizni va dinimizni turli g‘arazli xuruj va hamlalardan, tuhmat va bo‘htonlardan pok saqlab, O‘zining hifzu himoyasiga olsin!
Abdurahmonjon ABDURAHMONOV,
Oltiariq tumani “Birlashgan” masjidi imom–noibi
Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev O‘zbekistonning so‘nggi yillardagi taraqqiyoti va Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida mamlakatda amalga oshirilgan o‘zgarishlarga yuqori baho berdi.
U Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston rahbarligiga kelgan davrdagi vaziyat bilan bugungi holat o‘rtasida katta farq borligini ta’kidladi.
"Shavkat Miromonovich O‘zbekistonga rahbarlik qilishni boshlaganida vaziyat butunlay boshqacha edi. Buni O‘zbekiston fuqarolari ham, biz ham juda yaxshi bilamiz. Shu sababli u mamlakatni rivojlanish yo‘liga qo‘yish hamda davlatning iqtisodiy jihatlarini noldan shakllantirish uchun katta kuch bilan ishlashiga to‘g‘ri keldi", — dedi Ilhom Aliyev.
Ozarbayjon rahbari sanoat va qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish borasidagi ishlarga ham to‘xtaldi.
"Bugun biz butunlay boshqacha O‘zbekistonni ko‘rib turibmiz — jahon hamjamiyatining juda hurmatga sazovor a’zosiga aylangan O‘zbekistonni. Sanoatni rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi, energetika, transport infratuzilmasi bilan bog‘liq masalalar juda tezkor va samarali hal etilmoqda", — dedi u.
Ilhom Aliyevning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonda amalga oshirilgan ishlar va islohotlar ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlik loyihalari uchun ham muhim zamin yaratgan.
"Shavkat Mirziyoyev va uning jamoasi tomonidan O‘zbekiston uchun qilingan ishlar va bu islohotlar bo‘lmaganida, birorta ham hamkorlik loyihasini amalga oshirishning imkoni bo‘lmasdi", — dedi Ozarbayjon Prezidenti.
Shuningdek, u Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston rahbarligiga kelguniga qadar ikki mamlakat o‘rtasida birorta ham qo‘shma loyiha bo‘lmaganini ta’kidladi.
Ayni paytda tomonlar o‘zaro tovar aylanmasini 1 milliard dollarga yetkazishni maqsad qilgan. Ilhom Aliyev bu ko‘rsatkichni uzoq muddatli orzu emas, balki yaqin ikki yilda amalga oshadigan natija sifatida baholadi.
"Bugun biz 1 milliardlik tovar aylanmasi haqida gaplashyapmiz. Bu qandaydir uzoq muddatli orzu emas, yaqin ikki yilda amalga oshadigan ishdir", — dedi u.
Ozarbayjon rahbari ikki tomon iqtisodiyoti ehtiyoj sezayotgan sohalardagi investitsiya loyihalari va o‘zaro sarmoyalar ham muhokama qilinganini qayd etib, bunday hamkorlik ikki davlatning parallel ravishda rivojlanishi natijasida yuzaga kelganini qayd etdi.