Mazhabsizlik – xar-bir odam hohlaganiga, o‘ziga xukm olishni taqozo qiladi. Bu esa tarixda ham, bugungi kunda ham oqibati ayanchli holatlarga, begunoh odamlarning qoni to‘kilishiga sabab bo‘layotganini ko‘rish mumkin. Buning asosida ummatni kufrda ayblab, musulmonlarning qonini to‘kishni halol deb bilib terror uyushtirish, obod joylarni vayron qilish, fitna qo‘zg‘ash, rasmiy diniy ulamolarga ta’na toshlarini otish kabi noxush xatarlarga olib bormoqda, shundan bittasini ko‘rib chiqamiz.
— Musulmonlarni kufrda ayblash
Ahli sunna val-jamoa ulamolari nazdida biron-bir musulmonni kofirga chiqarish mumkin emasligi haqida aqiyda kitoblarida yozilgan. Takfir (kufrda ayblash) masalasi eng og‘ir oqibatlarga olib keladigan masalalardan biridir. Shuning uchun Movarounnahrdan yetishib chiqqan ulug‘ allomalar bunday buzg‘unchi g‘oyani diyorimizga kirib kelishiga ming yillar davomida yo‘l qo‘ymaganlar.
Mazhabimizga ko‘ra mo‘min odam gunohi kabira (katta) qilishi bilan kofir bo‘lib qolmaydi. Hanafiy mazhabi bo‘yicha: Iymon — til bilan iqror bo‘lib, qalb bilan tasdiqlash bo‘lib, shunday qilgan kishini mo‘min deb aytishga kifoya qiladi. Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, Rosululloh sollallohu alayhi vasallam shunday dedilar: “Agar bir kishi birodarini “Ey kofir!” desa batahqiq bu so‘zi ikkisidan biriga qaytadi. Agar aytganidek bo‘lmasa uning o‘zi kofir bo‘ladi”. Imom Buxoriy rahimahulloh rivoyati.
“Ahmadali hoji” jome masjidi imom-xatibi S.Yunusov
O‘zbekiston musulmonlari idorasi hamda Birlashgan Arab Amirliklari Islom ishlari va vaqflar bosh boshqarmasi hamkorligida o‘zbekistonlik imom-xatiblar uchun BAAda malaka oshirish o‘quvlari boshlandi. Bu haqda mazkur jarayonda ishtirok etayotgan Masjidlar bilan ishlash bo‘limi xabar berdi.
Mazkur o‘quv kurslarining asosiy maqsadi ikki qardosh mamlakat diniy soha vakillari o‘rtasida o‘zaro tajriba almashish, ilg‘or ma’rifiy yondashuvlar, zamonaviy ish usullari hamda dolzarb diniy-ijtimoiy masalalar yuzasidan fikr almashishdan iboratdir.
Safar doirasida bo‘lib o‘tgan navbatdagi ilmiy-amaliy mashg‘ulot davlatchilik asoslari, bag‘rikenglik madaniyati va zamonaviy diniy-ijtimoiy yondashuvlar mavzusiga bag‘ishlandi. Unda BAAning taraqqiyot yo‘li, qonun ustuvorligi va jamiyat barqarorligida «vasatiyya» (mo‘tadillik) tamoyilining o‘rni muhimligi ta’kidlandi. 200 dan ortiq millat va elat vakillari tinch-totuv istiqomat qilayotgan ushbu mamlakatda inson qadri va o‘zaro hurmat asosiy mezon ekaniga urg‘u berildi.
O‘z navbatida, BAA tomoni O‘zbekistonning boy sivilizatsiyasi va dunyo tamadduniga ulkan hissa qo‘shgan buyuk allomalarimiz merosini yuksak ehtirom bilan tilga oldi.
Malaka oshirish jarayonida ishtirokchilar masjidlar faoliyatini tashkil etish, jamiyatda ma’naviy muhitni mustahkamlash, xususan, ma’ruza va suhbatlarni zamonaviy axborot texnologiyalari — interaktiv taqdimotlar va proyektorlar orqali ko‘rgazmali yetkazish bo‘yicha ilg‘or amaliyotlar bilan yaqindan tanishmoqdalar.
Tadbir davomida BAA rahbariyatining global miqyosdagi insonparvarlik va xayriya tashabbuslari ham alohida e’tirof etilib, ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish va diniy soha xodimlarining kasbiy salohiyatini oshirishga qaratilgan mazkur manfaatli safarni tashkil etgan mutasaddilarga samimiy minnatdorlik bildirildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati