Alloh taolo Qur’oni karimda shunday deb marhamat qiladi: “Bas, shunday namozxonlar holiga voyki, ular namozlarini «unutib» qo‘yadilar” (Mo’un, 4-5).
Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam shunday deb marhamat qilganlar: “Alloh taolo qiyomat kuni ummatimning o‘nta toifasiga g‘azab qiladi, ularni la’natlaydi hamda ular uchun alamli azob tayyorlab qo‘ygan. Alloh ularni do‘zaxga kiritadi” dedilar. Shunda sahobalar: “Ular kimlar, ey Allohning Rasuli?” deb so‘rashdi. U zot shunday javob berdilar: “Zinokor qariya, zolim rahbar, doim aroq ichuvchi, zakotni man qiluvchi, yolg‘on guvohlik beruvchi, odamlar orasida chaqimchilik qiluvchi, ota-onasining yuziga g‘azab bilan boquvchi, xotinini taloq qilib, keyin harom holatda ushlab turuvchi, zulm va jabrga hukm qiluvchi, badani sog‘ bo‘la turib namozni tark qiluvchi”.
Ibn Abbos roziyallohu anhudan sog‘ bo‘la turib namozni tark qiluvchi odamning tavhidi haqida so‘raldi. U zot: “Namozni tark qiluvchi kishining tavhidi yo‘q, namozni tark qiluvchi kishining zakoti yo‘q, namozni tark qiluvchi kishining ro‘zasi yo‘q” deb javob berdilar.
Alloh taolo Qur’onda shunday deb marhamat qiladi: “So‘ngra ularning ortidan namozni zoye qilgan va shahvatlarga ergashgan kimsalar o‘rin oldilar. Endi ular, albatta, yomonlikka (yomon jazoga) yo‘liqurlar” (Maryam, 59).
Ushbu oyatdagi “yomonlik” deb tarjima qilingan so‘z arabchada “g‘oyy” deb nomlanadi. “G‘oyy” esa jahannamdagi bir vodiy bo‘lib, unga faqatgina namozni uzrsiz tark qiluvchilar tushadi.
Ibn Abbos roziyallohu anhu shunday dedilar: “Qiyomat kuni banda birinchi bo‘lib namozdan so‘raladi. Agar namozi qabul bo‘lsa, boshqa amallari ham qabul bo‘ladi”.
Namoz o‘qimaydigan odam Alloh bilan bog‘lanish ne’matidan mahrum bo‘ladi.
Namoz o‘qimaydigan odam Alloh bilan yolg‘iz qolib, unga munojot qilishdan, shu ibodatning ruhiy, ma’naviy lazzatlaridan bebahra qoladi.
Namoz o‘qimaydigan odam omonlik, xotirjamlik va najotdan mosuvo bo‘ladi.
Namoz xato va gunohlarni yuvishning eng ishonchli yo‘l bo‘lib, u doimo o‘z egasiga ko‘plab shaxsiy foydalar keltiradi. Namoz o‘qimaydigan odam esa bunday foydalardan benasib qoladi.
Namoz o‘qimaydigan odam Allohdan uzoqlashadi.
Namoz o‘qimaydigan odamning irodasi zaif bo‘ladi.
Namoz o‘qimaydigan odam mislsiz nafsoniy rohat va ruhiy farog‘atlardan quruq qoladi.
Namoz o‘qimaydigan odam g‘aflat uyqusida uxlayotgan bo‘ladi.
Namoz o‘qimaydigan odam hayotga teranroq nazar sola olmaydi.
Namoz o‘qimaydigan odam beintizom, betartib bo‘ladi.
Namoz o‘qimaydigan odam vaqtning qadriga yetmaydi.
Namoz o‘qimaydigan odam qo‘rs, shoshqaloq, pastkash, besabr bo‘ladi.
Namoz o‘qimaydigan odam musulmonlar bilan bo‘ladigan ijtimoiy bog‘lanishlardan, yaxshilik yo‘lidagi hamkorliklardan benasib qoladi.
Namoz o‘qimaydigan odamda mehribonlik, yordamga shoshilish, g‘amxo‘rlik hissi bo‘lmaydi.
Namoz o‘qimaydigan odamda mustahkam ishonch bo‘lmaydi.
Namoz musulmon kishini g‘ayrimusulmondan ajratib turuvchi eng asosiy belgidir.
Namoz o‘qimaydigan odamni hech kim hurmat qilmaydi.
Namoz o‘qimaydigan odamdan hech kim xotirjam bo‘lmaydi.
Ma’lumki, namoz poklik va ozodalik ramzidir.
Namozxon odamning eng avvalo, qalbi pok bo‘ladi. Qolaversa, badani, kiyim-boshi va makoni ham pok bo‘ladi.
Namoz o‘qimaydigan odamning esa kiyimi, badani va eng asosiysi, qalbining pokligida shubha bor.
Namoz o‘qimaydigan odamning yuzida nur bo‘lmaydi.
Namoz o‘qimaydigan odamning yuragi tor, o‘ta injiq bo‘ladi.
Namoz o‘qimaydigan odamning rizqi tang bo‘ladi.
Namoz o‘qimaydigan odamga hamma g‘azab bilan qaraydi.
Namoz o‘qimaydigan odamni hamma yomon ko‘radi.
Namoz o‘qimaydigan odam jamiyatning ishonchsiz kishisi hisoblanadi.
Namoz o‘qimaydigan kishga hech kim ishonmaydi.
Namoz o‘qimaydigan odamning guvohligi o‘tmaydi.
Qachongacha g‘aflat uyqusida uxlaymiz?!
Qachongacha Robbimizning toatidan bo‘yin tovlab yuramiz?!
O‘z nafsimizga rahmimiz kelsin. Ertaga oxiratda talofat yetishidan oldin unga nasihat qilaylik. Chunki, safar uzoq, ozuqa esa kam.
Vaqtni g‘animat bilib, o‘lim uchun hozirlik ko‘raylik.
Alloh barchamizni besh vaqt namozni o‘z vaqtida, masjidda, jamoat bilan ado etadigan bandalaridan qilsin, omin!
Nozimjon Hoshimjon tayyorladi
Insonning fe’li qiziq: biz ko‘pincha o‘zimizda yo‘q narsalar haqida qayg‘urib, qo‘limizdagi bebaho ne’matlarni odatdagi holdek qabul qilamiz. Vaholanki, biz oddiy deb bilgan qulayliklar, sog‘liq va boshqa imkoniyatlar sayyoramizning millionlab aholisi uchun eng katta orzu hisoblanadi.
Jumladan, bugungi tongni dunyo bo‘yicha 174 mingga yaqin inson qarshi ololmadi. Ayni damda 50 milliondan ortiq odam saraton kasalligi bilan kurashmoqda. 300 million inson ranglar jilosini ko‘rish baxtidan mahrum. 400 millionga yaqin kishi esa eshitish moslamalarisiz dunyo tovushlarini eshita olmaydi. 770 milliondan ortiq katta yoshdagi inson hanuzgacha o‘qish va yozishni bilmaydi. 2,5 milliarddan ziyod aholi global axborot va internet imkoniyatlaridan uzilgan holda yashamoqda. 6,5 milliard inson esa samolyotda umuman uchib ko‘rmagan...
Bu raqamlar shunchaki quruq ko‘rsatkichlar emas. Ular ortida millionlab insonlarning ana shunday ayanchli taqdiri yotibdi.
Agar siz hozir ushbu matnni o‘qiy olayotgan, atrofdagi ranglar va tovushlarni his qilayotgan, eng muhimi, yangi kunni sog‘-omon yashayotgan bo‘lsangiz, demak, siz sayyoradagi eng baxtli insonlardan birisiz. Shunday ekan, turmush tashvishlaridan nolishni to‘xtating. Yon-atrofga boqing: siz yashayotgan bugungi kunga kimlardir yetmadi. Demak, har bir xotirjam olingan nafas, har tinch otgan tong uchun Yaratganga hamdlar aytib, shukronalik kayfiyati bilan yashang. Chunki siz eng boy odamsiz!
Akbarshoh RASULOV